Home / HADIS / MЕHMONNI EʼZOZLASH MOʻMINNING SIFATIDIR

MЕHMONNI EʼZOZLASH MOʻMINNING SIFATIDIR

Bir hadis sharhi

Oʻzbek xalqi azaldan mehmondoʻstligi, shirinsoʻzligi va samimiyati bilan mashhur. Qaysi bir xonadonga kirmang, uy sohibi tanisa-tanimasa bir piyola choy taklif qiladi.

Xalq orasida “Mehmon – otangdek ulugʻ” degan hikmatli soʻz ham bejiz aytilmagan. Buning zamirida ulkan maʼno yashiringan.

Allomalarimizning hadis ilmiga doir asarlarini mutolaa qilganda mehmonni izzat-ikrom qilish borasidagi koʻplab rivoyatlarni uchratish mumkin. Ana shunday hadislardan birini oʻrganib chiqamiz.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan boʻlsa, mehmonini ikrom qilsin! Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan boʻlsa, qoʻshnisiga yaxshilik qilsin! Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan boʻlsa, yaxshi soʻz aytsin yoki sukut saqlasin!” dedilar (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Ushbu hadisda Paygʻambar alayhissalom uch narsadan taʼlim bermoqdalar.

Avvalo, “Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan boʻlsa, mehmonini ikrom qilsin!” deyilmoqda. Mehmonga hurmat-ehtirom koʻrsatish Alloh rozi boʻladigan amallar qatoriga kiradi. Uni kutishning ham oʻziga yarasha odoblari bor. Avvalo, mehmon xabari kelganda xonadon ozodaligini yana bir koʻrib chiqish, obdastlarga suv toʻldirish, yangi, toza sochiqlarni tayyorlash va u oʻtiradigan xonaga turli xushboʻyliklardan sepib qoʻyish ham yaxshi odatlardandir. Mehmon kelganda, uy egasi uni tabassum bilan, Alloh taoloning mehmoni ekanini his qilgan holda iltifotli tarzda qarshi olish ham goʻzal odobdir. Mehmonga “oling, dasturxonga qarang” kabi soʻzlar aytib turiladi. Unga yaxshilik qilaman deb sogʻligiga zarar yetkazib qoʻyishdan saqlanish uchun koʻngliga, raʼyiga qaraladi. Taomdan soʻng chiroyli suhbat quriladi, mezbon va mehmon tashrifdan xursand boʻlganini aytib bir-birining koʻnglini shod etadi. Ketar chogʻida mehmonning ortidan birga chiqib, yaxshi gaplar bilan kuzatib, yana kelib turishi soʻraladi. Mehmon ham javob tashrifini kutishini bildiradi.

Ikkinchidan, “Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan boʻlsa, qoʻshnisiga yaxshilik qilsin!” deyilmoqda. Dinimiz qoʻni-qoʻshniga yaxshilik qilishni buyuradi. Qoʻshni qoʻshnida bir necha haqlari boʻlib, ular quyidagilardir:

  • qoʻshniga yomonlik qilinmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Yomonligidan qoʻshnisi omonda boʻlmagan kimsa jannatga kirmaydi”, deganlar. Demak, zinhor ozor berilmaydi;
  • oʻz uyida pishirilgan taomdan qoʻshniga ham imkon qadar ulashish kerak. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Oʻzi toʻq boʻlib, qoʻshnisi och qolgan odam moʻmin emas”, deganlar;
  • qoʻshni bilan koʻrishganda, salom berilib, goʻzal muomala qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Salomni yoyinglar”, deganlar;
  • qoʻshni bemor boʻlsa, xabar olinadi, qarzdor boʻlsa, yordam qilinadi, uning sirlari oshkor etilmaydi, ozorlardan himoyalanadi, yaxshi va yomon kunlarida yonida turiladi va hokazo…

Shuningdek, “Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan boʻlsa, yaxshi soʻz aytsin yoki sukut saqlasin!” deyilmoqda. Demak, inson gapirganda faqat yaxshi soʻz aytishi yoki jim turishi kerak ekan. Baʼzilarga eʼtibor berilsa, gapirgan gapidan biror bir yaxshi soʻz topish amri mahol. Bu uning johil ekanidan nishonadir.

Ushbu hadisdan inson oʻziga shunday xulosa olish mumkinki, kishi shirin soʻzli, ochiq yuzli va gapi maʼnoli boʻlishini doimo eʼtiborda tutishi kerak. Zero, Parvardigorning roziligi yoʻlida aytilgan har bir soʻz va amal bandaning oʻzi uchun foydalidir.

Mashrab XIDIROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …