Ilm-maʼrifatga erishish uchun insoniyatga berilgan vositalar orasida eng ahamiyatlisi aqldir. Chunki inson eshitgan, koʻrgan yoki oʻqigan narsalarini faqatgina aql vositasida tushuna oladi. Demak, aql oʻzi nima ekanini bilish muhim. Koʻpchilik olimlarning fikriga koʻra, aql inson jismiga biriktirilgan, ammo tanadan hisoblanmaydigan, nurdan yaratilgan mustaqil mavjudot hisoblanadi.
Lugʻat olimlari: “aql” soʻzi “tuya tushovi” maʼnosidagi “Iqolul baʼiyr” iborasidan olingan. Tushov tuyani qochib ketib, adashib qolishdan toʻsgani kabi aql ham oʻz egasini toʻgʻri yoʻldan adashib ketishdan qaytarib turadi. Shuning uchun, u “aql”, degan nomni olgan. Nafsi gʻolib kelib, aqldan yuz oʻgirgan odam zalolatga ketib, baxtsizlikka duchor boʻlishi yuqoridagi soʻzimizni tasdiqlaydi”, degan.
Ibn Abbosdan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ilmni lozim tuting! Chunki u moʻminning yaqin doʻsti, aql esa uning yoʻlboshchisidir”, dedilar.
Abu Mansur Azhariy oʻzining “At-Tahzib” nomli kitobida Ibn Arabiydan: “Aql – bu sobitlikdir”, degan soʻzni naql qilib keltirgan.
“Ayn” kitobining sohibi: “Aql johillikning ziddidir”, degan. Ammo johillikning ziddi ilm ekani barchaga maʼlum. Demak, “Ayn” sohibi aql ilmning muqaddimasi ekaniga ishora qilgan. Chunki aqli yoʻq kishida ilm boʻlishi mumkin emas.
Hasan Basriy aytadi: “Menga bir necha sahoba Rasululloh sollalohu alayhi vasallamdan quyidagi hadisni rivoyat qildi:
Alloh taolo aqlni yaratib, unga: “Oʻtir!” dedi. U oʻtirdi. Soʻng unga: “Tur!” dedi. U turdi. Soʻng “Oʻgiril!”, dedi. U oʻgirildi. Soʻng “Menga yuzlan!” dedi. U yuzlandi. Soʻng “Gapir!” dedi. U gapirdi. Soʻng “Sukut qil!” dedi. U sukut qildi. Soʻng “Nazar sol!” dedi. U nazar soldi. Soʻng “Eshit!” dedi. U eshitdi. Soʻng “Koʻr!” dedi. U koʻrdi. Soʻng “Fahmla!”, dedi. U fahmladi. Alloh taolo: “Izzatim, Kibriyoim, Jabarutim, Oliyligim va Qodirligimga qasamki, sendan koʻra mukarramroq, mahbubroq va martabasi yuqoriroq narsani yaratmadim. Bandalar sen tufayli Menga ibodat va itoat qiladi. Sen tufayli Menga hamd aytadi. Bas, itob ham, savob ham, azob ham sengadir”, dedi.
Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, Alloh taolo Oʻzini tanitish uchun inson tanasiga aql kabi bebaho neʼmatni joylashtirdi. Aql uni doim yaxshiliklarga undab turadi. Inson farishtalardan ham yuqoriroq martabaga koʻtarilishi uchun Alloh taolo uning tanasida yomonliklarga buyurib turuvchi nafsni ham yaratdi va nafsiga qarshi borib, ulugʻ darajalarga yetish imkoniyatini berdi. Chunki farishtalarda faqat aql bor, nafs yoʻq. Shuning uchun Allohga ibodat qilish ular uchun yengil boʻladi va ular gunoh qilishga moyil boʻlmaydi. Hayvonlarda aql boʻlmagani uchun ularga ibodat buyurilmagan. Demak, kim nafsiga qarshi turib aqliga ergashsa, Allohning huzurida ulugʻ daraja topadi. Ammo aqliga qarshi borib, nafsiga ergashsa, hayvondan ham past darajaga tushib, halokatga yuz tutadi.