Home / MAQOLALAR / ULUGʻ AJDODLAR MAʼNAVIY MЕROSIDA ILMNING VASFI

ULUGʻ AJDODLAR MAʼNAVIY MЕROSIDA ILMNING VASFI

Inson kamolotga ilm vositasida erishadi. “Ilm” soʻzi lugʻatda bir narsani voqelikdagidek idrok etishni bildiradi. Ilm oʻrganish va uni oʻrgatish islomda ulugʻlanadi, milliy qadriyatlarimizda ham ilgʻor oʻrin tutadi.

Musulmonlar Qurʼon va sunnatga amal qilib yashagan davrlarida ilm nurini butun olamga taratganlar. Ulugʻ ajdodlarimizning dunyo sivilizatsiyasi ravnaqiga qoʻshgan ulkan hissasi fikrimiz dalilidir. Shu bois olimlarni koʻpchilik hurmat qiladi va ularga havas bilan qaraydi.

Afsuski, hozirgi kunda bu borada ham ixlos yetishmasligi va riyo aralashuvi koʻzga tashlanadi. Ixlosi baland boʻlganlar yoʻq emas, albatta, ammo riyokorlik qilayotganlar ham kam emas. Ilmni shahodat, unvon va shuhrat uchun oʻqiyotganlar, oʻqitayotganlar mana shunday illat egalaridir[1].

Yozilayotgan koʻp sonli maqola va kitoblar, yoqlanayotgan minglab dissertatsiyalarga qaramasdan, doim ham koʻzlangan natijalarga erishilmayotgani shundan boʻlishi mumkin. Birgina ilmga ixlos qilmaslikdan jamiyatga shuncha putur yetar ekan, soʻzi va amali boshqa-boshqa boʻlgan riyokor, johil va buzgʻunchilardan yetadigan zarar koʻlamini tasavvur qilish qiyin emas.

Abu Lays Samarqandiy bu haqda: “Ilmni faqat va faqat ishonchli, omonatdor zotlardan olish lozim, chunki din poydevori ilm bilandir” [2], deb yozadi. Faqih ilmni yetuk olimu fuzalolardan, ilmiga amal qiluvchi taqvo sohiblaridan olish lozimligini taʼkidlab, amalsiz ilm, nasab va martaba befoydaligini nazarda tutadi.

Hazrat Navoiy “Mahbub ul-qulub” asaridagi “Yo asling kabi koʻrin yoki koʻringaning kabi boʻl”, deb nomlangan tanbehida: “Fosiq hamma sohada yomon, xususan, taqvodor qiyofasida koʻrinishi juda ham yomondir”, deydi. Bunda alloma hali hayot tajribasiga ega boʻlmagan yoshlarning bunday toifalarga ergashib, koʻr-koʻrona taqlid qilishi xavfi mavjudligini nazarda tutgan boʻlsa, ajab emas.

Buyuk shoir: “Fosiq olim, bilginki, oʻziga zolim donishmanddir. Baxil boy esa nodondirki, u oʻz ziyonini koʻzlovchi. Bu ikki toifa umrini bekorga oʻtkazadi va oʻzi bilan hasrat va armon olib ketadi. Chunki ularning biri ilm oʻrganish uchun mashaqqat tortsa-da, ilmiga amal qilmaydi. Ikkinchisi mol-dunyo yigʻish uchun koʻp ovora boʻladi-yu, uni nimaga sarflashni bilmaydi. Ilm oʻrganmoq dinni mustahkam qilmoq uchundir, hargiz boylik orttirmoq uchun emas. Ilmiga amal qilmagan olim ustiga kitob ortilgan hayvonga oʻxshaydi”[3], deb amal qilinmagan ilmning befoydaligini juda qatʼiy va keskin tarzda taʼkidlaydi.

Abu Rayhon Beruniyning taʼkidlashicha, ilm orqali johiliyatdan xalos boʻlishga erishish faqat yomonlikdan tiyilish bilangina vujudga keladi. Yomonlikning shoxobchalari koʻp boʻlsa ham, ularning asosi tamaʼ, gʻazab va ilmsizlikdir. Shu asoslar qirqilsa, shoxobchalar soʻladi, u asoslar ishtaha va gʻazab quvvatlarining yoʻlboshchiligidan kelib chiqadi. Bu ikki quvvat insonga eng kuchli va halokatli dushman boʻlib, odamni turli lazzat va rohatlar bilan aldaydi. Lazzat va rohat esa ranj va gunohlarga olib boradi. Ularga berilgan inson yirtqich hayvonga, hatto iblisga aylanadi [4].

Beruniy nazdida, haqiqiy olimga alam va lazzat taʼsir koʻrsata olmaydi. Ushbu choʻqqiga (komillikka) hirs va gʻazabini yenggan kishi koʻtarila oladi. Hirs va gʻazabni yengish uchun doimo Tangri zikrida boʻlish  (Uning gʻazabidan qoʻrqish) taqozo etiladi. “Qoʻrqish” feʼli salbiy maʼnoga ega boʻlsa-da, mazkur vaziyatda Allohdan qoʻrqish hissi oʻz sohibini yomonliklardan tiyib turuvchi kuch sifatida konstruktiv ahamiyat kasb etadi.

Mutafakkirning eʼtirof qilishicha, gʻoyat darajadagi matlub narsa uzluksiz fikr qilishdir. Inson axloqi yaxshi boʻlib, nafsini shunga odatlantirgan, hatto nafsida shunday xulq tabiiylashib, zotiy bir sifatga aylangan kishi asta-sekin oʻshanday matlubga (komillikka) erishadi, deb taʼkidlaydi [5].

Xulosa qilganda, xalqimizning azaliy milliy qadriyatlari va boy maʼnaviy merosi mohiyatini chuqur oʻrganish va hayotiy faoliyatda ularga qatʼiy amal qilish barkamol avlodni tarbiyalashga xizmat qiladi.

Baxtiyor TURSUNOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

[1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Hadis va hayot. 3-juz. – T.: HILOL-NASHR, 2018. – B. 56-65.
[2] Abu Lays Samarqandiy. Boʻstonul orifin. Arab tilidan tarjimonlar: M.Ismoilov va B.Muhammadshukur. – Samarqand: Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, 2018. – B. 49.
[3] Alisher Navoiy. Mahbubul qulub (Qalbga mahbub hikmatlar va hikoyatlar). Hozirgi oʻzbek tiliga tabdil. – T.: Sano-standart, 2018. – B. 121.
[4] Abu Rayhon Beruniy. Tanlangan asarlar. T.I. – T.: Fan, 1968. – B. 70.
[5] Oʻsha manba: – B. 70-71.

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …