Home / MAQOLALAR / ALISHER NAVOIY – EZGULIK KUYCHISI

ALISHER NAVOIY – EZGULIK KUYCHISI

Nizomiddin Mir Alisher Navoiy – buyuk shoir, mutafakkir va davlat arbobi.

1441-yil 9-fevralda Hirot shahrida tavallud topgan. Otasi Gʻiyosiddin Muhammad (uni Gʻiyosiddin Kichkina deb ham atashgan) saroyning nufuzli amaldorlaridan, onasi (ismi maʼlum emas) Kobul amirzodalaridan Shayx Abu Said Changning qizi boʻlgan.

Alisher Navoiyning bolaligi temuriy hukmdor Shohruh Mirzo (1377-1447) hukmronligining soʻnggi yillariga toʻgʻri keladi. U temuriyzoda shahzoda Husayn Boyqaro (1438-1506) bilan birga voyaga yetadi. 4 yoshida maktabga borib, tez fursatda savod chiqaradi. Turkiy va forsiyda bitilgan sheʼrlarni oʻqib, yod oladi. Oʻzbek tili bilan bir qatorda forsiy tilni ham mukammal egallaydi. Alisherning togʻalari Mirsaid Kobuliy va Muhammad Ali Gʻaribiylar ham shoir boʻlishgan. Boʻlajak shoir ana shunday muhitda tarbiya topadi.

Hirotda u mashhur shoiru fozillardan tahsil olib, sheʼrlar mashq qila boshlaydi. Saʼdiy Sheroziyning “Guliston”, “Boʻston” asarlarini oʻqib, Farididdin Attorning «Mantiq ut-tayr» dostonini yod oladi. Ushbu falsafiy doston bilan tanishuv yosh Alisherning dunyoqarashida oʻziga xos burilish yasaydi. U kelajakda  “Mantiq ut-tayr” singari jiddiy asar yaratishni koʻngliga tugadi va vaqtlar oʻtib tasavvufga oid “Lison ut-tayr” dostonini yaratadi.

Zamondosh tarixchi Gʻiyosiddin Xondamir (1473-76-1534)ning maʼlum qilishicha,  bir kuni Mavlono Lutfiy (1367-1465) oʻspirin Alisherdan bir gʻazal oʻqib berishini soʻraydi.

Yosh Alisher matlaʼi quyidagicha boʻlgan gʻazalni oʻqib beradi:

Orazin yopqach, koʻzumdin sochilur har lahza yosh,
Boʻylakim, paydo boʻlur yulduz, nihon boʻlgʻach quyosh.

Shunda Mavlono Lutfiy: “Imkoni boʻlganida edi, oʻzimning turkiy va forsiydagi 10-12 ming baytimni shu birgina gʻazalga almashtirgan va ushbu ayirboshlash natijasini oʻzim uchun katta muvaffaqiyat hisoblagan boʻlardim”[1],- deya shoir isteʼdodini yuksak baholaydi.

Alisher bolalik chogʻlaridan umrining oxirigacha vaqtining koʻp qismini ilm egallash va kamolotga erishishga sarflagan.  

U dastlab Mashhad, soʻngra Samarqand madrasalarida tahsil olish bilan birga “Navoiy” taxallusi bilan turkiyda,  “Foniy” taxallusi bilan forsiyda ijod qilib, “zullisonayn” (ikki tilda ijod qiluvchi) shoir sifatida taniladi.

Alisher Navoiyning Samarqandda yaratilgan “Aʼloyi Shoshiy va toʻn tikuvchi hunarmand”, Bobur haqidagi muammolari, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher” kabi asarlari, bir necha gʻazallari  safar avvalida Hirotda yozilgan ijod namunalaridan oʻzining yetukligi bilan katta farq qiladi. Demak, Samarqand haqiqatdan ham Alisher Navoiyning hayoti va ijodiy faoliyatida muhim sifatiy oʻzgarishni vujudga keltiradi.

1469-yili Xuroson taxtini Alisherning bolalik doʻsti Husayn Boyqaro egallaydi. Shu yili Alisher Navoiy Husayn Boyqaroga atab “Hiloliya” qasidasini bitadi. 1470-yilda oʻzining turkiyda yozgan sheʼrlaridan iborat ilk devoni – “Badoyeul bidoya”ni tuzadi. Navoiy 1483-1485-yillar davomida  butun ijodining durdonasi hisoblanmish “Hayratul abror”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sabʼai sayyor” va “Saddi Iskandariy” dostonlaridan iborat “Xamsa” asarini yaratadi. Shuningdek, “Tarixi muluki Ajam”, “Majolisun nafois”, “Munshaot”, “Mezonul avzon”, “Nasoimul muhabbat”, “Devoni Foniy”, “Lisonut tayr”, “Muhokamatul lugʻatayn”, “Tarixi anbiyo va hukamo”, “Sirojul muslimin”, “Arbain”, “Mahbub ul-qulub” kabi oʻttizdan ortiq bebaho asarlar yozadi.

Shoir ijodining mazmun-mohiyatini insonparvarlik, xalqparvarlik, bagʻrikenglik, yaxshilik, komillik kabi ezgu tamoyillar tarannumi tashkil etadi. Mutafakkirning “Bilmaganin soʻrab oʻrgangan – olim / Orlanib soʻramagan oʻziga zolim”, “Oz-oz oʻrganib, dono boʻlur / Qatra-qatra yigʻilib, daryo boʻlur”, “Zahmat chekib ilm oʻrgangan – donishmand”[2] kabi hikmatlari ilmu maʼrifat targʻibida muhim ahamiyat kasb etadi. 

Alisher Navoiy adabiy faoliyatni siyosat bilan uygʻunlashtirgan buyuk shoir, mutafakkir va davlat arbobidir. Hazrat Navoiy 1469-yili hukmdor Husayn Boyqaro tomonidan davlat boshqaruviga jalb qilinadi. 1469-1472-yillarda muhrdor, 1472-1476-yillarda amir (vazir), 1487-1488-yillarda Astrobod hokimi lavozimlarida samarali faoliyat koʻrsatadi.

Navoiy 1476-yilda vazirlik lavozimidan isteʼfoga chiqadi. Ammo isteʼfoga chiqqanidan keyin ham siyosiy-iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy hayotning girdobida qolaveradi. ”Vaqfiya” asarida taʼkidlanishicha, mamlakatning turli burchaklaridan jamiyatning hamma tabaqlariga mansub son-sanoqsiz kishilar turli-tuman masalalar yuzasidan Navoiyga doimiy murojaat etgan. Shoirning oʻz taʼkidiga koʻra, erta tongdan tunga qadar butun vaqtini uning homiyligi va saxovatiga, koʻmagi va maslahatiga umidvor insonlarga ajratishga toʻgʻri kelgan[3].

Xalq oldida va temuriylar saroyida yuksak hurmat va ishonchga ega boʻlgan Navoiy butun kuchini, mulklarini el farovonligi, yurt obodligi yoʻlida sarflab, “Din va dunyo ishlarida haq va haqiqat nizomi”, “Hazrat sultonning yaqin kishisi” va “Ulugʻ amir” kabi yuksak unvonlarga musharraf boʻlgan.

Alisher Navoiy Hirot, Mashhad, Nishopur va boshqa shaharlarda koʻplab masjid, xonaqo, madrasa, hammom, shifoxona barpo etadi, arigʻu hovuzlar qazdirib, koʻprik va toʻgʻonlar qurdiradi. Davlatshoh Samarqandiy oʻn ikkita inshoot haqida gapirib oʻtgan boʻlsa, Xondamir yuzdan ziyod bino va inshootni, shu jumladan, hovuz va koʻpriklarni sanaydi. Faxri Hirotiy “Amir Alisher 370 xayriya binosini qurgan”, deb umumiy tarzda hisob qilsa, Som Mirzo bu songa aniqlik kiritib, “uch yuz yetmishdan toʻqsontasi rabotlardir” [4], deb qayd etadi.

Alisher Navoiy koʻrsatmasi bilan Hirotdagi Margʻaniy bogʻi qarshisida jome masjidi qurilgan va shaharning jome masjidi qayta taʼmirlangan[5]. Mazkur masjidni taʼmirlash ishlarini  kuzatish uchun Navoiy deyarli har kuni u yerga tashrif buyurgan. Aksar hollarda etagini qayirib, boshqa ishchilar qatorida mehnat qilgan. Bu yerda ishlayotgan meʼmorlar va usta-hunarmandlarga koʻplab qimmatbaho kiyimlar, mukofotlar taqdim etish orqali ularning koʻngillarini shod etgan. Natijada uch-toʻrt yil choʻzilishi mumkin boʻlgan qurilish ishlari atigi olti-yetti oyda poyoniga yetkazilgan.

XV asr ikkinchi yarmida Hirotdagi madaniy taraqqiyotda Alisher Navoiy yetakchi oʻrin tutgan. Samarqandda Amir Temur kutubxonasining vorisi sifatida Mirzo Ulugʻbek kutubxonasi faoliyat koʻrsatgan boʻlsa, Hirotda Boysungʻur mirzo, Sulton Husayn Boyqaro, Alisher Navoiy kutubxonalari boʻlgan. Saroy kutubxonalaridan farqli oʻlaroq Navoiy kutubxonasidan oddiy xalq ommasi foydalanish imkoniyatiga ega boʻlgan. Mashhur olim Mirxond, uning nabirasi Xondamir, boshqa koʻpgina tarixchi va adabiyotchilar oʻz asarlarini yaratishda mazkur kutubxonada jamlangan tarixiy manbalardan foydalangan, Kamoliddin Behzod, Shoh Muzaffar va boshqa mohir ustalar u yerda samarali ijod qilgan.

XV asrda temuriylar hukmronligi davrida Xuroson va Movarounnahr madaniy jihatdan yuksaldi. Shu bois, adabiyotlarda mazkur davr “Temuriylar renessansi” deb ataladi. Ushbu renessans rivojida buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning ham ulkan hissasi bor. Bu hissa uning ham ijodiy, ham davlat arbobi sifatidagi  faoliyatida oʻz aksini topgan.

BAXTIYOR TURSUNOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
[1] Xondamir Gʻ. Makorim ul-axloq. –T.: Akademnashr, 2018. –B. 88-89.
[2] Navoiy A. Mahbub ul-qulub. Mukammal asarlar toʻplami (MAT): 20 tomlik. 14 t. –T.: Fan, 1998. –B. 115.
[3] Navoiy A. Vaqfiya. MAT: 20 tomlik. 14 t. –T.: Fan, 1998. –B. 259.
[4] Sirojiddinov Sh. Alisher Navoiy: manbalarning qiyosiy-tipologik, tekstologik tahlili. –T.: Akademnashr, 2011. – B.79.
[5] Navoiy A. Vaqfiya. MAT: 20 tomlik. 14 t. –T.: Fan, 1998. –B. 261-262.

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …