Home / HADIS / ISLOM MOʻTADIL DIN!

ISLOM MOʻTADIL DIN!

Bir hadis sharhi

Islom yengil, moʻtadil din boʻlib, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bizni amalda muloyimlik, halimlik, odamning toqati yetadigan, bardavom boʻladigan amallar bilan kifoyalanishga daʼvat etganlar.  Kimki dinda gʻuluvga ketsa, chuqurlashsa, din uni yengib qoʻyadi, magʻlub etadi.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «إِنَّ الدِّينَ يُسْرٌ وَلَنْ يُشَادَّ الدِّينَ أَحَدٌ إِلَّا غَلَبَهُ فَسَدِّدُوا وَقَارِبُوا وَأَبْشِرُوا وَاسْتَعِينُوا بِالْعَدْوَةِ وَالرَّوْحَةِ وَشَيْءٍ مِنَ الدُّلْجَةِ .«

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: Albatta, bu din osonlikdir. Kim dinda ashaddiylashsa, (din) uni yengmay qoʻymaydi. Toʻgʻrilikni lozim tutinglar, (hech boʻlmasa shunga) yaqin boʻlinglar va xushxabar beringlar. Ertalab, tushdan keyin va tunning oxirida (ibodatga Allohdan) yordam soʻranglar, dedilar(Imom Buxoriy rivoyati).

Hofiz Ibn Rajab rahimahulloh: “Hadisning maʼnosi shundan iboratki: bu – insonning toqati zoʻrgʻa yetadigan ibodatlarni oʻz zimmasiga yuklab olib, dinda chuqur ketishdan qaytariq”, deydi.

Ibn Munir aytadi: “Bu hadisda paygʻambarlik alomatlaridan biri borki, biz va bizdan oldingilar dinda chuqur ketgan har bir kishining magʻlub boʻlganini koʻrganmiz. Maqsad, ibodatda mukammallikka intilishga toʻsqinlik qilish emas, chunki bu maqtovga sazovor ishlardan. Balki, zerikishga olib keladigan haddan tashqari koʻp amal, afzalni tark etishga sabab boʻladigan nafldagi mubolagʻaning oldini olishdir”.

Hadisning avvalida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam asosiy tamoyilni keltirib: Albatta din osonlikdir, deb marhamat qilganlar. Islomning eʼtiqodi, axloqi, buyruq va qaytariqlari osondir.

Soʻngra toʻgʻri boʻlishga, shunga harakat qilishga, qalblarni xushxabar bilan quvvatlashga, noumid boʻlmaslikka buyurdilar.

Toʻgʻrilikni lozim tutish”: mubolagʻasiz va beparvolik qilmasdan, buyurilgan ishlarda kamchilikka yoʻl qoʻymasdan, toqat qilolmaydigan narsani zimmasiga yuklab olmasdan amal qilish, ibodatda oʻrtacha boʻlishdir.

U zotning: (hech boʻlmasa shunga) yaqin boʻlinglar, degani: “Agar mukammal amal qilishga toqating yetmasa, shunga yaqin boʻlishga harakat qil, maʼnosida.

Va yana oz boʻlsa ham bardavom boʻlgan amalning ajri, savobidan xushxabar beringlar”, dedilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunga yordam beradigan narsalarni koʻrsatib: Ertalab, tushdan keyin va tunning oxirida (ibodatga Allohdan) yordam soʻranglar, dedilar.

Islomning asosiy ruknlariga qaraydigan boʻlsak ham, namoz bir kunda besh vaqt, roʻza ham bir yilda bir oy, zakot va haj faqat qodir boʻlgan kishilarga farz qilingan.

  Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan boshqa bir hadisda:

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: Osonlashtiringlar, qiyinlashtirmanglar. Xushxabarlar beringlar, nafrat qildirmanglardedilar” (Muttafaqun alayh).

Islomga daʼvat qiladigan,  hukmlarini yetkazadigan kishi uning oson tarafini gapirishi, dinning oson ekanini yetkazishi kerak. Shariat doirasidan chiqmaydigan jihatlarda yengil, oson tomonini olish ustuvor boʻlishi kerak.

Dindan soʻzlaydigan kishi odamlarni qoʻrqitadigan, bezdiradigan, koʻnglini qoldiradigan gap-soʻzlarni aytishdan saqlanishi, dinga muhabbat uygʻotadigan, qiziqtiradigan narsalarni gapirishi kerak.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oʻzimizga ogʻirlik qiladigan ibodatlarni nazr qilib olmaslikni buyurdilar, chunki bu zerikish, pushaymonlik, charchash va oxir oqibatda dindan yuz oʻgirishga olib keladi. Alloh taolo moʻtadil dinni ushlashda barchamizga yordamchi boʻlsin.

Bahodir MIRZAYEV,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi tayanch doktoranti,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …