Home / MAQOLALAR / IMOM BUXORIYNING “TARIXUL KABIR” ASARINI ILMIY AHAMIYATI

IMOM BUXORIYNING “TARIXUL KABIR” ASARINI ILMIY AHAMIYATI

Imom Buxoriy rahimahulloh ilmning bir necha yoʻnalishlarida koʻplab kitoblar yozganini bilamiz. U kishining mashhur va hajmi juda katta boʻlgan kitoblaridan biri “Tarixul kabir” kitobidir. Imom Buxoriyning “Tarixul kabir” kitobi Islom dinida yozilgan kitoblarning ulugʻrogʻi va roviylar tarixi haqida eng birinchi taʼlif etilgan kitoblardan biridir. Imom Buxoriydan keyin kelgan har qanday kishi bu kitobga boquvchidir. Abu Abbos ibn Said: “Agar bir kishi oʻttiz mingta hadis yozsa ham Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning “Tarix” kitobidan behojat boʻlmaydi”, degan. Shuning uchun bu kitob “Sahihul Buxoriy” kitobini yozilishiga zamin boʻlgan deyiladi. Bu “Sahihul Buxoriy”ning tushunarsiz joylarini tushuntiradigan, shifrlarini ochadigan va ishoralarini aniqlab beradigan kalitdir.

Imom Buxoriyning “Tarixul kabir” kitobi sahobalar, tobeʼiynlar va oʻz ustozlarigacha boʻlgan hadis roviylarining tarjimai holini jamlagan kitobdir. Imom Buxoriyning oʻzi bu kitobni boshlashi haqida gapirib bergan. U kishi: “Men haj qilib boʻlganimda, akam onamni olib uyga qaytdi. Men hadis oʻrganish uchun qoldim. Oʻn sakkiz yoshga toʻlganimda, “Qazoya as-sahoba va at-tobeʼiyn va aqoviluhum” kitobini yozdim. Oʻsha payt Ubaydulloh ibn Musoning davri edi. Men “Tarix” kitobimni oydin kechalarda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qabrlari yonida yozgandim. “Tarix” kitobimdagi har bir ismning qissasi bordir. Lekin, men kitobni uzun qilib yuborishni xohlamaganim uchun qissalarni keltirmadim”, degan[1]. Maʼlumki, Imom Buxoriy oʻzining “Tarix” kitobini uch bosqichda yozgan. “Tarixus sagʻir”, “Tarixul avsot” va “Tarixul kabir”.

Imom Buxoriyning eng birinchi yozgan va eng katta kitoblaridan biri “Tarixul kabir” kitobidir. Bu kitobni Imom Buxoriy Nishopurga kelganida oldiga kelib taʼlim olgan shogirdlaridan biri Abu Ahmad Muhammad ibn Sulaymon ibn Foris Nishopuriy va boshqa kishilar Imom Buxoriyning oʻzidan rivoyat qilganlar. Imom Buxoriy oʻzining “Tarixul kabir” kitobini hijriy 212 yilda yoza boshlagan. Bu kitob Imom Buxoriyning zamonidayoq tarqalgan edi. Buning isboti Xatib Bagʻdodiy Imom Buxoriydan rivoyat qilgan rivoyatdir. Imom Buxoriy shunday degan: “Isʼhoq ibn Rohavayh mening “Tarix” kitobimni Xurosonning amiri Abdulloh ibn Tohir (hijriy 182-230 y.)ning oldiga olib kirib: “Ey, moʻminlar amiri! sizga sehrni koʻrsatayinmi?”, dedi. Shunda Abdulloh ibn Tohir kitobga qarab taajjublandi va: “Bu kitobning yozilishiga fahmim yetmadi”, dedi”[2]. Bu gap kitobning ahamiyati va ilmiy qiymati qanchalar yuqori ekanligini bildiradi.

Isʼhoq ibn Rohavayh Imom Buxoriyning vafotidan oʻn sakkiz yil oldin hijriy 238 yilda vafot etgan[3]. Bu maʼlumot bizlarga Imom Buxoriy oʻzining “Tarixul kabir” kitobini hijriy 238 yildan oldin yozib boʻlganini bildiradi.

Ammo bu kitobda oʻsha vaqtdan keyin vafot etgan baʼzi kishilarning tarjimai holini borligi, biz yuqorida zikr qilgan gap bilan qarama-qarshi boʻlib qolmaydi. Ehtimol, Isʼhoq ibn Rohavayning qoʻlidagi nusxa kitobning oxirgi nusxasi boʻlmagandir. Chunki, “Tarixul kabir” kitobining yozilishi oʻzining oxirgi bezagi bilan chiqquncha uch bosqichda davom etgan. Shu bilan birga kitobning nomini Imom Buxoriyning oʻzi “Tarix” deb nomlagan. Imom Buxoriy: “Agar baʼzi ustozlarimga yozgan kitoblarim koʻrsatilsa, ular mening “Tarix” kitobimni qanday qilib yozganimni tushunmaydi va bilmaydilar. Men “Tarix” kitobimni uch marta yozdim”, degan[4]. Yaʼni, Imom Buxoriy oʻzining “Tarixul kabir” kitobini yozib boʻlib, odamlar uchun nashr etgan. Soʻngra, oʻsha nusxaga qoʻshimchalar qoʻshib, toʻldirib borib, kitobni ikkinchi marta nashr etgan. Soʻngra, yana qoʻshimchalar qoʻshib, toʻldirib borgan. Hatto, uni uchinchi marta nashr etgan. Demak, “Tarixul kabir” kitobi ham mukammal bir kitob holiga kelguncha mana shu uch bosqichni bosib oʻtgan.

Doktor Ahmad Abdulloh oʻzining doktorlik ishida “Imom Buxoriy oʻzining “Tarixul kabir” kitobini yozishda uzoq vaqt davom etgan”, deb aytadi. Buning isboti, Imom Buxoriy bu kitobida hijriy 249 yilda vafot etgan roviylarning tarjimai holini ham keltirgan[5].

Doktor Odil Abdushakur Zarqiy “Tarixul kabir” kitobining ikkita nashri keng tarqalgan deb aytadi. Birinchisi: Shayx Abdurahmon Yamoniyning tahqiqi bilan Hindistonning Dairotu-l-maʼorif nashriyotida nashr qilingani. Ikkinchisi: Mustafo Abdulqodir Atoning tahqiqi bilan Saudiya Arabistonining Daru Toviq an-najah nashriyotida nashr qilingani.

“Tarixul kabir” kitobida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlaridan Imom Buxoriygacha boʻlgan davrda yashab oʻtgan oʻn toʻrt mingga yaqin roviylarning tarjimai holi keltirilgan. Shundan mingga yaqin roviylarning tarjimai holi esa “Tarixul kabir”ning soʻngida, alohida juz qilib keltirilgan “Kunyalar” kitobida bayon etilgan.

Imom Buxoriyning nomi “Sahihul Buxoriy”ga bogʻlangani maʼlum. Lekin, “Tarixul kabir” kitobi ulamolarning oldida katta ahamiyatga egadir.

Roviylarning tarjimai holi haqida mana shu tartibda kitob yozgan kishilarning avvalgisi Imom Buxoriydir. Koʻpchilik ulamolar buni eʼtirof etishgan.

Imom Abu Ahmad Hokim Kabir (vaf. 378 h.): “Muhammad ibn Ismoilning “Tarixul kabir” kitobi biror kitob oʻtib ketolmaydigan kitobdir”, degan[6]. Ibn Rajab Hanbaliy: “Imom Buxoriyning koʻplab kitoblari bor. U kishi oʻzining “Sahihul Buxoriy” va “Tarixul kabir” kitoblarini yozishi bilan barcha insonlardan oʻzib ketdi”, degan[7].

Bu kitob hadis ilmining ikkita asosiy ruknini yaʼni, ilmi rijol (hadis roviylarining tarjimai holi haqidagi ilm) va ilmi ilal (hadis illatlari haqidagi ilm)ni oʻrab olgan. Ibn Rajab bu kitob haqida: “Bu biror kitob oʻtib ketolmaydigan katta kitobdir. Bu kitob tarixlar, illatlar va ismlarning barchasini toʻplovchidir”, degan[8]. Kitobning voqeligi ham bu eʼtirofni qoʻllab – quvvatlaydi. Bu kitobda 6095 ta hadis matni zikr etilgan.

Xatib Bagʻdodiy oʻzining “Bagʻdod tarixi” kitobida Abu Abbos ibn Saidning: “Agar bir kishi oʻttiz mingta hadis yozsa ham Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning “Tarix” kitobidan behojat boʻlmaydi”, degan gapini keltirgan[9].

Imom Zahabiy oʻzining “Siyaru aʼlomi-n-nubalo” kitobida Abu Sahl Shofeʼiyning ushbu gapini keltiradi: “Oʻttizdan koʻproq Misrlik ulamolardan eshitgan edim. Ular: “Bizlarning bu dunyodagi ehtiyojimiz Muhammad ibn Ismoilning kitobini oʻqishdir”, deganlar”[10].

Xatib Bagʻdodiy va Imom Zahabiyning yuqoridagi gaplari bu kitobning qiymati naqadar ulugʻligini anglatadi. Demak, hadis ilmi bilan shugʻullanadigan hamma odam bu kitobni dars qilishi va unga murojaat qilishi lozim boʻladi.

Bu kitobdan juda koʻplab ulamolar foydalangan. Shulardan biri Imom Muslimdir. Abu Ahmad Hokim: “Kimki Muslim ibn Hajjojning “Ismlar va kunyalar” nomli kitobi haqida oʻylab koʻrsa, albatta, bu kitob Muhammad ibn Ismoilning “Kunyalar” kitobidan birmi-bir koʻchirilganini bilib oladi”, degan[11].

“Tarixul kabir” kitobidan foydalangan kishilardan yana biri Imom Termiziydir. U kishi oʻzining “Al-ilal as-sogʻir” nomli kitobida shunday degan: “Kitobimda zikr qilingan illatlar, hadislar, odamlar va tarixlarni “Tarixul kabir” kitobidan oldim va bu maʼlumotlarning koʻprogʻi men Muhammad ibn Ismoil bilan bahs olib borgan narsalardir”, degan[12].

“Tarixul kabir” kitobining atrofida qirq beshdan koʻproq risola va kitoblar yozilgan. Birgina kitobning atrofida bu qadar koʻp risola va kitoblarning yozilishi, bizlarga kitobning ahamiyati va qiymati naqadar buyukligini bildiradi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

  1. Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon Zahabiy. Siyaru aʼlomi-n-nubalo: 25 jildli. Shuʼayb Arnout tahqiqi. – Bayrut: Doru muassasa ar-risala, 1985. J: 12. B: 400.
  2. Abu Jaʼfar Varroq Buxoriy. Shamoili Buxoriy. Abu Muoviya Bayrutiy nashri. – Bayrut: 2019. B: 27.
  3. 3. Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. At-tarix al-avsat. Mahmud Ibrohim Zoyid tahqiqi. – Damashq: Dor at-turos, 1977. J: 2. B: 368.
  4. Xatib Abu Bakr Ahmad ibn Ali ibn Sobit Bagʻdodiy. Bagʻdod tarixi. 21 jildli. Bashshor Avad Maʼruf tahqiqi. – Bayrut: Dor al-gʻarb al-islamiy, 2001. J: 2. B: 325.
  5. Ahmad Abdulloh. Manhaj al-Imom al-Buxoriy fiy at-taʼlil min xilal kitabihi at-tarix al-kabir, doktorlik ishi. – Urdun: Jamiʼa al-yarmuk, 2005. B: 28.
  6. Hokim Abu Ahmad Muhammad ibn Muhammad ibn Isʼhoq. Al-asomiy va-l-kuna. Yusuf Muhammad Doxil tahqiqi. – Saudiya: Dorul gʻurobo, 1994. J: 2. B: 274.
  7. Abdurahmon ibn Ahmad ibn Rajab Salomiy Bagʻdodiy Dimashqiy. Sharhu ilali-t-Termiziy. 2 jildli. Doktor Humom Said tahqiqi. – Qohira: Maktabatul minor, 1987. J: 1. B: 496.
  8. Abdurahmon ibn Ahmad ibn Rajab Salomiy Bagʻdodiy Dimashqiy. Sharhu ilali-t-Termiziy. 2 jildli. Nuruddin Itr tahqiqi. – Damashq: Dorul milah, 2008. J: 1. B: 338.
  9. Xatib Abu Bakr Ahmad ibn Ali ibn Sobit Bagʻdodiy. Bagʻdod tarixi. 21 jildli. Bashshor Avad Maʼruf tahqiqi. – Bayrut: Dor al-gʻarb al-islamiy, 2001. J: 2. B: 326.
  10. Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon Zahabiy. Siyaru aʼlomi-n-nubalo: 25 jildli. Shuʼayb Arnout tahqiqi. – Bayrut: Doru muassasa ar-risala, 1985. J: 12. B: 426.
  11. Abu Ahmad Hokim Kabir Muhammad ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Isʼhoq Nishopuriy. Al-asomiy val kuna: 5 jildli. Abu Umar Muhammad ibn Ali Azhariy tahqiqi. – Qohira: Dor al-Foruq, 2015. J: 2. B: 274.
  12. Muhammad ibn Iso Termiziy. Al-ilal as-sogʻir. Ahmad Shokir tahqiqi. – Bayrut: Doru ihyai-t-turosi-l-arabiy. B: 738.
Abduvosi SHONAZAROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …