Bir hadis sharhi
Islom dinida qilinayotgan har bir amal Alloh taoloning roziligi uchun boʻlishi kerak. Boshqalar koʻrishi uchun qilingan amal riyo hisoblanadi va unda hech qanday savob boʻlmaydi. Baʼzilar ehson qilsa, ibodat qilsa, ilm oʻrgansa, odamlar saxiy, ibodatgoʻy, olim ekan deb aytishini niyat qiladi, xolos. Bu esa mutlaqo notoʻgʻridir.
Alloh taolo undaylarning amalida savob yoʻqligi haqida bunday degan: “Bas, kim Rabbiga roʻbaroʻ kelishni umid qilsa, solih amal qilsin va Rabbining ibodatiga hech kimni sherik qilmasin!” [1]. Demak, Alloh taolo rahmatidan umidi bor inson solih amallarda bardavom boʻlib, riyoga yoʻl qoʻymasligi va Unga hech narsani sherik qilmasligi kerak ekan.
Riyokor insonni umri mobaynida boylik toʻplagan kishiga qiyoslash mumkin. Mol-davlat har doim ham uni yiqqan insonga tatiyvermaydi. Riyokor inson ham bamisoli shu kabidir. U ham ibodat qiladi, sadaqa beradi, Qurʼon oʻqiydi, nafl ibodatlarni ado etadi, roʻza tutadi, hajga boradi va hokazo. Lekin u Alloh roziligi uchun emas, balki insonlar koʻrsin, maqtasin, degan niyatda boʻladi. Molu davlatdan bir zumda ajragan inson yana harakat qilib unga erishishi mumkin, lekin butun hayoti davomida yaxshi amallar bilan mashgʻul boʻlgan odam oxiratda riyo evaziga hech bir savobga ega boʻlmasa, bundan katta pushaymon boʻlmaydi.
Abu Said ibn Abu Fazola roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
“Qachonki Alloh qiyomatda – kelishiga shubha yoʻq boʻlgan kunda odamlarni jamlasa, bir nido qiluvchi: “Kim Alloh uchun qilgan amalida boshqa birovni sherik qilib keltirgan boʻlsa, savobini Allohdan boshqaning huzurida talab qilsin, Alloh sheriklardan eng behojat zotdir”, deb nido qiladi”, dedilar”. (Termiziy rivoyati). Bu yerda riyokorlik shirk bilan tenglashtirilib, undaylar qiyomatda odamlar oldida sharmanda boʻlishi aytilmoqda.
Allohdan boshqa uchun qilingan amallar evaziga Haq taolo bu dunyoda bandani maqsadiga yetkazishi mumkin, ammo oxiratda buning hech qanday savobi boʻlmaydi. Demak, har bir inson riyodan ehtiyot boʻlishi lozim. Sumʼa ham xuddi shu darajada xatarlidir. Qilayotgan xayrli ishlarida faqat Yaratganning roziligi uchun amal qilsa, u ikki dunyo saodatiga erishar ekan.