Tarixiy ildizlari uch ming yildan chuqurroq qadimiyatga borib taqaluvchi oʻzbek davlatchiligi koʻp marotaba yuksalishlar va evrilishlar davrini boshdan kechirgan. Eng qadimgi davlat uyushmalarining shakllanishi natijasida taraqqiy topgan davlatlarning vujudga kelishi, bu davlatlarning Gʻarb va Sharq mamlakatlari bilan “Buyuk Ipak yoʻli” orqali olib borgan aloqalari samarasi oʻlaroq Markaziy Osiyo xalqlari madaniyatining gurkirab rivojlanishi omillari ilm-fan ahlini koʻpdan beri qiziqtirib keladi. Markaziy Osiyo, shu jumladan Oʻzbekiston insoniyat sivilizatsiyasi qaror topgan mintaqalardan biri sifatida oʻz oʻrni va salohiyatiga ega hudud sanaladi.
Qadimgi Turonda ilmiy, ruhiy va maʼnaviy quvvat shu darajada kuchli ediki, buni turli bosqinlar, tajovuzlar, yovuzliklar yoʻq qila olmadi. Ana shunday sharoitda ham ajdodlarimiz tarixan shakllangan boy madaniy-maʼnaviy va ilmiy merosni milliy qadriyat va urf-odatlarni saqlab qolganlar va uni yanada boyitib rivojlantirganlar. Oʻtmish tariximiz sahifalariga nazar tashlasak, buyuk ajdodlarimiz nafaqat xalqimiz, balki butun dunyo mamlakatlari tamaddunini oʻrgangan va ularning tarixi va madaniyatiga hurmat va ehtirom bilan oʻz munosabatlarini yozib qoldirgan asarlari bizgacha yetib kelgan.
Demak, ilm-fan va madaniyat rivoji xalq tanlamaydi, balki xalqlarning oʻzaro hamjihatligini taʼminlashda muhim tarbiyaviy omil vazifasini oʻtaydi. Islom dinining Markaziy Osiyo mintaqasida, umuman, jahon miqyosida taraqqiy qilishiga vatandoshlarimiz beqiyos hissa qoʻshganlar. Markaziy Osiyo xalqlari islom dinining nazariy jihatdan rivojlanishi va hayot ehtiyojlari asosida takomillashuviga salmoqli taʼsir koʻrsatgan allomalarimiz Imom al-Buxoriy, Abu Mansur al-Moturidiy, Burhoniddin al-Margʻinoniy, Ahmad Yassaviy, Najmiddin Kubro va Bahovuddin Naqshband kabi mutafakkirlarni eslash kifoyadir. Ularning nomlari butun islom dunyosida chuqur hurmat bilan tilga olinadi.
Imom al-Buxoriyning toʻliq ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn al-Mugʻiyra ibn Ardazbh al-Juafiy al-Buxoriydir. Imom al-Buxoriydan islom olamida juda qadrlanadigan “Al-jomeʼ as- sahih”, “At-tarix” nomli asarlar meros boʻlib qolgan. Imom al-Buxoriyning xalqimiz madaniy hayoti tarixidagi xizmatlari shundan iboratki, u faqat hadislar toʻplash bilan cheklanib qolmagan, balki oʻz davrida odamlar orasida mehr-muhabbat, saxiylik, ochiqqoʻllik, ota-ona, ayollar va kattalarga hurmat, yetim-yesirlarga muruvvat, faqir-bechoralarga himmat, Vatanga muhabbat, halollik va mehnatsevarlik kabi fazilatlarni qaror toptirishga oid yoʻl-yoʻriqlar va oʻgitlar ham ishlab chiqqan.
Islom dini taraqqiyotiga katta hissa qoʻshgan yana bir ulugʻ ajdodimiz, samarqandlik alloma, kalom ilmining asoschilaridan biri, musulmon olamidagi eng yirik sunniylik kalom maktabi – moturidiylik asoschisi Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad al-Hanafiy al-Moturidiydir (870– 944). Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2000 yilda Moturidiy tavalludining 1130 yilligi keng nishonlandi. Moturidiyning islom dini taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi shundaki, hanafiy oqimini al-Moturidiy maktabining izdoshlari tashkil etgan. Qolgan qismini esa yana bir mashhur mutakallim alloma al-Ashʼariy (874–935 yoki 941) maktabining izdoshlari tashkil etganlar.
Jahonning eng mashhur olimlari al-Moturidiyni bir ovozdan kalom ilmining ulugʻ namoyandalaridan biri sifatida tan olganlar. Al- Moturidiyning shoh asarlaridan biri “Kitob at-tavhid” (yoki “Yakkaxudolilik haqidagi kitob”) musulmon ilohiyotshunosligida bilish nazariyasi bayon qilingan birinchi asar hisoblanadi. Uning kalom ilmiga taʼrif berilgan muqaddimasida bilimning uch manbai, yaʼni hissiy qabul qilish, axloqiy tafakkur va inson ishonchli manbalardan olishi mumkin boʻlgan anʼanaviy axborot mavjudligi haqida soʻz yuritiladi. Al-Moturidiy konsepsiyasining ahamiyati shundaki, u sof din doirasidan chiqib, aql-idrokni ulugʻlaydi va mantiqan asoslangan bilimning ahamiyatini taʼkidlaydi. Abu Mansur al-Moturidiyning koʻp asarlari bizgacha yetib kelmagan yoki yetib kelganlari ham asosan xorijiy mamlakatlarning kutubxona va qoʻlyozma fondlarida saqlanadi. Yuqorida tilga olingan, islom olamida juda muhim hisoblangan “Kitob at-tavhid” asari bizgacha toʻliq yetib kelgan. Uni 1970 yilda Fathulloh Xulif Bayrut shahrida nashr ettirgan.
Markaziy Osiyoning islom dini taraqqiyotiga salmoqli hissa qoʻshgan allomalaridan yana biri – Burhoniddin al-Margʻinoniy (1123–1197). Islom olamida fiqh (huquq) ilmining ilmiy asoslarini yaratgan vatandoshimiz Ali ibn Abu Bakr ibn Abd ul-Jalil al-Fargʻoniy al-Rishtoniy al-Margʻinoniy 1123 yilning 23 sentyabrida tavallud topgan. U Qurʼon va hadis ilmlarini mukammal egallab, fiqh, yaʼni islom huquqshunosligi bobida benihoya chuqur ilmga ega boʻlganligi va fundamental asarlar yaratganligi uchun Burhon ud-din va-l-milla va Burhoniddin al-Margʻinoniy nomlari bilan mashhurdir.
Al-Margʻinoniyning islom taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi islom huquqshunosligida ayniqsa salmoqlidir. Bu uning 1178 yil Samarqand shahrida yozilgan “Hidoya” asari bilan bogʻliqdir. “Hidoya”da huquqiy masalalarning yechimi dastlab taniqli fiqh olimlari fikrlarining bayoni va unga boshqa mualliflarning eʼtirozlari yoki qoʻshilishlarini izhor etish yoʻli bilan berilgan. Ana shu obroʻli mualliflar fikrlaridan kelib chiqib, muayyan masalada eng maʼqul yechimni tanlash yoʻliga amal qilingan. Shu tariqa unda qonunning aynan ifodasigina emas, balki mukammal sharhi ham asoslab keltirilgan.
Tasavvuf taʼlimoti XI–XII asrlarda yashab ijod etgan islom allomasi Yusuf Hamadoniy (1048–1140) nomi bilan bogʻliq boʻlib, keyinchalik yassaviya, naqshbandiya, kubraviya, bektoshiya kabi tariqatlarni yuzaga keltirdi.
Ahmad Yassaviy (1005–1166) tariqati turkiyzabon xalqlar madaniyati tarixida katta oʻrin tutadi. Ahmad Yassaviy oʻz tariqatini sheʼriy uslubda “Hikmat” nomli asarida bayon etgan. Yassaviy taʼlimoti kishilar oʻrtasida poklik, halollik, toʻgʻrilik, mehr-shafqat, oʻz qoʻlining kuchi va peshona teri bilan hayot kechirish orqali Olloh visoliga yetish mumkin, degan gʻoyani olgʻa surgan. Yassaviya taʼlimoti baʼzi kishilarning mol-dunyoga hirs qoʻyishini qoralaydi, kamtarlikka, gʻaribparvarlikka daʼvat qiladi. Shunday qilib, Ahmad Yassaviy Markaziy Osiyoda ilk tasavvuf ilmiga asos solgan, islom dinining taraqqiyotiga hissa qoʻshgan.
Islom dini taraqqiyotiga salmoqli hissa qoʻshgan yana bir vatandoshimiz Xorazmning Xiva shahrida dunyoga kelgan Najmiddin Kubro (1145–1221) hisoblanadi. Islomshunoslik ilmida uning taʼlimoti kubraviya tariqati nomi bilan mashhurdir. Yoshligidan ilmga chanqoq Najmiddin Misr, Eron va Sharqning boshqa mamlakatlarida tahsil olgan. Uning islom diniga qoʻshgan hissasi shundaki, zikrni ovoz chiqarmasdan (xufiya) ijro etish usulini kiritgan. Kubraviya tariqati hadis va shariatga asoslanadi. Bu taʼlimotga koʻra, inson oʻz mohiyat-eʼtibori bilan kichik olamni tashkil etadi va katta dunyo boʻlmish koinotdagi barcha narsalarni oʻzida mujassamlashtiradi. Ilohiy sifatlar yuqori samoviy doiralarda birin-ketin oʻziga xos maqomlarda joylashtirilgani sababli, haqiqat yoʻlini qidiruvchilar bunday yuksaklarga koʻtarilib, ilohiy sifatlarga ega boʻlish, yaʼni kamolotga erishish uchun, maʼlum riyozatli yoʻllarni bosib oʻtishlari zarur. Buning uchun quyidagi oʻnta asosga tayanmoq lozim: tavba, zuhd fi-dunyo, tavakkal, qanoat, uzlat, mulozamat az-zikr, tavajjuh, sabr, muroqaba va rizo.
Uzoq vaqt mobaynida moʻgʻul mustamlakachiligiga qarshi olib borilgan kurashlar XIV asrning ikkinchi yarmiga kelib Markaziy Osiyoda sohibqiron Amir Temur boshchiligidagi mustaqillik uchun urushlar gʻalabasi va Movarounnahrda yagona davlat barpo etilishi bilan yakunlangan. Islom dini bu davrda Amir Temur va temuriylar siyosatida, mamlakatdagi maʼnaviy birlik, madaniy yuksalish, adolat oʻrnatish va saqlash ishiga qaratilgan. Islom dini asosida shakllangan tasavvuf, ayniqsa, naqshbandiya oʻsha davr maʼnaviyatining gʻoyaviy asosi boʻlib xizmat qilgan. Naqshbandiya islomga tayangan holda insonning axloqiy poklik, mehnat va bilim egallashiga keng yoʻl ochib beruvchi gʻoyalarni targʻib qilib, maʼnaviy-ijtimoiy hayotda katta ijobiy ahamiyatga ega boʻlgan. Bahovuddin Naqshband, Yoqub Charxiy, Xoʻja Muhammad Porso, Xoʻja Akrom kabi naqshbandiya nazariyotchilari shu davrda yashab ijod etganlar.
Markaziy Osiyoda XIV asrda tasavvuf ilmi sohasida vujudga kelgan tariqat Xoja Muhammad Bahovuddin Naqshband (1318–1389) nomi bilan bogʻliqdir. Bahovuddin Naqshband 1318 yilda Buxoro yonidagi Qasri Hinduvon qishlogʻida tugʻilgan (keyinchalik Naqshband sharofati bilan Qasri Orifon deb atala boshlangan). Naqshband taʼlimoti asosida ixtiyoriy faqirlik yotadi. Atoqli sharqshunos olim Y.E.Bertelsning yozishicha, u umr boʻyi dehqonchilik bilan kun kechirgan va oʻz qishlogʻidagi uncha katta boʻlmagan yeriga bugʻdoy va mosh eksada, uyida hech qanday mol-dunyo va boylik saqlamagan. Naqshband boʻyra ustida yotib kun kechirgan va butun umrini oʻz ixtiyori bilan faqirlikda, yoʻqchilikda oʻtkazgan. Naqshband tariqatining asl aqidasi – “dil ba yoru, dast ba kor”, yaʼni “doimo koʻngling Ollohda, qoʻling esa ishda boʻlsin”, degan gʻoyani olgʻa suradi. Naqshbandiya taʼlimoti XV asrda Afgʻoniston, Eron, Hindiston singari musulmon mamlakatlarida keng tarqalgan. Bu taʼlimot tarafdorlari asketizm (tarkidunyochilik)ga, boy-zodagonlarning zulmi va istibdodiga qarshi boʻlganlar, faqat oʻz qoʻl kuchi, peshona teri bilan halol mehnat qilib kun kechirishga kishilarni chaqirganlar. Ular shu bilan birga savdo- sotiq, dehqonchilik, hunarmandchilik, badiiy adabiyot, musiqa, ilm-maʼrifat, xattotlik, naqqoshlik, miniaturachilik, quruvchilik kabi barcha foydali va xayrli yumushlar bilan shugʻullanishga daʼvat etganlar.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR ROʻYXATI
-
Sh. Mirziyoyev. Milliy taraqqiyot yoʻlimizni qatʼiyat bilan davom ettirib, yangi bosqichga koʻtaramiz.1-jild. – T.: “Oʻzbekiston”, 2017. – B.28.
-
Oʻzbekiston respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Oʻzbekiston respublikasi Mustaqilligining 29 yillik tantanalarida soʻzlagan nutqidan. 31.08.2021.
- “Uygʻonish davri” OʻZme. U-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000 yil.
- Dilova N.G 201ʼ. Buyuk ajdodlarimizning taʼlimotlarida mujassamlashgan oʻqituvchi bilan oʻquvchilar hamkorligining pedagogik xususiyatlari. Zamonaviy taʼlim. 63-68 b.
-
Rasulova Z.D (2020). Pedagogical peculiaritiyesof developing socioperceptive competencein learners. European Journalof Researchand Reflectionin Educational Sciyences. 8;1, pp/ 30-34.
Saidkulov JAXONGIR
OʻzXIA Islomshunoslik fakulteti
“Dinshunoslik” yoʻnalishi 1-kurs talabasi