Darhaqiqat, musulmonlar oʻzlaridan oldingi ummatlardan hech biriga berilmagan oʻzlariga xos buyuk xislat va fazilat sohibidirlar. U ham boʻlsa, isnoddir.[1] Shuning uchun har bir avlod vakillari oʻzlaridan keyingilarga ilmni isnod orqali naql qilib berishgan.
Isnod borasida Ibn Sirin (vaf.110/728) bunday degan: “Haqiqatan, bu ilm dindir. Shunday ekan, siz oʻz diningizni kimdan oʻrganayotganingiz haqida oʻylab koʻring”.[2]
Yana: “Oldinlari isnod haqida soʻramas edilar. Fitnalar paydo boʻlgach, bizga roviylaringiz ismlarini aytib bering, deyiladigan boʻldi. Agar Ahli sunnadan boʻlsalar, hadislari qabul qilinar, agar bidʼat ahllaridan boʻlsalar, hadislari qabul qilinmas edi”,[3] degan.
Sufyon Savriy (vaf.161/778) shunday degan: “Isnod moʻminning qurolidir. Agar unda qurol boʻlmasa, nima bilan jang qiladi?!”.[4]
Yana: “Isnod hadisning ziynatidir. Bas, unga eʼtiborli boʻlgan kishi saodatli insondir”, degan.
Imom Shofiʼiy (vaf.204/819) shunday degan: “Isnodsiz hadis talab qilgan kishining misoli tunda oʻtin teruvchi kishi kabidir. U oʻzi bilmagan holda ichida ilonlari bor boʻlgan bir bogʻ oʻtin koʻtarib olgan boʻladi”.[5]
Abdulloh ibn Muborak (vaf.181/797): “Isnod dindandir. Agar isnod boʻlmaganida istagan odam istagan gapini gapirib yurgan boʻlar edi”,[6] degan.
Ulamolar isnod masalasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadislar bilan cheklanib qolmadilar, balki sahobalar va tobiʼiylarning soʻzlarida ham unga tayanib ish tutdilar. Alloma shayx Abdurahmon Muallimiy rahimahulloh Ibn Abu Hotim Roziyning “Al-Jarh vat Taʼdil” nomli kitobiga yozgan muqaddimasida shunday yozadi: «Inson oʻz dini va dunyosi uchun koʻpgina bilimlarga muhtoj boʻladiki, ularni xabarlar orqali bilib olishdan boshqa hech bir yoʻli yoʻqdir. Agar ana shu xabarlarda rost va yolgʻon, haq va botil, toʻgʻrilik va xato voqe boʻlgani uchun ham inson ularni bir-biridan ajratib olishga majburdir.
Alloh taolo bizlarga rostgoʻy salaflarni nasib etgan ekanki, ular Rabbimizning Kitobi, Paygʻambarimizning sunnati, sahobalarning soʻzlari, qozilarning hukmlari, faqihlarning fatvolarini, til va adabiyotni, sheʼriyat, tarix va boshqalarni yoritib berishda bizga kerak boʻladigan barcha xabarlarni biz uchun saqlab keldilar. Ular oʻsha xabarlarni isnod bilan keltirishni oʻzlariga lozim tutdilar va keyingilarga ham shuni lozim qilib qoʻydilar.
Ular roviylarning holatlarini oʻrganib chiqdilarki, bu narsa xabarlarni tekshirishda katta yordam beradi. Ular oʻsha xabarlarni biz uchun saqlab keldilar.
Ular roviylarning holatlarini oʻrganib chiqib, har bir roviyga uning oʻziga munosib boʻlgan hukmni berdilar. Rivoyat qilgan xabarini olib, hujjat qilsa boʻladigan roviylar bilan boshqalarning oʻrtasini ajratib berib ketdilar…
Ular xabarlarning oʻzini ham tanqidiy oʻrganib chiqdilar va ular orasidan sahihlarini biz uchun ajratib olib, oʻzlarining sahih kitoblariga kiritib ketdilar. Zohiri sahih koʻringan xabarlarni ham oʻrganib chiqdilar. Ular oʻzlaridagi ulkan ilm boyligi, daqiq tushunchalari bilan ularni sahihlikdan chiqarib yuboradigan illatlarni oʻrgandilar. Keyinroq oʻsha illatlarni tushuntirib, xabarlarning sahihligiga xalal beradigan jihatlarni bayon qilib, ular haqida illatlarga oid asarlar bitdilar. Bundan tashqari ular yolgʻon xabarlarni yoʻqotishga urindilar va biror rivoyatning yolgʻonligi yoki zaifligini dalillar orqali koʻrsatib berish uchungina ularni naql qildilar. Ulardan keyin kelgan hadis ulamolari bu borada yengillik yoʻlini tutib, oʻzlari eshitgan har qanday xabarni rivoyat qilib ketdilar va ularning darajalarini bayon qilib, hukmini odamlarning oʻzlariga qoldirdilar. Chunki bu paytga kelib, xabarlarning darajasini aniqlashtiradigan qonun-qoidalarga asos solib boʻlingan, uning alomatlari toʻliq belgilab berilgan edi».[7]
Yuqorida oʻtganlarga koʻra, hadis bu – sanad[8] bilan naql qilishdir. Chunki u dinning asoslaridan biridir.
davomi bor…