Home / MAQOLALAR / MASLAHATLI TOʻY TARQAMAS

MASLAHATLI TOʻY TARQAMAS

“Maslahat” arabcha soʻz boʻlib, biror ishni qanday qilish kerakligi haqida yoʻl-yoʻriq tarzidagi, mulohaza, tavsiya, taklif, fikr olish kabi maʼnolarni bildiradi.

Muqaddas dinimizda har bir ishni maslahat bilan amalga oshirishga chaqirilgan va uning alohida fazilatga ega ekanligi taʼkidlangan. Hatto Qurʼoni karim suralaridan biri ham Shoʻro (Maslahat) deb nomlangan. Chunki, bu surada musulmonlarni barcha ishda maslahat – kengash bilan ish tutishga undovchi oyatlar kelgan. Jumladan, 38-oyatda Allohning huzuridagi yaxshi va boqiy, qadr-qimmatli narsalarga egalikka muyassar boʻladigan jamoaning toʻqqizta sifati sanab oʻtilgan. Ularning yettinchisiga eʼtibor qaratsak:

﴿ وَأَمْرُهُمْ شُورَىٰ بَيْنَهُمْ 

“… Ularning ishlari (mudom) oʻzaro shoʻro-maslahat (bilan) boʻlur …”.[1]

Musulmon inson Alloh taoloning chaqiriqlariga har doim “labbay” deb javob berishi, namozni oʻz vaqtida toʻkis ado qilishi qanchalar lozim boʻlsa, shoʻro-maslahat bilan ish tutishi ham shunchalar lozimdir.

Bundan tashqari, Oli Imron surasining 159-oyatida Alloh taolo oʻz Paygʻambari Muhammad alayhissalomga ham baʼzi ishlarni atrofidagi sahobalar bilan maslahatlashgan holda amalga oshirishni buyurgan:

﴿فَبِمَا رَحْمَةٍ مِّنَ ٱللَّهِ لِنتَ لَهُمْ وَلَوْ كُنتَ فَظًّا غَلِيظَ ٱلْقَلْبِ لَٱنفَضُّوا مِنْ حَوْلِكَ فَٱعْفُ عَنْهُمْ وَٱسْتَغْفِرْ لَهُمْ وَشَاوِرْهُمْ فِى ٱلْأَمْرِ فَإِذَا عَزَمْتَ فَتَوَكَّلْ عَلَى ٱللَّهِ إِنَّ ٱللَّهَ يُحِبُّ ٱلْمُتَوَكِّلِينَ﴾

(Ey Muhammad) Alloh tomonidan boʻlgan bir marhamat sababli ularga (sahobalaringizga) yumshoq soʻzli boʻldingiz. Agar qoʻpol, qattiq dil boʻlganingizda edi, albatta, atrofingizdan tarqalib ketgan boʻlar edilar. Bas, ularni afv eting, ular uchun Allohdan magʻfirat soʻrang va ishlaringizda ularga maslahat soling! Endi (maslahat qilgach, biron ishni) qasd qilsangiz, Allohga suyaning – tavakkal qiling! Albatta Alloh Oʻziga suyanib (ish qilguvchilarni) suyadi[2].

Ushbu oyatda Alloh taolo Paygʻambar alayhissalomga qalbi keng, muloyim va shu kabi oliy sifatlarda bardavom boʻlishni amr qilmoqda. Boshqalardan ayb oʻtgan boʻlsa, ularni afv etish hamda dunyoviy ishlarni bajarishdan oldin atrofidagi sahobalar bilan maslahat qilishni buyurmoqda. Chunki, Rasululloh sollalohu alayhi vasallam, garchi, paygʻambar boʻlib, U zotga doimiy ravishda vahiy kelib turgan boʻlsa ham, musulmonlarga maslahatlashish odobini uqtirish uchun shu muborak oyatlar kerak edi. Toki, U zotdan soʻng moʻminlar har bir ishini maslahatu kengashdan soʻng amalga oshirsin. Darhaqiqat, Rasululloh sollalohu alayhi vasallam ham Alloh taoloning ushbu amriga muvofiq, har bir ishni sahobalar bilan maslahat qilgan holda amalga oshirar, agar oʻrinli eʼtirozlar yoki undan-da foydaliroq takliflar boʻlsa, bajonidil qabul qilar edilar.

Imom Buxoriy ham “Adabul mufrad” hadis toʻplamida maslahat bilan ish yuritishning nechogʻli ulugʻ va hayotda qanchalar katta ahamiyatga ega ekanini eʼtiborga olib, bu boradagi hadislarni alohida bobda keltirgan. Ular orasidan qaysi bir qavm maslahat bilan ish tutsa, albatta, hidoyat topishidan dalolat beruvchi quyidagi hadisni keltirsak.

عن الحسن قال: وَاللهِ، مَا اسْتَشَارَ قَوْمٌ قَطُّ، إِلاَّ هُدُوا لأَفْضَلِ مَا بِحَضْرَتِهِمْ، ثُمَّ تَلاَ ﴿وَأَمْرُهُمْ شُورَى بَيْنَهُمْ ﴾ (الشورى, ۳۸) [3]

Hasan rahmutullohi alayh: “Allohga qasamki, qaysi bir qavm mashavarat bilan ish tutgan boʻlsa, albatta afzal tomonga hidoyat qilinadi” deb, Shoʻro surasidagi “Va ularning ishlari (mudom) oʻzaro shoʻro-maslahat (bilan) boʻlur” 38-oyatni oʻqigan.

Hijratdan oʻn toʻqqiz oy oʻtib, Ramazon oyida Badr jangi boʻlgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam toʻqnashuv boshlanishidan avval sahobalar bilan bir joyga borib, oʻsha yerda jangga tayyorlanishni aytganlarida, bir sahoba: “Ey Allohning Rasuli! Bu yerda toʻxtashni Alloh amr qildimi yoki oʻzingiz tadbir sifatida aytyapsizmi?” deb soʻragan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Yoʻq, oʻzim tadbir qilib aytdim”, deganlar. Shunda sahoba u yerdan boshqa joyga, nariroqdagi quduq yoniga borib joylashishni maslahat bergan. Oʻz fikrini “Quduq yonida boʻlsak, dushman suvsiz qoladi”, deb asoslagan. Nabiy alayhissalom bu maslahatga amal qilib, sahobalarga oʻsha joyga koʻchishni amr qilganlar. Natijada Allohning izni bilan dushman ustidan gʻolib boʻlganlar.

Dono xalqimiz ham Rasululloh sollalohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilgan holda, biror ishga qoʻl urmoqchi boʻlsa, albatta, ilmli, yoshi ulugʻ, hayotiy tajribasi katta, aqli raso va fikri tiniq kishilarning maslahatini olib, shundan soʻng bajarishga kirishgan. Shu bois ham odamlar orasida “maslahatli toʻy tarqamas” degan mashhur naql hali-hanuz keng qoʻllanadi.

[1] Qurʼoni karim. Oʻzbekcha izohli tarjima. Tarjima va izohlar muallifi Shayx Alouddin Mansur. – T.: Choʻlpon. 1991. Shoʻro surasi, 38-oyat. – B.540.
[2] Qurʼoni karim. Oʻzbekcha izohli tarjima. Tarjima va izohlar muallifi Shayx Alouddin Mansur. – T.: Choʻlpon. 1991. Oli Imron surasi, 159-oyat. – B. 96.
[3] Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Adabul mufrad. 258-hadis.
Yoʻldoshxon ISAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …