Islom dini jamiyatni tartibga solish va insoniyatning ikki dunyodagi hayotini goʻzallashtirish uchun nozil qilingan. Ammo sof islomiy eʼtiqodni notoʻgʻri talqin qilish, diniy aqidalardan notoʻgʻri maqsadda foydalanish kabi holatlar musulmonlar orasida turli fitnalarning kelib chiqishiga sabab boʻlmoqda. Aslida bunday buzgʻunchi firqalarga islom dini qanday qaraydi? Asl islomiy mohiyat nimalardan iborat?
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ummatlarini din haqida gapirayotganlarning hammasiga ham quloq solish, ularning aytganiga yurish toʻgʻri emasligi haqida ogohlantirganlar. Din nomidan gapiruvchi aqli va bilimi sayoz kimsalar paydo boʻlishi, ular ummatga yaxshilik olib kelmasligi haqida Nabiy sollallohu alayhi vasallam oʻn toʻrt asr muqaddam bashorat qilganlar. Quyida shunday hadislardan birini eʼtiboringizga havola qilamiz:
3611- عن سويد بن غفلة، قال: قال علي رضي الله عنه: “إذا حدَّثتُكُم عَن رسولِ اللَّهِ صلَّى اللَّهُ عليهِ وسلَّمَ حَديثًا فلأَنْ أخرَّ منَ السَّماءِ أحبُّ إليَّ من أَن أَكْذبَ علَيهِ ، وإذا حدَّثتُكُمْ عَن غَيرِهِ فإنَّما أَنا رجلٌ محاربٌ ، والحَربُ خدعةٌ ، سَمِعْتُ رسولَ اللَّهِ صلَّى اللَّهُ عليهِ وسلَّمَ يقولُ : يخرجُ آخرِ الزَّمانِ أقوامٌ أحداثُ الأسنانِ ، سفَهاءُ الأحلامِ ، يقولونَ مِن قولِ خيرِ البريَّةِ ، يَمْرِقونَ مِنَ الْإْسْلامِ كَما يَمْرِقُ السَّهْم من الرمية، لا يُجاوِزُ إيمانُهُم حَناجرَهُم”.
Ali roziyallohu anhu aytadi: Agar sizlarga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilib soʻzlaydigan boʻlsam, u zotga nisbatan yolgʻon gapirganimdan koʻra, osmondan qulab tushganim yaxshi. Oʻzim bilan sizlarning orangizdagi narsalar xususida soʻzlaydigan boʻlsam, albatta, urush hiyladir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Oxir zamonda oʻzlari yosh, esi pastlarcha fikr qiladigan bir qavm (kimsalar) paydo boʻladi. Ular xaloyiqdan eng yaxshisining (Paygʻambar alayhis salom) soʻzlarini aytishadi. Ular kamondan otilgan oʻqdek islomdan juda tez otilib chiqib ketadi. Ularning imonlari boʻgʻizlaridan nariga oʻtmaydi[1].
Alhissa shuki, aql bilan qiladigan ishlarimiz, aʼzolarimiz bilan bajaradigan amallarimizning eng toʻgʻrisi Alloh va Rasuli koʻrsatgan yoʻldan yurmoqdir. Shuningdek, Alloh buyurgan haqqa ergashish yoki botildan qaytish bilan bir qatorda, turli adashgan firqalar va ularning iddaolarini bilish ham bizga vojib hisoblanadi. Islomning asl mohiyatidan bexabarlik, diniy aqidalardan gʻarazli maqsad yoʻlida foydalanish oqibatida muqaddas dinimizga eʼtiqod qiluvchilar orasida turli adashgan oqimlar yuzaga keldi.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam oʻz ummatlari orasida ana shunday firqalarning paydo boʻlishi haqida xabar berayaptilar. Bunday firqalar zararidan ogohlikka chaqirib: “Oxir zamonda oʻzlari yosh, esi pastlarcha fikr qiladigan bir qavm paydo boʻladi”, deyaptilar. Yaʼni ummat orasidan oʻzi yosh, aqli past, uzoqni koʻra olmaydigan, qilayotgan ishlarining oqibati nimalarga olib kelishini oʻylamaydigan, ilmi sayoz boʻlsa-da, oyat va hadislarni asl maʼnolarini tafsir qilishga kirishib, boshqacha talqin qiladigan kimsalar paydo boʻladi.
Islomda ilk paydo boʻlgan ana shunday toifalardan biri xavorijlar (haq yoʻldan ogʻib chiqqanlar)dir. Ular diniy bilimlarni puxta egallamasdan Qurʼon oyatlari va hadisi shariflarni notoʻgʻri talqin qilib, gʻarazli maqsadlari yoʻlida foydalandi. Holbuki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki Qurʼonni faqat oʻz fikriga suyanib tafsir qilsa, agar toʻgʻri tafsir qilsa ham xato qilibdi”, deb tafsirda faqat ulamolar soʻziga suyanishni buyurganlar.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadisning davomida: “Ular xaloyiqdan eng yaxshisining soʻzlarini aytadi”, yaʼni Qurʼoni karim oyatlari va Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam hadislari bilan soʻzlarini dalillab, oʻta fasohatli gapiradi. Ayrim odamlar ular aytayotgan soʻzlarga, nutqining fasohatiga qarab, soʻzini toʻgʻri deb oʻylaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam soʻzlarining davomida bunday aqidaning alaloqibat olib boradigan manzili sohibining imondan chiqishi bilan yakun topishidan ogoh etib: “Ular kamondan otilgan oʻqdek islomdan juda tez otilib chiqib ketadi. Ularning imonlari boʻgʻzilaridan nariga oʻtmaydi”, dedilar. Yaʼni, unday kimsa shunchalik zalolatga ketadiki, imondan ayrilib, dindan chiqqanini oʻzi ham bilmay qoladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonidan aytilgan ushbu soʻzlar bunday yoʻl oʻta xatarli ekanini anglatadi. Yaʼni, ular din va diyonatdan harchand ogʻiz koʻpirtirib gapirsa ham kamondan otilgan oʻq kabi islomdan chiqib ketgan, imoni qalbiga yetib bormay, boʻgʻzida qolib ketgan kimsalar kabidir.
Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda din ahkomlarini notoʻgʻri talqin qiladigan, bu hukmlardan oʻz manfaati yoʻlida foydalanadigan kimsalar uchrab turibdi. Ushbu hadisga koʻra, ummat orasida firqalanish va fitnaga olib boradigan soʻzlarni tarqatish nihoyatda ogʻir gunoh sanaladi. Ushbu hadis butun ummat olimlari toʻgʻri deb tan olgan mujtahid ulamolarimiz chiqargan fatvolarni botilga chiqarib, dinda mavjud boʻlmagan soʻzlarni aytgan holda yoshlarni yoʻldan ozdirayotgan kimsalarni ham nazarda tutadi. Chunki ularning holatini tafakkur qilib koʻrsangiz, ummatning salaf (avvalgi) va xalaf (keyingi) ulamolari bir tomon, ularning oʻzi bir tomondir. Bu kimsalarning fikricha, ummatning tarixda va hozirgi kundagi olimlari zalolatda boʻlgan, oʻzlari esa hidoyatda! Ularning soʻzlariga kirmagan, fatvolarini qabul qilmagan musulmonlar kufrda, faqat ular imonda!
Ushbu hadis va unga berilgan sharhlardan shu narsa maʼlum boʻladiki, oyatlarni tafsir qilish va hadislarni izohlash uchun avvalo sahoba va oʻtmishdagi mujtahid ulamolarning bu haqda aytgan soʻzlarini toʻliq oʻrganib chiqmoq zarur. Shuningdek, islom diniga oid masalalarda ulamolar kengashi bilan hukm chiqarish shartdir. Holbuki, din ahkomlari xususida ulamo va hukamolar bilan maslahatlashgan holda ish tutish kerakligi haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan quyidagi hadis vorid boʻlgan:
“Hazrat Ali Rasulullohdan: “Qurʼoni karim va hadisi sharifdan hukmi boʻlmagan biror ish sodir boʻlsa, nima qilamiz?” deb soʻraganlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Moʻminlardan boʻlgan olimlarni toʻplab, oʻzaro maslahat qilinglar, bunday ishda bir kishining fikri bilan hukm chiqarmanglar”, deb javob berdilar.
Dinning asl mohiyatini anglab yetmoq, aqidasini sof holda tutib, bu yoʻlda ummatning olimlaridan maslahat soʻrab turmoq, gʻarazli niyatdagi kimsalarga ergashib, zalolatga ketishdan ehtiyot boʻlmoq har bir moʻmin-musulmonning kundalik burchidir.