Home / HADIS / IJTIMOIY YIGʻIN ODOBLARI

IJTIMOIY YIGʻIN ODOBLARI

Jamiyatdagi muammolarning yechimini topish va turli fikrlarni eshitib, toʻgʻri qaror chiqarish uchun ijtimoiy yigʻinlar oʻtkaziladi.  Qayerda  inson yo jamoa manfaatlari uchun suhbat boʻlsa, u foydali, botil soʻzlar gapirilsa,  gʻiybat, chaqimchilik va boʻhton qilinsa, aksincha, zararli yigʻin boʻladi.

Qurʼoni karimda foydali yigʻinlar haqida Alloh taoloning bunday koʻrsatmasi bor:

﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا إِذَا قِيلَ لَكُمْ تَفَسَّحُوا فِي الْمَجَالِسِ فَافْسَحُوا يَفْسَحِ اللَّهُ لَكُمْ وَإِذَا قِيلَ انْشُزُوا فَانْشُزُوا﴾

Ey moʻminlar! Qachonki, sizlarga yigʻilishlarda: “(davrani) kengaytiringiz! deyilsa, bas, kengaytiringiz, Alloh sizlarga ham (kerak paytida keng) joy berur. Yana qachonki, “turingiz!” deyilsa, darhol turingiz![1]

Shunday ekan, kishi ishtirok etayotgan yigʻinlar oʻzi uchun foydali boʻlishi va Allohning roziligini topish uchun quyidagi odoblarga rioya etsa, maqsadga muvofiq boʻladi.

Avvalambor yigʻinni amru maʼruf (odamlarni yaxshilikka chaqirish) va nahiy munkar (yomonlikdan qaytarish) tarzida tashkil qilish bilan uning fazilatini oshirish lozim. Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Qaysi bir qavm bir yigʻinga toʻplansa-yu u yerda Allohni eslamasa va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salovat aytmasa, ana shu yigʻin qiyomat kunida oʻsha jamoa uchun hasrat va nadomat boʻladi”[2].

Yigʻinning yana bir odobidan biri kirib kelganda va chiqib ketayotganda salom berishdir. Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Birortangiz bir yigʻinga kelsa, salom bersin. Agar oʻtirishga fursat boʻlsa, oʻtirsin. U yerdan chiqib ketishida ham salom bersin. Savob darajasida ikkisi tengdir”[3].

Imkon boʻlsa, yigʻindagilar bilan qoʻl berib koʻrishish kerak. Baro ibn Ozib roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallhou alayhi vasallam: “Ikki musulmon uchrashib, bir-biri bilan qoʻl berib koʻrishsa, ular hali ajralmay turib, gunohlari kechiriladi”, dedilar”[4].

Yigʻinga kelgan odobli kishi odamlarning yelkalaridan oshib, oldingi safga oʻtishga urinmaydi va ikki odamning oʻrtasiga ularning iznisiz oʻtirib olmaydi. Amr ibn Shuayb bobosidan rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ikki kishining oʻrtasiga ularning iznisiz oʻtirilmaydi”[5].

Oʻtirgan kishini oʻrnidan turgʻizmaslik ham odobdir. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Birontangiz oʻzi oʻtirishi uchun bir kishini joyidan turgʻizib yubormasin. Lekin joy beringlar, sigʻishinglar”[6].

Yigʻinga kelgan kishi boʻsh joyga oʻtirishi lozim. Jobir ibn Sumra roziyallohu anhu aytadi: “Biz Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilariga kirsak, qayer boʻsh boʻlsa, oʻsha yerga oʻtirar edik”[7].

Yigʻinda ikki kishining oʻzaro gapiga quloq tutish odobsizlik hisoblanadi. Ibn Abbos roziyallohu anhumo rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim odamlarning gapiga ular istamagan holda quloq tutsa, qiyomat kuni qulogʻiga qalay quyiladi”, dedilar”[8].

Hojati uchun yigʻindan chiqqan kishi qaytib kelgach, oʻsha joyga oʻtirishga haqli boʻladi. Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim yigʻindan chiqib, soʻng qaytib kelsa, shu joyga boshqalardan koʻra haqliroqdir”, dedilar[9].

Duo yigʻindagi xato va kamchiliklarga kafforat boʻladi. Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir yigʻinda oʻtirganida behuda gap-soʻz koʻpayib ketsa, u yerdan  turishdan oldin “Subhanaka allohumma va bihamdika, ashhadu an laa ilaha illa anta, va astagʻfiruka va atubu ilayhi” desa, ushbu kalima majlisda boʻlgan behuda gaplari uchun kafforat boʻladi”, dedilar” (Allohim! Sen poksan. Senga hamd boʻlsin. Sendan oʻzga iloh yoʻq, deb shahodat keltiraman. Sendan istigʻfor soʻrayman va Senga tavba qilaman)[10].

Kishi yuqorida aytib oʻtilgan odoblarga rioya qilsa, u qatnashadigan barcha yigʻinlar bu dunyoda ham, oxiratda ham oʻziga foyda beradigan anjumanlarga aylanadi.

[1] Mujodala surasi, 11-oyat.
[2] Imom Termiziy rivoyati.
[3] Imom Abu Dovud rivoyati.
[4] Imom Ibn Moja rivoyati.
[5] Imom Abu Dovud rivoyati.
[6] Imom Buxoriy rivoyati.
[7] Imom Termiziy rivoyati.
[8] Imom Buxoriy rivoyati.
[9] Imom Muslim rivoyati.
[10] Imom Termiziy rivoyati.
Otabek BAXRIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …