Home / FOTO LAVHALAR / BUXORONING TURIZM ISTIQBOLIGA BAGʻISHLANDI

BUXORONING TURIZM ISTIQBOLIGA BAGʻISHLANDI

Buxoro shahrida “Buxoro tarixi masalalari: tarixiy-madaniy merosimizni oʻrganamiz” mavzuida ilmiy-amaliy seminar boʻlib oʻtdi. Unda Fanlar akademiyasining Tarix va Sharqshunoslik institutlari, Samarqand arxeologiya institutining Buxoro filiali va boshqa ilmiy muassasalardan mutaxassislar, arxeolog, manbashunos, tarixchi olimlar bilan birga Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari ishtirok etdi.

Buxoroda sayyohlikni yanada rivojlantirish, sohaning yangi yoʻnalishlarini ochish va viloyatning turizm salohiyatini keng targʻib qilish maqsadida tashkil etilgan ikki kunlik bu anjuman koʻhna Ark qoʻrgʻonida boshlandi. Ayni paytda bu yerda yodgorlikning ham tarixiy, ham arxeologik jihatdan muhim boʻlgan ilmiy qiymatini tiklash maqsadida Arxeologik park barpo qilish ishlari jadal davom etmoqda. Qoʻrgʻonning sharqiy qismida Oʻzbekiston-Fransiya qoʻshma ilmiy ekspeditsiyasi arxeologik tadqiqotlarni amalga oshiryapti.

Tadbirning amaliy qismida tarixchi olimlar, arxeolog va manbashunoslar 2,5 gektarlik hududda Oʻzbekistonda yaratilayotgan ilk Arxeologik park boʻyicha oʻzining fikr-mulohaza va tavsiyalarini bayon etdi. Bu tarixiy obyekt istiqbolda sayyohlar uchun yangi turizm yoʻnalishiga aylanishi kutilmoqda.

Seminarning ikkinchi qismi Buxoro davlat universitetida davom etdi. Unda universitet rektori, iqtisod fanlari doktori, professor Obidjon Hamidov tadbirdan koʻzlangan maqsad, hudud tarixining hali oʻrganilmagan jihatlarini tadqiq etishga oid vazifalar va viloyatning sayyohlik sohasidagi jozibadorligini yanada oshirish boʻyicha qilinishi lozim boʻlgan ishlar haqida soʻzladi.

Oʻz yoʻnalishi boʻyicha soʻzga chiqqan mashhur arxeolog, restavrator va manbashunoslar qatorida Markaz ilmiy xodimlari Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosini oʻrganish yuzasidan olib borilayotgan ishlar xususida maʼlumot berdi. Jumladan, Yoʻldoshxon Isayev Buxoriy nisbasi bilan ijod qilgan ajdodlarimiz, ularning Markaz xazinasida saqlanayotgan kitoblari, shuningdek, Imom Buxoriyning dunyo fondlaridagi asarlari haqida soʻzladi. Jonibek Jumayev ziyorat turizmini rivojlantirish, muzeyshunoslik yoʻnalishining istiqbollari haqida soʻzladi. Viloyatdagi muzeylar faoliyatini yanada takomillashtirish, xususan, Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasidagi Imom Buxoriy memorial muzeyini yanada kengaytirish boʻyicha konstruktiv taklif va tavsiyalar berdi.

Ilmiy xodimlar anjuman tashkilotchilariga Markaz tomonidan nashr etilgan adabiyotlarni taqdim etdi.

Seminarda Buxorodagi madaniy merosni oʻrganish va tiklash boʻyicha amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish bilan bogʻliq muhim vazifalar belgilab olindi.

Tadbirning ikkinchi kuni viloyatdagi arxeologik yodgorliklar – Vardonze, Varaxsha va Poykent qoʻrgʻonlariga ekspeditsiya bilan davom etdi.

 Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …