Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon vohasi madaniy boyliklari” turkumida navbatdagi onlayn seminar boʻlib oʻtdi. Unda Markaz xodimlari, yurtimiz va xorijdagi ilmiy muassasalar tadqiqotchilari, olimlar ishtirok etdi.
Seminarda AQSHdagi Hofstra universiteti dotsenti Elyor Karimov “Maʼlum va nomaʼlum “Kubroviya” (Husayn Xorazmiyning Samarqand vaqfiga doir materiallari asosida)” mavzusida maʼruza qildi.
Maʼruzachi “Kubroviya”ning kelib chiqishi, yoyilishi, shuningdek, Markaziy Osiyodagi yetuk namoyandalari haqida toʻliq maʼlumot berib, tariqatning ijtimoiy, siyosiy hamda iqtisodiy tarixiga oid tadqiqotlarda uchraydigan qator qarama-qarshilik va kamchiliklarga alohida toʻxtaldi.
Olim tariqatni keng yoyishdagi harakatlar sxemasi, yetakchilarning oʻzaro yozishmalarini bayon etar ekan, Temuriylar hukmdorining vakolatli vakili va maslahatchisi Husayn Xorazmiy shaxsiyati, hayoti va faoliyatini ham yoritib, qator savollarga oydinlik kiritdi. Tadqiqotchining fikricha, Xorazmiyning “Samarqand vaqfnomasi” asari Oʻrta Osiyodagi “Kubroviya” tarixining hali nomaʼlum boʻlgan sahifalarini yangicha yoritish imkonini beradi. Yerlar, bogʻ va tegirmonlar roʻyxati, vaqf maydonlaridan foydalanish shartlari, xonlik vazirlarining tarkibi, ularning vazifalari va yillik moliyaviy ajratmalari aks etgan yuksak tarixiy ahamiyatga ega mazkur asarda “Kubroviya” tariqati sahihligini saqlab qolgani koʻrsatilgan.
Oʻrta Osiyoning, xususan, gʻarbiy Xorazmning XVI asrdagi bosh Kubroviy shayxi Kamoliddin Husayn Xorazmiy (vaf. 958/1551) umrining soʻnggi oʻttiz yilida kubroviylik anʼanasini mustahkamlab, mintaqada yuksak siyosiy mavqega ega boʻlgan. Vafotidan keyin ham uning faoliyat samarasi deyarli yarim asr davomida saqlanib qolgan.
Seminar qizgʻin savol-javoblar bilan davom etdi.