Home / MAQOLALAR / AQLNING MAʼDANI – QALB

AQLNING MAʼDANI – QALB

Koʻpchilik islom olimlari mana shu fikrni tasdiqlaydi. Ular oʻz soʻziga quyidagilarni dalil qiladi: Qurʼoni karimda Alloh taolo: “Ular yer yuzida sayr qilmaydilarmi?! Ularda anglaydigan qalblar yoki eshitadigan quloqlar boʻlardi. Aslida koʻzlar koʻr boʻlmaydi. Lekin koʻkraklardagi qalblar koʻr boʻladi”[1]deydi. Shu oyatga binoan ilmning maʼdani qalb ekaniga ittifoq qilingan. Qalb ilmning maʼdani ekan, aql ilmning muqaddimasi boʻlgani uchun oʻz-oʻzidan aqlning ham maʼdani qalb ekani maʼlum boʻladi. Yana bir oyatda Alloh taolo: “Bunda qalb egasi uchun va hozir boʻlib quloq solgan kishi uchun eslatma bordir”[2], deydi. Oyatdagi “qalb“ soʻzi aql deb tafsir qilingan. Chunki qalb aql vositasida eslatmadan manfaat oladi. Qalb oʻzi bir parcha goʻsht boʻlib, u har bir jonzotda mavjud. Qalbning koʻr boʻlishi toʻgʻri yoʻlni idrok etishdan qolishidir. Toʻgʻri yoʻlni idrok etishdan qolish esa bir parcha etga emas, balki undagi aqlning ketishiga bogʻliq. Bu ham aqlning maʼdani qalb ekaniga dalil boʻladi. Boshqa aʼzolar aqlning maʼdani boʻlmagani uchun koʻrlik bilan sifatlanmaydi.

Ali ibn Abu Tolib ham: “Qalb aqlning maʼdanidir”, degan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, jasadda bir parcha et bor. Agar u toʻgʻri boʻlsa, butun jasad toʻgʻri boʻladi. Agar u buzilsa, butun jasad buziladi. Ogoh boʻlingki, u qalbdir”, degan. Boshqa rivoyatda “Albatta, qalb podshohdir. Agar u toʻgʻri boʻlsa, butun jasad toʻgʻri boʻladi”, deyilgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jasadning toʻgʻri yoki buzuq boʻlishini qalbga bogʻliq qilib qoʻydilar. Qalbning toʻgʻri yoki buzuq boʻlishi esa aqlga bogʻliq. Demak, qalb aql vositasida podshoh boʻladi. Bu ham aqlning maʼdani qalb ekanini anglatadi.

Ibn Masʼud roziyallohu anhu: “Har bir narsa uchun xoʻjayin bor. Jasadning xoʻjayini aqldir. Qalbning jasadga xoʻjayinligi goʻsht parchasi bilan emas, balki undagi aql bilan ekaniga shak yoʻq”, degan.

Baʼzilar: “Aqlning maʼdani bosh miya”, degan. Ular Muhammad ibn Hasanning “Kitobuddiyot”da: “Boshiga urilib, aqli ketgan kishi haqida”, degan bob ajratganini dalil qilgan.

Bunga quyidagicha javob berish mumkin: “Bosh miyada aql nurini kuchaytiradigan quvvat borligi sababli u bosh miyada, deb aytilgan. Bosh miyaning qurishi aql nuriga taʼsir qiladi. Natijada aql noqis boʻladi. Bu aqlning maʼdani aslida bosh miya ekanini anglatmaydi. Demak, aql toʻliq ishlashi uchun qalb bilan birga bosh miya ham sogʻlom boʻlishi kerak”.

Alloh taolo: “Fuod koʻrgan narsasini yolgʻon aytmadi”[3]deb “Fuod” degan soʻzdan qalbni iroda qildi. Bu qalbni fuod deb nomlash ham durust ekanini bildiradi. Fuod aslida qalbni himoya qilib turuvchi poʻstdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Huzuringizga Yaman ahli keldi. Ularning qalblari yumshoq va fuodlari nozik”, deb har birini alohida-alohida vasflashlari ular boshqa-boshqa narsalar ekanini bildiradi. Lekin fuod xilqat jihatidan qalbga yopishgan va qalb undan ajralmaydigan narsa boʻlgani uchun qalb kinoya yoʻliga koʻra fuod deb nomlangan. Chunki bir narsani uning bir boʻlagi bilan majozan nomlash joiz.

Qalbga ilmlar, maqsadlar va xotir (toʻsatdan qalbga keladigan narsa)lar kirib turgani uchun u oʻzgarib turadi. Shuning uchun ham  “qalb” (aylanib turuvchi narsa) deb nomlangan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qalb bamisoli yalanglikda kuchli shamollar ichida qolgan va shamollar uni u yoqdan bu yoqqa aylantirib turadigan patga oʻxshaydi”, deganlar. U zot oʻz soʻzlari bilan Alloh taolo inson qalbida har xil maʼnolarni yaratib, uni aylantirib turishiga ishora qildilar. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey qalblarni aylantirib turuvchi Zot, qalbimni diningda sobit qil”, deb koʻp duo qilar edilar.                                                     

[1] Haj surasi, 46-oyat.
[2] Qof surasi, 37-oyat.
[3] Najm surasi, 11-oyat.
Obid XURSANDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …