Jamiyatda insonlarning bir toifasini yetim, zaif va miskinlar tashkil etadi. Ularga yaxshilik qilish, yordam koʻrsatish va mehr-muruvvatli boʻlish har bir insonning burchidir. Shunda ular boqimanda boʻlmaydi, birovga zarari yetmaydi va oʻzlaridagi muammoni his qilib yashaydi. Boshqalar orasida oʻzini noqulay his qilmaydi.
Qurʼoni karim va Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarida yetim va miskinlarga gʻamxoʻrlik haqida koʻplab koʻrsatmalar kelgan. Alloh taolo aytadi:
﴿وَاخْفِضْ جَنَاحَكَ لِلْمُؤْمِنِينَ﴾
“Moʻminlar uchun qanotingizni quyi tuting (kamtar boʻling)”[1].
﴿فَأَمَّا الْيَتِيمَ فَلَا تَقْهَرْ وَأَمَّا السَّائِلَ فَلَا تَنْهَرْ﴾
Bas, endi Siz (ham) yetimga qahr qilmang! Soil (gado)ni esa malol olib jerkimang!”[2] .
Oyatlardagi Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga buyruq va qaytariq butun ummatga tegishlidir. Alloh taolo Oʻz Paygʻambariga oʻsha zaif va yetimlar bilan birga yashash orqali nafs tarbiyasini yuksaltirishni amr etdi. Zero, ular doimo ixlos bilan Robbisiga ibodat va duo qiladigan, amallari bilan Allohning roziligini istaydigan kishilar edi. Shu sababli boy-obroʻli kishilarga eʼtiborli boʻlish orqali bularni eʼtiborsiz qoldirishdan qaytardi. Ular bilan suhbatlashish, ulfatlashish va muomala qilishda kamtar boʻlishga undadi.
Bu oyatlar arablarning zehnidagi zaif va yetimlarga nisbatan salbiy tushunchani oʻzgartirdi. Bu ish johiliyat jamiyatidagi ulfatchilik qonuniga zid edi. Chunki Quraysh zodagonlari zaif va miskinlar bilan birga oʻtirishdan or qilar edi.
Islomni ilk qabul qilganlar orasida Bilol Habashiy, Salmon Forsiy, Suhayb Rumiy, Ammor ibn Yosir, Xabbob ibn Arat kabi nochor, zaif sahobalar bor edi. Makka zodagonlari Muhammad alayhissalomga: “Ularni huzuringdan haydab yuborsang, sen bilan suhbatlashamiz, yoningda past martabali qullar oʻtirganda, biz sen bilan gaplashishga or qilamiz”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buni rad etganlarida, ular “unday boʻlsa, bir kunni ular bilan, bir kunni biz bilan oʻtkaz, shunga koʻnsang, buni oʻrtamizdagi kelishilgan bitim sifatida yozib qoʻy”, dedi. U zot darhol Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuni yonlariga chorlab, oʻsha kelishuvni yozdira boshlagan paytlarida mazkur oyat nozil qilindi:
﴿وَلَا تَطْرُدِ الَّذِينَ يَدْعُونَ رَبَّهُمْ بِالْغَدَاةِ وَالْعَشِيِّ يُرِيدُونَ وَجْهَهُ﴾
“Ertayu kech (doimo) Parvardigorlarining “yuzi”ni istab, Unga duo (ibodat) qilayotganlarni (huzuringizdan) haydamang!”[3]
Makka mushriklarining kattalari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan oʻzlari uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan munosabatni talab qilgan edi. Ular kambagʻallarni yoqtirmagani sababli Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga kunlarni taqsimlash bilan yondoshmoqchi boʻldi. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning qarorlari Alloh taologa maqbul boʻlmaganini bilganlaridan keyin bitim yozilgan sahifani olib yirtib tashladilar va bir chekkada mayus holda turgan mazkur zaif musulmonlarni quchoqlab, bagʻrilariga bosib, yana har kuni birga boʻlishlarini aytib dillarini shod etdilar.
Alloh taolo oʻzlariga taom kerak boʻlib, hojatlari tushib tursa ham, miskin, yetim, asirlarni ustun qoʻyib, taomni ularga beradilar haqiqiy moʻminlarni sifatlab ushbu oyatni nozil qildi:
﴿وَيُطْعِمُونَ الطَّعَامَ عَلَى حُبِّهِ مِسْكِينًا وَيَتِيمًا وَأَسِيرًا﴾
“Oʻzlari taomni yaxshi koʻrib tursalar ham, uni miskin, yetim va asirlarga berarlar”[4].
Yetimlar ham jamiyatning yordam va eʼtiborga loyiq aʼzolaridir. Islom dini yetimlarni chiroyli tarbiyalashni, dilini ogʻritmaslik, haqqini yemaslikni targʻib qiladi. Shunday qilinsa, yetim jamiyat uchun foydali shaxs boʻlib yetishadi. Agar unga beparvo qaralsa, kamsitilsa, razolat va jinoyat koʻchasiga kirib, oʻzi yashayotgan jamiyatga faqat zarar keltiruvchi shaxsga aylanadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Yetimni qaramogʻiga olgan odam men bilan jannatda mana bundaymiz”, dedilar-da, koʻrsatkich va oʻrta barmoqlarini ishora qilib, orasini sal ochib qoʻydilar” (Buxoriy rivoyati).
Yetimning molini yeyish, uning haqqiga xiyonat qilish ulkan gunohligi haqida Alloh taolo bunday deydi:
﴿إِنَّ ٱلَّذِينَ يَأۡكُلُونَ أَمۡوَٰلَ ٱلۡيَتَٰمَىٰ ظُلۡمًا إِنَّمَا يَأۡكُلُونَ فِي بُطُونِهِمۡ نَارٗاۖ وَسَيَصۡلَوۡنَ سَعِيرٗا﴾
“Yetimlarning mol-mulklarini zulm yoʻli bilan yeydigan kimsalar, albatta, qorinlarida olov yegan boʻlurlar va albatta, doʻzaxda kuygaylar”[5].
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qaysi bir musulmon usti boshi yoʻq birodariga kiyim kiydirsa, Alloh unga jannatning yaxshi liboslaridan kiygizur. Qaysi bir musulmon qorni och birodariga taom bersa, Alloh uni jannat mevalari ila taomlantirur. Qaysi bir musulmon chanqagan musulmonga suv bersa, Alloh azza va jalla uni rahiyqi maxtum (jannat ichimligi)dan serob qilur”, dedilar”. (Abu Dovud rivoyat qilgan).
Islom dini musulmonlarni barcha ishlarda teng boʻlishga qiziqtirgan. Xususan, toʻylarga va boshqa xil ziyofatlarga qorni toʻqlar aytilib, qorni ochlar qolib ketishidan qaytargan. Abu Hurayradan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Taomning eng yomoni kambagʻallar qolib, boylar aytilgan toʻydagi taomdir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu koʻrsatmalar islomning boy va kambagʻal-yetimlarni tenglashtiradigan din ekanidan darakdir. Bu dinda kuchli-kuchsiz, boy-kambagʻal, boshliq-xodimning barchasi teng huquqli hisoblanadi. Bir kishi boshqa odamdan moli, martabasi va nasabi bilan ustun boʻlishga haqqi yoʻq. Uning darajasi faqat Allohdan qoʻrqishi va solih amali bilan belgilanadi.