Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Turkiyaning 19 may universiteti hamkorligida “Islom madaniyatining asosi – hadis ilmi va zamonaviy hadisshunoslik tadqiqotlari” mavzusida xalqaro onlayn seminar oʻtkazildi.
Mahalliy va xorijiy tadqiqotchilar, diniy ulamolar va xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari ilmiy xodimlari ishtirok etgan anjumanda 19 may universiteti rektori, Prof. Dr. Yavuz Unal mavzu yuzasidan maʼruza qildi.
Olim hadis ilmining islom madaniyatidagi oʻrni haqidagi soʻzni Paygʻambarimiz Muhammad (S.A.V.)ga ilk vahiy kelgan holat va nozil boʻlgan ilohiy kalimalar maʼnolarini izohlashdan boshladi. Taʼkidlanganidek, Nabiy (S.A.V.)ning vahiylarni odamlarga tushunarli qilib yetkazishlari jarayonida paydo boʻlgan hadislar ijtimoiy madaniyatga ijobiy taʼsir oʻtkaza boshlagan. Professor Unalning fikricha, hujayrasi oila boʻlmish har bir jamiyatning oʻziga xos madaniy tuzilmasi va ehtiyojlari tarkibi hadislarda bayon etilgan ibodat shartlari va eʼtiqodiy talablar vositasida yangi kishilik jamiyatini shakllantirib borgan.
– Madaniyat odamlarni oʻzgartiradi va jamiyatga moslashtiradi. “Islom madaniyati” esa keng tushuncha. U musulmon jamiyatlarining barchasini qamrab oladi. Ayrim qoidalar asosida madaniy jihatdan farqlanuvchi bu jamiyatlarning umumiy xususiyati – bu oyatlar va hadislar, – dedi olim.
Yavuz Unal hadisning islom manbai sifatida odamlar dunyoqarashi va xulq-atvorini yaxshi tomonga oʻzgartirib yuboradigan darajadagi qudratini alohida taʼkidlab, hayotini oyat va hadislar asosida qurgan kishi ularni shunchaki yodlab olgan musulmondan ancha afzal boʻlishini qayd qildi.
Maʼruzachi bugun mamlakatimiz xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarida hadisshunoslik boʻyicha zamonaviy izlanishlar olib borilayotganidan mamnuniyat izhor etib, islomni asl holida anglash va sofligini saqlash yoʻlidagi saʼy-harakatlarda ushbu muassasalarga zafarlar tiladi.
Seminar qizgʻin savol-javob va muhokamalar bilan davom etdi.