Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Markaz direktori Shovosil Yunuovich Ziyodov tavalludining 50 yilligi munosabati bilan “Maʼnaviy meros va III Renessans asosini yaratish masalalari: izlanishlar, tadqiqotlar, istiqbollar” mavzusida xalqaro ilmiy anjuman boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi arxeologiya instituti, Samarqand davlat universiteti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti olimlari, ZOOM videokonferensiya platformasi orqali Islom hamkorlik tashkiloti (OIC)ning Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA – IRSIKA), Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti, Avstriya Fanlar akademiyasi Eronshunoslik instituti, Malayziya Milliy universiteti qoshidagi Islom sivilizatsiyasi instituti, Ahmad Yassaviy nomidagi Qozogʻiston — Turkiya xalqaro universiteti va Nur-Muborak Misr islom madaniyati universiteti huzuridagi Abu Hanifa ilmiy-tadqiqot markazi, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Buxoro davlat universiteti, Samarqand davlat chet tillar instituti, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari rahbar va olimlari, mustaqil tadqiqotchilar jami 40 dan ziyod nuqtadan turib qatnashdi.
Anjumanda tabrik nutqi soʻzlaganlar Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining belgilangan maqsad va vazifalariga mos faoliyati, turdosh tashkilotlar bilan oʻrnatgan samarali hamkorlik aloqalarining ayni holatidan mamnunlik bildirib, bu oʻrinda tarix fanlari doktori, dotsent Shovosil Ziyodovning rahbar sifatidagi munosib hissasini eʼtirof etdi. Notiqlar shuningdek, yubilyarning insoniy xislat va shaxsiy fazilatlarini ham tilga olib, tavallud ayyomining qutlugʻ sanasi bilan samimiy tabriklashdi.
Konferensiyaning asosiy maʼruzachilari Oʻzbekistonda maʼnaviy merosga oid hamda III Renessansni yaratish bilan bogʻliq masalalar doirasidagi fikr-mulohazalari va taklif hamda tavsiyalarini bildirdi.
Soʻzga chiqqanlar mavzudan kelib chiqib, ilmiy qiymati va maʼnaviy ahamiyati yuksak qoʻshma loyihalar salmogʻini yanada oshirish, birgalikda olib borilayotgan tadqiqotlar koʻlamini tobora kengaytirishga boʻlgan zarurat nuqtai nazaridan hamkorlikning asosiy yoʻnalishlariga toʻxtaldilar.
Konferensiya ishtirokchilari tomonidan anjuman materiallarini toʻplam holida nashr etishga kelishib olindi.