Home / ALLOMALAR / ABUQOSIM ABDULLOH IBN MUHAMMAD IBN ABDUAZIZ IBN MARZUBON BAGʻOVIY

ABUQOSIM ABDULLOH IBN MUHAMMAD IBN ABDUAZIZ IBN MARZUBON BAGʻOVIY

Mufassir, faqih, muhaddis
(vaf. 317/929)

Alloma Abulqosim Bagʻoviy 829 yili Bagʻdod shahrida tugʻilgan boʻlib, uning toʻliq ismi Abulqosim Abdulloh ibn Muhammad ibn Abdulaziz Bagʻoviy. Abulqosim Bagʻoviyning yoshligi bobosi Ahmad ibn Maniʼ va amakisi Ali ibn Abdulaziz Bagʻoviylarning ilmiy majlislarida oʻtgan. Bobosi shogirdlariga hadis ilmidan dars oʻtgan paytida u ham dastlabki saboqni olgan. Oʻn bir yoshidan boshlab ustozlari Ali ibn Jad, Ali ibn Madaniy, Ahmad ibn Hanbal, Abu Nasr Tammor kabi muhaddislardan hadis tinglagan va uch yuzdan ortiq muhaddis shayxlardan tahsil olgan. Alloma ustozlik maqomiga yetishgach Ibn Said, Kotiʼiy, Ismoiliy, Ibn Shahin, Daraqutniy, Ibn Qaniʼ, Tabaroniy, Ibn Hibbon kabi koʻpgina shogirdlariga hadis, fiqh ilmidan saboq bergan va hadis rivoyat qilgan.

Abuqosim Bagʻoviy ilm peshvosi boʻlish bilan birga chiroyli husnixat sohibi ham boʻlgan. Shu bois bobosi va amakisining koʻplab kitoblarining xattoti hisoblanadi.

Oʻsha davrda “Bagʻoviy” nisbasi bilan ijod qilgan allomalar koʻp boʻlgani sababli, ajralib turishligi uchun “Bagʻoviyul kabir” (Katta Bagʻoviy) unvoni berilgan. Alloma yuz yoshdan ortiq umr koʻrgan va Ramazon hayit kuni kechasi Bagʻdodda vafot etgan. Xoki Babuttin qabristoniga qoʻyilgan.

Alloma tarix va fiqh sohalarida ham sermahsul ijod qilgan. Uning asarlari quyidagilar:

  • “Muʼjamus sahoba” (Sahobalarning hayoti, rivoyat qilgan hadislari haqidagi maʼlumotlar alifbo shaklida berilgan)
  • “Tarix vafotish shuyux”
  • “Masoilu Ahmad ibn Hanbal”
  • Hikayatu Shuʼba va Amr ibn Murro (Ustozi Shuʼba va Amr ibn Murro u haqidagi rivoyat qilingan hadislar risolasi)

Abulqosim Bagʻoviy muhaddis Ahmad ibn Hanbalning “Kitabul ashriba” asarini oʻqib, undagi hadislarni rivoyat qilgan hamda “Salasatun va salasuna hadisan min hadisi Abuqosim” nomli hadisga oid asar yozgan. Shuningdek, bobosi Ahmad ibn Maniʼ hamda amakisi Ali ibn Abdulazizlarning “Musnad” asarlaridan foydalangan va “as-Sunan aʼla mazhabil fuqaho” fiqhga oid asarini yozgan. Ustozi Ali ibn Jadning “Al-Jaddiyat” oʻn ikki juʼzlik hadislarini toʻplagan.

Allomaning yuqorida keltirilgan asarlari bugungi kunda Zohiriya kutubxonasida saqlanadi.

I.Daurbekova, D.Halimova,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari.
Turkiya Diyonat vaqfi “Islom ensiklopediyasi”dagi maʼlumotlar asosida tayyorlandi.

Check Also

ABU BAKR JASSOS ILMIY MEROSINING HANAFIY MAZHABI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

Abu Bakr Jassos (vaf. 370/981) qoldirgan ilmiy meros hanafiy mazhabida oʻziga xos ahamiyatga ega. Alloma …