Home / ALLOMALAR / ABDULHAY LAKNAVIYNING ILMIY MЕROSI

ABDULHAY LAKNAVIYNING ILMIY MЕROSI

Ulamolardan bir toifa borki, ilmi va dunyoqarashi keng boʻlgani sababli yozgan asarlari ilm-maʼrifatning turfa-turfa sohalarini qamrab oladi.

Abdulhay Laknaviy ham turli fanlarga oid koʻplab asar yozgan. Bu uning ilmi va iqtidori kengligi, aql-zakovati va maqomining ulugʻligidan guvohlik beradi. Alloma qoldirgan ilmiy meros ilmni jamlash, tahqiq va tahrir qilingani bilan boshqa asarlardan farqlanadi. Bu asarlarni oʻqigan kishida biror maʼlumot maxfiy qolmaydi.

Abdulfattoh Abu Gʻudda aytadi: “Imom Laknaviyning asarlarini oʻqigan kishi ularning aniq ilmiy haqiqatlar asosida yozilganiga, nodir naqliy dalillarni qamrab olganiga, koʻtarilgan har bir masala toʻliq yoritilganiga guvoh boʻladi. Kitobxonning qarshisida butun umrini ilm va kitob yozishga bagʻishlagan alloma gavdalanadi”.

Sulaymon Nadaviy: “Abdulhay Laknaviy Hind diyorida kitoblarni tahqiq qilish va ularni izohlagan holda sharhlash jarayonida ikki yangi uslubga asos soldi. Birinchisi, kitob avvalida unga muqaddima yozgan va unda matn va sharh sohiblarining tarjimai hollarini hamda ushbu mavzuda yozilgan kitoblar haqida maʼlumot bergan. Ikkinchisi, biror kitobni tahqiq qilish va unga sharh yozishda asarning turli nusxalaridan foydalangan. Sinchkovlik bilan solishtirish natijasida tahqiq qilingan va toʻgʻrilangan yagona nusxa hosil boʻlgan”, deydi.

Bu qoʻlyozma asarlarni tahqiq qilishda allomaning diqqat-eʼtibori kengligidan darak beradi. Shu tariqa tahqiq olimlari uchun yangi yoʻl va uslub qoldirilgan.

Abdulhay Laknaviy kitob yozishga juda katta eʼtibor qaratgan, hech ham vaqtini ayamagan. Hatto baʼzi kitoblarini safar davomida yozgan. Buni allomaning quyidagi soʻzlari isbotlaydi: “Akomun nafoisi fi adaili azkari bilisanil forsiy” kitobimni 1867 yilda qishlogʻimdan Haydarobodga koʻchish chogʻida yozganman”. Shuningdek, “Zajrun nasi ala inkari asari ibni Abbos” kitobini 1875 yilda, ikkinchi bor haj qilish asnosida yozib tugatgan.

Alloma yozgan asarlar turli ilmlarni oʻz ichiga olgani tufayli oʻsha davr ulamolarining diqqat markazida turgan. U mukammal bayon qilish va dalil keltirish bobida koʻplarni lol qoldirgan. Abdulfattoh Abu Gʻudda allomaning bir sharhi haqida bunday degan: “Bu sharh muallifning zamoni keyin kelgan boʻlsa-da, shu mavzuda yozilgan kitoblardan maʼlumotining koʻpligi va mukammalligi bilan ajralib turadi. Muallif nihoyatda chuqur dalil keltirish va shu dalillarning sababini bayon qilib berish bilan tanilgan. Umr boʻyi izlanishlar olib borib, hukm chiqarish va masalalarni yechishda oʻrta yoʻlni tanlagan. Alloma hanafiy mazhabini mahkam tutgan boʻlsa-da, ayrim masalalarda kuchli ilmiga tayangan holda boshqa mazhabga moyil boʻlib, uni afzal koʻrgan. Har doim muxolif tarafga odob bilan muomala qilgan va ulugʻlagan. Bu olijanoblik mutaaxxir ulamolarda kam uchraydi”.

Abdulhay Laknaviy oʻz asarlarini taʼriflab, bunday degan: “Yozganlarimning birortasida noaniq masala qolmagan. Mashhur manbalardan nusxa olinmagan. Imom Shavkoniy (tav. 1759) va Imom Harroniy (1263-1328)ning soʻzlaridan oʻzlashtirmadim. Allohdan piyoda va otliqni ajrata olmaydigan kishi kabi hoʻlu quruqni yigʻib, birovlarning kitoblarini koʻchirishdan panoh tilayman. Aql egalari bu ishni safsata sanaydi”.

Quyida Abdulhay Laknaviyning asarlariga qisqacha taʼrif berib oʻtamiz. Alloma asarlarining adadini – Imom Sarkisin “Muʼjamul matbuotil arabiy” asarida – 26ta, Zakiy Mujohid “Al-aʼlamush sharqiyya” kitobida – 44ta, Abdulhay Hasaniy “Nuzhatul xavotir” asarida – 90ta, shogirdi Muhammad Hafizulloh Bundaviy “Kanzul barakot” asarida – 94ta, yana bir shogirdi Muhammad Abdulboqiy “Takmilatu xayril amal” asarida – 112ta deb koʻrsatgan.

Abul Hasan Nadaviy: “Mutaaxxir ulamolar faxri Abdulhay Laknaviyning asarlari bir yuz oʻnta, shulardan sakson oltitasi arab tilida”, Abdulfattoh Abu Gʻudda esa “Imom Laknaviy bir yuz oʻn beshta asar yozgan”, degan.

Bu adadlar turlicha ekanining asosiy sababi shuki, Imom Laknaviy kitoblarining ayrimlarida oʻz tarjimai holini keltirib oʻtgan. Unda asarlarining adadini baʼzida qisqartirib, gohida toʻliq bayon qilgan. Ehtimol, shu kitobgacha boʻlgan asarlari adadini keltirgan. Kitoblar orqali Imom Laknaviyning tarjimai holi bilan tanishganlar alloma asarlarining hammasi shuncha, deb xulosa qilgan. Qolaversa, Imom Laknaviyning tarjimai holi keltirilgan kitobidan keyin yozgan kitoblari ham boʻlgan.

Abdulhay Laknaviy yozgan asarlar qaysi ilmlarga tegishli ekanini Valiyuddin Nadaviy quyidagicha bayon qilgan: “Alloma usulul fiqh, faroiz, zuhd va taqvo ilmlariga bagʻishlab bittadan, siyrat, munozara va nahv ilmlariga – ikkitadan, tugʻilish va vafot etish haqida – uchta, aqoid ilmiga bagʻishlab – toʻrtta, sarf ilmiga oid – beshta, hadis ilmiga – sakkizta, tarix va tarjimai hol ilmiga – oʻn oltita, mantiq va hikmat ilmiga – yigirma beshta, fiqh ilmiga oid – ellikta, jami 120ta kitob yozgan”.

Haqiqatan ham, oʻttiz toʻqqiz yil umr koʻrgan insonning turli ilm sohalarida 120ta kitob yozishi katta mehnat talab qiladi. Abdulfattoh Abu Gʻudda aytadi: “Ulamolar ellikta yoki yuzta kitob yozganlarni zikr qilganda, peshqadamlar sirasiga Abdulhay Laknaviyni ham kiritgan. Chunki yozgan asarlari soni koʻp jildli kitoblari va bir necha sahifalardan iborat risolalarini qoʻshib hisoblaganda, 110 tadan ortiqdir. Barcha kitoblari foydali bahslar va mushkul masalalarni yechishga bagʻishlangan. Allomaning asarlari yashagan umriga taqqoslanganda, hayotidagi har bir kundan unumli foydalanganidan darak beradi”.

Shu sababli hamma bir ovozdan Abdulhay Laknaviyni koʻp kitob yozgan qomusiy ulamolar qatoriga kiritgan. Bu borada alloma oʻzidan oldingilardan ham, zamondoshlaridan ham oʻzib ketgan. Uning qisqa umri davomidagi yirik mehnati bilan qoldirgan boy ilmiy merosi hanafiylik mazhabini qoʻllab-quvvatlash va himoya qilishda uzoq yillar birlamchi manba boʻlib qolaveradi.

Otabek BAXRIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

ABU BAKR JASSOS ILMIY MEROSINING HANAFIY MAZHABI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

Abu Bakr Jassos (vaf. 370/981) qoldirgan ilmiy meros hanafiy mazhabida oʻziga xos ahamiyatga ega. Alloma …