Jaholat va johillikning eng asosiy davosi kitob oʻqishdir. Zero, kitob insonning eng yaqin doʻsti va maslahatchisi, aql qayrogʻi va bilim manbaidir. Unga oshno kishi dunyo va oxirat sharifi boʻlgan ilmni egallaydi.
Alhamdulillah, yurtimizda barcha sohalarga oid boʻlgan kitoblar va adabiyotlar kun sayin ortib bormoqda. Birgina diniy yoʻnalishda tafsir, Qurʼoni karim maʼnolar tarjimasi, hadis, aqida va boshqa fanlarga oid koʻplab kitoblar ona tilimizda nashr etilmoqda. Ularni mutolaa qilish kerak, xolos.
Oʻtmishda ota-bobolarimiz Qurʼon, hadislar bilan birgalikda “Xamsa”, “Boburnoma”, “Oʻtgan kunlar”, “Mehrobdan chayon” singari badiiy adabiyotlar va xalq ogʻzaki ijodi namunalarini oʻqib-aytib ulgʻayishgan. Bugun oramizda bu bebaho maʼnaviy boylikni qadriga yetmayotganlar ham talaygina. Aksariyat yoshlar ham, kattalar ham ijtimoiy tarmoqqa bogʻlanib, kitob mutolaasiga beeʼtibor boʻlmoqda. Natijada ularning maʼnaviyati, tafakkur quvvati zaiflashdi. Hayotda roʻy berayotgan ayrim noxushliklarning ildizi esa oʻsha ilmsizlik va kitob oʻqimaslikning achchiq mevasidir. Bunday noxush holatlardan saqlanish uchun aqlni ilm va kitob mutolaasi bilan charxlab turish lozim.
Har qanday yangilik ham bir kun kelib eskiradi, biroq insoniyatning ming yillar davomida qoʻlga kiritgan durdonalarini oʻzida jamlagan kitoblar aslo eskirmaydi. Buni ulugʻ zotlardan bizgacha yetib kelayotgan bebaho asarlardan anglash mumkin.
Imom Muhammad ibn Hasan Shayboniy kitob oʻqish asnosida murakkab bir masalaga yechim topganlaridan xursand boʻlib: “Bunday lazzatni podshohlarning bolalari ham koʻrmagan”, deganlar.
Buyuk muhaddis Imom Abu Dovud Sijistoniy oʻziga kiyim tiktirganida, uning yengini keng qilib tiktirar, qayerga borsa, oʻsha yenglarida kitob boʻlar ekan. Boʻsh vaqt topildi deguncha, kitob mutolaasiga kirishar ekan.
Mashhur ulamolardan Abul Faraj ibn Javziy bunday deydi: “Men kitob mutolaasidan hech toʻymaganman. Agar oʻzim oʻqib koʻrmagan birorta kitobni koʻrib qolsam, goʻyoki xazinaning ichiga tushib qolgandek boʻlardim. Agar, “yigirma ming mujallad kitob oʻqib chiqqanman”, desam ham, mubolagʻa qilmagan boʻlaman, lekin kitob oʻqishda davom etaman”, degan ekan.
Hasan ibn Sahl aytadi: “Maʼmun uxlaganda atrofida kitoblar turar edi. Uxlashdan oldin ham kitob oʻqir edi. Uyqudan uygʻonib ketganda ham kitob oʻqir edi. U inson shunday vasiyat qilar edi: “Yolgʻizlik vahshatini kitob oʻqish bilan yenggin. Albatta, kitoblar soʻzlovchi tillar va tikilib turuvchi koʻzlardir”.
Husayn Voiz Koshifiy: “Axloqi Muhsinin” asarida bunday deydi: “Eng yaxshi suhbatdosh va eng maqbul doʻsti ulfat ulugʻlarning kitobidir”. Jaloliddin Rumiy masnaviylarida keladiki:
Kitob ilmu donish va maʼnaviy ozuqa hosil qilishning asosiy manbaidir. Shunday ekan, kitobni doʻst bilmoq va unga ehtirom koʻrsatmoq har birimizning vazifamizdir.