Home / MAQOLALAR / SAMARQAND VILOYATIDA FAOLIYAT YURITGAN QOZILAR  VA ULARNING TURKISTON OʻLKASI IJTIMOIY-SIYOSIY HAYOTIDA TUTGAN OʻRNI (XIX asr oxiri – XX asr boshlari)

SAMARQAND VILOYATIDA FAOLIYAT YURITGAN QOZILAR  VA ULARNING TURKISTON OʻLKASI IJTIMOIY-SIYOSIY HAYOTIDA TUTGAN OʻRNI (XIX asr oxiri – XX asr boshlari)

Qozi soʻzi arab tilidagi “qazo”dan olingan boʻlib, lugʻaviy maʼnosi “kesish”, “ajratish” va “hukm qilish” maʼnolarini anglatadi. Hanafiy ulamolar taʼrifiga koʻra, oʻziga xos yoʻl bilan xusumatlarni ajratish va nizolarni kesish “qazo” deb yuritilgan. Islom dinining kirib kelishi, jamiyat hayotining barcha sohalarining shariat qoidalari asosida tartibga solinishi Oʻrta Osiyo hududida ham qozilik mahkamalari paydo boʻlishiga olib keldi. Ular jamiyatda adolatni qaror toptirishning huquqiy kafolatiga aylandi. Oʻtgan oʻn ikki asr davomida qozilar faoliyat yuritadigan maskan – “qozixona”lar “dorul quzzot”, yaʼni adolat dargohi sifatida nom qozondi [21].

Samarqandda ham bu davrda qozixonalar faoliyat olib bordi. Bunday qozixonalarga rahbarlik qilish va uning muntazam faoliyatini yoʻlga qoʻyishda oʻsha davrning nufuzli va ilmli shaxslari katta rol oʻynagan. Bunday shaxslar faoliyati natijasida yurtda adolat taʼminlangan. Shu sababdan Samarqand viloyati hududida ish olib borgan qozilar faoliyatini tadqiq etish yurtimiz tarixini yanada mukammal oʻrganish imkonini beradi.

Mazkur mavzu yuzasidan bir qancha manba va adabiyotlardan maʼlumot olish mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy Davlat Arxivi maʼlumotlari, turli yillarda nashr qilingan Samarqand viloyati axborot kitobi (Spravochnaya knijka Samarkandskoy oblasti), shuningdek, dala tadqiqot manbalari sifatida Fazliddin domla Badirov tomonidan aytilgan oʻsha davrga oid hikoyalar shular jumlasidandir. Bunda ayniqsa, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy Davlat Arxivida saqlanayotgan “Jumabozor qozilik hujjatlari” muhim ahamiyatga egadir. Mazkur hujjatlar “Jumabozor volosti”da qozilar faoliyati toʻgʻrisidagi muhim manba boʻlib, u jami 75 jildga [12] jamlangan.

Samarqand viloyati axborot kitobida esa, XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Samarqand viloyatining turli sohalari haqida maʼlumot berilgan. Mazkur kitob turli yillarda, ketma-ket nashr etilgan va undagi maʼlumotlar toʻldirib borilgan. Bundan tashqari, mazkur maqolani tayyorlashda Fazliddin Badirov tomonidan berilgan maʼlumotlar ham muhim ahamiyatga ega boʻlib, ular oʻsha davrda qozi sifatida ish olib borgan Mullo Mirsodiq mullo Mirmaʼsum oʻgʻli faoliyati bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. Shu bilan birga Samarqand viloyati qozixonalarida faoliyat yuritgan qozilar haqida boshqa adabiyotlarda ham qisman maʼlumotlar berilgan. Bunday adabiyotlar mavzuning u yoki bu qismini yoritishga yordam beradi.

Samarqand viloyatida qozi sifatida faoliyat yuritgan shaxslardan biri Qozi Sayyid Bahodirxon ibn Sayyid Ibrohimxoʻja boʻlib, u ham bu borada katta ishlarni amalga oshirgan. Sayyid Bahodirxon 1860-yilda hozirgi Ishtixon tumanidagi Safoxoʻja qishlogʻida tugʻilgan. Bu maskan oʻsha davrda oilaviy anʼanaga koʻra, Sayyid Eshonxoʻja naslining tarixiy joyi edi. Uning ota-bobolaridan biri Sayyid Qaroxoʻja Buxoriy akasi Sayyid Abdurahmonxoʻja Buxoriy va kuyovi Muhammad Safoxoʻja (mudarris) bilan ushbu qishloqqa asos solgan edi.

Ushbu avlod – sayyid-xoʻjalarning qadimiy avlodlaridan biri boʻlib, shajara daftarida Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v)dan Sayyid Bahodirxonning ajdodlaridan 38 ta avlod maʼlum boʻlgan. U otasi tomonidan Solih Ato (Ota) ibn Amir Hasan ibn Burhoniddin Sulaymon al-Qodiriy al-Buxoriy avlodi hisoblanadi. Qozi Bahodirxon avlodlarida saqlanayotgan “Nasabnomai sharif” qoʻlyozmasida oilaning shajarasi haqidagi maʼlumotlar saqlanib qolgan.

Otasi Sayyid Ibrohimxoʻja hunarmand, islom ilmidan mutaxassis, shariat muallimi boʻlgan. U oʻgʻliga bolaligidan islom dinini oʻrgatgan. Sayyid Bahodirxonning bobosi va otasi din ilmi va ajdodlari tarixi boʻyicha keng bilimga ega boʻlgan. Ularning uyida kechalari “Sahihul Buxoriy”dan turli hadislar aytilgan.

Sayyid Bahodirxon 12 yoshida Qurʼonni yoddan bilgan. U boshlangʻich taʼlimni ota-bobolarining qishloq madrasasida oladi. Madrasadagi barcha kitoblarni qayta oʻqiydi, uyda boʻlgan hamma narsani – ota-bobolarining arab, fors va turkiy tillarda yozilgan kitoblarini oʻrganadi. Oʻqishni Buxorodagi Oʻrta Osiyoning mashhur madrasasi Mir Arab madrasasida davom ettirdi. Bu yerda Sayyid Bahodirxon arab va fors tillarini mukammal egallaydi. Islom, tarix, falsafa va fiqhni oʻrganadi, Arastu, Suqrot asarlari bilan tanishadi. Naqshbandiy, Yassaviy, Kubroviy, Ibn Sino kabi donishmandlar ijodini oʻrganadi, sheʼriyatini oʻzlashtiradi.

Bundan tashqari, Navoiy, Sheroziy va boshqa koʻplab buyuk shoir va faylasuflarni ham oʻrganadi. U oʻsha paytda mashhur boʻlgan Mir Arab madrasasida oʻqib, mudarris bosh muallimi boʻladi. Ajoyib bilim, kuchli ilmiy salohiyat Sayyid Bahodirxonga 1895-yilda Ishtixon tumani qozilik lavozimini egallash imkonini berdi. Mir Arab madrasasi va Safoxoʻja qishlogʻida joylashgan qishloq madrasasida ham dars bergan.

XIX asr oxiriga kelib hanafiy mazhabi tarafdori Eshon Bahodirxon Samarqand viloyatidagi nufuzli olimlardan biriga aylandi. U islom, shariat, fiqh va naqshbandiya taʼlimotini targʻib qilishda faol ishtirok etgan. 1911-yilda oʻz jamgʻarmasiga Ishtixon markazida shahar bozorining sharqiy tomonida katta xonaqoh qurdirdi. Xonaqohda namoz oʻqish, yigʻinlar va zikr kabi amallar uchun foydalanadigan masjid, kutubxona va zikrxonalar boʻlgan. Hujralar zikrxona atrofida joylashgan edi. Ayni paytda xonaqoh oʻrnida “Ishtixon dehqon bozori” markaziy shahar bozori joylashgan.

Qozi Sayyid Bahodirxon 1916-yil vafotigacha qozilik qildi. Umrining soʻnggi yillarida oʻzi tugʻilib oʻsgan Ishtixon tumanidagi Safoxoʻja qishlogʻida yashab, Safoxoʻja qabristoniga dafn etilgan.

Rossiya imperiyasi oʻlkani zabt etgach, bu yerda oʻzining boshqaruv uslubini joriy qildi. Samarqandda ham bunday ishlar amalga oshirildi. Xususan, bu yerda Samarqand uyezdi tashkil etilib, Jumabozor volostga aylantirildi. Ammo bu davrda bir qancha sabablar tufayli bu davrda volost boshqaruvida qozilik lavozimi saqlanib qoldi. Butun oʻlkada boʻlgani singari Jumabozor volostida ham bu davrda qozilik lavozimi faoliyat koʻrsatdi. M.Virskiy va V.Vyatkin bergan maʼlumotlarga koʻra, volost tarkibida Elpak, Talli ota, Bogʻizagʻon, Sari Osiyo, Payshanbasiyob [9:44-45], Rabot, Dargʻom, Uzun [10:302], Yastepa, Navzandak, Shoxkash, Shopoʻlot va Adas [11:50] kabi qishloqlar mavjud edi. Mazkur qishloqlar volost qozilik mahkamasining faoliyat hududi hisoblangan.

Jumabozor volost sifatida tashkil etilgandan boshlab qisqa tanaffus bilan (1884-yil oʻrtalaridan 1887-yil avgustga qadar mullo Muhammad Vali xoja ibn Oftob xoja qozilik qilgan) hijriy 1306/1888-yil oxirlarigacha mullo Qozixoja ibn Qozi Mulloxoja qozi sifatida faoliyat koʻrsatadi. U oʻz faoliyati davrida xalq manfaati uchun koʻplab ishlarni amalga oshirgan. Bu esa hudud aholisi orasida adolatni taʼminlash ishlarida muhim ahamiyatga ega boʻlgan.

1888-1889-yildan mazkur volostda qozi lavozimida faoliyat koʻrsatgan mullo Mir Maʼsum ibn Xalifa Muhammad davrida ham bu boradagi ishlar davom ettirildi. Jumladan, bu davrda xalq tomonidan bildirilayotgan shikoyat va eʼtirozlarni oʻrganish va ularga adolatli yechim topish ishlari qattiq nazoratga olinadi. Har bir ishda shariat koʻrsatmalariga qatʼiy rioya qilish talab qilinadi. Rossiya imperiyasi hukmronligi sharoitida mustamlakachilik zulmidan aziyat chekayotgan aholi uchun bunday ishlarni amalga oshirish albatta katta jasoratni talab qilar edi.

Rossiya imperiyasi mustamlakachilari quyi boshqaruv organlariga mahalliy millat vakillarini tayinlagan. Bu bilan ular mahalliy xalqni ularning qoʻli bilan idora qilishni maqsad qilgan. Jumabozor volostida ham shu holatni kuzatish mumkin. Xususan, volostni 1894-yilda mullo Sulton Gʻoipov boshqargan boʻlsa, mullo Buzrug xoja Avliyo Xoja Mirakoniy esa bu davrda qozi sifatida faoliyat yuritgan [7:8-9]. 1903-1904-yillarda Rahmonqulibek Haydarbekov, 1904 va 1907-yillarda Mahmud Abdujabborov [5:18], 1905-yilda Ahmad Xudoynazarov [4] va boshqalar ham volost boshligʻi lavozimida faoliyat yuritgan.

Yuqorida taʼkidlanganidek, qozi lavozimi ham bu davrda muhim hisoblangan va ushbu mansabga mustamlakachi maʼmurlar mahalliy xalq vakillarini tayinlashga majbur boʻlgan. Xususan, bu davrda Jumabozor volosti xalq sudyasi (qozi) lavozimida avval mullo Mir Muqaddas ibn mullo Mir Saidgʻani (1897, 1903 – 1908) [8:99-103] va soʻngra mullo Mirsodiq ibn mullo Mirmaʼsum (1909) [6:82] kabi qozilar sud va adliya ishlarini yuritgan. Bu xaqda OʻzMDA fondida saqlanayotgan “Jumabozor qozilik hujjatlari” [20:171] da batafsil maʼlumot berib oʻtilgan. Ushbu hujjatda Jumabozor, uning atrofidagi qishloq va shaharlarning qadimiy joylashgan oʻrni, iqtisodiy salohiyati, oʻzaro savdo va mulkchilik munosabatlari haqida qimmatli maʼlumotlar keltirilgan. Quyida keltirilgan qozilik hujjatlarida mavjud yozishma namunalari qozilik faoliyati haqida yanada kengroq maʼlumot olish imkonini beradi.

  1. “Sana (hijriy) 1306/1888-yil 7-rabbius soniy/ 22 noyabr oyi dushanba kunida Jumabozor volostini Qarmish qishlogʻidan Boy qassob (57 yosh) Davlat Muhammad oʻgʻli dorul qozigʻa kelib, mazkur qishloqdagi 5 tanob yerning chor-yak tanobini, qiblasi Abul Fath Maxdum, shimoli Mengliboy Mirzoqul oʻgʻlini yeri, Sharq taraf shimoli Vali, janubi Boy qassobni(ng) Ushbu hududni Xoʻjamurod Badalbiy oʻgʻligʻa mablagʻ 80 soʻm badaligʻa bayʼ qatʼiy bilan sotganligi sababi shariat boʻyincha durust, deb vasiqa yozib, Jumabozor qozisi Qozi Mullo Qozixoja Mulloxoja oʻgʻli qoʻlum qoʻydum, deb “Qozi Mullo Qozixoja” yozuvli muhr urilgan, “Miftohiddin xoʻja, Sobirboy Alim oʻgʻli” [19:21] guvohligi keltirilgan.
  2. “Sana (hijriy) 1305/1888-yil shaʼbon/ 19-aprel oyinda Xoʻjaqishloq Urgutdan Akobirxoʻja va Muhammad Siddiqxoʻja Abdurazzoqxoʻja bolalari dorulqozigʻa hozir kelib, Jumabozor volosini Qarmish qishlogʻidan oʻn tanob yerlarini Jumabozorgʻa turuvchi Mirzo Abul Fath ibn Mirzo Abul Hasan oʻgʻligʻa mablagʻ 90 soʻmni badaligʻa bayʼ qatʼiy bilan sotganlari sababi shariatgʻa muvofiq, deb, vasiqa yozib, Jumabozor qozisi qoʻlum qoʻydim, deb “Qozi Mullo Qozixoja” yozuvli muhr urilgan, “Musavvar xoʻja, Miftohiddin xoʻja Abdulloh xoʻja oʻgʻli” [19:43] guvohligi keltirilgan.
  3. “…Jumabozor qishlogʻidan Normuhammad, Xoʻjamdod, Oyimbibi Holmuhammadboy avlodlari 2 tanob yerni Rustamboy Egamberdi oʻgʻligʻa 70 tangani badaligʻa qatʼiy qilib sotgan…” [14:55]
  4. “…Nazarboy usto Karimberdi oʻgʻli hovlisini 130 tangagʻa Xudoynazarboy Bekmurodboy oʻgʻligʻa sotgan…” [14:55]
  5. “…Boboyor valadi Ernazarbekka Mir Zohir amin etib tayinlandi…” [16:107].
  6. “…Yoʻldoshboy Tursunboy oʻgʻli oʻzining 3 tanob bogʻini Tursunboy Pahlavon Xudoynazar Pahlavon oʻgʻligʻa 26 soʻm badaligʻa muddat oʻn oygʻacha sotgan…” [17:80].
  7. “…Joʻrabiy Rahim eshon oʻgʻli hovlisini Tursunboy Pahlavon Xudoynazar Pahlavon oʻgʻligʻa 26 soʻm badaligʻa oʻn oygʻacha sotgan…” [17:73].
  8. “…Toʻxtamishbiy Eshmuhammad Soʻfi oʻgʻli Abduxalil Abdujamil oʻgʻlidan qarz olgani haqida…” [17:23].
  9. “…Jumabozor volostigʻa qaragʻon Xoʻjaqishloqdan Sharifxoʻja Muhammad Latifxoʻja oʻgʻli 260 tangani badaligʻa 5 tanob yerni Abdullohga sotdi…” [15:400].
  10. “…Navqaslik saodatpanoh Musoxoja muftiy eshon Shirinxoja oʻgʻli 5,5 tanob yerni Mir Said Amin Muhammad Shokir oʻgʻligʻa 164 soʻm badaligʻa sotgan…” [18:397].
  11. “…Muhammad Solihbiy Eshbiy oqsoqol oʻgʻli 24 tanob yerni Bobojonbiy Qoʻchqorbiy oʻgʻligʻa 180 soʻm badaligʻa sotgan…” [17:79].

Ushbu qozilik hujjatlarida yuqorida berilgan iqtisodiy-mulkiy munosabatlarga oid ishlardan tashqari, ijtimoiy masalalar ham koʻrib chiqilgan. Bu esa, qozilik mahkamasi faoliyatining qamrovi keng boʻlganidan dalolat beradi.

Shu oʻrinda yuqorida nomlari zikr etilgan qozilar, ularning hayoti va faoliyati toʻgʻrisida ham maʼlumot berish maqsadga muvofiqdir. Xususan, mullo Qozixoja ibn qozi Mulloxoja oʻz zamonasining yetuk ilm sohiblaridan biri boʻlgan, qozilik lavozimida ishlab, sharʼiy fatvolar bergan. Bundan uning “Muftiy” boʻlganini ham tushunish mumkin. Ushbu maʼlumotni nafaqat mahalliy aholi, balki tarixiy hujjatlar ham tasdiqlaydi [2:380-381]. Fuzaloi ulamo, mudarris, qozi mullo Qozixoʻja ibn Mulloxoʻja Samarqandiy 1328 (1909) yil boshlarida[1] vafot etgan. Bu inson mashhur “Imom” qabristonida, yaʼni “Imom Faxriddin” mozoriga dafn etilgan[2].

Bu davrda qozilik lavozimida faoliyat yuritgan Mullo Mir Muqaddas ibn mullo Mir Saidgʻani esa qozilik faoliyati bilan birga muftiylik lavozimida ham ish olib borgan. Chunki uning muhrida “Mullo Muqaddas muftiy ibn qozi mullo Sayid Gʻani muftiy” deb koʻrsatilgan. Ushbu “muhr” bir necha fatvo hujjatlariga urilgan boʻlib, ular hozirgi kunda Samarqand muzey-qoʻriqxonasida saqlanmoqda [2:380-381].

Shu oʻrinda Mullo Mirsodiq mullo Mirmaʼsum oʻgʻli haqida ham maʼlumot berish joiz. Bu inson 1867-yil [3:1]da hozirgi Ayni tumaniga qarashli Tumin qishlogʻida dunyoga kelgan boʻlib, otasi Mullo Mirmaʼsum ibn Xalifa Muhammad madrasa taʼlimini olgan va bir necha yil qozilik lavozimida ham faoliyat koʻrsatgan ilm ahlidan edi. Yosh Mirsodiq Samarqand madrasalarida mullo Sharif mullo Rahmat oʻgʻli, mullo Ahmad mullo Rahim oʻgʻli bilan birga tahsil oladi [3:2].

Uning mullo Umar [1:16] ismli ukasi (uning oʻgʻli Burxon, uning oʻgʻli Sayfiddin (uning oʻgʻillari Shahobiddin, Shavkat, Shokir, Sherzod), Qamariddin (uning oʻgʻli Nurali, Samariddin, Nurillo, Oʻlmas), Shamsiddin (uning oʻgʻli Isomiddin va Ulugʻbek) va Mirhomid ismli amakivachchasi (uning oʻgʻli qozi Amin, uning oʻgʻli mullo Sirojiddinlar) boʻlgan.

Qozi Mirsodiqning Munavvar ismli qizi va Badirxon (uning oʻgʻli Fazliddin, uning oʻgʻillari Firdavs va Shahobiddin) ismli oʻgʻli boʻlgan. Keyinchalik qozi Mirsodiq Chor imperiyasi tazyiqiga uchrab, yaqin doʻst va birodarlari taklifiga koʻra, 1914-yilda Shahrisabzga ketgan. U yerda dastlab masjidga imom, soʻngra madrasada ilmi nujum – falakiyotdan dars beradi va oʻsha yerda 1918-yilda vafot etadi. Yuqoridagi maʼlumotlardan shu narsa ayon boʻladiki, Samarqand viloyati hududida, xususan, Jumabozor volostida faoliyat yuritgan qozilarning yurtda obroʻsi baland boʻlib, hudud ijtimoiy-siyosiy hayotida katta oʻrin tutgan.

Yuqorida keltirilgan maʼlumotlardan xulosa qilganda, Samarqand hududida qozilik va qozixonalar shariat koʻrsatmalari asosida faoliyat olib borar edi. Islom dini asoslari bilan uygʻunlashgan bunday mahkamalarda aholi shikoyatlari qabul qilinar va har bir ish boʻyicha tegishli hukm chiqarilar edi. Qozixonalar faoliyatining samarali boʻlishi va adolatning taʼminlanishida oʻsha mahkamada faoliyat yurituvchi qozilarning bilimi, ilmiy salohiyati katta rol oʻynagan. Samarqandda faoliyat yuritgan Qozi Sayyid Bahodirxon, Qozi mullo Qozixoʻja ibn Mulloxoʻja Samarqandiy  va boshqa oʻz davrining yetuk qozilari bu borada katta ishlarni amalga oshirgan va xalq hurmatiga sazovor boʻlgan.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Amonov M. Jumabozor. – , 2014.
  2. A Catalogue of arabic-script  documents from the Samarqand museum. Under the direction of  Jurgen Paul, Shahun Mustafoyev and Bahrom Abduhalimov. – Samarqand-Istanbul.,
  3. Dala tadqiqot manbalari. Respondent Fazliddin domla Badirov (87 yoshda). 2013-yil. 1-varaq 1-bet) Mazkur avlod vakili Fazliddin domla 1865-yil deb qayd etgan. Ammo OʻzMDA fondida I-20, 1-roʻyxat, 6-ishda 1893-yilgi Samarqand imom va mullolari roʻyxati keltirilgan. Hujjatda mullo Mirsodiq 26 yoshda ekani qayd etilgan. Mana shu asosida mazkur sana qayd et
  4. Qoʻl. Oʻzbekcha. Esanov Muhammad Qosim. 1972. 2 sahifa. M.sh.k.
  5. Spravochnaya adresa kalendar Samarkandskoy oblasti. 1904.
  6. Spravochnaya adresa kalendar Samarkandskoy oblasti. Vыp. IX. 1909.
  7. Spravochnaya knijka Samarkandskoy oblasti. Vыp. I. 1893. 10 str., Vыp. II. 1894.
  8. Spravochnaya knijka Samarkandskoy oblasti. Vыp. V. 1903.
  9. Spravochnыya i Statisticheskiya svediniya Samarkandskoy oblast. Spravochnaya knijka Samarkandskoy oblasti. Vыp. II. 1894.
  10. Spravochnыya i Statisticheskiya svediniya Samarkandskoy oblast. Spravochnaya knijka Samarkandskoy oblasti. Vыp. VI. 1896.
  11. Spravochnыya i Statisticheskiya svediniya Samarkandskoy oblast. Spravochnaya knijka Samarkandskoy oblasti. Vыp. IX. 1907.
  12. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy Davlat Arxivi (bundan keyin – OʻzMDA) Fond-377, roʻyxat-1, ish – 1-75. Knigi dlya zapisi resheniy kaznya DJumabzarskogo uchastka Samarkandskogo uyezda i oblasti. 1878-1916 g.
  13. OʻzMDA fondi I-20, 1-roʻyxat, 6-ish. Samarqand imom va mullolari roʻyxati. 282-bet, yana Mirsodiq avlodidan boʻlgan Fazliddin domla bizga yozib bergan maʼlumotiga koʻra Buxoroda Sadriddin Ayniy va Eshoni Toʻgʻral Naqibxonlar bilan ham 6-yil mobaynida ilm olganligi taʼkidlanadi (Eshoni Toʻgʻral Naqibxon qozi Mirsodiqning bobosi xalifa Muhammad nabirasiga, yaʼni Eshoni Koʻchalning singlisiga uylangan). Shuningdek, Mirsodiq va mulla Sharif 1914-yilda Sherdor madrasasida taʼlim olganligi aytiladi. Ammo manbalarda bu ancha yil oldin ekanligi koʻrib oʻtildi. Dala tadqiqot manbalari. Respondent Fazliddin domla Badirov (87 yoshda). 2013-yil. 1-varaq 2-bet.
  14. OʻzMDA Fond-377, 1-roʻyxat, 2-ish.
  15. OʻzMDA Fond-377, 1-roʻyxat, 5-ish.
  16. OʻzMDA Fond-377, 1-roʻyxat, 9-ish.
  17. OʻzMDA Fond-377, 1-roʻyxat, 13-ish.
  18. OʻzMDA Fond-377, 1-roʻyxat, 14-ish.
  19. OʻzMDA Fond-377, 1-roʻyxat, 18-ish.
  20. OʻzMDA. Fond-377, 1-roʻyxat, 25-ish.
  21. https://yuz.uz/news/buxoroning-qadimiy-qozixonalari-qayta-tiklanmoqda
[1] Mazkur maʼlumotni mullo Qozixoja qabriga qoʻyilgan qabrtoshdan oldik, qabrtoshda “1327-yil zulhijja oyining oxiri – 1328-yil” ekanligi taʼkidlangan. Shuning uchun biz hijriy 1328/1909-yil sanasini keltirdik.
[2] Mahalliy aholining aytishicha qozi Mullo Qozixojani dastlab Jumabozor janubidagi Doʻngqishloq qabristoniga dafn etilgan, bir necha yildan keyin nomaʼlum sabablarga koʻra ul zotning qabri hozirgi oʻrniga koʻchirilgan.
Shodiyor ALIMOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi boʻlim boshligʻi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …