Oʻzbek xalqining azaliy axloqiy qadriyatlaridan biri mehmonnavozlikdir. Islom dini kelib, bu fazilatli ishga koʻrk qoʻshdi. Kelgan inson Alloh taoloning mehmoni hisoblanib, tashrifi uchun savob va muayyan darajaga erishadi. U izzat-ikrom, yaxshilik va taqdirlanishga loyiqdir. Chunki mehmon mezbonning xonadoniga baraka olib kiradi, uning gunohini ketkazadi va ziyofat savobiga erishtiradi.
Mehmonni eʼzozlash, hurmat qilish Alloh va uning Rasuli buyurgan islom odoblaridandir. Qolaversa, bu ish paygʻambarlar va salafi solihlarning goʻzal sifatlaridan biri hisoblanadi.
Xususan, paygʻambarlar otasi Ibrohim alayhissalom mehmonni ulugʻlashda juda gʻayratli boʻlganlar. Qurʼoni karimda u zot haqida bunday qissa qilingan:
﴿هَلْ أَتَاكَ حَدِيثُ ضَيْفِ إِبْرَاهِيمَ الْمُكْرَمِينَ إِذْ دَخَلُوا عَلَيْهِ فَقَالُوا سَلَامًا قَالَ سَلَامٌ قَوْمٌ مُنْكَرُونَ فَرَاغَ إِلَى أَهْلِهِ فَجَاءَ بِعِجْلٍ سَمِينٍ﴾
“(Ey Muhammad!) Sizga Ibrohimning aziz mehmonlari haqidagi xabar keldimi? Oʻshanda ular (Ibrohim) huzuriga kirib: “Salom!” deyishganda, u ham: “Salom! (Bular) notanish qavm-ku!” dedi. Soʻngra u asta oilasi oldiga chiqib, bir semiz buzoqni (soʻyib, pishirib) keltirdi. Uni ularga yaqin qilib, “(Taomdan) yemaysizmi?” dedi”[1].
Ibrohim alayhissalomning oldiga kelgan notanish kishilar farishtalar boʻlgan. U zot mehmonlarni tanimasa-da, ularga izzat-ikrom koʻrsatgan.
Shuningdek, Ibrohim alayhissalom akasining oʻgʻli Lut alayhissalom mehmonni juda yaxshi koʻrgan va unga ikrom koʻrsatishga ishtiyoqmand boʻlgan. Alloh taolo aytadi:
﴿وَجَاءَهُ قَوْمُهُ يُهْرَعُونَ إِلَيْهِ وَمِنْ قَبْلُ كَانُوا يَعْمَلُونَ السَّيِّئَاتِ قَالَ يَا قَوْمِ هَؤُلَاءِ بَنَاتِي هُنَّ أَطْهَرُ لَكُمْ فَاتَّقُوا اللَّهَ وَلَا تُخْزُونِ فِي ضَيْفِي أَلَيْسَ مِنْكُمْ رَجُلٌ رَشِيدٌ﴾
“Uning (Lutning) oldiga qavmi yugurib keldilar. Oldindan (ular) yomon ishlar (bachchabozlik) qilar edilar. U (Lut) dedi: “Ey qavmim! Ana ular – qizlarim (ularga uylaninggiz), ular sizlar uchun pokroqdir. Bas, Allohdan qoʻrqingiz va mehmonim oldida meni sharmanda qilmangiz! Orangizda birorta toʻgʻri yoʻl topgan kishi yoʻqmi?!”[2]
Demak, holat-voqelik qanday boʻlmasin, mehmonni eʼzozlash paygʻambarlar yoʻli ekan. Buning bir nechta odobi boʻlib, dastlab mehmonni xush-muomalalik va ochiq chehra bilan kutib olish, shinam joyga oʻtqazish, xursandlik baxsh etadigan gaplardan soʻzlash kerak. Taomni imkon qadar tez tayyorlash lozim. Dasturxonga uyidagi neʼmatlarning eng yaxshilarini qoʻymoq darkor. Soʻngida mehmonni chiroyli kuzatishni ham unutmaslik kerak.
Bu oʻrinda Abu Shurayh Adaviy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisni keltiramiz. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirsa, mehmonini mukofoti ila eʼzozlasin!”. Kimdir: “Uning mukofoti nima, ey Allohning Rasuli?” dedi. U zot: “Bir kecha-kunduz (joy berishidir). Mehmondorchilik uch kundir, undan uyogʻi unga sadaqadir”[3], deb marhamat qildilar.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam dastlab Madinaga kelganlarida, ansorlarga birinchi boʻlib och-miskinlarni toʻydirish haqida nasihat qilganlar. Bu ishda u zot sollallohu alayhi vasallam sahobalarga oʻrnak boʻlganlar. Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi: “Oʻzidan boshqa iloh boʻlmagan Allohga qasamki, ochlikdan bagʻrimni yerga berib, qornimga tosh ham bogʻlab olar edim. Bir kuni odamlar oʻtadigan yoʻlga oʻtirib oldim. Abu Bakr oʻtib qoldi. Undan Qurʼondagi bir oyat haqida soʻradim. Buni menga taom berarmikan, deb soʻragan edim. Lekin u bunday qilmay, oʻtib ketdi. Birozdan keyin Umar oʻtib qoldi. Undan ham Allohning Kitobidagi bir oyat haqida soʻradim. Undan ham menga taom berarmikan, deb soʻragan edim. Lekin u ham oʻtib ketaverdi. Keyin oldimdan Abul Qosim sollallohu alayhi vasallam oʻtib qoldilar. Koʻriboq tabassum qildilar va mendagi holatni, yuzimdagi ahvolni payqadilar. Keyin: “Ey Abu Hirr!” dedilar. “Labbay, ey Allohning Rasuli!” dedim. U zot: “Ortimdan yur”, deb yoʻlda davom etdilar. Ortlaridan yurdim. U zot uyga kirib ketdilar. Izn soʻragan edim, menga izn berdilar. U zot kirsalar, bir jom sut bor ekan. “Mana bu sut qayerdan?” dedilar. “Falonchi sizga hadya qilgan ekan”, deyishdi. U zot: “Ey Abu Hirr!” dedilar. “Labbay, ey Allohning Rasuli!” dedim. “Suffa ahliga borib, ularni bu yerga chaqirib kel”, dedilar. Suffa ahli islom mehmonlari edi, suyanadigan ahli oilasi ham, mol dunyosi ham, biror kishisi ham yoʻq edi. U zotga sadaqa kelsa, undan hech narsa tanovul qilmay, oʻshalarga joʻnatar edilar. Agar hadya kelsa, undan tatib koʻrib, keyin ular bilan baham koʻrish uchun ularga yuborar edilar”[4].
Islom dini mehmonni shunchalik ulugʻ sanaganki, agar uning haqqi ado etilmasa, buni kuch bilan olishga ham ruxsat bergan. Uqba ibn Omirdan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamga: “Siz bizni u yoq-bu yoqqa yuborasiz. Baʼzan mehmon qilmaydigan qavmga borib qolamiz. Bu borada nima deysiz?” dedik. Shunda u zot bizga: “Bir qavmning huzuriga tushganingizda, sizga mehmon uchun beriladigan narsani berishsa, qabul qiling, unday qilishmasa, zimmalaridagi mehmonning haqqini olavering”, dedilar”[5].
Demak, mehmondoʻstlik dinimizdagi ulugʻ va fazilatli amallardan ekan. Kishinining mehmondorchilik fazilati uning qalbi yumshoqligi, qoʻli ochiq, saxiy insonligidan dalolat beradi. Mehmondorchilik pokiza imon, goʻzal fazilat, katta ibodat va maqtalgan xislatlardandir.