Home / HADIS / “AMALLAR NIYATLARGA BOGʻLIQ” yohud ILMDAN MAQSAD AMALDIR

“AMALLAR NIYATLARGA BOGʻLIQ” yohud ILMDAN MAQSAD AMALDIR

Muqaddas manbalarda kishi niyatining xolis va amalining xayrli boʻlishi haqida qaygʻurmogʻi lozimligi taʼkidlanadi.

Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, amallar niyatlarga bogʻliqdir”, deganlar(Imom Buxoriy rivoyati) Chunki kishi niyat bilan oʻz hojati uchun qiladigan har bir amalini ibodat darajasiga koʻtaradi. Amallar bir xil boʻlsa-da, niyatga qarab turli natijalar beradi. Shuning uchun islomda har bir amalga niyat shart qilingan.

Imon, ixlos, ibodat va niyat uchun ham kishiga ilm kerak. Ilmdan maqsad amaldir. Ammo ilmlilar orasida amal qilmaydiganlar ham uchrab turadi. Balki qilinadigan koʻplab iltijo va duolar ijobat boʻlmasligining sabablaridan biri shudir, vallohu aʼlam!

Abu Lays Samarqandiy: “Ilmni faqat va faqat ishonchli, omonatdor zotlardan olish lozim, chunki din poydevori ilm bilandir[1]. Bunda taʼlim oluvchi muhtoj boʻladigan narsaning eng birinchisi niyatini toʻgʻrilab olishidir. Shunda olgan ilmidan oʻziga va undan oʻrganadigan kishiga ham manfaat yetadi. Agar niyatni toʻgʻrilamoqchi boʻlsa, toʻrtta narsani qasd qilishi lozim. Ilm olish orqali johillikdan chiqishni, odamlarga foyda keltirishni, ilmni rivojlantirishni, oʻrganganiga amal qilishni koʻnglidan oʻtkazsin. Chunki amalsiz ilm uvoldir, ilmsiz amal esa zalolatdir”[2], deb qayd etadi.

Alisher Navoiy: “Ilm oʻrganmoq – dinni mustahkam qilmoq uchun, sira boylik orttirmoq uchun emas. Saxovatsiz boy bamisoli yomgʻirsiz bulutga oʻxshaydi. Ilmiga amal qilmagan olim esa ustiga kitob ortilgan hayvonga oʻxshaydi”[3], deb amal qilinmagan ilmning befoydaligini, ilm insonning oʻziga va boshqalarga manfaatli boʻlishi kerakligini qatʼiy taʼkidlaydi.

Demak, kishining amali uning niyatiga bogʻliq boʻlib, amalning haqiqati oʻz sohibini holdan holga (sifatdan sifatga), oʻzgarishga, pirovardida takomil va taraqqiyotga yoʻnaltiradi. Maʼnaviy kamolot ilm va amalni jamlash orqali hosil boʻladi. Binobarin, ularni jamlay olganlar yuksak maqomga koʻtariladi.

[1] Samarqandiy, Abu Lays. Boʻston ul-orifiyn/A.L.Samarqandiy; arab tilidan tarjimonlar: Masʼudxon Ismoilov va Beknazar Muhammadshukur. –Samarqand: “Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi”, 2018. –B.47-48.
[2] Oʻsha manba… –B.62-63.
[3] Navoiy A. Mahbub ul-qulub (Qalbga mahbub hikmatlar va hikoyatlar). Hozirgi oʻzbek tiliga tabdil. –T.: Sano-standart, 2018. –B.121.
Baxtiyor TURSUNOV,
Imom Buxoriy xaqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …