Home / MAQOLALAR / QURʼON VA SUNNATDA BAGʻRIKЕNGLIK TALQINI

QURʼON VA SUNNATDA BAGʻRIKЕNGLIK TALQINI

Insonlarga millati, irqi va dinidan qatʼi nazar ularni kamsitmay, qoʻpollik qilmay, muloyim xatti-harakatlar bilan munosabatda boʻlish bagʻrikenglikni ifodalaydi. Bu yuksak axloqli kishilarga xos oliy fazilatdir.

Islom dini manbalarida axloqiy tamoyillar muhim oʻrin tutib, bular orasida bagʻrikenglikning alohida oʻrni bor. Eng soʻnggi dinga “Islom” nomining berilishi uning boshqa maʼnolar qatorida bagʻrikeng va bagʻrikenglik dini ekanini anglatadi. Afsuski, soʻnggi paytlarda islom nomidan turli buzgʻunchilik, odamlar orasida xavf va qoʻrquv uygʻotish, tinch aholi qonini toʻkish, mol-mulkiga ziyon yetkazish kabi qabih ishlarni amalga oshirayotgan ayrim toifalar haqida koʻp eshitmoqdamiz. Prezidentimiz bu haqda “Biz muqaddas dinimizni zoʻravonlik va qon toʻkish bilan bir qatorga qoʻyadiganlarni qatʼiy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz”[1], degan edi.

Qurʼoni karim oyatlariga nazar tashlasak, Ezgulik va taqvo (yoʻli)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yoʻli)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qoʻrqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir[2](Ey insonlar!) Sizlarning ushbu diningiz (aslida) bir din (yaʼni, islom)dir. Men esa (barchangizning) Rabbingizdirman. Bas, Menga ibodat qilingiz!”[3]“Uning belgilaridan (yana biri) – osmonlar va yerni yaratishi va sizlarning tillaringiz va ranglaringizni xilma-xilligidir. Albatta, bunda barcha olimlar uchun alomatlar bordir”[4]“Ey insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qoʻydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrogʻingiz taqvodorrogʻingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir”[5]“Din toʻgʻrisida sizlar bilan urushmagan va sizlarni oʻz yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli boʻlishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatli kishilarni sevar”[6], deb aytilgan.

Insonda bagʻrikenglik tuygʻusini quyidagi xislatlar shakllantiradi:

  1. Oʻzgalarning kamchiliklarini berkitish. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: Kim moʻminning aybini yashirsa, Alloh qiyomat kuni uning aybini yashiradi, deganlar[7].
  2. Gʻazabni yengish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: Birovni (kurashib) yiqitgan polvon emas, gʻazablangan vaqtida jahlini yutgan odam polvondir!”[8].
  3. Kechirimlilik. Alloh taolo: Afvni ixtiyor eting, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz oʻgiring!”[9] deydi.
  4. Qoʻpollikdan saqlanish. Nabiy sollallohu alayhi vasallam Albatta men rahmat oʻlaroq yuborildim[10]deganlar.
  5. Yomon gumondan tiyilish. Alloh taolo: Ey moʻminlar, koʻp gumon(lar)dan chetlaninglar! Chunki baʼzi gumon(lar) gunohdir!”[11] dedi.
  6. Kibr va manmanlikdan saqlanish. Alloh taolo: Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin. Chunki, Alloh hech bir kibrli, maqtanchoq kimsani suymas”[12], deydi.
  7. Odamlarni masxara qilishdan ehtiyot boʻlish. Alloh taolo: Ey moʻminlar, (sizlardan) bir qavm (boshqa) bir (moʻmin) qavmni masxara qilmasin!”[13] deydi.
  8. Sabrli boʻlish. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: Sabr qilingiz! Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir”[14]. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Hech kimga sabrdan koʻra yaxshiroq va kengroq neʼmat berilmagan[15], deganlar.

Islomda din va eʼtiqodga majburlash yoʻq. Eʼtiqod kuch bilan emas, aksincha, faqat ishontirish va shaxsning roziligi bilan oʻzgarishi lozim. Bosh Qonunimizda “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har kim xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yoʻl qoʻyilmaydi”[16], deyilgan. Agar din odamlarga qoʻrquv va shafqatsizlik orqali yetkazilsa, imonning maʼnosi qolmaydi.

Oilaviy hayotda bagʻrikenglikka ayollarga yaxshi munosabat, farzandlarga mehr-shafqatli boʻlish, ota-ona huquqlariga rioya qilish orqali erishiladi. Bu borada Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam eng ibratli zot boʻlganlar. Ayollariga mehrli, sabr-toqatli va muhabbat bilan muomala qilar, farzandlari va nabiralariga muruvvat koʻrsatar edilar. Rivoyatlarda keltiriladiki, namoz oʻqiyotganida nabiralari Hasan va Husayn yelkalariga minib olganida ham sabr qilib, ularga indamaganlar.

Dinda majburlash yoʻqligi haqida Alloh taolo bunday marhamat qiladi: Dinda zoʻrlash yoʻq, zero, toʻgʻri yoʻl yanglish yoʻldan ayro boʻldi. Bas, kim shayton (yoxud butlar)ni inkor etib, Allohga imon keltirsa, demak, u mustahkam halqani ushlabdi. Alloh eshituvchi va biluvchidir”[17]. Bu boradagi yana bir oyat: Agar Rabbingiz xohlasa edi, Yer (yuzi)dagi barcha kishilar yoppasiga imon keltirgan boʻlur edilar. Bas, Siz odamlarni moʻmin boʻlishlariga majbur qilasizmi?!”[18].

Musulmon masjidga borish huquqiga ega boʻlganidek, nasroniy cherkovda, yahudiy esa sinagogada ibodatini ado etish huquqiga ega. Darhaqiqat, Qurʼoni karimda bu borada bunday deyilgan: “Agar Alloh odamlarning baʼzilarini baʼzilari bilan daf etib turmas ekan, albatta, Alloh nomi koʻp zikr qilinadigan (rohiblarning) uzlatgohlari, (nasroniylarning) butxonalari, (yahudiylarning) ibodatxonalari va (musulmonlarning) masjidlari vayron qilingan boʻlur edi”[19].

Maʼlumki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madina jamoatida bir muddat birga yashagan yahudiylarning ibodatlarini cheklamaganlar va Najron nasroniylarning diniy amallariga ruxsat berganlar. Musulmonlarga ahli kitoblar soʻygan hayvonlarning goʻshtini yeyishga va pokiza ayollariga uylanishga izn berganlar. Yahudiylarni islomga qiziqtirish uchun oldilardan olib oʻtilgan tobutni koʻrib, oʻrnilaridan turdilar, mayyitga hurmat bajo keltirdilar va buni sahobalarga ham tavsiya qilganlar.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam yahudiylarga masjidga kirishga ruxsat berganlar, mushriklarga man qilganlar. Shu ijobiy munosabat tufayli yahudiylarning bir qismi musulmon boʻlgan. Abdurahmon ibn Simak Yahudiy, Abdulloh ibn Salom ibn Xoris, Abdurahmon ibn Abu Quraziy, Abdulquddus Isroiliy, Ali ibn Rifa Quraziy, Asʼad ibn Ubayd va Maymun ibn Yamin kabilar islomni qabul qilgan. Yahudiylar musulmon boʻlish bilan Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamni rahbar oʻlaroq qabul qilib, Madinaga qarshi har qanday tashqi tahdid yoki hujumga qarshi musulmonlar bilan bir safda turgan. Shaharda din va eʼtiqod erkinligini, odamlar hayoti va mulkiy xavfsizligini taʼminlagan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oʻzaro kelishuvga erishilgan gʻayrimusulmonlar (zimmiylar) haq-huquqlari borasida nihoyatda ehtiyotkor edilar. Bu borada “Kim biror zimmiyga ozor bersa, menga ozor bergan boʻladiKim biz ahdlashgan gʻayrimusulmonlardan biriga zulm qilsa, uning haqqidan ushlab qolsa, qoʻlidan kelmaydigan ishni buyursa yoki majburlasa, qiyomat kuni men uning dushmani boʻlaman”[20], deganlar. Xalifalar ham musulmon boʻlmaganlar huquq va imtiyozlarining himoyachisi edilar.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam doim Alloh taoloning amriga itoat etish, maxluqotlarga mehr-shafqat koʻrsatish, moʻtadil boʻlish, dushmanlik oʻrniga doʻstlik va muhabbat rishtalarini oʻrnatishga, gʻazab yoki qasos oʻrniga yumshoqlik, yomonlik oʻrniga xayrixoh boʻlish kerakligini taʼkidlaganlar. Ezgulik barcha dinlarning asosi ekaniga ishora sifatida oʻtgan paygʻambarlar va ularga nozil boʻlgan muqaddas kitoblarini hurmat qilganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bagʻrikenglikni asosiy tamoyillardan biri deb bilganlar. (Ey Muhammad) Rabbingizning yoʻli (dini)ga hikmat va chiroyli nasihat bilan daʼvat qiling! Ular bilan eng goʻzal uslubda munozara qiling!”[21] oyatidan kelib chiqib, dinni bagʻrikenglik bilan targʻib etdilar. Odamlarning daʼvatga qoʻpol munosabati u zotni bundan qaytara olmadi. Toif ahli Paygʻambar alayhissalomga xunuk muomala qilganda, kechirimlilikka asoslanib, Alloh taolodan ularni halok etmasdan, balki to‘g‘ri yo‘lga solishini soʻrab duo qilganlari jaholatga qarshi maʼrifatning ayni misolidir.

[1]Mirziyoyev Sh.M. BMTning 72-sessiyasida soʻzlagan nutqidan. 2017 yil 20 sentyabr. AQSH.
[2]Qurʼoni karim maʼnolarining tarjima va tafsiri. Tarjima va izohlar muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. – T.: TIU, 2006. Moida surasi 2-oyat. (Keyingi oʻrinlarda sura nomi va oyat raqami beriladi)
[3]Anbiyo surasi 92-oyat.
[4]Rum surasi 22-oyat.
[5]Hujurot surasi 13-oyat.
[6]Mumtahana surasi 8-oyat.
[7]Sahihi Buxoriy. 2442-hadis, Sahihi Muslim.2580-hadis.
[8]Sahihi Buxoriy. 76-bob. Gʻazabni bosish haqida. 6114-hadis.
[9]Aʼrof surasi 199-oyat.
[10]Imom Muslim rivoyati.
[11]Hujurot surasi 12-oyat.
[12]Luqmon surasi 18-oyat.
[13]Hujurot surasi 11-oyat.
[14]Anfol surasi 46-oyat.
[15]Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasoiy rivoyati.
[16]Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. 35-modda. 2023 yil 30 aprel kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi referendumida umumxalq ovoz berish orqali qabul qilingan.
[17]Baqara surasi 256-oyat.
[18]Yunus surasi 99-oyat.
[19]Haj surasi 40-oyat.
[20] Sahihi Abu Dovud. 3052-hadis.
[21]Nahl surasi 125-oyat.
Toxir EVADULLAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
bo‘lim boshlig‘i

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …