Maʼlumki, yashab turgan muhiti kishining jamiyatda oʻz oʻrnini topishida, hayotdagi intilish va maqsadlarini belgilashida katta oʻrin tutadi. Ayniqsa, Alloh yoʻliga hayotini bagʻishlagan ilm ahllari, fazilat sohiblari, yaxshilik egalari uchun ijtimoiy muhit alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki, ular bu dunyoda faqat Alloh taoloning roziligini istab harakat qiladi. Guvohmizki, ular hamma vaqt yashab turgan jamiyatini Alloh taolo bergan aql, ilm va yaxshilik bilan isloh qilishga intilgan.
Jumladan, Abdulhay Laknaviy yashagan ijtimoiy muhitdan taʼsirlangan va barcha ulamolar kabi unga oʻz taʼsirini oʻtkazgan. Uning baʼzi ilmlarda peshqadam va eʼtiborli boʻlishi boshqalar orasidan ajralib chiqishiga, zamonasidagi firqalar orasidan toʻgʻri yoʻlni tanlashi va koʻp ishlarda jamiyat uchun katta foyda keltirishiga sabab boʻlgan. Alloma saʼy-xarakatlarining ahamiyati shundaki, u zamonasidagi insonlar uchun muhim boʻlgan ishlar ustida matonat bilan turgan va har bir harakatida jamiyat aʼzolarining holatini eʼtiborga olib, ularga muayyan chegaralar doirasida taʼsir qilish choralarini koʻrgan.
Abdulhay Laknaviy oʻz asarlarida zamonasidagi musulmonlarning salbiy holatlari va islom shariatiga zid boʻlgan ishlarini koʻp marta zikr qilib oʻtgan. Jumladan, odamlarning koʻpchiligi islom taʼlimotidan uzoqlashgan, ular orasida bidʼat ishlar keng yoyilgan, koʻpchilik ishni egasidan boshqaga topshirar, olim bilan johil ajratilmas, johillar qadrlanar edi. Imom Laknaviy bu holatdan shikoyat qilib bunday degan: “Bu zamonda johillik, zoʻravonlik, adashish va haddan oshish keng yoyilganidan odamlar islom qonunlarini bilmaganni faqih, ilmi yoʻqni ziyoli, deb qattiq ishondi. Johillarni fuqaho martabasiga koʻtarib, ulardan fatvo soʻradi. Oqibatda ular halqqa fatvolar berib, oʻzlari ham adashdi, odamlarni ham adashtirdi”.
“Hasratul olam” asarida alloma mana bu soʻzlarni aytgan: “Musulmonlar bidʼat amalni sunnat deb qabul qilib, uni mahkam ushlab oldi va sunnat amalni bidʼat deb, uni tark qildi”.
Bu johillik natijasida Hind diyoridagi musulmonlar orasida fasod urugʻi yoyilib, bir necha firqa paydo boʻldi. Ular quyidagilar:
- Aqli qotib qolgan taqlidchilar. Ular bunday daʼvo qiladi: “Biz eʼtiqod qilgan mazhabning vazni fiqhdagi asl va furuʼ masalalarning barchasidan ogʻir keladi. Undagi barcha masalalar jarohatdan pokdir”.
Bu firqadagilar oʻz yoʻlini toʻgʻri bilib, shariat qonunlarini soxtalashtirgan. Boshqalarning toʻgʻri fikrlarini qabul qilmasdan, oʻz qarashlarida qotib qolgan. Bular haqida Imom Laknaviy “Imomul kalom” asarida bunday fikr bildirgan: “Ular shariat ilmlari dengiziga shoʻngʻidi. Ammo masalalardagi qarashlarini tiya olmadi va koʻzlarini ochmadi. Oqibatda tafakkuriga kelgan notoʻgʻri nazariyada qotib qolib, haqiqatni tan olmadi”.
- Hadisning zohiriga amal qiluvchilar. Ular ham shariat ilmlariga gʻayrat bilan kirishdi. Biroq ilmning dur-sadaflariga yetib borolmadi. Hadisning zohiridagi maʼnoni hukm qilib olib, oʻz fikrlarini yuqori qoʻydi. Ahli sunna val jamoa yoʻlini xatoga chiqarib, musulmonlar orasida koʻp ixtiloflar keltirib chiqardi. Qadamlari toʻgʻri yoʻldan toydi va ular tartibli ishga muyassar boʻlmadi. Ular haqida Abdulhay Laknaviy mana bu soʻzlarni aytgan: “Ular mashhur mazhablarning binolarini buzishga harakat qildi va ergashilgan buyuk imomlar haqida haqoratli soʻzlarni aytdi”.
Yuqoridagi ikki firqa oʻrtasida katta tortishuvlar yuzaga kelib, ummat ichida nizolar keltirib chiqardi. Musulmonlar orasida birdamlikka putur yetdi. Ular koyishga, taʼzir, adab va tanbeh berishga mustahiqdir. Imom Laknaviy ularning ishini qoralab, bunday degan: “Ikkisining biri taqlidda qotib qolish, boshqasi fosid gumon va buzuq fikr bilan adashdi. Ular foydasi yoʻq, balki zarari koʻp narsalarda tortishdi, ahamiyatsiz mavzular boʻyicha bahslashdi. Biri ikkinchisini kufrda, adashishda, fosiqlikda va johillikda aybladi va oʻzini toʻgʻri amal qiluvchi deb hisobladi”.
- Oʻrta yoʻlni tutganlar. Bu yoʻldagilar mujtahidlardan meros qolgan fiqhiy masalalarni va keltirilgan dalillarni olishda oʻrta yoʻlni tutdi. Ular aqlni naqldan oldin qoʻymasdan va tortishuvning chekkasiga ham bormasdan salaf solihlarning yoʻlidan yurdi.
Hanafiy mazhabini mahkam tutgan bu toifani Abdulhay Laknaviy ham ixtiyor qilgan. Ammo u mujtahid darajasiga yetgach, ustozlarining yoʻliga xilof boʻlsa-da, oʻzida kuchli dalil topgan masalada ijtihod qilib, fatvo bergan. Shogirdi Abdulboqiy bunday degan: “Baʼzilar ustozimni mazhabni tan olmaslikda ayblaydi. Biroq u koʻr-koʻrona taqlid qilishni bidʼat va zalolat atardi. Ibn Taymiyya (661/1263-728/1328) va unga ergashganlarning mazhabini tutmadi. U mantiq fanining imomi, nahv va lugʻat ilmining bilimdoni Abdulhaq ibn Mavlaviy (vaf. 1318/1900), fors va arab tillari olimi Muhammadbashir Sahsavoniy (1254/1838-1323/1905) va Navvob Siddiq Hasanxon (1248/1832-1307/1889) bilan mazhab masalalari boʻyicha bahslashar va gʻalaba ustozim tomonda boʻlardi”.
- Johil obidlar firqasi. Imom Laknaviy “Al-Osorul marfuʼatu fil ahodisil mavzuʼat” asarida bu firqa joiz boʻlmagan ishlarni mahkam tutib olganini ochiq-oydin aytib, uning aʼzolariga bunday raddiya bergan: “Ular ilm bilan shugʻullanmasdan, butunlay bidʼatga berilib ketgan. Bu ishlarini yaxshiliklardan deb hisoblaydi. Shayxi ularning koʻpchiligiga sahih rivoyatlar bilan sobit boʻlgan nafl namozni emas, balki maxsus tartibda boshqacha namoz oʻqishni oʻrgatgan. Nafl ibodatlarni farz darajasiga koʻtarib olgan. Namozdagi rakatlarning adadlarini ham shayxi belgilab beradi. Aslida namozxon nafl namoz rakatlar adadini belgilashda ixtiyorlidir. Ular shayxi buyurgan vazifani soʻzsiz bajarib, bunda yalqovlik qilmaydi. Shayxi tayin qilgan har bir ishni Paygʻambar alayhissalomdan deb biladi”.
- Xudosizlar va inkor qiluvchilar. Ular zohirda islom dinining tarafdori oʻlaroq koʻrinsa-da, aslida dinni buzuvchilar boʻlgan. Bu toifaning boshligʻi Sayyid Ahmadxon (vaf. 1316/1898) boʻlib, unga ergashganlar farishtalar, jinlar, ruhlar, Allohning arshi va kursisi, jannat va doʻzaxning borligini, qabr azobi va qayta tirilishni inkor qiladi. Bularning barchasini toʻqima deb aytadi. Abdulhay Laknaviy bunday degan: “Sayyid Ahmadxon Qurʼonga tafsir yozib, uning maʼnolariga buzuq fikrlarni kiritdi. Ular Alloh taolo kufr keltirmagan mushrikni azoblamaydi, Iso ibn Maryam Yusuf Najjorning oʻgʻli boʻlib, otasiz tugʻilmagan, deb daʼvo qiladi. Aroq ichish, zino qilish va boshqa gunohlarni halol sanaydi. Qurʼon va hadis maʼnolarini notoʻgʻri talqin qilib, sof shariatni anglamaydi”.
Abdulhay Laknaviy bu firqaning aqidalarini oʻzining “Tadvirul falak bi husulil jamoati bil jinni val malak” (Farishta va jinlar jamoasi bilan falakning harakatga kelishi) kitobida bayon qilgan. Alloma asarda farishta va jinlarning borligiga dalil keltirmagan. Zero, ularning mavjudligi islom eʼtiqodida zarurat yuzasidan sobitdir. Lekin ular bilan hosil boʻladigan ishlar ham borki, u jamoatdir.
Imom Laknaviy mulhidlar va ahli zohirni bu firqalarning eng ashaddiysi deb hisoblagan. Fasodlari yoyilib ketganining sababi oʻsha kezlari islomda ulardan himoya qiladigan kuch qolmaganid edi.
Alloma aytadi: “Ular Hind diyoridan boshqa yurtlarda ham tarqalib, musulmonlar orasida nizo va qarama-qarshiliklarni keltirib chiqardi. Islom shariatidagi usul va furuʼ masalalariga toʻliq xilof qildi. Alloh taologa “Islom gʻariblikdan boshlanib, tezda gʻariblikka qaytadi. Gʻariblarga jannat boʻlsin”, deb iltijo qilish va yolvorishdan boshqa yoʻl qolmadi”.
Bu buzgʻunchilar islomning ilk davrlarida ham boʻlgan. Ularni millat ustunlari va ummat sultonlari adolat qilichlari bilan qarshilab, butunlay yoʻqotish uchun qatʼiy jazo tayin qilgan. Fitnalari halok boʻlish bilan toʻxtagan. Keyinchalik islom diyorlarida islomning ruhi susaygan davrda fitnalar yana avj oldi va musulmonlar yana ziddiyatlar girdobida qoldi.
Abdulhay Laknaviy jumhur ulamolar tutgan yoʻl ustida ularga xilof qilganlarga raddiya bergan holda shaxdam qadamlar bilan yurdi. Ammo jumhur ulamolar yoʻlidan chiquvchilarning juda kam qismi uning fikrlarini toʻgʻri deb topdi. Shu sababli Imom Laknaviy ular karih koʻrgan narsaga raddiya berib, “Ziyoratu qabri Rasulillah sollallohu alayhi vasallam” risolasini yozdi.
Shu tariqa islom ummatining baʼzi ilmlardan bexabar qolishi yoki ozginasi bilan cheklanishi musulmonlarning ahvoli yomonlashishiga, nizolarning koʻpayishiga, xusumatchilar oʻrtasida janjallar kelib chiqishiga sabab boʻldi. Tarix ilmidan xabardor boʻlish bizga oʻtmishdagi achchiq qismatlarni eslatib turadi, oʻtgan ulamolarning hayoti va faoliyatini, ular oʻrtasidagi raqobat va bahslarni oʻrganishga undaydi. Bular bugungi avlod uchun oʻziga xos nasihat boʻlib, oʻrni kelganda, ibrat va oʻrnak boʻladi, toʻgʻri yoʻldan adashmaslik uchun poydevor vazifasini oʻtaydi.