Bir hadis sharhi
Darhaqiqat, ilm Alloh taoloning bandalariga bergan eng goʻzal atosi, bebaho neʼmati lutfu-marhamatidir. Zero, uning sababidan inson Allohni, uning Rasulini, halol-haromni, bu dunyoga nima maqsadda kelganini anglaydi. Natijada hayoti davomida Uning roziligini istab ish yuritadi. Dunyoning taraqqiy etishi, insoniyat farovon hayot kechirishining negizida ham ilm yotadi.
Muqaddas islom taʼlimotida ham insonlar ilm olishga targʻib qilingan. Haq taolo uni oʻrgangan va amal qilganlarni yuksak darajalarga koʻtarishi xabarini berib, bunday marhamat qilgan:
“Alloh sizlardan iymon keltirganlarni va ilmga berilganlarning darajalarini koʻtarur”[1].
Ushbu oyat bilan Alloh taolo ilm odamlarining darajasini koʻtarib qoʻydi. Olimlar jamiyatda insonlarga yaxshilik taʼlimini beradi. Ular vaʼz-nasihatlarda, ilmiy suhbatlarda, yozgan asarlari orqali boshqalarga dunyoviy ilmlardan, sof islom dini, paygʻambarning sunnati va ulamolarning oʻgitlaridan taʼlim berib, toʻgʻri yoʻlni koʻrsatadi. Unday olimlarga samo ahli hamda yer yuzidagi barcha narsalar tasbehu salovatlar aytar ekan.
Bu haqda Paygʻambar alayhissalotu vassalom bunday deb marhamat qilganlar: “Albatta, Alloh taolo, farishtalar, osmonlar va Yer ahli hamda dengizdagi baliqlar odamlarga yaxshilikni oʻrgatadigan kishiga salovat aytadi”(Termiziy rivoyati).
Olim bilan oddiy obid (ibodat qiluvchi) kishini samodagi oy va yulduzlarga oʻxshatish mumkin. Samoga nazari tushgan odamga oy katta boʻlib koʻrinib, u yer yuziga nur sochayotgani yaqqol bilinadi. Yulduzlar esa kichik koʻrinib, ularning nuri faqat oʻz atrofini yoritadi, xolos. Olimning oddiy ibodat qiluvchidan farqi shu kabidir. Obid inson ilm tarqatmasdan faqat bilganicha ibodat qiladi. Olim kishi esa qorongʻu kechada nur sochgan oy kabi jaholatda yurganlarga islom hidoyati nurini taratadi. Shuning uchun obidning manfaati faqat oʻzi uchun boʻlsa, olimning manfaati esa hamma uchundir.
Hadisda taʼkidlanganidek, ilm ahlini nafaqat insonlar, balki tilsiz jonzotlar ham hurmat qilar ekan. Yuqorida kelgan oyat va hadisdan inson shunday manfaat olishi mumkinki, oʻsha bandaning haqqiga salovat Rahim boʻlgan Zot tomonidan aytilsa, bu Allohning rahmatini ifoda etar ekan. Farishtalar tomonidan boʻlsa, unga istigʻfor aytgan boʻladi. Insonlar tomonidan boʻlganda esa, ularning duo qilishi nazarda tutiladi.
Xulosa qilib aytganda, ilm va olimning qadr-qiymati naqadar yuksak ekanini yuqoridagi oyat va hadisdan anglash mumkin. Alloh taolo barchamizga olimlar qatorida boʻlishni nasib qilsin.