Qozogʻiston Respublikasi Madaniyat va sport vazirligining Arxiv ishlari va hujjatlar qoʻmitasi huzuridagi “Qoʻlyozmalar va nodir kitoblar milliy markazi” nashri hisoblangan “ULY DALA MURASI” (“Buyuk dasht merosi”) ilmiy-ommabop jurnalining yangi sonida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktorining oʻrinbosari, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Otabek Muhammadiyevning Alouddin Usmandiy qalamiga mansub “Tariqatul xilof fil fiqh” (“Oʻtgan olimlar oʻrtasida fiqh ilmidagi ixtiloflar”) asarining qoʻlyozma nusxasi haqidagi maqolasi chop etildi.
Tadqiqotda avlodlarga oʻzidan boy ilmiy va maʼnaviy meros qoldirgan zabardast hanafiy faqihi va mutakallim olim Abulfath Alouddin Muhammad ibn Abdulhamid ibn Umar ibn Hasan ibn Husayn Usmandiy Samarqandiy hayoti va ijodini har tomonlama oʻrganishning dolzarb ahamiyati haqida soʻz yuritilgan.
Alouddin Usmandiy qator islomiy ilmlarda, ayniqsa, fiqh, hadis va kalom ilmi, shuningdek, turli mazhablar oʻrtasidagi ixtiloflarni oʻrganadigan maxsus soha hisoblangan ilmul xilof boʻyicha yetuk olim hisoblangan. Mazkur sohalardagi ilm ahli orasida boʻladigan bahs va munozaralarda oʻzining chuqur bilimi, benazir iqtidori va favqulodda salohiyati bilan ajralib turgan. Shuning uchun ham u ilm ahli orasida “Aloul olam” (“Olamning ustuni”), “Al-Alo” (“Ustun”), “Alous Samarqandiy”, “Alouddin” (“Dinning ustuni”) kabi sharafli nomlar bilan mashhur boʻlgan.
Uning “Tariqatul xilof fil fiqh” asarida koʻproq hanafiylik fiqhi bilan shofeiylik fiqhi oʻrtasidagi 200 dan ziyod ixtilofli masala muqoyasa qilinadi. Kitobning baʼzi oʻrinlarida Abu Hanifa bilan uning ikki shogirdi (Imom Muhammad va Imom Zufar) oʻrtasidagi ixtilofli masalalarning ham muqoyasa qilingan joylari mavjud.
Muallif alloma asarining yozilish tarixi va bunga sabab boʻlgan omillarga alohida toʻxtalgan. Asarning bizgacha yetib kelgan qoʻlyozma nusxasi haqida maʼlumotlar berilgan maqola soʻnggida uni oʻrganish natijasida olingan qator mulohazalar keltirilgan.
Muallif taʼbiri bilan aytganda, allomaning hayoti va u qoldirgan boy ilmiy-maʼnaviy merosni har tomonlama chuqur oʻrganish va kelajak avlodga yetkazish tadqiqotchilar oldida turgan muhim va bugungi kunning dolzarb vazifalaridan hisoblanadi.
Mazkur maqola Markaz olimlarining ushbu jurnalda chop etilgan ikkinchi ishidir. Oʻtgan yilning sentyabr oyida Markaz direktori, tarix fanlari doktori Shovosil Ziyodovning “Rukopisi, xranyaщiyesya v Mejdunarodnom nauchno-issledovatelskom sentre Imama Buxari” (“Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida saqlanayotgan qoʻlyozmalar”) nomli maqolasi eʼlon qilingan edi.