Movarounnahrga islom dini kirib kelishi bilan diniy taʼlim va u bilan bogʻliq ilmlar ham rivojlana boshladi. Ayniqsa, diniy va dunyoviy ilmlar uzviy holda taraqqiy etdi. Aynan shu davrdan boshlab hududlarda maktablar va madrasalar paydo boʻla boshladi. Madrasalar qadimdan Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlarida alohida nufuzga ega oʻquv maskani sifatida katta obroʻ-eʼtibor qozongan. Koʻhna Buxoro ham oʻzining koʻp sonli madrasalari bilan nom taratgan. U turli yerlardan ilm tahsili uchun talabalar tashrif buyuradigan shahar hisoblangan. Bu anʼana keyingi asrlarda ham davom etgan. Shu sababli aksariyat mualliflar Buxoro haqida soʻz ketganda avvalo uning shu jihati bilan taʼriflaganlar. Xususan ashtarxoniylar davri muarrixi Mahmud ibn Vali (XVII asr) Buxoroning ilm tarqatuvchi markaz sifatidagi xizmatini shunday baholaydi: “Olimlarning koʻpligidan, uni olimlar va ilm-fan bulogʻi deb ataydilar”.
Movarounnahr diyoridagi dastlabki hijriy ilk uch asrda taʼlim maskanlari sifatida kuttob (maktab)lar, masjidlar, madrasalar, munozara majlislari, rabotlar va xonaqohlar faoliyat yuritgan.
Kuttob (maktab)lar
Islom olamida bolalarga avval oʻqish, soʻng yozish oʻrgatilgan, ilk oʻqish kitobi sifatida Qurʼoni karim tanlangan, hozirgi kunda boshlangʻich taʼlim muassasalariga teng boʻlgan taʼlim maskani kuttob deb atalardi. Oʻqish va yozish barobarida Arab tili grammatikasi, Paygʻambarimiz (s.a.v) haqlarida qissalar, yengil hisob-kitob va baʼzi sheʼrlar oʻrgatilardi. Butun taʼlim jarayonida xotirada saqlash va yod olishga alohida eʼtibor berilardi[1]. Islom dinining yoyilishi jarayonida musulmonlarning boshlangʻich taʼlim maskani hisoblangan maktablarda taʼlim beruvchi ustozlarning koʻpchiligini musulmon boʻlmagan kishilar, nasroniy va yahudiy oʻqituvchilar tashkil etardi[2].
Turk olimi Ziyo Kaziji maktablarni ikki turga ajratib, biri – bolalar oʻqish va yozishni oʻrgangan maktablar boʻlsa, ikkinchisi, Qurʼon va dastlabki diniy ilmlardan saboq berilgan maktablar mavjud boʻlganini taʼkidlaydi. Shuningdek, musulmon boʻlmagan ustozlarning bolalarga oʻqish va yozish oʻrgatiladigan maktablarda faoliyat olib borganini, diniy taʼlim beriladigan muassasalarda gʻayri musulmonlarning taʼlim berishi aqlga sigʻmasligini alohida taʼkidlaydi[3]. Qishloq, tuman va shaharlardagi deyarli har bir mahallada ehtiyojga koʻra mavjud boʻlgan bir yoki bir nechta maktablar bir masjid binosiga yopishgan holda qurilgani bois baʼzi darslar masjid ichida ham oʻtkazilardi. Aksariyat hollarda oʻgʻil bolalar taʼlim olgan bu muassasalarda qiz bolalar ham taʼlim olishardi[4]. Maktablarda maʼlum bir yosh cheklovi boʻlmagani uchun koʻpincha turli yoshdagi oʻquvchilar bir sinfda, baʼzan esa yoshlariga koʻra sinflarga ajratilgan holda dars berilardi. 5-7 yoshlarida taʼlim olishni boshlagan va 4-6-yil davomida taʼlim olgan oʻquvchilar juma kunidan tashqari haftaning olti kunida quyosh chiqqanidan botguniga qadar taʼlim olish bilan shugʻullanar edi[5].
Kuttoblardagi oʻqituvchilarni muallim yoki “muktib” deb chaqirishardi[6]. Bu oʻqituvchilar dastlab bolalarga yodlanishi va tushunilishi oson va qulay boʻlgan kichik va yengil kitoblarni tanlashardi[7]. Maktablardagi taʼlim uslubi oʻqituvchining soʻzlarini koʻp bora takrorlash asosiga tayangan yod olishdan iborat edi[8].
