Usul ul-fiqh fani dalillar va hukmlarga oid fan boʻlgani bois, bu ilmni toʻlaqonli anglash kishidan katta mohirlikni talab qilganligi sababidan bu fanga oid asarlarni mujtahid ulamolargina yozishgan. Maʼlumki, hanafiy mazhabi boʻyicha usul al-fiqh ilmi Movarounnahrda bir necha bosqichlarda rivojlangan. Faxr ul-islom Bazdaviy va Shamsul-aimma Saraxsiylar hanafiy mazhabining bu ilmni eng yuqori darajaga olib chiqqan allomalar hisoblanganligi sababli keyingi davr ulamolari ularning “Kanzul-vusul ila maʼrifatul-usul” va “al-Usul” kitoblarini oʻrganishga va sharhlash keng eʼtibor qaratishgan.
Nasafdan yetishib chiqqan zabardast olimlardan biri Abul Barakot Nasafiyning usul ul-fiqh ilmiga oid hanafiy mazhabi boʻyicha yozilgan “Manor” risolalari eʼtimodli kitoblarning eng mashhurlaridan deb tan olingan.
Laknaviyning maʼlumot berishicha Abul Barakot Nasafiy unga biri qisqa, ikkinchi katta hajmda sharh yozadi. Tadqiqotchi D.Maqsudov oʻz tadqiqotida zikr qilgan Pokistonning Akuraxtak shahri “Dorul-ulum al-haqqoniya” kutubxonasida 4625/247 raqamida saqlanayotgan Abul Barakot Nasafiyga tegishli deb koʻrsatilgan Diryatul-vusul ila ilmil-usul» (Usul ilmiga yetishish yoʻli) asari ushbu sharhlardan biridir[1].
Usul ul-fiqh boʻyicha Abul Barakot Nasafiy Bazdaviy va Saraxsiy asarlarini birlashtirib, “al-Manor” asarini yozadi. Abul Barakot Nasafiyning shogirdi Ibn Soatiy (vaf. 694/1295) esa uning gʻoyasini rivojlantirib, Usul al-fiqhda hanafiylardan Faxrul-islom Bazdaviyning “Kanzul-vusul” va shofeʼiylardan Omidiyning “al-Ihkom” asarlarini jamlaydi. Shu bilan turli yoʻnalishlarni jamlash anʼanasi boshlanib ketadi.
“Al-Manor” asarining toʻliq nomi “Manor al-anvor fi usul al-fiqh” boʻlib, koʻpchilik ulamolar shu jumladan muallifning oʻzi ham qisqartirib “Al-Manor” deb yuritgan. Uning tarkibi Kirish, Qurʼon, sunnat bayoni, taoruz va undan chiqish yoʻllari, bayon, mansux tarlar, Rasululloh (s.a.v.)ning feʼllarining hukmi, vahiyning turlari va hujjatligi, bizdan oldingi shariatlar, sahobaga taqlid qilish, ijmoʼ, qiyos, istisʼhobul-hol, istihson, ijtihod, illatlar, hukmlar va ahliya haqidagi boblardan iborat. Muallif asarida ortiqcha taʼrif va izohlardan saqlanib, boblarga oid maʼlumotlarni qisqa, loʻnda ifodalashga harakat qilgan.
Muallif 1-bobda Qurʼoni karim taʼrifini aytgandan keyin soʻng, lafzlarning biror maʼnoga dalolat qilishiga koʻra alohida boʻlaklarga boʻladi. Ular xos, omm, mushtarak va muavvaldir. Bularni ham yana bir necha boʻlaklarga boʻladi. Kitobda mavzular xuddi sharhi kabi “bahs” shaklida berilib, bahslar yigʻilib “fasl” larga aylanadi. Koʻp hollarda har bir bahs soʻngidan Qurʼoni karim oyatlaridan yoki hadisi shariflardan misollarga ishora qilib oʻtadi.
“Sunnat” boʻlimida birdan sunnatning qismlari keltiriladi. bu bobda bir jihatdan mustalahul-hadis ilmiga ham kirishilgan. Bu narsa hukmlarni olishda xabarlarni qay darajada yetib kelishi va ulardan olinadigan hukmlarning quvvati hamda roviylarning xabarni qabul qilish va ado etish shartlari, ijoza kabi masalalar aytib oʻtilgan. Bundan tashqari hadislar ichidagi nosih va mansuhlari, ulardan Usul ul-fiqhda qanday hukm olish yoki olmaslik jihati oydinlashtirilgan.
Asarning yana bir jihati hanafiy mazhabining umumiy qoidalari keltirilib, shofeʼiy va qisman molikiy mazhabi qarashlariga ishoralar keltiriladi.
Kitobning “Ijmoʼ” faslida ham birdan ruknlari, ijmo ahli kimligi va unga undovchi vositalar haqidagi bahslarga kirishiladi. Mana shu faslda Rasululloh (s.a.v.)ning feʼllarining qaysilari farz, vojib, mustahab yoki muboh boʻlishi haqida muxtasar shaklda soʻz yuritiladi.
Bundan soʻng usulning asoslaridan biri qiyos haqida soʻz yuritib, qiyosning shartlari, turlari va qiyosga doir boʻlgan Usul ul-fiqhdagi qoidalarni keltiradi.
Bu kitobni boshqa Usul ul-fiqh kitoblaridan farqli taraflaridan biri avval Usul ul-fiqhning asosi boʻlgan Kitob, sunnat, ijmoʼ, qiyosni keltirmay, balki avvalo soʻzni nimaga dalolat qilishini aytib, “lafzlar” haqidagi bahslar keltiriladi.
Mashhur olim Muhammad Abdulhay Laknaviy oʻzi “Favoidul-bahiya fi tarojimil-hanafiya” kitobida: “Men u olimning bir nechta tasniflaridan jumladan, “al-Vofiy”, “al-Kofiy”, “Manor” va uning sharhi boʻlmish “Kashful-asror” dan koʻp foydalandim”, deydi.[2]
Abul Barakot Nasafiyning “Manor” asarida Abu Hanifa va uning shogirdlari oʻrtasidagi bahsli masalalar koʻp zikr qilinishi barobarida, baʼzan Imom Molik fikrlariga yoʻl ochib berilgan.
Asarning hajmi 25 varaqdan iborat 762-yil zulhijja oyining oxirida 762/1361-yil oktyabrda koʻchirilgan bir qoʻlyozma nusxasi OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondida 5243/1 raqami bilan saqlanmoqda. Shu bilan birga, uning 10718 (1319 yilda Mirzo Muhammad Sharif ibn Qozi tomonidan koʻchirilgan) va 8869 (812/1409 yilda Nur ibn Muhsin Nizomiy tomonidan koʻchirilgan) nusxalari ham mavjud. Bu yerdagi qoʻlyozma jami 3 tani tashkil yetadi.[3]
“Manor” asariga yozilgan sharhlar. Abul Barakot Nasafiyning “Manor” asari ilm ahllari tomonidan eʼzozlanib, taʼlim muassasalarida oʻqitilgan, koʻplab sharh, hoshiya, qisqartma va nazmlar bitilgan. Tadqiqotchilarning xulosasiga koʻra, ushbu asarga jami yuzdan ortiq sharh, hoshiya hamda nazmlar bitilgan. Maqola hajmi cheklanganligi sabab quyida ushbu kitob sharhlarining eng mashhurlaridan baʼzilarini sanab oʻtamiz:
- “Kashful-asror fi sharhil-manor”. Bu muallifning oʻz asariga yozgan ilk sharhi boʻlib, bu sharh barcha sharhlarning gultojidir. Bu asar bir ncha marta, shu jumladan 1406/1986 yilda Bayrutda “Nurul-anvor” nomli “Manor”ning boshqa bir sharhi bilan nashr qilingan.
- “Jamiʼu-l–asror fisharhi–l–manor”.[4] Asar muallifi Qovamuddin Muhammad ibn Muhammad ibn Ahmad Sanjoriy Kokiy hanafiy (vaf. 749/1348 h.) usul al-fiqh olimlaridan boʻlib, Abul Barakot Nasafiyning eng yaqin shogirdi hisoblanadi.
- “Ifozatul–anvor fi izoati usulil–manor”. Kitob muallifi Saʼduddiyn AbulFazoil Mahmud ibn Muhammad Dehlaviy(vaf. 891/1486 y.).
- “Ifozatul–anvor sharhul-manor”. Kitob muallifi shayx muhammad Aloiddin al-Haskafiy al-hanafiy (vaf.1088/1677y.). u hanafiy mazhabi furuʼiga oid mashhur kitoblardan biri “durrul-muxtor” asarining muallifidir. uning birinchi nashri 1300/1883-yilda Istanbuldagi “Muhammad Asad” nashriyotida, Qohiradagi “Darul-kutubil-arobiyya” nashriyotida ham 1328/1910-yilda, Qohiradagi “Mustafo al-Bobiy al-Halabiy” nashriyotida 1399/1979-yillarda bir necha bor bosilgan.
- “Nasamatul–ashor sharh ifozatul-anvor”. Kitob muallifi “ibn Obidiyn” nomi bilan tanilgan alloma Muhammad Amin ibn Umar ash-Shomiydir (vaf. 1252/1836y.). U bir necha marta Qohira, Karatchi, Istanbul va Bayrutning nashriyotlarida chop etilgan.
- “Nurul–anvor fi sharhil–manor”.muallifi Mulla Jiyvan deb tanilgan Ahmadibn Abu Saʼiyd Abdulloh ibn Abdurrazzoq Sodiyqiy Hindiy(vaf.1130/1718 y.).
Aynan shu sharh hozirgi kunda yurtimizning ayrim diniy oʻquv yurtlarida usulul-fiqh fanidan darslik sifatida keng foydalanib kelinmoqda.
- “Quvtul axyor sharh nuril-anvor”. Asar muallifi fazilatli shayx Islomul-Haq Asʼadiy muzohiriydir. Muallif uni arabchadan urdu tiliga tarjima qilib, soʻng batafsil sharhlagan. U karachida chop etilgan.
- “Xulosatul-anvor sharh nuril-anvor”. Asar muallifi muftiy Abdulgʻafur hazrat. Ushbu asar ham “nurul anvor”ning urdu tilidagi sharhi hisoblanadi. U pokiston poytaxti karachida chop etilgan.
Xulosa oʻrnida shuni aytish lozimki, birgina risolaga yozilgan koʻplab sharhlar uning naqadar yuksak qiymatga va chuqur maʼnoga ega ekanidan dalolat qiladi. Bu kabi asarlarni tadqiq qilish bugungi kunda yurtimizda islomiy ilmlarning yanada rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
-
Maqsudov D. Abul-Barakot Nasafiyning tafsir ilmida tutgan oʻrni: Tar. fan. nom. … diss. avtoref. – T.: TIU, 2008
-
Muhammad Abdulhay Laknaviy. Favoidul-bahiya fi tarojimil-hanafiya, – Qozon: Tipografiya imperatorskogo universiteta,
-
Hoji Xalifa (Ismoil Posho). Hadiyyatul-orifiyn. – Bayrut: Ihyout-turosil-arabiy, 1884
-
Uvatov U. Yurtimiz allomalari. – Toshkent: Nihol, 2014.
-
Abul Barakot an-Nasafiy. Manor al-anvor fi usul ul-fiqh. – Madinatul Munavvara: Dor as-Siroj, 2011.
-
Islom ensiklopediyasi. – Toshkent: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi davlat ilmiy nashriyoti, 2017.
-
100 Markaziy Osiyo mutafakkirlari – Toshkent: Yangi Nashr, 2011.