Home / FOTO LAVHALAR / SHOH VA SHOIR YODI BARHAYOT

SHOH VA SHOIR YODI BARHAYOT

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida buyuk shoir, qomusiy olim, davlat arbobi va mohir sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi munosabati bilan “Zahiriddin Muhammad Bobur ilmiy-maʼnaviy merosining bugungi kundagi ahamiyati” mavzuida tadbir boʻlib oʻtdi.

Markaz direktori Shovosil Ziyodov Mirzo Boburning ibratli hayot yoʻli, yuksak insoniy fazilatlari, asarlarida tarannum etilgan gʻoya va tuygʻular haqida soʻz yuritdi.

Ilmiy xodim Jonibek Jumayev alloma siyratiga oid maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashdi.

Barchamizga yaxshi maʼlumki, Bobur juda yoshligidan koʻp savdolarni boshdan kechirgan. Ayniqsa, 12 yoshida butun boshli davlatni boshqargani kishida hayrat uygʻotadi. Samarqandni egallash chogʻidagi qiyinchiliklarni, xiyonat va razolatni sabot bilan yengib oʻtgani esa tahsinga sazovordir. Shayboniyxon “Men koʻp jang qilganman, lekin jasur, yengilmas, yelkasi kurashga toʻymas Boburdek oʻgʻlonni endi koʻrdim va faqat u bilan boʻlgan muhorabalarnigina haqiqiy urush hisoblayman” deb bejiz aytmagan.

Har tomonlama qaqshatqich zarbalarga uchragan, ona diyoriga sigʻmagan, eng qiyin vaziyatda umr yoʻldoshi ham yuz oʻgirgan Bobur Mirzo noilojlikdan Hindiston sari otlanib, keyinchalik erishgan muvaffaqiyatlari haqida bunday yozadi: “Men barcha dushmanlarimdan va qilgan janglarimning har biridan ilmi harbning yangi usullarini oʻrganganman, shuning uchun Ibrohim Loʻdiy bilan boʻlgan dahshatli muhorabada gʻalaba qozondim”.

Bobur insonparvarlik va bagʻrikenglik siyosatiga tayanib oʻzining markazlashtirilgan, yaxlit, gullab-yashnayotgan davlat barpo qilish maqsadini roʻyobga chiqara oldi. Shuning uchun hind xalqi uning bu boradagi xizmatlarini hozir ham alohida hurmat bilan eʼtirof etadi.

Maʼruzachi “Boburnoma”ning boy maʼnaviy va yuksak ilmiy qiymatiga ham toʻxtaldi. Boburning memuar janridagi bu asari oʻzbek va umumturkiy adabiyotiga oid dunyoga mashhur qomusiy asar boʻlib, nafaqat yuksak badiiyati, balki qimmatli tarixiy manba sifatida ham oʻlmas sanaladi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …