Imom Buxoriy rahimahullohning shoh asari boʻlmish “Sahihul Buxoriy” kitobi Qurʼoni karimdan keyingi eng moʻtabar manba hisoblanadi. Imom Buxoriy rahimahulloh uni 16 yil mobaynida yozgan. “Sahihul Buxoriy”ni yozish jarayonida taqvo masalasiga alohida eʼtibor berganlar.
Xatib Bagʻdodiy bu borada Imom Buxoriyning tilidan quyidagicha rivoyat qilgan: “Gʻusl qilib, 2 rakat namoz oʻqimay turib, “Sahih” kitobimga birorta hadis kiritmaganman”.
“Sahihul Buxoriy”dagi hadislar soni 7563 ga teng. Imom Buxoriy rahimahulloh asarning ichki tuzilmasida oʻziga xos uslub qoʻllagan. Uni kitoblarga ajratgan. Masalan, “Tahorat kitobi”, “Namoz kitobi”. Har bir bu kitobga tegishli boblar va hadislarni kiritgan.
Tafsirga oid qismini “Qurʼon tafsiri kitobi” deb nomlagan. Undagi hadislar soni “Sahihul Buxoriy”ning 7 foizini tashkil qiladi. Bu qismda jami 353 bob va 504 hadis keltirilgan. Takror hadislar 18 ta, mazmunan bir xil boʻlganlari 4 tani tashkil qiladi. Roviylar 99 ta boʻlib, eng koʻp hadisni Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qilgan.
Imom Buxoriy keyingi kitobni “Qurʼon fazilatlari kitobi” deb nomlagan. Unda asosan suralar fazilati borasidagi hadislarni yigʻib chiqqan.
Manbalar asosida Dilovar Sultonova tayyorladi