Qurʼoni karimning bir yuz uchinchi surasi uch oyatdan iborat boʻlsa-da, ulkan maʼnoni qamrab oladi. Unda baʼzi toifalar qiyomatda hasrat-nadomatda boʻlishi, solih amallarda bardavom boʻlganlarni Alloh taolo sabr bilan sinashi xabar qilingan.
Ubay ibn Kaʼb roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Asr surasini oʻqisa, Alloh unga sabr bilan xotima yasaydi. U haq ahli va sabr egalaridan boʻladi”, dedilar.
Ushbu sura Makkada nozil boʻlgan. Uch oyat, oʻn toʻrt kalima va yetmish bir harfdan iborat.
﴿وَالْعَصْرِ﴾
[1]. “Asr bilan qasam”.
Ulamolar “asr” soʻzini turlicha talqin qilgan.
Ibn Abbos roziyallohu anhumo, Kalbiy, Muhammad ibn Kaʼb rahimahulloh: “Alloh taolo asr (vaqt) bilan qasam ichgan”, degan. Hasan va Qatoda: “Kechki payt bilan qasam ichmoqda”, deb aytgan. Muqotil rahimahulloh: “Asr namozi bilan qasam ichmoqda”, deb yozgan.
﴿إِنَّ الْإِنْسَانَ لَفِي خُسْرٍ﴾
[2]. “(Har bir) inson ziyonda (baxtsizlikda)dir!”.
Oyatdagi “ziyonda” kalimasining bir necha xil talqini bor.
Muhammad ibn Kaʼb: “Insonlarning hammasi xasrat-nadomat, ziyondadir”, degan. Baʼzi mufassirlar: “Ularning dunyoda qilgan munkar amallari oʻzlariga ziyon keltiradi. Shu sababli amallari foyda bermaydi”, deb fikr bildirgan. Boshqa ulamolar: “U ziyon Alloh taoloning quyidagi oyatida: “إِنَّ الْخَاسِرِينَ الَّذِينَ خَسِرُوا أَنْفُسَهُمْ وَأَهْلِيهِمْ يَوْمَ الْقِيَامَةِ” “Ayting: “Haqiqiy ziyon koʻruvchilar qiyomat kunida oʻzlariga ham, ahli (oila)lariga ham ziyon qiluvchi kimsalardir”, oʻz ifodasini topgan”, degan (Zumar surasi, 15-oyat).
Faro oyatdagi: “لَفِي خُسْرٍ” [lafiy xusr] soʻzlarini yaʼni: “Inson gunohlari barobarida azobdadir”, deb sharhlagan.
Abu Ubayda esa: “Inson halokatda va nuqsondadir”, degan.
Muqotil Alloh taolo: “إِنَّ الْإِنْسَانَ لَفِي خُسْرٍ” “inson ziyonda (baxtsizlikda)dir!”, deb Abu Lahabni nazarda tutganini”, aytgan.
Zahhok esa: “Undan murod Abu Jahldir”, degan.
Ikrimaning aytishicha: “inson ziyonda (baxtsizlikda)dir!” oyatidan murod hamma kofirlar ziyonda, demakdir. Oyatdan anglashiladiki, Parvardigor qaytargan amallarni sodir etgan bandalar oxiratda baxtsizlar qatorida boʻlar ekan.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“إِنَّ الْإِنْسَانَ لَفِي خُسْرٍ” “inson ziyonda (baxtsizlikda)dir!” – “ular zarar koʻruvchidir” oyatidan murod mushriklar jamoasi boʻlib, ular: “Valid ibn Mugʻiyra, Oss ibn Voʼil Sahmiy, Asvad ibn Muttalib ibn Asad ibn Abdul Uzza, Asvad ibn Abd Yagʻus va Xoris ibn Qaysdir”, degan.
Suraning davomida Alloh taolo insonlardan baʼzilarini istisno qilib, ularga quyidagicha taʼrif bergan:
﴿إِلَّا الَّذِينَ آَمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ وَتَوَاصَوْا بِالْحَقِّ وَتَوَاصَوْا بِالصَّبْرِ﴾
[3]. “Faqat imon keltirgan va solih amallarni qilganlar, bir-birlarini haq yoʻlga chaqirganlar va bir-birlarini sabrga chaqirganlar bundan mustasnodirlar”.
Baʼzilar: “Oyatdagi “sabr” soʻzidan murod toat-ibodatda bardavom boʻlish, gunohlardan tiyilish va hayotda duch keladigan har-xil sinovlarga bardosh berishdir”, degan. Zotan bularning barchasiga aynan sabr asos boʻladi.
Baʼzi mufassirlar oʻsha zamondagi vaziyatdan kelib chiqib, Haq taolo: “إِلَّا الَّذِينَ آَمَنُو” “Faqat imon keltirganlar” soʻzlari Abu Bakr Siddiqni, “وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ” “va solih amallarni qilganlar” lafzidan Umar ibn Xattobni, “وَتَوَاصَوْا بِالْحَقِّ” “bir-birlarini haq yoʻlga chaqirganlar” kalimasidan Usmon ibn Affonni, “وَتَوَاصَوْا بِالصَّبْرِ” “va bir-birlarini sabrga chaqirganlar” dan Ali ibn Abu Tolibni nazarda tutgan”, degan.
Ushbu oyatdan bunday xulosa kelib chiqadi: Inson imonini mustahkam tutishi, boshqalarni toʻgʻri yoʻlga chaqirishi, solih amallarni koʻpaytirishi va sinovlarga sabrli boʻlishi mahbub amallar ekan.