31 yanvar kuni Toshkentda “Islom sivilizatsiyasi tarixi muzeyini shakllantirishga oid dolzarb masalalar” mavzuida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan tashkil etilgan anjumanda mamlakatimizning yetakchi olimlari va soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Konferensiyada Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari doktori Shovosil Ziyodov ham qatnashdi va “Islom davri Oʻrta Osiyo sfragistikasi namunalarini muzey ekspozitsiyalarida yoritishning ahamiyati” mavzuida maʼruza qildi. Notiq davlatchilik institutlari va kutubxonalar faoliyatiga oid maʼlumotlar koʻlamini kengaytirishda sfragistik yodgorliklarning oʻrni haqida soʻzladi.
Sfragistika – muhrlarni tarixiy manba sifatida oʻrganadigan fan. Muhrlar esa – davlatchilikning ilk timsollaridan biri. Rasmiy qogʻozlarga bosiladigan turli shakldagi muhrlar hujjatning aynan oʻsha idora yoki shaxs tomonidan kelganiga guvohlik beradi. Shu sababdan muhrlar muayyan davrdagi tarixiy voqeani kompleks oʻrganishda qimmatli manba hisoblanadi.
Maʼruzada musulmon sfragistikasi boʻyicha olib borilgan tadqiqotlar, muhrlarning turlari boʻyicha tartibli tasniflari, shuningdek, sohaning oʻrganilmagan jihatlari haqida maʼlumotlar bayon etilib, muhrlarning qoʻlyozmalar tahqiqidagi hamda muhrkanlikning hunar va sanʼat darajasidagi ahamiyati ham ochib berildi.
Maʼruzachi oʻz soʻzi yakunida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida barpo etilayotgan muzeyda noyob muhrlar ekspozitsiyasini ham tashkil etish unga yurtimiz tadqiqotchilari va umuman keng jamoatchilikning, xorijlik olimlar va sayyohlarning qiziqishini yanada oshirishga xizmat qilishini taʼkidladi.
Konferensiyada tashkilotchilar anjuman materiallarini elektron va bosma shaklda chop etish rejalashtirilganini maʼlum qildi.