Home / MAQOLALAR / “SAHIHUL BUXORIY”NI MISRGA OLIB KIRGAN DASTLABKI INSON (5-qism)

“SAHIHUL BUXORIY”NI MISRGA OLIB KIRGAN DASTLABKI INSON (5-qism)

Ibn Sakanning ushbu rivoyati Imom Buxoriy oʻzi­ning “Sahih”ida keltirib oʻtgan tarojumlar (bob­lar sarlavhalari) borasida ham oʻta ahamiyatlidir. “Sahihul Buxoriy”ning Ibn Sakandan qilingan rivoyatining ahamiyati faqatgina hadislarda uchraydigan chigalliklarni yechish bilan cheklanib qolmagan, balki boblarning sarlavhalarini bilishda ham oʻz taʼsiriga egadir. Jumladan, Savdo kitobida “Bob: Qassob va goʻsht sotuvchi haqida kelgan hadislar” deyilgan. Undan oldin esa “Bob: (Hoʻl va qurugʻi) aralashtirilgan xurmoni sotish” haqidagi bob, undan keyin “Bob: Savdoda yolgʻonni va aybini berkitib sotishni yuvib yuboradigan narsalar” haqidagi bob, deb zikr qilingan. Koʻpchilik roviylar ham xuddi shunday yoʻl tutishgan. Ibn Sakanning rivoyatida bu narsa beshta bobdan soʻng kelgan. Bu haqda Ibn Hajar oʻzining “al-Fath” nomli asarida quyidagilarni yozadi: “Ushbu sarlavha xuddi shu singari mana shu oʻrinda kelgan. Ibn Sakanning rivoyatida esa beshta bobdan keyin kelgan. Kasb-hunarlar haqidagi sarlavhalar ketma-ket kelganligi bois (uning tartibi) munosibroqdir”.[10]

 “Sahihul Buxoriy”ning misrliklar tarafidan qilingan rivoyat yoʻllari

 Imom Buxoriy rahimahullohning “Sahih”i koʻplab yoʻllar orqali rivoyat qilingan:

Birinchisi: Abu Zar Haraviyning rivoyat yoʻli. Bu yoʻl marokashliklar, ikki haram ahli va yamanliklar orasida keng tarqalgan va mashhur boʻlgan.

Ikkinchisi: iroqliklar va shomliklar orasida mashhur boʻlgan Abulvaqt Abdul Avval ibn Iso Sajaziyning rivoyat yoʻli.

Uchinchisi: Abu Ali Kattoniy va Mustagʻfiriyning rivoyat yoʻli boʻlib, u movarounnahrliklar orasida tarqalgan.

Toʻrtinchisi: Karima binti Ahmad Marvaziyaning rivoyat yoʻli. Bu faqat misrliklarga xos boʻlgan yoʻldir. Zero “Sahihul Buxoriy” misrliklarga mana shu rivoyat yoʻli orqali yetib kelib mashhur boʻlgan.[11] Karima Marvaziya “Sahihul Buxoriy” asarini Kushmihaniy orqali Firabriydan rivoyat qilgan.

U shayxa, sanad sohibasi, zohida Ummulkirom Karima binti Ahmad ibn Muhammad ibn Hotam Marvaziyadir. Karima Marvaziya Shohjonning Marviga mansub boʻlib, katta Marv nomi bilan tanilgan bu shahar Xurosonda joylashgan shaharlarning eng mashhuridir. Uning otasi Kushmihanlik, onasi esa Sayyoriyning avlodlaridan. Otasi Baytil Maqdisga chiqib ketgan. U Abu Haysam Kushmihaniydan “Sahihul Buxoriy”ni eshitgach, keyinroq Makkaga qaytib kelgan.

Karima Marvaziyaning shayxlari haqida soʻz yuritadigan boʻlsak, u Kushmihaniydan tashqari yana Zohir ibn Ahmad Saraxsiydan (vaf.389/999), Abdulloh ibn Yusuf ibn Bomuyah Isfahoniydan (vaf.409/1018) ham hadis eshitgan.

Karima Marvaziya vafot etguniga qadar Baytulloh­ning yonida yashab qoldi. Shuning uchun uning oldiga turli yurtlardan ulamolar tashrif buyurar va haj amallarini ado etish asnosida undan hadislar eshitishar edi. Abu Bakr Xatib, Abu Tolib Husayn ibn Muhammad Ziynabiy, Muhammad ibn Barakot Saidiy va koʻplab shaxslar Karima Marvaziyadan hadis rivoyat qilganlar.

Karima Marvaziya “Sahihul Buxoriy”ni Kush­mihaniydan eshitgan. Koʻpgina imomlar ham Karima Marvaziyaga uni oʻqib berishgan. U hadis rivoyat qilar ekan, ularni oʻzidagi asl bilan solishtirib koʻrgan. U ibodatjoʻy va yaxshi ayol boʻlish bilan birga bilimli, tushunchasi keng ham boʻlgan. U “Sahihul Buxoriy”ni juda koʻp marta rivoyat qilgan. Shulardan birini uning shogirdi Abu Bakr Xatib haj vaqtida odamlarga oʻqib bergan. Karima Marvaziya umuman turmush qurmay yashagan va toʻrt yuz oltmish beshinchi yili, ayrim manbalarda oltmish uchinchi yili Makkada vafot etgan. Aytishlaricha, u yuz yil umr koʻrgan.

Karima Marvaziya “Sahihul Buxoriy”ni faqat oʻzida mavjud aslidan olib rivoyat qilgan. Rivoyat qilgan vaqtda ham uni oʻsha asl bilan solishtirib olgan. Shuningdek, u “Sahihul Buxoriy”ning oʻzidagi nusxasiga juda ham eʼtiborli boʻlgan. Shuning uchun uning rivoyati mashhur boʻlib ketgan. Karima Marvaziya yuz yil umr koʻrgani tufayli uning sanadi oliy sanad hisoblangan. Negaki, u 463/1071 yili vafot etguniga qadar hadis rivoyat qilgan.

Zahabiy bunday degan: “Abulgʻanoim Narsiy dedi: «Karima Marvaziya mening oldimga “Sahihul Buxoriy”ning bir nusxasini olib chiqdi. Men uning qarshisida oʻtirib olib, yetti varaq hadis yozdim va oʻziga oʻqib berdim. Men (yozib olgan hadislarimni undagi nusxaga) bir oʻzim solishtirib koʻrishni istar edim. Ammo u: “Yoʻq! Men bilan birga solishtirib koʻrmaguningcha rozi emasman”, dedi. Shunday qilib, men u bilan birga solishtirib koʻrdim”».

“Sahihul Buxoriy”ning Karima Marvaziyadan qilingan rivoyati turli yurtlarga keng tarqalib ketgan, ulamolar hadis eshitish maqsadida uning huzuriga chopishgan. Karima Marvaziyadan “Sahihul Buxoriy” asarini rivoyat qilganlar:

Arab tili shayxi Abu Abdulloh Muhammad ibn Barakot Saidiy, Abu Sodiq Murshid ibn Yahyo ibn Qosim Madiniy Misriy, Abul Hasan Ali ibn Husayn ibn Umar ibn Farro Mavsiliy Misriy, Imomul Haramayn Husayn ibn Ali ibn Husayn Abu Abdulloh Shofiʼiy, Abul Qosim Xalaf ibn Ibrohim ibn Xalaf ibn Said Muqriy Hassor, Abul Isbaʼ Iso ibn Muhammad ibn Abul Bahr va Ahmad ibn Xalifa ibn Mansur.

Birinchisi: arab tili shayxi Abu Abdulloh Muhammad ibn Barakot ibn Hilol ibn Abdul Vohid Saidiydan “Sahihul Buxoriy”ning Karima Marvaziyadan qilingan rivoyatini Abul Qosim Abdulloh ibn Ali ibn Masʼud Buvsiriy (vaf.598/1201) eshitgan. Keyinchalik bu rivoyat mashhur boʻlib ketganidan uni Buvsiriydan juda koʻpchilik roviylar rivoyat qilishgan. Jumladan:

  1. Hasan Ali ibn Shujoʼ Zarir. (vaf.661/1263). Undan Sharafuddin Yuvniyniy (701/1301) rivoyat qilgan.
  2. Abu Abbos Ahmad ibn Ali ibn Yusuf Damashqiy Yuvniyniy. (vaf.622/1225).
  3. Abu Amr Usmon ibn Abdu Rahmon ibn Rashiq Rubaʼiy.
  4. Abu Tohir Ismoil ibn Abdul Qaviy ibn Abul Iz ibn Azun. (vaf.667/1268).

Mazkur uch roviyning rivoyat yoʻllari orqali Karima Marvaziyaning rivoyat yoʻli “Fathul Boriy” asarida Ibn Hajarga borib tutashgan.

Ikkinchisi: Abul Hasan Ali ibn Husayn ibn Umar ibn Farro Mavsiliy Misriydan “Sahihul Buxoriy”ning Karima Marvaziyadan qilingan rivoyatini Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad Artohiy rivoyat qilgan. Undan Abul Hasan Ali ibn Shujoʼ Zarir, Ibn Rashiq Rubaʼiy, Ibn Marvon va boshqalar rivoyat qilishgan.

Ibn Shujoʼdan Hofiz Sharafuddin Yuvniyniy rivoyat qilgan. Qolganlaridan esa “Sahihul Buxoriy”ning Karima Marvaziyadan qilingan rivoyat yoʻli “Umdatul qoriy” asarida uning muallifi Badriddin Ayniyga, “Irshod as-soriy” asarida uning muallifi Qastaloniyga borib tutashgan.

Qolgan rivoyat yoʻllari haqida soʻzlaydigan boʻlsak, ular:

Abul Qosim Xalaf ibn Ibrohim Muqriy Hassor. (vaf.511/1117).

Abul Isbaʼ Iso ibn Muhammad Abul Bahr.

Ahmad ibn Xalifa ibn Mansur.

Qozi Iyoz (vaf.544/1149) “Sahihul Buxoriy”ning Karima Marvaziyadan qilingan rivoyatini mazkur roviylar orqali naql qilgan.

[10] Oʻsha manba, 1-jild, 249-bet.
[11] Doktor Usoma Sayyid Azhariy. Asoniyd al misriyyin, 157-bet.
Otabek MUHAMMADIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori oʻrinbosari

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …