Home / MAQOLALAR / AMIR TEMUR DAVRI TARIXIY MANBALARIDA TURLI OʻZLIKLARNING AKS ETISHI

AMIR TEMUR DAVRI TARIXIY MANBALARIDA TURLI OʻZLIKLARNING AKS ETISHI

Amir Temur nafaqat oʻzbek davlatchiligi, balki Yevroosiyo tarixida ham yorqin iz qoldirgan. Tarixiy manbalarda u barpo etgan saltanatning kuch-qudrati, ichki va tashqi siyosati, bunyodkorlik ishlari va boshqalar haqida koʻplab maʼlumotlar keltirilgan.  Manbalarning baʼzilari xorijlik tarixchi va sayyohlar qalamiga mansub. Ushbu maqolada biz ulardagi ayrim maʼlumotlarni oʻzlikni anglash nuqtayi nazaridan tahlil qilamiz.

Amir Temur davriga oid, eʼtiborga molik tarixiy asarlardan biri ispan elchisi Rui Goncales de Klavixoning sayohat kundaligidir. Unda Klavixo 1403-1406-yillardagi sayohati davomida koʻrganlari, xususan, Amir Temur saltanati toʻgʻrisida maʼlumot beradi. Klavixoni Temur qurdirgan imoratlar, saroylar va masjidlar, bogʻlar hayratda qoldirgan. U kundaligida Samarqand shahri hunarmandchilik markazi ekani, u yerda Sharqning turli hududlaridan kelgan hunarmandlar yashashi haqida yozadi. Shuningdek, shahar boyligi va oziq-ovqat moʻlligi bilan emas, balki shoyi mato, atlas, moʻynadan qilingan kiyimlar va shunga oʻxshash son-sanoqsiz mollari bilan ajralib turishini taʼkidlaydi.

Uning maʼlumotlariga koʻra, shahar aholisi orasida “turli xalqlar – turklar, arablar, mavrlar, arman va yunon katoliklari, nestorianlar va yakobitlar, suvga choʻmilish marosimini yuzidagi olov bilan oʻtkazadiganlar, yaʼni oʻziga xos tushunchaga ega nasroniylar” [1:110] boʻlgan.

Klavixoni Samarqand shahridan uncha uzoq boʻlmagan maydonda (Konigil) Amir Temurning buyrugʻi bilan mamlakatning turli hududlaridan kelgan kishilar tomonidan uch kunda 20 ming atrofida chodir tiklanib, oʻzgacha bir koʻrinish kasb etgani, bunda har bir amaldor oʻzining maqomiga qarab hukmdorning baland va mahobatli chodiri atrofida chodir tiklay boshlagani hayratga soladi [1:115]. Bu yerga nafaqat sarkardalar, balki oshpaz, qassob, novvoy, arpa va meva sotuvchilar ham koʻchib kelib, har biri alohida koʻchaga joylashganini qayd etadi. Uning yozishicha, qoʻshin bilan birga koʻchma hammom va masjidlar ham olib yurilgan.

Klavixo Amir Temur harbiy yurushlarda boʻlmagan paytlarda boʻsh vaqtini koʻpincha shahar atrofidagi bogʻlarda oʻtkazishini taʼkidlaydi. Bu bogʻlarda Temur yoki uning ayollari, nabiralari boshchiligida koʻngilochar bazmu jamshidlar uyushtirilgan. Ispan elchisi Temurning otasi haqida yozar ekan, turkiy qavmlarga xos muhim oʻzlikni qayd etadi: “Uning otasi ham shaharga yaqin qishloqda yashagan, bu qabilaning aslzodalari shahardan koʻra qishloqda yashashni afzal koʻrgan”. Demak, Amir Temurning Samarqand va Shahrisabz shaharlari atrofida koʻplab bogʻlarni barpo etishda tabiatga yaqin boʻlish singari turkiy oʻzlik muhim omil boʻlgan. 

Klavixo Amudaryoning oʻng qirgʻogʻidagi yerlarni Moʻgʻaliya (Moʻgʻuliston), uning aholisi tilini esa moʻgʻul tili deb ataydi. Movarounnahr hududini Samarqand yerlari, Temur davlatini ham Samarqand imperiyasi deb yozadi.

Temur haqida yozar ekan, uni garchi Keshda tugʻilgan boʻlsa-da, aslida bu yerlik boʻlmagani, balki chigʻatoy deb ataluvchi qabilalardan biriga taalluqli boʻlib, tatarlarga mansub ekani haqida yozadi [1:104]. Klavixo Dashti Qipchoq yerlarini oʻsha davr Yevropa anʼanasiga xos tarzda Tartaliya, moʻgʻul qoʻshinidagi turkiy qavmlarni esa tatarlar deb ataydi. Klavixo turk deganda faqat Boyazidni va boshqa usmonli turklarni nazarda tutadi.

 Temur davri tarixiga oid yana bir asar Ibn Arabshoh qalamiga mansub. Ibn Arabshoh asli damashqlik boʻlib, Temur uni oilasi bilan Samarqandga majburan keltirgan. U 1389-yilda tugʻilgan. Ibn Arabshoh Samarqandga kelgan paytida 12 yosh boʻlgan va ushbu asarini keyinchalik, 1436­1437-yillarda yozgan. Uning Temurga nisbatan bosqinchi sifatida qaragani va asarda  tanqidiy yondashganining sababi shu boʻlishi mumkin.

Nazarimizda Ibn Arabshoh asarida Temurning Shom, Iroq, Misr kabi musulmon oʻlkalariga yurishi va ular bilan shariat, mazhablar va haqiqat boʻyicha savol-javobi markaziy oʻrinni egallaydi. Muallif ushbu urushlarni Chingizxon tavrotiga (yasoq) eʼtiqod qiluvchi Temurning chin musulmonlar ustiga yurishi sifatida qoralashga harakat qilsa-da (2.204), ushbu mamlakatlar olimlari bilan savol-javobi Temurning asl maqsadi shariatga zid emasligini koʻrsatadi.

Ibn Arabshohning yozishicha, Temur Shom va Iroq kabi yurtlarga borganda: “Nima uchun sizlar Muoviya (r.a.)ni oʻzlaringga xalifa deb bilasiz? Axir u Ali (r.a.) va uning avlodlarini oʻldirib, xalifalikka erishgan”, degan norozilik kayfiyatini bildiradi. Masalan, Sohibqiron Halab shahri qalʼasini egallaganining ikkinchi kuni shahar olimlari va qozilarini chorlab:  “Buxoro, Samarqand, Hirot va boshqa oʻzim fath qilgan mamlakatlar olimlariga bergan savolimni soʻrayman. “Bizdan halok boʻlganlar shahidmi yoki sizlardan?” degan maʼnodagi savolni beradi. Bu savolga shahar shayxi hadis orqali javob berishga harakat qiladi, yaʼni: “Bir aʼrobiy Paygʻambarimiz (S.A.V.) oldilariga kelib, bir kishi oʻz sharafi uchun jang qiladi, boshqa bir kishi shijoat koʻrsatish uchun, yana biri esa oʻz qudratini koʻrsatish maqsadida shu ishga qoʻl uradi. Shulardan qaysi birimiz Xudo yoʻlida shahidmiz? Shunda Paygʻambarimiz (S.A.V.) “Kimki tangrining soʻzi hamma narsadan oliy boʻlishi uchun kurashsa, ana oʻsha shahid hisoblanadi”, deganlar. Temur “xoʻb, xoʻb”, yaʼni maʼqul deydi. [2:208] Temur olimlar bilan yana savol-javob qiladi. Uning oxirgi savoli quyidagicha edi: “Ali (r.a.), Muoviya (r.a.), Yazid xususida nima deysizlar?” Bundan koʻrinib turibdiki, islomdagi ilk boʻlinish masalasi Amir Temur davrida hali oʻz dolzarbligini yoʻqotmagan edi.

Ibn Arabshohning yozishicha, Temur askarlari ichida butparast turklar, olovga sajda qiluvchi maʼjusiy ajamlar, kohinlaru sehrgarlar, zolimlaru munkirlar bor edi. Butparastlar oʻz sanamlarini koʻtarib yurar, kohinlar esa kalomlarini sajʼ bilan ifoda qilgan [2:96]. Arabshoh ham oʻz asarida Movarounnahrdagi turk-moʻgʻullarni chigʻatoy deb, dashtliklarni esa totorlar deb ataydi. Garchi yuqoridagi manbalarda mana shunday maʼlumotlar qayd etilgan boʻlsa-da, Amir Temur va temuriylar hech qachon oʻzini chigʻatoy deb atamagan. Aksincha ular oʻzini turklar va turkiy qavm deb atagan.

Amir Temur davri tarixi boʻyicha eng mukammal va haqiqatga yaqin deb taʼriflanadigan asar – bu Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”sidir. Sharafiddin Ali Yazdiy Eronning Fors viloyati shimolidagi Yazd shahrida tugʻilgan. U temuriylar saroyida xizmat qilgan. “Zafarnoma” asarini Amir Temurning nabirasi Ibrohim Sulton tashabbusi bilan yozgan. Bunga asosiy sabab Amir Temur hayoti va faoliyatini toʻliq yoritib beruvchi asarning mavjud emasligi edi. Aynan shu asar temuriylar oʻzligini koʻproq namoyon etadi, deb aytish mumkin. xususan, Amir Temurning uch, besh va yetti yillik urushlarining sabablari keltirilgan. Asarda keltirilishicha, 1385-yilgacha, yaʼni Toʻxtamishning Eronni bosib olish maqsadida Tabrizga bostirib kirishiga qadar Sohibqironning boshqa oʻlkalarga yurish qilishda aniq maqsadi boʻlmagan. Asosiy urushlari oʻziga yaqqol dushman hududlar, musulmonlarga zahmat yetkazib turgan  davlatlar va hokazolarga qarshi olib borilgan. Lekin ana shu voqeadan keyin Toʻxtamishxondan oldin Eronni bosib olishga kirishadi.  Iroq, Shom va Sharqiy Anatoliyani egallaydi. Chunki bu yerlarning hokimlari Temur dushmanlariga panoh berib, unga xavf solib turardi [3:107]. Sohibqiron tomonidan olib borilgan koʻp yillik yurishlarning yana bir sababi sifatida muallif Moʻgʻuliston, Eron va Iroqda Buyuk ipak yoʻli xavfsizligini taʼminlash boʻlgani, chunki bu davrda nafaqat karvonlar, balki elchilar ham bemalol qatnay olmay qolganini keltiradi. Shuningdek, Haj safariga borish ham xavfli boʻlib qolgan edi. Temur biror mamlakatni fath qilgach, u yerda obodonchilik ishlarini amalga oshirganini qayd etadi [3:204].

Ali Yazdiyning asarida Temurning dashtliklar va jetelarga qarshi urushiga koʻp urgʻu beriladi. Bunday holat Temur va temuriylarning asosiy raqibi aynan ular boʻlganidan dalolatdir. Asarda XIV asrga xos boy geografik nomlar keltirilgan boʻlib, Iroq va Sharqiy Anatoliyadan to hozirgi Xitoy markazigacha va fors koʻrfazidan to Kama daryosi havzasigacha boʻlgan joylarning qarluqcha nomlari keltiriladi. Bu esa ushbu hududlarda XIV asrda qarluq lahjasi keng tarqalganini anglatadi. 

Xulosa qilib aytganda, Amir Temur davri tarixiga oid manbalar oʻzining mazmuni, yondashuv usuli, tuzilishi, mualliflarning qarashlari jihatidan turli xil boʻlib, ularda oʻsha davrga xos oʻzliklar haqida ham maʼlumotlar bayon qilingan. Shu bois ushbu manbalarni oʻzlikni anglash nuqtayi nazaridan talqin qilish Temur davriga oid ayrim masalalarni kengroq tushunishga yordam beradi.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Rui Gonzales de Klavixo. Dnevnik puteshestviya v Samarkand ko dvoru Timura (1403-1406). Perevod so staroispanskogo. – M.: Nauka, 1990.
  2. Ibn Arabshoh. Ajoib al-maqdur fi tarixi Taymur (Temur tarixida taqdir ajoyibotlari). 1­2-kitob. – T.: Mehnat, 1992.
  3. Sharafiddin Ali Yazdiy. Zafarnoma. – T.: Sharq, 1997.
Ismoiljon XOʻJAXONOV,
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi bosh ilmiy xodimi,
tarix fanlari nomzodi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …