Home / MAQOLALAR / TЕMURIYLAR DAVRIDA QURʼON ILMLARI RIVOJI

TЕMURIYLAR DAVRIDA QURʼON ILMLARI RIVOJI

Qurʼoni karimga musulmon ulamolari tomonidan doimo yuksak eʼtibor berib kelingan. Sahobalar davridan hozirgi kunimizga qadar ushbu muqaddas kitob qamragan ilmlarga doir bir qancha asarlar taʼlif etilgan. Nafaqat musulmonlar, balki musulmon boʻlmagan xalqlar ham bir necha asrlardan buyon Qurʼoni karimni eʼtibor bilan oʻrganib keladilar.

Jahon tarixida sezilarli iz qoldirgan temuriylar sulolasi (1370–1507) Movarounnahr diyorida ilm-fan va madaniyat taraqqiyoti yoʻlida salmoqli ishlarni amalga oshirdi. Temuriylar davrida Movarounnahr Oʻrta asrlar Sharq tamaddunining markazlaridan biri edi. Mazkur davrda Qurʼon ilmlarining muhim sohasi hisoblangan tafsir ilmiga katta eʼtibor qaratildi. Qurʼoni karim ilmlariga bagʻishlangan asarlarning aksar qismi ushbu ilm sohasida tasnif etildi. Xususan, bu davrda XII–XIII asrlarda yozilgan Mahmud Zamaxshariyning “al-Kashshof”, Abu Hafs Nasafiyning “Madoriku-t-tanzil”, Qozi Bayzoviyning “Anvoru-t-tanzil va asroru-t-taʼvil” kabi mashhur tafsir asarlariga sharh va hoshiyalar bitildi. Mustaqil yozilgan tafsirlarning aksariyati esa aqliy tafsir turlari sanalib, ular orasida tilshunoslik va ishoriy yoʻnalishdagi tafsirlar salmogʻi yuqori. Shuningdek, bu davrga xos xususiyatlardan biri ayrim suralar tafsiriga bagʻishlangan asarlar yozilishi boʻldi.

Adabiyotlarda Amir Temur bejizga ilm-maʼrifat homiysi sifatida tilga olinmaydi. Sarkarda qaysi yurtga bormasin, oʻsha yerdagi koʻzga koʻringan olimlar, oʻz sohasining mutaxassislariga omonlik berilishini taʼkidlar, ularni Samarqandga olib kelib, ustoz maqomiga koʻtarar edi. Aynan ushbu omil saltanatning Amir Temurdan keyingi hayotida ham sharʼiy ilmlar, adabiyot, astronomiya, matematika kabi sohalarda salmoqli ishlar amalga oshirilishi uchun poydevor boʻldi.

Amir Temur davrida Samarqandda yashab, ilmiy faoliyat olib borgan mashhur olimlardan biri, kalom, mantiq, arab tili qoidalari, handasa, fiqh, tafsir kabi bir qator ilmlarning bilimdoni sanalgan Saʼduddin Taftazoniy (1322–1389)dir. Olim qirqdan ziyod asarlar yozgan boʻlib, ularning aksariyati hozirga qadar diniy taʼlim muassasalarida darslik sifatida oʻqitib kelinmoqda. Uning tafsirga oid “Hoshiya ala-l-Kashshof” (“Talxis al-Kashshof”) asari mashhur. Fors tilida yozilgan mazkur tafsirning bitta qoʻlyozma nusxasi 1:№ 10596 raqami ostida OʻzR FA SHIda saqlanmoqda[1]. Asar Mahmud Zamaxshariyning “Kashshof” asariga yozilgan hoshiya hisoblanadi. Bu haqda Hoji Xalifa: “Ushbu asar “Kashshof” sharhiga taʼliq qilib yozilgan”, deb taʼkidlagan. Taftazoniy ushbu asarni 1385 yili Samarqandda yozishni boshlagan, ammo oxiriga yetkaza olmagan. Asar Baqara surasidan Hud surasigacha va Zumar surasidan Taloq surasigacha boʻlgan suralarni oʻz ichiga qamrab olgan. Britaniya muzeyida asarning yana bir qoʻlyozma nusxasi saqlanadi[2].

Shuningdek, manbalarda “Kashf al-asror va uddat al-abror fi tafsir al-Qurʼon” nomli asar ham Taftazoniyga nisbat beriladi. OʻzR FA SHIda 1:№ 3742 raqami ostida “Kashf al-asror va uddat al-abror” nomli asar mavjud boʻlib, u Taftazoniyga taalluqli deyilgan[3]. Ushbu asar Qurʼoni karimga yozilgan forscha tafsirdir[4].

Amir Temur hukmronlik yillarida Samarqandda faoliyat olib borgan yana bir zabardast olim Sayyid Sharif Jurjoniy boʻlib, olim 1340 yili Jurjon yaqinidagi Toku qishlogʻida tavallud topgan. Olimning toʻliq ismi Abul Hasan Ali ibn Muhammad ibn Ali boʻlib, sayyid nisbati paygʻambar Muhammad (alayhissalom)ga nasab jihatidan bogʻliqligi sababidan berilgan. Amir Temur 1387 yili Sherozni ishgʻol qilgach, olimni Samarqandga olib kelgan va uni barcha mudarrislarga rais maqomiga koʻtargan edi. Sayyid Sharif Jurjoniy va uning asarlari haqida olib borilgan tadqiqotlarga koʻra, olim diniy va dunyoviy ilmlarga bagʻishlangan yuzga yaqin asar yozgan. Asarlarining aksar qismini sharh va hoshiyalar tashkil etadi. Sayyid Sharif Jurjoniyning arab tili va adabiyotiga doir asarlari ilm ahllari doimiy murojaat qiluvchi kitoblar sifatida nasldan naslga oʻtib keldi va uning fikrlari madrasalarda til va adabiyot darsliklari uchun asos boʻlib xizmat qildi[5]. Bulardan tashqari Jurjoniy tafsir, hadis, usuli hadis, bahs va munozara, geometriya va astronomiya ilmlariga oid qimmatli asarlar yozganki, ularning barchasi mazkur ilm sohalari mutaxassislari tarafidan qabul qilingan va ushbu sohalarning muhim manbalaridan hisoblab kelinmoqda.

Tabaqot asarlarida olimning tafsir ilmiga oid “Hoshiya ala tafsir al-Bayzoviy”, “Tafsir az-zahrovayn”, “Hoshiya ala-l-Kashshof”, “Tarjumon al-Qurʼon”, “Risola fi qovlihi taala “Sanuriyhim ayatina fi-l-ofoqi va fi anfusihim””, nomli asarlari zikr etiladi. Hozirga qadar olib borilgan tadqiqotlar natijasida olimning Qurʼon ilmlariga oid yuqorida sanab oʻtilgan asarlaridan tashqari “Sharh mufradot al-alfoz al-Qurʼon li-r-Rogʻib” nomli asar taʼlif etgani ham aniqlandi. Shuningdek, uning mashhur diniy istilohlar qomusi hisoblangan “at-Taʼrifot” asarida ham Qurʼon ilmlari va Qurʼoni karimda zikr etilgan ayrim iboralarning taʼriflari keltirilgan. Bundan kelib chiqib, mazkur asarni olimning Qurʼon ilmlariga oid asarlari qatorida tadqiq etish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Xoja Porso Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Hofiziy Buxoriy Movarounnahrning ulugʻ olimlaridan, naqshbandiya tariqatining mashhur shayxi va Xoja Bahouddin Naqshbandning yaqin shogirdi. 1355 yilda Buxoroda tugʻilgan. Allomaning umumiy hisobda yigirmaga yaqin asarlari mavjudligi manbalarda aytilgan. Ulardan tafsirga oid “Tafsiri Qurʼon” nomli asari mashhur. Uning 1:№ 2180 raqami ostida bir qoʻlyozma nusxasi OʻzR SHIda saqlanadi. Uning 3 beti Abdurahmon Jomiyga tegishli. Mazkur tafsir Qadr surasidan Humaza surasigacha boʻlgan suralar tafsiriga bagʻishlangan. Xoja Muhammad Porso tasavvuf peshvolaridan boʻlgani uchun ham boshqa asarlari qatori tafsirida ham unga eʼtibor qaratadi. Tafsirda Fotiha, Qadr, Bayyina, Zalzala, Adiyat, Qoria, Takasur, Asr va Humaza suralaridir.

Umrining asosiy qismini Movarounnahrda oʻtkazgan va shu yerda vafot etgan Yaʼqub Charxiy 1363 yilda Afgʻonistonning Gʻazna shahriga qarashli Charx qishlogʻida tugʻilgan. Olim “Tafsir-i Charxiy” nomli tafsir kitobini yozgan. Uning bir necha qoʻlyozma nusxalari OʻzR FA SHIda saqlanmoqda. Mazkur tafsir fors tilida yozilgan boʻlib, u tasavvufiy tafsirlardan sanaladi. Chunki mufassir bir tomondan Naqshbandiy tariqatining peshvolaridan boʻlsa, yana bir tomondan oʻsha paytda fors tilida asarlar yozish anʼana tusini olgan edi. Shu sabab ham muallif ushbu anʼanaga muvofiq, forsiy tafsir bitadi.

“Tafsiri Charxiy” asari Oʻrta Osiyoda fors tilida yozilgan ilk tafsirlardan biri hisoblanadi. Lekin, ushbu tafsir Qurʼoni Karimning toʻliq tafsiri boʻlmay, balki Fotiha surasi hamda oxirgi ikki porani oʻz ichiga oladi. Tafsirining bu kabi qisqa boʻlishi haqida muallifning oʻzi shunday deydi: “Mendan bir guruh doʻstlar, birodarlar Fotihaga hamda Mulk surasidan to kitobning oxirigacha katta-kichik foydalana olishlari uchun fors tilida tafsir yozib berishimni iltimos qildilar”[6]. Shu tariqa tafsir yozishga kirishgan Mavlono Charxiy oʻz asarida jami 49 ta surani tafsir qildi. Lekin tafsirning yozilgan sanasi esa aniq emas.

Movarounnahrlik taniqli muarrix, faqih va mufassir Kamoluddin Sulton Muhammad Hofiz Koʻhakiy Farkandiy Toshqandiy 1490 yilda Toshkentda tugʻilgan. Mavlono Ali Qushchining nabirasi hisoblangan ushbu olim yoshligidan ilm talabida Misr, Iroq, Shom, Yaman, Hijoz, Afgʻoniston, Eron, Turkiya, Sharqiy Turkistonga safar qilgan. Bobur huzuriga elchi boʻlib borgan. Oʻz yerining bir qismida madrasa tashkil etib, oʻzi ham unda dars bergan. 1572 yilda vafot etgan, qabri Qaffol Shoshiy maqbarasiga kiraverishda joylashgan.

Olimning Qurʼon sharhiga oid “Hoshiya ala tafsir al-Bayzoviy”[7] asari mavjud boʻlib, mashhur “Tafsir al-Bayzoviy”ga yozilgan hoshiya-izohdir. Shuningdek, Sharqshunoslik instituti xazinasida 1:№ 9857/4 raqami ostida Koʻhakiyga mansub deb berilgan “Tafsir oyatil Kursiy” asari saqlanmoqda[8]. Yana xuddi shu nomda ushbu muallifga taalluqli 1:№ 5600/26 raqami ostida bir asar ham boʻlib, uning koʻchirilgan sanasi 1250/1834 yilda deyilgan[9]. Bundan tashqari, 1№ 8160/5 raqami ostida bir asar boʻlib, uning koʻchirilgan sanasi: 1044/1634 yilga toʻgʻri keladi[10].

Temuriylar davrida ilmiy faoliyat olib borib, Qurʼon ilmlariga oid asarlar bitgan Muhammad ibn Jazariy, Ali Qushchi, Alouddin Ali Tusiy, Alisher Navoiy kabi boshqa koʻplab olimlarni ham sanab oʻtish mumkin.

Xulosa oʻrnida aytish lozimki, bu davrda yozilgan Qurʼon ilmlariga oid asarlarning aksar qismi tafsir yoʻnalishida boʻlib, ular muqaddam tasnif etilgan mashhur tafsirlar sharhi yoxud ayrim suralar tafsiriga bagʻishlangani bilan xususiyatlidir. Ularni oʻrganish va ilmiy muomalaga kiritish davlatchiligimiz asosi boʻlmish temuriylar davrida Qurʼon ilmlarining oʻrganilishi va rivojlanish bosqichlari boʻyicha xulosa qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

[1] Bu qoʻlyozma 437 varaq (437 b – 1 b.)dan iborat; 14×24,5 sm; 21 yoʻl; lavhali; arabcha; nasx xatida. Qarang: Umurzoqov B. Tafsiri bahr. Qoʻlyozma kitoblar asosida Qurʼoni karim oyatlari maʼnolarining ilmiy-izohli tarjima va tafsirlari (29-30 juz): monografiya. – T.: “Toshkent islom universiteti” nashriyot-matbaa birlashmasi, 2010. – B. 412.
[2] Oʻ.Palvanov. Saʼduddin Taftazoniy va uning “Sharh al-aqoid an-Nasafiya” asari. – T.: “Toshkent islom universiteti” nashriyot-matbaa birlashmasi, 2015. – B. 21.
[3] Masʼud ibn Umar Saʼduddin at-Taftazoniy. Kashf al-asror va iddatul abror. Oʻlchami: 2×27,  130 varaq, 25 yoʻl, suls yozuvida, fors tilida, Yusuf surasidan boshlanadi.
[4] Saʼduddin Taftazoniy. Sharh al-Maqosid. – J. 1. – B. 8.
[5] Sadriddin Gumush. Seyyid Sherif Jurjani. – Instanbul: Fatih yayinevi matbaasi, 1984.  – B. 110.
[6] Yaʼqub Charxiy. “Tafsiri Charxiy”, OʻzR FA SHI xazinasi, Inv. N 12518, 1b-bet.
[7] Abdulloh Abdulhamid Saad. Oʻrta Osiyo olimlari qomusi / Z.I.Munavvarov tahriri ostida. – T.: Imom Buxoriy respublika ilmiy-maʼrifiy markazi nashriyoti, 2007. – B. 227-228.
[8]U 6 varaq (79 b – 73 b.); 14×26 sm; 17 yoʻl; arabcha; nastaʼliq xatida yozilgan.
[9]7 varaq (264 b – 258 b.); 14×24 sm; 15 yoʻl; arabcha; nastaʼliq xatida; kotibi: Muhammad Sharif ibn Qulmuhammad.
[10] U 5 varaq (169 b – 154 b.)dan iborat; 13,5×21 sm; 22 yoʻl; arabcha; nastaʼliq xatida; kotibi: Bobo ibn Yodgor.
Doston MUSTAFAYEV,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi,
Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini oʻrganish
ISESCO kafedrasi tayanch doktoranti

Check Also

MAMLAKAT MAORIFSIZ XUDDI MOʻRT GʻISHTDAN QURILGAN UYDEK BOʻLIB QOLADI

Har yili 1-oktabr arafasida uztoz-murabbiylarni tabriklaymiz, qoʻliga topshiradigan yosh avlod taʼlim-tarbiyasidagi gʻoyat muhim oʻrni haqida …