Darhaqiqat, Imom Buxoriy hadis, fiqh va aqida ilmida ulamolar, ustoz hamda shogirdlari oʻrtasida oʻziga xos oʻringa ega boʻlgan. Yaʼqub ibn Ibrohim Davraqiy va Naim ibn Hammodlarning aytishicha, Muhammad ibn Ismoil “bu ummatning tengi yoʻq faqihidir”. Imom Buxoriy qachon Basraga kelsa, Muhammad ibn Bashshor: “bugun shahrimizga faqihlarning sayyidi keldi” deb qarshi olar edi. Abu Umar Ahmad ibn Nasr Xaffof esa, oʻz navbatida, “Muhammad ibn Ismoil, fiqhda Isʼhoq ibn Rohvayh va Ahmad ibn Hanbaldan yigirma marta kuchliroqdir” – deya eʼtirof etadi. Rajo ibn Murjiy Imom Buxoriyning fiqhiy ilmini “Imom Buxoriy fiqh ilmida boshqa olimlar oldida, erkaklarning ayollar oldidagi darajasidek baland hisoblanadi”, – deb yuqori baholaydi. Shuningdek, Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiy: “Men Xaramayn (Makka va Madina)da ham, Hijoz, Shom va Iroqda ham koʻpdan-koʻp ulamolarni koʻrdim, lekin ulardan birortasida ham Muhammad ibn Ismoildek mukammal ilmning jam boʻlganini koʻrmadim”, deb barcha ilmlardan xabardor ekanini taʼkidlab oʻtadi.
Imom Buxoriyning zamondoshlari va keyingi ulamolar uni fiqh ilmida tengsiz ekanligini va buyuk mujtahid imomlardan boʻlganini quyidagicha eʼtirof qiladilar[1]:
- Bundor laqabi bilan mashhur boʻlgan Muhammad ibn Bashshor: “Bugun Basraga faqihlarning eng ulugʻi keldi”, “Muhammad ibn Ismoil bizning zamonamizda Alloh yaratgan eng buyuk fiqh olimidir” va “Dunyoda huffozlar toʻrtta, ular: Rayda – Abu Zurʼa, Nishopurda – Muslim ibn Hajjoj, Samarqandda – Abdulloh ibn Abdurrahmon Dorimiy va Buxoroda – Ismoil Buxoriydir”, degan fikrni bildirgan.
- Muhaddis Muslim ibn Hajjoj Buxoriyga: “Ustozlar ustozi, muhaddislar sayyidi, hadis illatlarining tabibi, ijozat bersangiz, oyoqlaringizdan oʻpsam”, deydi.
- Muhaddis Imom Dorimiy: “Bizning hadisga qoʻyadigan talabimiz Muhammadnikidek emas edi. U kishi biror hadisga nazar solsa, uni ipidan ignasigacha oʻrganar edi”, deb aytgan.
- Yaʼqub ibn Ibrohim Davraqiy esa “Muhammad ibn Ismoil bu ummatning faqihidir”, degan.
- Abu Jaʼfar Musnidiy: “Zamonamizning hadis bilimdonlari uchta: Muhammad ibn Ismoil, Hoshid ibn Ismoil, Yahyo ibn Sahl”, degan.
- Hokim Abu Ahmad: “U – sohilsiz dengizdir”, degan.
- Solih ibn Muhammad:“Men hanuz Muhammad ibn Ismoildan koʻra fahmliroq xurosonlikni koʻrganim yoʻq”, degan.
- Abu Saʼid Hotim ibn Muhammad: “Hofiz Muso ibn Horun: “Agar butun islom ahli Buxoriydek bir kishini tayyorlamoq uchun yigʻilsalar ham bunga qodir boʻlolmaslar”, degan.
- Salim ibn Mujohid: “Men oltmish yildan beri Muhammad ibn Ismoildan koʻra faqihroq va parhezkorroq kishini koʻrmadim” , degan.
Shu kabi Imom Buxoriy shaʼniga oʻz zamondoshlari, ustoz va shogirdlari va undan keyingi bir qancha ulamolar tomonidan aytilgan eʼtiroflarni koʻplab keltirish mumkin. Zero, Ibn Hajar Asqaloniy aytganlaridek, “Keyingi davrda yashagan ulamolar tomonidan Buxoriy haqida bildirilgan va aytilgan maqtovlar keltirilsa, ularni yozishga varaqlar tugab, insonni bardoshi qolmaydi. U sohilsiz dengizdir”[2].
Zamondosh olimlarimizdan Doktor Nuriddin Itr shunday deydi: “Buxoriyning ilm maydoniga keladigan boʻlsak, u fiqh borasida koʻzga koʻringan va uni mukammal oʻrgangan imomlardan biri boʻlgan. Mashhur muhaddislardan boʻlsa-da, fiqhiy masalalarning yechimida fiqhiy mazhab imomlari darajasidagi mujtahid imomdek ish tutgan. Imom Buxoriy yoshligidan boshlab Ibn Muborakning asarlarini oʻqib chiqqan edi. Ibn Muborak esa Abu Hanifaning xos shogirdlaridan biri boʻlgan. Keyinroq u – oʻzi xabar berib ketganidek, – oʻsmirlik pallasida hanafiylarning fiqhini oʻrganib chiqadi. Karobisiy vositasida Shofeʼiyning fiqhini oʻrgandi. Shuningdek, Molikning shogirdlaridan uning fiqhini oʻrganib chiqdi. Ana shu tarzda u ijtihod qilish yoʻllarini puxta va batamom oʻrgandi. Imom Buxoriy oʻzining mana shu oʻtkir zehni va kuchli zakovati bilan mujtahidlarning yoʻlini tuta oldi. Uning “Al-Jomeʼ as-sahih” asari mazkur gapning toʻgʻriligiga shohiddir. Chunki Imom Buxoriy bu asarda dalillardan hukmlarni chiqarib olgan, mazhablardan birortasiga taqlid qilmagan holda dalilga ergashgan. Biz uning fiqhi haqida olib borgan tadqiqotimiz ichida kelgan misollar uning mujtahidlar martabasiga yetgan bir mujtahid boʻlganini, ayrim mazhablar vakillari daʼvo qilganlaridek, qaysidir mazhabga taqlid qilmaganini koʻrsatadi”[3].
Manbalar asosida Imom Buxoriyning fiqhiy mazhabi va mujtahidlik darajasi toʻgʻrisida keltirilgan ulamolarning fikr-mulohazalaridan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, Imom Buxoriy fiqh sohasida oʻzi mujtahid boʻlgan[4] va bu muhaddisning toʻrt mazhabdan birida boʻlgan deb xulosa chiqarilishi ham toʻgʻri fikr emas. Chunki muhaddis yashagan davrda bu toʻrt mazhab hali mukammal shakllanmagan edi. Imom Buxoriy va Imom Ahmadlar bir davrda yashagan, hadis ilmi borasida ular juda ham yaqin boʻlishgan. Muhaddis va ulamolar hayoti oʻrganilganda ular oʻrtasidagi ilmiy-amaliy aloqalar, ijodiy munosabatlardagi yaqin hamkorliklar boʻlganligining guvohi boʻlamiz. Fiqhiy mazhab imomlari Imom Buxoriy yoki uning otasi Ismoil bilan zamondosh boʻlgan. Imom Buxoriy barcha mazhab imomlarining asarlaridan, fiqhiy va aqidaviy qarashlaridan boxabar boʻlgan. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, Imom Buxoriy oʻz davrining buyuk va mujtahid imomi boʻlgan.
Imom Buxoriyning asarlari nafaqat diniy ilmlar majmuasiga oid balki, ular dunyoviy ilmlarga oid maʼlumotlarga ham boydir. Masalan, uning shoh asari “Al-Jomeʼ as-sahih”da tarix, mantiq, fiqh, huquqshunoslik, tabobat va boshqa qator fanlarga oid koʻplab maʼlumotlarni ham uchratamiz. Albatta, bu buyuk Imom qatori boshqa allomalarimizning hayoti va ilmiy merosi va shaxsiyatini oʻrganish va keng jamoatchilikka yetkazish hozirgi jamiyatimiz ahlini, ayniqsa yosh avlodni yetuk, komil inson qilib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.