Kalom ilmidagi mavzular orasida qiyomatda Alloh taoloni koʻrish masalasi alohida oʻrin egallaydi. Tarixda adashgan toifalar tomonidan turli talqin qilingan mazkur mavzu boʻyicha ahli sunna val jamoa naqliy va aqliy dalillar asosida oʻz qarashini ilgari surgan. Bu borada mutakallim Mahmud Lomishiy oʻzining “Tamhid” asarida shunday deydi: “Ahli sunna val jamoa eʼtiqodiga koʻra, oxiratda Alloh taoloni koʻrish naqliy va aqliy dalillarga koʻra joizdir”[1].
Alloma Lomishiy naqliy dalil sifatida Alloh taoloning Muso alayhissalomdan xabar berib aytgan quyidagi soʻzini keltiradi: “Rabbim! (Oʻzingni) menga koʻrsatgin, Senga bir nazar qilay!”(“Aʼrof” surasi, 143-oyat)[2]. Mazkur oyatda Muso alayhissalom Rabbisidan koʻrishni soʻramoqda, bu u zotning Rabbisini koʻrish joizligini bilganiga dalil boʻladi.
Mahmud Lomishiy fikricha, kim “Alloh taoloni koʻrish mumkin emas” desa, “Muso alayhissalom Rabbisini tanimagan” degan boʻladi. Bu esa adashishdir, Alloh taoloni koʻrishning joizligi Uning sifatlaridandir, kim Alloh taoloni sifatlari bilan tanimasa yoki Uni sifati boʻlmagan sifat bilan tanisa, u Allohni tanuvchi hisoblanmaydi.
Alloh taolo: “U kunda baʼzi yuzlar yashnab turuvchi, Parvardigorlariga boquvchidir”(“Qiyomat” surasi, 22-23-oyatlar), degan. Mazkur oyat ham Alloh taoloni oxiratda koʻzlar bilan koʻrishning sobitligiga dalildir.
Shuningdek, Mahmud Lomishiy Hakim Termiziyning Alloh taoloni koʻrish borasidagi hadis borasida Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning sahobalaridan yigirma bir nafari ittifoq qilgani borasidagi fikrini, Abul Muin Nasafiy oʻzining “Tabsiratul-adilla” asarida: “Bu insonlarni yolgʻonchiga chiqarishga hech qanday asos yoʻq”, deganini naql qilib keltiradi.
Mazkur masalaga Paygʻambar alayhissalomdan rivoyat qilingan quyidagi hadisni ham dalil qilingan: “Rabbingizni toʻlin kechada oyni koʻrgandek koʻrasizlar, Uni koʻrishda bir-biringizga xalal bermaysizlar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). Hadis matnidagi “تضامَون” soʻzi “ضمَ” soʻzidan olingan boʻlib, rivoyat “yangi chiqqan oyni koʻrishning aksi oʻlaroq, toʻlin oyni koʻrishda boʻlganidek baʼzingiz baʼzingizga Alloh taoloni koʻrishda toʻsqinlik qilmaysiz” maʼnosini bildiradi.
Boshqa rivoyatda “تضامون” shaklida “mim” tashdidsiz kelgan. Mazkur feʼl “ضيم” soʻzidan olingan boʻlib “zulm” maʼnosini bildiradi. Yaʼni, Uni koʻrishda baʼzilar koʻrib, baʼzilar koʻrmay qolishdek zulm yoʻq.
Mahmud Lomishiy aqliy dalil sifatida koʻrishni mavjudlikka bogʻlaydi: “Koʻrish mavjudlikka bogʻliq, jism, araz yoki javharlikka emas. Chunki biz jism, araz, javharlarni koʻramiz. Agar koʻrishga sabab jismlik xususiyati boʻlsa, arazlarni koʻrib boʻlmaydi. Agar koʻrishga sabab arazlik xususiyati boʻlsa, jism va javharlarni koʻrib boʻlmaydi. Chunki araz va javharda jismlik xususiyati, javhar va jismda arazlik xususiyati yoʻq”[3]. Bundan maʼlum boʻladiki, koʻrishni taqozo qiladigan yagona illat(sabab) bu mavjudlikdir. Chunki u jism, araz, javhardan farqli oʻlaroq barchasiga umumiy sifatdir. Alloh taolo esa doimiy mavjud, demak Uni koʻrish joiz.
Moʻtazila, xorijiy, najjoriya, rovandiya va zaydiya[4] toifalari: “Alloh taoloni koʻrish imkonsiz, Uni hech kim koʻrmaydi”, deyishgan. Ular Alloh taoloni koʻrish mumkin emasligiga quyidagi oyatni dalil qilishgan: “Koʻzlar Uni idrok etmas. U koʻzlarni idrok etar” (“Anʼom” surasi, 103-oyat)[5]. Ularning fikricha, Allohni dunyoda ham, oxiratda ham koʻrib boʻlmaydi. Ushbu toifalarning aqliy daliliga koʻra, biror vositaga bogʻliq koʻrishda koʻruvchi va koʻrilayotgan narsa oʻrtasida masofa, bir-biriga yuzlanish boʻlishi, koʻruvchining koʻzidan chiqqan nur koʻrilayotgan narsaga yetib borishi, tarafning boʻlishi, koʻrilayotgan narsa harakatsiz yoki harakatli boʻlishi, biror-bir rangda boʻlishi, biror narsaga qoʻshilgan yoki ajralgan boʻlishi, barchasi yoki baʼzi qismi koʻrinadigan boʻlishi lozim.
Bularning barchasi Alloh taologa munosib emas, chunki U biror vosita bilan koʻrmaydi. Ular ahli sunnaning dastlabki oyatni dalil qilishiga quyidagicha eʼtiroz bildirishadi: ehtimol Muso alayhissalom Rabbisidan Uni tanitadigan oyat (moʻjiza, belgi) soʻragandir, yaʼni “Menga bir moʻjiza koʻrsat, u bilan Seni zaruriy ravishda taniy” degandir. Bu xuddi inson bir narsaga qarash orqali uni zaruriy ravishda bilganga oʻxshaydi. Uning Alloh taolodan koʻrishni soʻrashi koʻrishning joizligiga dalil boʻlsa, Alloh taoloning “لَنْ تَرَانِي”, yaʼni “Meni koʻra olmaysan” degan soʻzi koʻrishning joiz emasligiga dalil boʻladi, chunki “لَنْ” soʻzi abadiylik maʼnosini ifoda qiladi.
Ahli sunna ulamolarining fikricha, bu notoʻgʻri. Chunki Alloh taolo “Meni koʻra olmaysan” deyapti, “Mening oyatlarimni koʻra olmaysan” demayapti. Shuning uchun Muso alayhissalom “Senga bir nazar qilay!” deyapti, “Unga (moʻjizaga) nazar qilay” demayapti. Unga nazar qilish Muso alayhissalomning Alloh taoloni tanishiga dalil boʻlardi.
“لَنْ” soʻzi ham ularga dalil boʻlmaydi, chunki bu soʻz abadiylikni ifoda qilish bilan birgalikda vaqtni tayin qilishga ham ishlatiladi, bunga Alloh taoloning quyidagi soʻzi dalil boʻladi: “Oʻz qoʻllari taqdim etgan narsa (gunoh) sababli ular uni (oʻlimni) sira orzu qila olmaydilar” (“Baqara” surasi, 95-oyat), bu yerda “لَنْ” soʻzi abadiylikni emas, balki muayyan vaqtni ifodalamoqda. Chunki ular qiyomatda oʻlimni orzu qiladilar. Bunga Alloh taoloning quyidagi soʻzi dalil boʻladi: “Ular (doʻzax farishtasiga): “Ey, Molik! Parvardigoring bizga Oʻz hukmini qilsin (jonimizni olsin!)”, – deb nido qilganlarida” (“Zuxruf” surasi, 77-oyat).
Ular ahli sunna dalil qilgan ikkinchi oyatga eʼtiroz bildirib aytishadiki, “النَّظَر” soʻzi “kutish” maʼnosida ham kelishi mumkin. Demak Alloh taoloning “نَاظِرَةٌ” degan soʻzining maʼnosi “intizor boʻlib kutuvchi”dir.
Mahmud Lomishiy ularning eʼtiroziga javoban quyidagi fikrlarni keltiradi: “Bu ham notoʻgʻri. Chunki jannat unda qiyinchilik va mashaqqat boʻlmasligi sababli muntazirlik hovlisi emas. Alloh taolo nazarni “إلى” soʻzi bilan birga zikr qildi, “إلى” soʻzi bilan birga ishlatilganda hosil boʻladigan nazar maxsus vosita bilangina boʻladi. Oʻsha maxsus vosita esa koʻzdir”[6].
Mahmud Lomishiyning taʼkidlashicha, ularning oyatdan keltirgan dalili ham notoʻgʻri. Chunki Alloh taolo oyati karimada koʻrishni emas, idrok qilishni inkor qilgan. Ahli sunna ulamolari shundan kelib chiqib aytadiki, Alloh taoloning zoti idrok qilinmaydi. Chunki idrok bir narsani barcha tomonlari bilan qamrab olishdir. Alloh taolo bundan pokdir.
Olimning fikricha, ular Alloh taoloning bandalarni koʻrishi borasida keltirayotgan aqliy dalillari ham notoʻgʻridir. Chunki U bizni masofasiz, tarafsiz, yuzlanishsiz koʻradi. Agar mazkur narsalar koʻrish uchun lozim boʻlgan shart-sharoitlar boʻlganda koʻrish ularsiz tasavvur qilinmas edi. Tasavvur natijasida ular koʻrish uchun lozim boʻlgan shart-sharoitlar emasligini bildik. Ularga agar koʻriladigan narsa biror makonda boʻlsa, oʻshanda ehtiyoj paydo boʻladi. Alloh taolo esa makondan behojatdir[7].
Xulosa qilib aytish mumkinki, gʻoyalar kurashi avj olgan hozirgi davrda ahli sunna val jamoa, xususan, moturidiy taʼlimotini izchil tadqiq qilib borish hamda ajdodlarimizning bu boradagi bemisl ilmiy merosini keng jamoatchilikka yetkazish jamiyat barqarorligiga raxna solayotgan turli aqidaparast oqimlarning notoʻgʻri qarashlariga qarshi tura olishda, yoshlarda sogʻlom dunyoqarashni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.