Abu Rayhon Beruniy (973-1048) butun hayoti va faoliyatini tabiiy, tarixiy va ijtimoiy fanlar tadqiqiga bagʻishlagan yirik qomusiy olimdir. Buning isboti sifatida Beruniyning yaqin kishilaridan boʻlgan qozi Valvolijiyning quyidagi soʻzlarini keltirish mumkin: “Men Abu Rayhon huzuriga u ogʻir nafas olayotgan, xirillab qolgan vaqtda kirdim. “Kimlar merosxoʻr boʻlishi haqida aytganlaringni takrorlab ber”, – dedi. Unga ichim achib: “Shu holingda shuni soʻraysanmi!” dedim. U esa: “Ey falonchi, men uchun bu masalani bilgan holimda dunyodan oʻtish, uni bilmay ketishdan afzalroq emasmi?” dedi. Men uni (masalalarni) takrorlab berishga majbur boʻldim. U yodida saqlab qoldi. Keyin menga bu haqdagi oʻy-fikrlarini aytib berdi, shundan soʻng men chiqib ketdim. Tashqariga chiqishim bilan uydan yigʻi ovozi eshitildi”[1].
Ilmga bunday yuksak ixlos, hurmat va sadoqat fanning chinakam fidoyilarigagina xos boʻlib, bu jihat mutafakkirning bilim-maʼrifat talabida koʻpchilikka ibrat ekanini koʻrsatadi.
Beruniyni biz asosan tabiiy fanlarning dolzarb masalalari bilan shugʻullangan olim deb bilamiz. Ammo alloma ijodining asosini borliqning yaralishi, hayotning mohiyati, inson muammolari kabi falsafaning muhim masalalari tashkil etgani koʻpchilikka nomaʼlum.
Mutafakkir borliqqa nochiziqli yondashuv asosida qaraydi. Uning taʼkidlashicha, olamdagi hamma mavjudot besh unsur (osmon, shamol, olov, suv va tuproq)dan iboratdir[2]. Olamni idora qiluvchi manba – “tuzilish va buzilish”dan iborat ziddiyatdir[3]. Olamda narsalar rivojlanib turadi, narsalarning nihoyasiz ravishda “yashirinlikdan yuzaga chiqishi”[4], mavjudlikka chiqishi ularning taraqqiyotiga dalildir. Ushbu jihat ular doimo oʻzgarishda ekanini, mohiyat bilan hodisa oʻrtasidagi bogʻlanish cheksiz dialektik jarayonligini oʻzida ifoda etadi.
Olimning qayd etishicha, har bir murakkab narsaning sodda boʻlaklari bor, murakkablik shular yigʻindisidan kelib chiqadi. Murakkablik boʻlaklarga ajralib tarqaladi. Ushbu fikr murakkablik, murakkab sistemalarning hamkorlikdagi oʻzini-oʻzi rivojlantirishi haqidagi fan hisoblangan sinergetikaning[5] murakkablikdagi oddiylik va oddiylikdagi murakkablik tamoyillariga mos keladi. Sinergetikaning uslubiy va evristik ahamiyati shundaki, bu nazariya muvozanatdan uzoqda boʻlgan turli tabiatli tizimlarning oʻzini oʻzi tashkillashtirishi, boshqarishi, rivojlantirishi kabi faoliyatning universal qonuniyatlarini ochib beradi[6].
Mutafakkir odamlarning rang, surat, tabiat va axloqda turlicha boʻlishi nafaqat narsalarning, balki tuproq, suv, havo va joylar tabiati (muhit)ning turlichaligidandir[7], deb yozadi. Bu esa insonning ochiq va murakkab tizim sifatida atrof-muhit bilan modda, energiya va axborot almashuvi natijasida rivojlanib borishiga oid sinergetik tamoyil xususiyatlariga xosdir.
Beruniy insonni oʻrganar ekan, uning odatlarini yaxshi va yomonga ajratib, yoqimli xislatlarga taqvodorlik, toʻgʻrilik, oʻzini saqlash, dindorlik, odillik, insof, kamtarlik, latofat, sobitqadamlik, ehtiyotkorlik, saxiylik, muloyimlik, siyosat va boshqarishdagi (ishlarida bilimdonlik) tadbirkorlik, toʻgʻri taxmin qila bilish (ilmiy bashorat) va boshqa sifatlarni kiritadi. Yomon odatlar esa qasdlashish, raqobatlashish, nafsiga ergashish, mansab uchun kurashish va shunga oʻxshashlardan iboratdir. “Faxrlanish, – deydi alloma, – yaxshi xulqlar va oliy feʼllarda ilgʻor boʻlish, ilmu hikmatni egallash va nopokliklardan imkon qadar tozalanishdir. Kimda shunday sifatlar topilsa, hukm uning foydasiga va kimda bular yetishmasa, hukm uning zarariga boʻladi”[8].
Olim inson rivojlanishining nafaqat ijobiy tomonlarini, balki salbiy va halokatli jihatlarini ham ochib berib, ularni “sinxronizmga jalb qilish”, “xaosni tartibga evriltirish”, “oʻzini oʻzi tashkil etish” tamoyillari orqali muammolarni hal etishning konstruktiv yoʻllarini taklif qiladi.
Taʼkidlanishicha, ahmoqlik daʼvosi yoʻq kasallikdir. Bundaylarning eʼtiqodicha, dunyoda ular yeridan boshqa yer yoʻq, ular jinsidan boshqa xalq yoʻq, ular boshligʻidan boshqa podshoh yoʻq, ulardagidan boshqa ilm yoʻq va dinidan boshqa din yoʻqdir. Ular oʻzini yuqori tutib, bemaʼni harakatlar qiladi va kibrlanib, oqibatda bilimsiz qoladi[9]. Alloma shu tariqa xudbinlik, baxillik, hasad va kibrni inson maʼnaviy tanazzulining asl manbalari sifatida qoralab, ulardan saqlanishga chaqiradi.
Mutafakkirning qayd etishicha, “Falsafa – mumkin boʻlganicha Tangriga ergashish va qoyil boʻlishdan iborat”[10]. Bu fikr falsafaning bosh masalasi boʻlgan inson hayotining mazmuni, insoniylikning mohiyati nima, degan savollarga muxtasar javobdir. Barcha dinlar, shu jumladan, islom ham oʻzining Qurʼoni karim, hadisi sharif kabi muqaddas manbalarida Alloh amriga boʻysunishni targʻib etadi. Koʻproq ezgu amallarni bajarish va yovuzliklardan tiyilishni buyuradi.
Beruniy: “Muhtoj boʻlingan narsalarga yetishish uchun boʻladigan tama koʻplarni Tangriga yolvortiradi[11]. Faylasuf (mutafakkir nazdida faylasuf – donishmand kishi BT.) nafsi badanga (jismidagi salbiy sifatlarga B.T.) haqorat bilan qaraydi va undan ajralishni istaydi. Agar inson zaruratdan boshqada nafsga boʻysunmasa, aksincha, unga hokim boʻlsa, ilmsizlikdan qutulib, maʼrifatga yaqinlashgan pok zot boʻlur edi”[12], deb yozadi. Mutafakkirning ushbu mulohazalarini insonda oʻz-oʻzini tashkillashtirish tamoyili asosida kechadigan oʻziga xos kamolot yoʻli sifatida eʼtirof etish mumkin.
Mutafakkir nazdida ilm orqali johiliyatdan xalos boʻlishga erishish faqat yomonlikdan tiyilish bilangina vujudga keladi. Yomonlikning shoxobchalari koʻp boʻlsa ham, ularning asosi tama, gʻazab va ilmsizlikdir. Shu asoslar qirqilsa, shoxobchalar soʻladi, u asoslar ishtaha va gʻazab quvvatlarining yoʻlboshchiligidan kelib chiqadi. Bu ikki quvvat insonga eng kuchli va eng halokatli dushman boʻlib, odamni har turli lazzat va rohatlar bilan aldaydi. Lazzat va rohat esa ranj va gunohlarga olib boradi. Ularga berilgan inson yirtqich hayvonlarga, hatto iblisga oʻxshab qoladi[13]. Mutafakkir insonlarni yomonlikning, yovuzlikning tub ildizlari tama, gʻazab va ilmsizlik ekanidan ogoh etib, ulardan poklanishga va ilmu maʼrifatga oshnolikka chaqiradi.
Beruniyning taʼkidlashicha, “Haqiqiy olimga alam va lazzat taʼsir koʻrsata olmaydi. Ushbu choʻqqiga hirs va gʻazabini yenggan kishi koʻtarila oladi”. Hirs va gʻazabni yengish uchun doimo Tangri zikrida boʻlish taqozo etiladi. Gʻoyat darajadagi matlub narsa uzluksiz fikr qilishdir. Inson axloqi yaxshi boʻlib, nafsini shunga odatlantirgan, hatto nafsida shunday xulq tabiiylashib, zotiy bir sifatga aylangan kishi asta-sekin oʻshanday matlubga (komillikka) erishadi. Olim deganda kim tushuniladi? Albatta, ilmli, ilmiga amal qiluvchi taqvoli insonlar nazarda tutiladi. Demak, kishi ilm vositasida nafaqat maʼnan yuksaladi, balki hirs, gʻazab kabi shaytoniy sifatlardan oʻzini himoya ham qiladi.
Mutafakkirning qayd etishicha, yaxshi xulq, din talab etadigan odoblar boʻlib, asli va asosi koʻp maʼnolarni oʻz ichiga oladigan talay harakat va feʼllardan iboratdir. Xususan, qotillik, oʻgʻirlik va zino kabi oʻta ogʻir gunohlarni qilmaslik, yolgʻon gapirmaslik, molu davlatga ruju qoʻymaslik, doimo pokiza yurish, roʻza tutish, Tangrini zikr qilish[14] shular jumlasidandir. Taʼkidlangan ushbu ezgu sifat va amallarni oʻzlashtirish orqali kishi yaxlit tartiblashgan tizim sifatida oʻzini oʻzi tashkillashtiradi va yanada takomillashadi.
Xulosa qilib aytganda, Abu Rayhon Beruniy milliy, diniy, irqiy cheklanishlardan butunlay xoli boʻlib, har bir masalaga koʻp muqobillilik asosida aqliy yondashgan. Turli fan sohalariga oid fundamental asarlar yaratib, dunyo sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan qomusiy olim, buyuk mutafakkir va faylasufdir. Mutafakkir ilmiy-maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish uning mazmun-mohiyatini toʻgʻri anglashga xizmat qiladi.