Movarounnahr diyorida Buxoro va Samarqand shaharlarida ham bolalarning dastlabki taʼlim olish maskanlari kuttoblardan iborat edi[9]. Tarixchi Shamsiddan Zahabiy taʼkidlashicha, buyuk vatandoshimiz – hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy hazratlari ham taʼlim faoliyatini oʻn yoshida Buxorodagi bir kuttobda boshlagan[10]. Biroq Buxoroda faoliyat olib borgan kuttoblar soni va dars programmasi haqida hech qanday maʼlumotga ega emasmiz. Samarqandlik oilalar shahar markazida faoliyat olib borgan bunday taʼlim muassasalaridan farzandlari foydalanishlari uchun turli fidokorliklar qilganliklarini alohida taʼkidlash joiz. 233/547-yilda Samarqandning Abgor nohiyasida joylashgan Harʼun qishlogʻida yashagan ikki aka-ukani otasi taʼlim olishlari uchun onasiga qoʻshib shaharga joʻnatadi. Onasi esa ularni boqish uchun uch yil davomida jun toʻqib tirikchilik qiladi[11].
Maktabni tugatgan oʻquvchilar baʼzi olimlarning uylarida beriladigan taʼlimda ishtirok etganlari kabi masjidlarda beriladigan darslarga ham qatnasha olardi[12]. Uylarida alohida dars beruvchi ustozlarni “muaddib” deb atashardi[13]. Imom Buxoriy kuttobdagi tahsilini tamomlagach, ustozi ad-Doxiliy va boshqa olimlarning uylariga borib dars ola boshlagandi[14]. U Buxoroda “Sikkatud dehqon” (Dehqon koʻchasi) deb nomlangan mavzeda yashab, u yerda, uning uyida darslar tashkil etilardi[15]. Imom Buxoriy tahsilini tamomlab, dars berishni boshlaganida Buxoro voliysi Xolid ibn Ahmad uning huzuriga bir elchi joʻnatib, yozgan asarlarini uning oʻzidan eshitish istagida ekanligini bildiradi. Buxoriy esa ilmni kamsita olmasligini, kishilarning uyiga borib dars bermasligini, agar voliy ilm olish istagida boʻlsa, Buxoriy hozir boʻlib turgan masjid yoki uyiga kelishi shartligini aytadi[16].
Somoniylar davrida saroy maʼmurlari farzandlariga xususiy, alohida taʼlim tashkil etishardi. Somoniy hukmdorlaridan Ismoil ibn Ahmad (295/907) oʻgʻli Ahmadning tahsili uchun alohida bir muaddib tayinlagandi. Muaddib dars asnosida bolani haqoratlaydi, keyinchalik muaddib pushaymon boʻlishiga qaramasdan Ismoil ibn Ahmad tomonidan unga hadyalar yuborib, hurmat koʻrsatadi[17]. Somoniylar davrida nahv (arab tili grammatikasi) va lugʻat sohasida muvaffaqiyat qozongan shoir Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Ali al-Forisiy Buxoroda saroy amaldorlari farzandlariga dars berardi. Shu davrning shoirlaridan boʻlgan Abu Bakr Muhammad ibn al-Abbos al-Xorazmiy sheʼr, nahv va lugʻat kitoblaridan dars berardi[18]. Samarqand va Buxoroda muaddib unvoni bilan koʻplab olimlar faoliyat koʻrsatgan edi[19].
Jomeʼ-Masjidlar
Islom madaniyati va sanʼatining keng yoyilishida juda muhim rol oʻynaydigan masjidlar ham taʼlim-tarbiya faoliyati tarixi bilan chambarchas bogʻliqdir. Islomning dastlabki yillaridan boshlab masjidlarda dars halqalarini yaratish orqali taʼlim-tarbiya ishlari olib borildi. Masjidlar deyarli barcha maʼlum fanlar bosqichma-bosqich rivojlanib boradigan joylarga aylandi[20]. Islom dinida masjid maktab vazifasini bajargan. Masjidlarda ilm olish uchun oʻqituvchi atrofida toʻplangan talabalar ilm halqasi deb nomlanardi[21]. Kattalar taʼlimi uchun masjidlarda yaratilgan ushbu dars halqalarida har kim erkin ishtirok etish huquqiga ega edi[22]. Dars halqalari maʼlum qoidalar doirasida tashkil etilardi. Darsni oʻtayotgan olimga yordam beruvchi kishi – mustamliy (imlochi, assistent) bor edi. Ibn Hibbonning assistentligini Hakim Nishopuriy oʻn uch yoshidayoq amalga oshirgan edi[23].
Movarounnahr hududida Buxoro va Samarqand masjidlari taʼlim va tarbiya olib boriladigan ilm markazlariga aylangan edi. Uylari masjidga yaqin boʻlgan olimlar masjidda har qanday ilmiy majlis qurilsa, albatta unda ishtirok etishga harakat qilardi. Olimlar va ilmiy suhbatlarni eshitishga kelganlar baʼzida masjidga sigʻmas, hatto, masjid hovlisi va yoʻllar toʻlib ketardi[24]. Buxorodan Bagʻdodga borib, Muhammad ibn Husayn Shayboniyga shogird tushgan Abu Hafs Kabir Buxoriy Buxoroda koʻp insonlarga taʼlim bergan taqvoli va ilmli kishilardan edi. Buxorodagi masjidlardan birida har kuni bomdod namozidan keyin tolibi ilmlarga dars berish uchun kutib turardi. Bu haqda tarixchi Narshaxiy batafsil maʼlumot bergan[25].
Buxoro va Samarqand masjidlarida faoliyat yuritgan imom va muazzinlardan ayrimlari ilm-fan bilan shugʻullanuvchi olimlardan iborat ekanligi masjidlarda ham ilmiy faoliyat hukm surganligidan dalolatdir. Zuhd va ilm sohibi boʻlmish Abul Mugʻiyra Buxoroda oʻttiz yil davomida muazzinlik bilan shugʻullangan[26] boʻlsa, Abu Sahl Sariy ibn Sahl[27] va Abu Sahl Surayj ibn Muso ham Buxoroda muazzinlik faoliyati bilan shugʻullangan olimlardan edi[28]. Abu Hafs Umar ibn Hannod Buxorodagi Sufr masjidi muazzini edi[29]. Abu Bakr Muhammad ibn Sobir ibn Kotib ibn Abdurrahmon[30] va Abu Ali Husayn ibn Masʼud ibn Abdulloh ham muazzinlik bilan shugʻullangan olimlardan edi[31]. Samarqandlik olim Ahmad ibn Abu Abdulloh esa Samarqand masjidlaridan birida imomlik qilardi[32]. Bundan tashqari, samarqandlik olim va zohid Abd ibn Ambar Barqiyyin masjidi muazzini[33], Abbos ibn Ibrohim Muazzin Samarqandiy[34] va Abu Nasr ibn Jaʼfar ibn Osim Samarqandiylar ham muazzinlik faoliyati bilan shugʻullangan olimlar sirasidan edi[35].
Movarounnahr masjidlarida dars bergan olimlar dars vaqtlarini oʻzlari belgilashardi. Dars vaqtlari asosan, bomdod[36] va peshin namozlaridan soʻng[37] boʻlgani kabi baʼzi olimlar darslarini namozdan oldin berishardi[38].
Buxoroning eng koʻzga koʻringan masjidlari orasida Masjidul Jomeʼ[39], Masjidi Moh[40] va Buxoro jomesi[41] alohida oʻrin tutadi. Samarqanddagi masjidlardan esa “Sikkatul Muqotil”[42], “Sikkatul Abbod”[43], “Shahuya”[44], “Bakriyyin”[45], “Al-Manora”[46], “Ras”[47], “Izza”[48], “Abul Abbos Qoid”[49] va “Fuzayl”[50] masjidlari mashhur edi. Bundan tashqari, Buxorodagi Sikijkas qishlogʻida bir masjid qurilib, unda juma namozi ado etildi[51]. Shuningdek, Buxoroda Shom masjidi mavjud boʻlib, uning faqihlari shomiylar deb atalardi[52].
Madrasalar
Ilk madrasalar vujudga kelgan geografik hudud milodiy toʻqqizinchi asr oxirlaridagi Xuroson va Movarounnahr hududiga toʻgʻri keladi. Mazkur hududda madrasalarning paydo boʻlishiga budda monastirlari (vixara)ning salmoqli taʼsir koʻrsatgani taxmin qilinadi. Bu hududda Baddaviylik taʼsiri ortib, bu dinga eʼtiqod qiluvchilar azaliy anʼanalarga ega boʻldi. Monastirlar Oʻrta Osiyoning islomiy anʼanalariga ikki jihatdan taʼsir koʻrsatgan deb hisoblanadi: birinchisi, buddaviylik anʼanasi ilk islom tasavvufi uchun namuna va ilhom manbai boʻlib xizmat qildi, ikkinchisi esa, budda monastir va majmualarda qoʻllaniladigan taʼlim tizimining ilk musulmonlar uchun namuna boʻlganidir. Musulmon din ahli yoki buddaviylikdan musulmonlikni qabul qilgan olimlar oldingi taʼlim tizimini tark etmasdan, ularni islomiylashtirib, ilk madrasalarni tashkil etganlar[53]. Islom olamida madrasa darajasidagi oʻquv muassasalarining eng qadimgilari Buxoroda boʻlgani taxmin qilinadi. Nizomulmulk Bagʻdodda mashhur Nizomiya madrasasini taʼsis etarkan, buyuk ehtimol bilan u Sharqda mavjud boʻlgan taʼlim muassasasidan nusxa olgan edi. Sharq mintaqasidagi bu muassasa aynan Buxoroda edi. Shu bilan birga, kuchli ehtimolga koʻra, Buxoro madrasalarning vatani boʻlishi mumkin[54].
Nizomulmulk Bagʻdodda Nizomiya madrasasini milodiy XI asrning oxirlarida qurdirgan. Holbuki, Xuroson va Movarounnahr hududida madrasalar ushbu sanadan ilgari mavjud boʻlib, xurosonlik Nizomulmulk bu madrasalarni koʻrgan edi[55]. Nizomulmulk Bagʻdodda Nizomiya madrasasini qurdirmasidan oldin ham Makka, ham Madinada darslar bergani uchun Imomul Haramayn nomi bilan mashhur boʻlgan shofiʼiy fiqhi olimi Abul Maʼoliy Abdulmalik ibn Shayx Abu Muhammad Abdulloh ibn Hayyuna uchun Sulton Alparslon hukmronligi davrida Nishopurda Nizomiya madrasasini qurdirgan edi[56]. Nizomulmulkning madrasa qurdirgani haqidagi shuhrati Bagʻdodda ham ilk buyuk madrasani qurishiga sabab boʻlgandi[57].
Somoniylar davrida ham Movarounnahr hududida joylashgan Buxoro va Samarqand shaharlarida madrasalar mavjud boʻlgani va ularda taʼlim va tarbiya ishlari olib borilganini koʻrishimiz mumkin. Buxoroning Sargʻ[58] mavzesidagi masjidni Tugʻrulbey buzdirib, masjid yogʻochlaridan Suvaykatul Baqqolin nomli joyda bir madrasa qurdirgan. Keyinchalik bu madrasa Gular Tekin nomi bilan ataldi[59]. Somoniy hukmdorlaridan Muzaffar ibn Ahmad ibn Nasr ibn Ahmad Samarqandda diniy ilmlar bilan bir qatorda tibbiyot, astronomiya, tabiiy fanlar va tarix sohasidagi olim Abu Hotim Muhammad ibn Hibbon Bustiy (vaf. 354/965) uchun bir taʼlim muassasasi qurdirgan[60]. Mazkur bino ayniqsa, hadis ilmi ahli uchun koʻkalamzor bir madrasa boʻlgani taʼriflanadi[61].
Somoniylar amiri Said Nasr ibn Ahmad ibn Ismoil davrida 325/936-yilda Buxoroda katta bir yongʻin yuz bergan. Bu yongʻinda Bikor mahallasidagi Farjek madrasasi ham yonib ketgandi[62]. Buxoroning Jaʼjoniya qishlogʻidan boʻlgan faqih Abu Nasr Ahmad ibn Muhammad ibn Horis, Imom Abu Bakr ibn Fazl Kimoriy madrasasida istiqomat qilar edi[63]. Bundan tashqari, Buxoroda Abu Hafs madrasasi ham mavjud boʻlib, Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn Shohuvayh (vaf. 361/965) Buxoroga kelsa, shu madrasada qolib, dars berardi[64]. Samarqanddagi Dorul Juzjoniyada qozi Abu Nasr ibn Abdulloh ibn Ashʼas Kushoniy tahsil oldi. Abu Nasr yuz oʻn yoshida 443/1051-yilda vafot etdi[65]. 502/1108-yilda vafot etgan Abu Yaʼqub Yusuf ibn Muhammad Sogʻarjiy Samarqanddagi Sikkatu Haiti Hayyon madrasasida taʼlim bergan[66]. Bu madrasa Somoniylar tomonidan qurdirilgan deb taxmin qilinadi[67]. Shuningdek, Samarqandda Raʼsu Sikkati Amir madrasasi[68] va Qusam ibn Abbos nomi bilan atalgan Qusam madrasasi faoliyat olib borgan[69].
Somoniylar davrida mavjud boʻlgan madrasalar bilan keyingi davrdagi madrasalar orasidagi asosiy farqlar ularning davrning mashhur olimlari tomonidan maʼruza qilishlari uchun tashkil etilgani va fanning maʼlum bir sohasi boʻyicha taʼlim berish maqsadida qurilganida deyish mumkin. Shu bilan birga boshqa madrasalarda boʻlgani kabi Somoniylar davri madrasalari ham bir tartib va tizimga ega boʻlganini koʻrish mumkin[70]. Abul Qosim Qurashiy talabalar madrasa darslariga gʻusl, tahorat olgan va roʻzador holida qatnashganini alohida taʼkidlagan. Shu bilan birga, talabalar ustozlariga chuqur hurmat bilan munosabatda boʻlgani haqida keltirgan[71].
Buxoro va Samarqand madrasalari ehtiyojlarini taʼminlash va talabalarning xarajatlarini qoplash maqsadida Vaqf muassasasi mavjud boʻlganini koʻrish mumkin. Buxoro qishloqlaridan biri Afshonaning yerlari tolibi ilmlarga vaqf qilib berilgan edi[72]. 390/1000-yilda vafot etgan Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Husayn Samarqandiy ham qiymatli mol-mulkini vaqf qilgan edi[73]. Buxoroda vaqf qilingan yerlar masjid, madrasa yoki kasalxonalarning ehtiyojlarini qoplash uchun sarflanar edi[74].
Aksar madrasalar ichida kutubxonalar mavjud edi. Bundan tashqari, kutubxonalar sultonlar tomonidan jamoat manfaatlari uchun ham qurilgan edi. Buxoro amiri Nuh ibn Mansurga oid bir kutubxona ham mavjud boʻlganini koʻrish mumkin. Ibn Sino bu kutubxona haqida oldin uchratmagan kitoblarini mazkur kutubxonada koʻrganini taʼkidlagan. U saroy kutubxonasining bir necha xonadan iborat boʻlgani, har bir xonaning maʼlum bir ilm yoki sanʼat sohasiga doir qoʻlyozmalar bilan boyitilgani, kutubxonadagi qoʻlyozma asarlar sandiqlarda saqlangani haqida keltiradi[75].
Munozara majlislari, rabotlar va xonaqohlar
Movarounnahr hududida faoliyat olib borgan taʼlim-tarbiya muassasalari sirasiga ilm va munozara majlislarini ham kiritish mumkin. Bunday majlislar asosan olimlarning uylari yoki Somoniy amirlari saroylarida oʻtkazilardi. Ramazon oyi kechalarida esa olimlar munozara uchun sultonning huzurida toʻplanar edi. Amir bir masalani oʻrtaga tashlar, olimlar esa bu masala yuzasidan bahs-munozara olib borardi[76]. Jumladan, Somoniy hukmdorlaridan Nasr ibn Ahmad ibn Asad saroyida ham ilm majlislari boʻlib oʻtar, bu majlis olimlar, boshqaruvchilar va shahardagi ustozlar bilan toʻlib toshardi[77].
Buxoro va Samarqandda ham munozara majlislari mavjud boʻlib, baʼzi olimlar munozarachiligi bilan shuhrat qozongan edi. 323/935-yilda vafot etgan Buxoro yoʻlida joylashgan mustahkam qalʼa Pazdaga nisbat berilgan Abul Hasan Ali ibn Muhammad ibn Iso Pazdaviy Movarounnahrning faqih olimlaridan biri edi. Unga munozarachilar ustozi deb murojaat qilishardi[78]. Abu Ahmad Bakr ibn Abdulloh Varasniniy 352/963-yilda Samarqandda vafot etgan faqih va mashhur munozarachi olimlardan edi[79]. Ilm majlislaridagi munozaralarning maʼlum bir odob va tartibi bor edi. Munozarada ishtirok etadigan olimlarning ilmiy jihatdan bir-biriga teng darajada boʻlishiga alohida eʼtibor qaratilardi. Movarounnahr hududida qozilik faoliyati bilan shugʻullanib, 370/980-yilda Buxoroda vafot etgan Abu Jaʼfar Zuzaniy bilan Abu Nasr Udaniy oʻrtasida munozara boʻlib oʻtgan edi. Bu ikki olim ham ilm darajasi jihatidan teng, ham doʻstona munosabatda edilar[80].
Ilm-munozara majlislari katta shaharlarda yanada koʻproq tashkil etilardi. Bunday shaharlardan biri albatta, Buxoro edi. Samarqandlik olimlardan tolibi ilmlar qayerga borib ilm talab qilish maqsadga muvofiq ekanligi haqida soʻralganida albatta Buxoroni tavsiya etardi[81]. Abu Bakr ibn Abdulloh Varasniniyning Samarqandda imlo majlisi va munozara halqasi mavjud edi[82].
Bir olimning atrofdagilarga yoddan yoki kitobidan bir narsani yozdirishi – imlo, ustozning soʻzlarini yozgan kishi – mustamliy deb nomlanardi[83]. 393/1003-yilda Buxoroda vafot etgan Hasan ibn Abdulmalik ibn Ahmad Mustamliy Buxoro olimlarining asarlarini koʻchiruvchisi edi[84]. Abu Tohir Ibrohim ibn Isʼhoq Mustamliy esa buxorolik olimlarning mustamliyligini amalga oshirgan bir doktor edi[85]. Mustamliy nisbatiga ega olimlardan yana biri Abu Ibrohim Ismoil ibn Suhayl Mustamliy (vaf. 434/1042) boʻlib, Buxoroning mashhur mufassirlaridan biri boʻlgan[86].
VIII asrda Varroq deb atalgan kasb yuzaga kelgan. Varroqlar – qiroat va imlo qoidalariga mos, xatosiz oʻqiladigan musʼhaflarni, keyinchalik esa turli mavzularda taʼlif etilgan asarlarni maʼlum haq evaziga koʻchirib bergan kishilardir. Varroqlar doʻkonlarida xat (yozuv) qurollari ham sotilar edi[87]. Ibn Sinoning yoshligi Somoniylar hukmronligining soʻnggi yillarida Buxoroda kechdi. U Buxoroda juda ham muhim bir kitob bozori mavjud boʻlgani, kitob doʻkonlarining birida Forobiy qalamiga mansub asarning qoʻlyozma nusxasini uchratganini taʼkidlaydi. Movarounnahrda kitob sotuvchilari ham olim kishilar boʻlib, ularning doʻkonlari ilm ahli bahs-munozara yuritish maqsadida toʻplanadigan joylar edi[88]. Samarqand va Buxoroda faoliyat olib borgan varroq nisbasiga ega boʻlgan juda koʻp olimlar mavjud[89].
Movarounnahrda faoliyat yuritgan ilmiy muassasalardan yana biri rabotlar edi. Chegara boʻylari va strategik hududlarda harbiy maqsadda barpo etilgan binolar rabot, bu yerda toʻplangan koʻngilli askarlar esa murobitlar deb atalardi. Bundan tashqari, bu hududda tijorat yoʻllari yoqasida ham rabotlar qurilgan edi. Rabotlarda harbiy taʼlimdan tashqari ilmiy faoliyatga ham ahamiyat berilar edi. Bu hududdagi rabotlar IX asr oxirlariga kelib harbiy yoʻnalishdagi faoliyatini asta-sekin kamaytirib, diniy va tasavvufiy yoʻnalishga yoʻnaltirildi. Keyinchalik esa rabotlar karvonlarning yoʻl xavfsizligini taʼminlaydigan va yoʻlovchilar tunaydigan karvonsaroyga aylandi[90].
Movarounnahr xalqining davlatmand kishilari mol-dunyolarining koʻpchilik qismini rabotlarga, yoʻllar qurilishiga, jihod yoʻlida boʻlgan vaqflarga sarflaydigan ahli ilm insonlar edi. Har bir qishloqda musofirlarning ehtiyojlarini qoplash maqsadida qurilgan rabotlar mavjud edi. Movarounnahrdagi jami rabotlar soni oʻn mingdan ziyod edi[91]. Somoniylar davrida olimlar rabotlarda dars berish bilan shugʻullanishardi. Bu hududning chegara boʻylaridagi rabotlar urush maqsadida toʻplangan gʻoziylarning harbiy istehkomlari (qalʼa) edi. Vaqt oʻtishi bilan chegaralarning kengashi natijasida rabotlar asosiy vazifasidan chetlashib, diniy taʼlim muassasasiga aylandi[92]. Samarqandning Jahzan qishlogʻidan yetishib chiqqan Abul Hasan Ashʼas Jahzaniy (vaf. 354/965) Qish yoʻli yoqasida bir rabot qurdirib, bor mol-mulkini vaqf qildirdi. Oʻzi esa shu rabotda dars berish bilan shugʻullandi[93].
Buxoroning aholi koʻp istiqomat qiladigan Nur qishlogʻida koʻplab rabotlar bor edi[94]. Somoniylar amiri Ismoil ibn Ahmad Buxoroning Iskijkas qishlogʻining butun yerini Buxoro shahri ichidagi Samarqand eshigida qurdirgan rabot uchun sotib olgan edi[95]. Buxoro hududiga tegishli Poykand shahri aholisi Xitoyga dengiz yoʻli orqali qilgan tijorati sabab juda ham boy edi. Shu sababli 240/854-yilga qadar Buxorodagi barcha qishloqlarni qoʻshib hisoblaganda Poykandda mingdan ortiq rabot mavjud edi[96].
Rabotlarda yosh bolalar ham taʼlim-tarbiya olardi. Faqih va zuhd egasi boʻlgan olim Sohib ibn Salm Balxiy Samarqandga kelib, atrofidagilarga agar vafot etsa, Samarqanddagi Nukemin rabotiga borishlarini, u yerdagi taʼlim olayotgan bolalarga uning haqiga duo qilishlarini soʻrashlarini istagandi[97]. 271/884-yilda Samarqandda Murabbiy raboti[98], 334/945-yilda Kasuragʻ[99], Nukemin[100], Amir[101] kabi rabotlar mavjud edi. Buxoroda esa Firabriy raboti mavjud edi[102].
Movarounnahrda faoliyat olib borgan ilmiy muassasalardan yana biri xonaqohlardir. Darvishlarning suhbat va zikr uchun jamlanadigan, bir muddat istiqomat qilgan, muayyan vaqtlarda uzlatga chekingan joylari – xonaqoh deb atalar edi. Bu yerda soʻfiylik taʼlimidan tashqari, boshqa diniy fanlar boʻyicha darslar ham oʻtkazilar edi. Xonaqohlarda kitoblar yozilar va bu kitoblar koʻp nusxalarda koʻchirilardi[103]. Buxoro va Samarqandda aksar olimlarning oʻz xonaqohlari mavjud boʻlib, ularning bir qismi shu xonaqohlarda istiqomat qilar edi. Samarqandda xonaqohga ega boʻlgan olimlar orasida Abu Muhammad Abdulloh Sijziy[104], Abu Muso Imron ibn Abu Imron Samarqandiy[105]ni keltirish mumkin. Abduljalil ibn Hayyon Xuzoʼiy Samarqandning Bobudaston mahallasidagi xonaqohda istiqomat qilar edi[106]. Buxoroning Zaymun qishlogʻiga nisbati berilgan Abu Muhammad ibn Ali Zaymuniy 416/1025-yilda Buxoroda vafot etdi va shu joydagi xonaqohga dafn etildi[107]. Buxoro atrofi va Samarqandda karromiylarga oid xonaqohlar ham mavjud edi[108].
- Abdullah Aydınlı. İmla. T.D.V. İslam Ansiklopedisi. J. XXII.
- Aydınlı, Osman. Semerkant Tarihi.
- Demirci. Orta Asyada gelişen bilim ve düşüncenin dinamikleri.
- Frye. Bukhara.
- Hitti, Philip K. History of the Arabs: from the earliest times to the present. tarj. Salih Tuğ. – Istanbul: Boğaziçi Yayınları, 1980-1981. J. II.
- İsmail Yiğit. Ribat. T.D.V. İslam Ansiklopedisi. J. XXXV.
- Ismet Kayaoğlu. Islam Kurumları Tarihi. Ankara Üniversitesi Ilahiyat Fakültesi Yayınları, Ankara, 1985.
- Jacop Landav. Küttab. Islam Ansiklopedisi. J. XXVII. Ankara 2003.
- Kazıcı. İslam Müesseseleri Tarihi.
- Kurt. Orta Asya‟nın İslamlaşma Süreci.
- Landav. Küttab. J. XXVII.
- M. Uğur Derman. Hattat. T.D.V. İslam Ansiklopedisi. J. XVI.
- Mehmet Ali Sönmez. İbn Hıbban. T.D.V. İslam Ansiklopedisi. J. XX.
- Roux, Jean Paul. LʻAsie Centrale-Histoire et civilisations.
- Süleyman Uludağ. Hankah. T.D.V. Islam Ansiklopedisi. J. XVI.
- Usta. Türklerin islamlaşma serüveni.
- Ziya Kazıcı. Islam Müesseseleri Tarihi. Kayıhan Yayınları, Istanbul 1991.
- Abu Nuʼaym Isfahoniy, Ahmad ibn Abdulloh. Hulyatul avliyo va tabaqatul asfiyo. –Bayrut: Dorul fikr, 1996. J. IV.
- Bartold. Turkiston.
- Bartold. Oʻrta Osiyo turklari tarixi.
- Burhonulislom Zarnujiy. Taʼlimul mutaʼallim. Marvon Kabaniy tahqiqi. –Bayrut: Maktubatul islomiyya, 1981.
- Buxoriy, Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil. Tarixul kabir. –Bayrut: Dorul kutubil ilmiyya. J. IX.
- Jurji Zaydon. İslam Medeniyeti Tarihi. Zeki Meğamiz tarj. –İstanbul: Üçdal Neşriyat, 1974. J. III.
- Zahabiy, Shamsiddin. Siyaru aʼlamin nubala. J. XII.
- Ibn Abu Hotim. Jarh vat tahdil. J. IX.
- Ibn Asokir. Tarixu Dimashq. J. LII.
- Ibn Maqula, Abu Nasr Ali. al-Ikmal fi rafʼil irtiyab anil muʼtalif val muxtalif fil asma val kuna val ansob. Abdurahmon Yahyo Muallimiy tahqiqi.–Haydarobod: Dorul kutubil islamiyya, 1962. J. VII.
- Ibn Xallikon. Vafayotul ayon… Ehson Abbos tahqiqi. –Bayrut: Doru Sadir, 1978. J. III.
- Ibnul Asir. al-Komil. J. VI.
- Ibnul Asir. al-Lubob. J. III.
- Ibnul Imod. Shajarotuz zahab. J. IV.
- Istaxriy. Masolikul mamolik.
- Qazviniy. Osorul bilad.
- Qurashiy, Abu Muhammad Abdulqodir ibn Muhammad Hanafiy. al-Javohirul muziyya fi tabaqotil hanafiyya. –Haydarobod: Majlisu dairotul maʼorifin nizomiyya, 1914.
- Qushayriy, Abul Qosim Abdulkarim ibn Havozin Nishopuriy. ar-Risolatul Qushayriyya. Abdulhalim Mahmud Sharif tahqiqi. –Qohira: Dorush shuʼab, 1989.
- Muqaddasiy. Ahsanut taqosim.
- Narshaxiy. Buxoro tarixi.
- Nasafiy, Najmiddin. Al-Qand fi zikri ulamoi Samarqand.
- Samʼoniy, Abdulkarim. Al-Ansob.
- Saʼolibiy Abu Mansur Abdulmalik. Yatiymatud dahr fi mahosini ahlil asr. Muyit Kumayha tahqiqi. –Bayrut: Dorul kutubil ilmiyya, 1983. J. IV.
- Subukiy, Tojuddin. Tabaqotush shofiʼiyya. J. III.
- Havansariy, Muhammad Bakir Isfahoniy. Ravzatul jannot fi ahvolil ulamoi vas sadat. Asadulloh Ismoiliyon tahqiqi. –Tehron: Maktabatul Ismoiliyon, 1390. J. IV.
- Hamaviy, Yoqut. Muʼjamul buldon. J. III.