Home / XALQARO YANGILIKLAR / “AL-AZHAR ULAMOLARINING MUTAASSIBLIKKA QARSHI KURASHDAGI TAJRIBASI”

“AL-AZHAR ULAMOLARINING MUTAASSIBLIKKA QARSHI KURASHDAGI TAJRIBASI”

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Misrning Al-Azhar universiteti huzuridagi Islom tadqiqotlari akademiyasi hamkorligida tashkil etilgan xalqaro onlayn davra suhbati shu mavzuga bagʻishlandi.

Anjumanda mazkur akademiya masʼul xodimi doktor Muhammad Vardaniy maʼruza qildi.

Insonning boshqalarga yetkazishi mumkin boʻlgan zulmlaridan biri mutaassiblik bilan bogʻliq. Kim toʻgʻri yoʻlda-yu kim zalolatda ekani faqat Yaratganga ayon. Lekin koʻp zamonlarda boʻlgani kabi hozir ham mutaassib oqimlarning, xususan, salafiylarning odamlarni adashganga yo kofirga chiqarish holatlari uchrab turibdi. Ular oʻz nazdida toʻgʻri sanagan aqidaga rioya qilmagan har qanday odamga nisbatan shunday hukm chiqaradi.

Muhammad Vardaniy Qurʼoni karim va hadislarni oʻz tafakkuriga koʻra talqin qilib, faqat shunday yondashuvlarga tayangan aqidalarni haqiqat bilib, ularga qattiq yopishib olgan mutaassib oqimlarning yoʻli xatarli ekanini oyat va hadislar, sahobalarning ibratli amallaridan keltirilgan misollar asosida bayon qildi. Aslida bunday oqimlar odamlarni chalgʻitib, oʻz xohish-irodasiga boʻysundirishni maqsad qiladi, xolos. Shu jihatdan islom ilmlarini chuqur biladiganlar odamlarga haq yoʻlni koʻrsatib, ularni bir tomonlama fikr yuritish illatidan xalos etib borishi lozim. Zero, ilm-maʼrifatli kishi hech qachon mutaassib boʻlmaydi.

Davra suhbatida soʻzga chiqqanlar Oʻzbekistonda turli oqimlar, jumladan, mutaassib toʻdalarning buzgʻunchi gʻoya va mafkuralariga “Jaholatga qarshi – maʼrifat” shiori ostida raddiyalar berilib, pok eʼtiqodli oddiy insonlar, ayniqsa, yosh avlod ongi zaharlanishining oldini olish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotganini, Al-Azhar tajribasi bu yoʻlda samaradorlikni yanada oshirishga xizmat qilishini taʼkidladi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …