Home / HADIS / ODAMLARNI FOSIQLIK VA KOFIRLIKDA AYBLASHDAN OGOH BOʻLING!

ODAMLARNI FOSIQLIK VA KOFIRLIKDA AYBLASHDAN OGOH BOʻLING!

Bir hadis sharhi

Islom shariati doimo din, jon, mol-mulk, nomus va aqlni himoya qilib kelgan. Bularning birortasini buzgan kimsaga dunyoda ham, oxiratda ham jazo borligi taʼkidlanadi. Jumladan, odamlarni haqorat qilish, shaʼnini yerga urish, soʻkish va yomon soʻzlar bilan ayblashdek har qanday yomonlikni qoralaydi.

عَنْ أَبِى ذَرٍّ رضى الله عنه أَنَّهُ سَمِعَ النَّبِىَّ صلى الله عليه وسلم يَقُولُ لاَ يَرْمِى رَجُلٌ رَجُلاً بِالْفُسُوقِ ، وَلاَ يَرْمِيهِ بِالْكُفْرِ ، إِلاَّ ارْتَدَّتْ عَلَيْهِ ، إِنْ لَمْ يَكُنْ صَاحِبُهُ كَذَلِكَ.

Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning “Kishi birovni fosiqlikda ayblasa yoki kofirlikda ayblasa-yu, sherigi unday boʻlmasa, bu albatta uning oʻziga qaytadi”, deganlarini eshitganman” (Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan).

Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu hadisi shariflarida moʻminlarni biror buzuqlik yoki kufrda ayblab, Alloh taoloning itoatidan chiqib ketishdan qaytarganlar. Bir kishini fosiqlik yoki kofirlikda ayblashdan ortiq haqorat boʻlishi ham mumkin emas. Buning gunohi shunchalik ogʻir boʻlgani tufayli hadisi sharifda masala birdaniga koʻndalang qoʻyilmoqda. Yaʼni, birov boshqa bir kishini ayblamoqchi boʻlsa, avval oʻylab koʻrishi kerak ekan. Ayblangan kishida fosiqlik yoki kufr boʻlmasa, bu illatlar tuhmat qilganning oʻziga qaytib borar ekan.

Baʼzi olimlar shu gap aytilgan odam haqiqatan kofir boʻlsa, soʻzlagan kishi rost aytgan boʻladi, unday boʻlmasa, boʻhtonning malomati va gunohi gap egasiga qaytadi, degan.

Bundan shuni anglash mumkinki, ayblanuvchi asosli ravishda fosiqlik yoki kufrda tavsiflangan boʻlsa, rost soʻzlagan daʼvogarga hech narsa qaytmas ekan. Ammo bunday gap kishini izza qilish va unga zarar yetkazish maqsadida aytilgan boʻlsa, gap egasi harom ish qilgan boʻladi. Chunki, aslida musulmonlarga birovning aybini yashirib, uni toʻgʻri yoʻlga solish va chiroyli nasihat qilish buyurilgan. Yaxshilikka qodir boʻla turib, zoʻravonlik qilish haromdir. Chunki, koʻpchilikning tabiatida gʻurur mavjud. Bundaylar baʼzan oʻz tuhmatida qatʼiy turib oladi. Bu shaxslar orasidagi munosabatlarni yanada keskinlashtiradi.

Shuning uchun tilga erk berib, boshqalarni fosiqlik yo kofirlikda ayblayverish kerak emas.

Afsuski, baʼzilar bu nozik va masʼuliyatli masalaga yetarlicha ahamiyat bermay, odamlarni fosiq yoki kofirga chiqarib yuboradi. Ular odamlarni sharʼiy asossiz fosiq va kufrda ayblash oʻzlari uchun oʻta xatarli ekanini bilib qoʻyishi zarur.

Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …