Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev Toshkent shahrining qadimiy va moʻtabar maskani – Hastimom dahasida barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi binosi bilan tanishib, uning asosiy peshtogʻini qurishda Samarqanddagi Ulugʻbek madrasasidan andoza olish kerakligi haqida gʻoyat muhim taklifni ilgari surdilar. Ushbu taklifning tarixiy ahamiyatini anglash uchun sulton Ulugʻbek hayoti va ilmiy merosini chuqur oʻrganish katta ahamiyatga ega. “[Ulugʻbek koʻragon] Samarqandda bir oliy madrasa bino qildikim, bezagi, afzalligi va ulugʻvorligi jihatidan unga oʻxshashi yetti iqlimda ham yoʻqdir”, – deb yozadi tarixchi Davlatshoh Samarqandiy[1].
Biz odatda madrasa deganda diniy taʼlim muassasasini tushunamiz. Biroq 1417-1420 yillarda Ulugʻbek tashabbusi va doimiy eʼtiborida qad rostlagan ushbu taʼlim muassasasi bugungi kundagi haqiqiy akademiya maqomidagi taʼlim va ilmiy tadqiqot oʻchogʻi edi.
Ulugʻbek ushbu madrasani shunchaki qurdirmagan, balki bu maskan uning hayotida beqiyos ahamiyatga ega boʻlgan. Tarixchi Zayniddin Vosifiyga koʻra, Ulugʻbek madrasa qurilishining har bir bosqichini shaxsan nazorat qilib borgan, hatto madrasa binosi bitgach, unga kim mudirlik qilishi, kimlar dars berishi, mudarrislar qanday bilim va malaka talablariga ega boʻlishi lozimligigacha aniq belgilab bergan[2].
Ulugʻbek hayoti, ilmiy faoliyati va saltanat boshqaruvini oʻrganishda Gʻiyosiddin Jamshid Koshiy (vaf. 1429), Fasih Havofiy (1375-1442), Abdurazzoq Samarqandiy (1413-1482), Mirxond (1433-1498), Davlatshoh Samarqandiy (1435-1495), Alisher Navoiy (1441-1501), Xondamir (1475-1534), Bobur (1483-1530), Zayniddin Vosifiy (1485-1566) va Abu Tohirxoja kabi tarixchilarning asarlari qimmatli manbalar vazifasini bajaradi[3]. Shuningdek, keyingi davrda ulugʻbekshunoslikda V.V.Bartold, Qori Niyoziy, B.Axmedov, D.Yusupova, A.Axmedovlarning ilmiy tadqiqotlari muhim ahamiyatga ega boʻldi[4].
Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” asarining yettinchi majlisida shunday yozadi: “Ulugʻbek Mirzo – donishmand podshoh erdi. Kamolati bagʻoyat koʻp erdi. Yetti qiroat bila Qurʼoni majid yodida erdi. Hayʼat va riyoziyni xoʻb bilur erdi. Andoqkim, zij bitdi va rasad bogʻladi va holo aning ziji oroda shoeʼdur. Bovujudi bu kamolot gohi nazmgʻa mayl qilur”[5].
Tarixchi va shoir Davlatshoh Samarqandiy oʻzining “Tazkirat ush-shuaro” (“Shoirlar boʻstoni”) kitobida Ulugʻbek haqida quyidagilarni yozadi: “Ammo olim, odil, gʻolib va himmatli podshoh Ulugʻbek koʻragon yulduzlar ilmida osmon qadar yuksalib bordi, maoniy ilmida qilni qirq yordi. Uning davrida olim va fozillar martabasi nihoyat baland choʻqqiga koʻtarildi.
[Mirzo Ulugʻbek] handasa ilmida [har qanday] chigalliklarni yechguvchi, hayʼat ilmida Majistiykusho erdi. Fozillaru hakimlarning yakdil fikri shulki, islomiyat zamonida, balki [Iskandar] Zulqarnayn zamonidin shu damgacha Ulugʻbek koʻragondek olim va podshoh saltanat taxtida oʻltirmagan. U riyoziyot (matematika) ilmini shu daraja egallagan erdiki, zamonasining [ulkan] olimlari, chunonchi ulamolar va hakimlar faxri Qozizoda Rumiy hamda Gʻiyosiddin Jamshid bilan birgalikda yulduzlar ilmiga rasad bogʻladi. [Lekin] zamonasining bu ikki ulugʻ olimi rasad oxiriga yetmay turib vafot etdilar va sulton [Ulugʻbek] bor himmatini bu ishni oxiriga yetkazmoqqa sarf qildi. “Ziji Sultoniy”ni kashf etib, uni oʻz ismi bilan ziynatladi. Bugun bu zij hakimlar nazdida moʻtabar va amaldadur. Baʼzi [olim]lar uni “Ziji Nasiri Elxoniy”dan ortiq koʻradilar”[6].
Zahiriddin Muhammad Bobur oʻzining “Boburnoma” asarida: “Ulugʻbek mirzoning yirik imoratlaridan Samarqand qalʼasining ichidagi madrasa va xonaqohdir. Xonaqohning gunbazi juda katta gunbazdir; olamda unchalik katta gunbaz yoʻq, deb hisoblaydilar…
Yana bir yuksak imorati Koʻhak tepaligi etaklaridagi rasadxonadirki, bu zij bitmak (astronomik jadval tuzish)ning maskanidir. Uch qavatlidir. Ulugʻbek mirzo bu rasadxonada “Ziji Koʻragoniy” (“Koʻragoniy astronomik jadvali”)ni tuzgandirki, olamda hozir bu jadval amaldadir”[7].
Ulugʻbekning ustozi Gʻiyosiddin Jamshid Koshiyning oʻz otasiga yoʻllagan xati Ulugʻbek davrida Samarqandda hukm surgan ilmiy-maʼnaviy muhit haqida ishonchli va batafsil maʼlumot beruvchi tarixiy manba hisoblanadi.
Muhammad Boqiriyning fikricha, ushbu qoʻlyozma Ulugʻbek bilan doimiy muloqotda boʻlgan, uning ilmiy majlislarida ishtirok etgan shaxs tomonidan yozilgan birlamchi manba ekani bilan ham qadrlidir[8].
Koshiyning birinchi xati Tehronning Sipohsolor masjidi kutubxonasidan topilgan boʻlib, 1940 yilda eronlik olim M.Tabataboiy tomonidan nashr etilgan. Keyinchalik ingliz, arab, turk, rus va boshqa xorijiy tillarga tarjima qilinib, olimlar eʼtiborini oʻziga jalb qilgan. Maktub akademik D.Yusupova tomonidan 1979 yilda rus tilida, 1996 yilda oʻzbek tilida, 2009 yilda lotin alifbosida chop etilgan.
Eronlik olim M.Boqiriy kutilmaganda Tehronning Majlis kutubxonasida maktubning ikkinchi nusxasi saqlanayotganini aniqladi va uni ilmiy muomalaga kiritdi. Jamshid Koshiyga tegishli mazkur ikkinchi nusxasini oʻzbek ilmiy jamoatchiligiga nisbatan nomaʼlum boʻlgan manbalar qatoriga kiritish mumkin. Asarning oʻzbek tiliga tarjimasi mavjud emas. Biz quyida keladigan Jamshid Koshiyning oʻz otasiga yoʻllagan maktubini Tehron nusxasi asosida tarjima qildik.
Maktubda Ulugʻbekning beqiyos ilmiy salohiyati, ilm-fanga eʼtibori va homiyligi, Samarqandda shakllangan matematika va astronomiya ilmiy maktablari, Ulugʻbek rasadxonasining qurilishiga oid tarixiy manbalarda uchramaydigan qimmatli maʼlumotlarni oʻqish mumkin. Taʼkidlash kerak, ushbu maktubdagi baʼzi maʼlumotlar uning birinchi nusxasida ham uchraydi.
“[Quyidagi] maktub xati hakimlar va muhandislarning[9] buyuk iftixori mavlono Gʻiyosul milla vad din Jamshid Koshoniy tomonidan Koshon shahriga, oʻz otasiga saltanat poytaxti Samarqanddan u yerda rasad[10] ishlari bilan mashgʻul boʻlib turgan vaqtida yozilgandur”, – deyiladi maktub avvalida.
Alloma otasiga bergan vaʼdasiga muvofiq Samarqandda faqat astronomiya ilmi bilan mashgʻul boʻlgani, bor diqqat-eʼtiborini ushbu fanga qaratayotganini taʼkidlaydi. Samarqandga ilk marta kelganida mahalliy olimlar uni diqqat bilan kuzatgani, turli savollar soʻrash orqali uning matematika va astronomiyaga oid bilimlarini sinovdan oʻtkazganlarini yozadi. “Bundan maqsad”, – deydi Gʻiyosiddin Koshiy, – Ulugʻbek huzurida obroʻ va maqomga ega boʻlgan olimlar saltanat poytaxtiga taklif etilgan yangi mehmon oʻzlaridan bilim va tajriba jihatidan ustun boʻlish yoki boʻlmasligini aniqlash edi”[11]. Ulugʻbek olimlar huzurida ushbu fanlarga oid turli muammolar boʻyicha bahslar tashkil etishni odat qilgan va baʼzi masalalarning ilmiy muhokamasi bir-ikki oylab ham davom etgan. Bundan maʼlum boʻladiki, Ulugʻbek davrida olim va tadqiqotchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan, Samarqandda ilmiy muhit oʻzining yuksak bosqichiga koʻtarilgan.
Ulugʻbek Samarqandda faoliyat koʻrsatayotgan olim va mudarrislar, madrasa talabalarini moddiy qoʻllab-quvvatlash uchun 30 ming dinor kepakiy[12] mablagʻ ajratgan. Shundan 10 ming dinor talabalarga yoʻnaltirilgan. Ushbu moliyaviy yordamni oluvchi talabalar soni 10 ming nafardan oshiqni tashkil qilgan va ularning nomlari maxsus qayd etib borilgan. Mazkur mablagʻ hozirgi kun hisobida oʻrtacha 32 milliard soʻmni tashkil etadi. 10 ming talabaga 10,6 mlrd soʻm ajratilganini eʼtiborga olsak, har bir talaba oʻrtacha 1 mln soʻmdan moddiy yordam olganini anglash mumkin. Oʻrta asrlar hisob-kitobida bu katta xarajatni tashkil qiladi.
Samarqandda 500 nafar talaba matematika fani bilan chuqur shugʻullangan. Jamshid Koshiy oʻz xatida Ulugʻbekning soʻnggi 12 yil davomida matematika bilan doimiy mashgʻul ekanini qayd etadi. Ulugʻbek davrida matematika fani Samarqandning 12 ta joyida maxsus oʻqitilgan. Samarqanddagi matematika fanining saviyasi va darajasi Fors hamda Iroq yerlaridagidan misli koʻrilmagan darajada yuqori boʻlgan. Shuningdek, bu yerda hisob ilmi bilan shugʻullanuvchi 24 nafar mustaxrij boʻlib, ularning ayrimlari astronomiyadan taʼlim olgan. Xususan, ularga Yevklidning “Elements” asari oʻqitilgan.
Jamshid Koshiyga Ulugʻbek saroyining nomaʼlum azimutli devoriga miqyos oʻrnatish vazifasi topshiriladi. Maqsad – quyosh soatini oʻrnatish orqali vaqtni aniq darajada bilish boʻlgan. Ushbu vazifa amalga oshirilganidan soʻng Qozizoda Rumiy boshchiligidagi saroyning nufuzli olimlari toʻplanib, Jamshid Koshiyning yechimini turli geometrik usullar orqali tekshirganlar.
Koshiyning yozishicha, Ulugʻbek unga alohida topshiriq bergan. Topshiriqqa koʻra, masjid mehrobidan dumaloq shaklga ega shunday teshik teshish kerak boʻlganki, qish va yozda quyosh nuri shu teshik orqali bir muddat masjid xonaqosiga tushib, asr namozi boʻlganini aniq bildirishi kerak edi.
Ulugʻbek olimlar hamrohligida haftada bir necha marta Samarqand madrasasiga tashrif buyurib, dars mashgʻulotlarini kuzatishni odat qilgan. U boʻsh vaqt topildi deguncha ilmiy asarlar mutolaa qilishni xush koʻrgan. Kitobda koʻtarilgan masalalarni olimlar bilan muhokama qilgan. Koshiyning qaydiga koʻra, bir kuni Ulugʻbek oʻzi oʻqigan kitobda Abu Rayhon Beruniyning “Qonuni Masʼudiy” kitobiga havola keltirilgan boʻlib, masala yechimi mavhum boʻlgan va uni olimlar muhokamasiga tashlagan.
Ulugʻbek matematikani shu darajada chuqur bilganki, ilmiy muhokamalarda hech kimning uning soʻzini boʻlishga haddi sigʻmagan. Ulugʻbek madrasasi oʻqituvchilari dars mashgʻulotlariga tunlari bilan tayyorgarlik koʻrganlar hamda minglab usul va vositalar yordamida darsni olib borganlar.
Jamshid Koshiy oʻz maktubida Ulugʻbek madrasasining eng yirik uch nafar ustozlari qatorida Qozizoda Rumiy, Mavlono Muhammad Xoniy, Mavlono Abulfathning nomlarini keltiradi. Mavlono Muhammad Xoniy matematika, astronomiya va boshqa fanlarning bilimdoni, kuchli xotira egasi boʻlgan. Koshiyning qaydiga koʻra, Mavlono Muhammad Xoniy Qozizoda Rumiyga qadar Samarqandda eng yuqori ilmiy maqomga ega boʻlgan va ilmiy bahslarda hech kim Muhammad Xoniyning oldiga tusholmagan. Mavlono Abulfathni esa Ulugʻbek Hirotdan Samarqandga olib kelgan. U islom huquqi va astronomiya fanlarini chuqur bilgan.
Jamshid Koshiyning maktubida quyidagi qiziq iborani uchratish mumkin: “Sizga [ota] shu narsani maʼlum qilmoqchimanki, men bu sohaga kirganimda hamkasblarim ushbu fanning Ibn Sinolari hisoblanishardi”[13]. Mazkur jumla shundan dalolat qiladiki, Ulugʻbek zamonida biror fanni mukammal darajada oʻzlashtirgan odamni oʻsha sohaning Ibn Sinosi deb atash urf boʻlgan. Xuddi bugungi kunda biror kimsa avtomashinani tez haydaganda: “Shumaxermisan?” – degan iborani qoʻllash odat boʻlgani kabi.
Maktubda Jamshid Koshiy oʻziga Ulugʻbek nomidan shunday yuqori baho beradiki, bir qarashda bunday baho oʻquvchiga nokamtarlikdek tuyuladi. “Hazrat [Ulugʻbek], Alloh taolo uning mulki va hukmronligini qiyomatga qadar abadiy qilsin, majlislar va tadbirlarda shuni takror aytadilar: “Mavlono Gʻiyosiddinning iqtidori ushbu fanda Qozizodaning iqtidoridan ulugʻdir. [Shuningdek] Uning bilimi va salohiyati Qozizodanikidan yuqoridir. Qozizoda bir necha kunlab yechadigan, baʼzan yechimini xato topadigan qiyin masalalarni Mavlono Gʻiyosiddin zudlik bilan yechur”.
Ushbu holat Ulugʻbekka yaqin ilmiy doiralarda kuchli raqobat kechganidan dalolat beradi. Olimlar doim sultondan maqtov eshitish, uning marhamatiga sazovor boʻlishga ishtiyoqmand boʻlganlar.
Koshiyning yozishicha, Ulugʻbek observatoriyasining dastlabki chizmalari Ptolomey metodiga asoslangan boʻlib, keyinchalik olimlar bilan oʻtkazilgan maslahatlardan soʻng Ulugʻbek Marogʻa observatoriyasi[14] chizmalariga asoslangan yangi rasadxona qurish boʻyicha yakuniy toʻxtamga kelgan. Ulugʻbek observatoriyasining perimetri Koshon oʻlchov birligida 200 gazni tashkil qilgan. Dastlabki chizmalar boʻyicha rasadxona juda baland bino boʻlishi rejalashtirilgan. Biroq Samarqand gʻishtlari haddan ziyod yuqori binoni koʻtarolmasligi ehtimolidan uning chizmalariga oʻzgartirish kiritilgan. Bino tomi tekis holatda boʻlib, unga kuzatish ishlarini olib borish uchun astronomik asbob-uskunalar joylashtirish rejalashtirilgan.
Ulugʻbekning ilmiy salohiyati haqida toʻxtalib, Koshiy quyidagilarni yozadi: “U [Ulugʻbek] arab tili grammatikasini mukammal biladi va [bu tilda] goʻzal uslubda yozadi. U arabiy, forsiy, turkiy, moʻgʻuliy va biroz xitoy tilini ham biladi. U Musʼhafi majid (Qurʼoni karim)ni toʻliq yod biladi. Qurʼoni karim tafsirlari va hikoyatlaridan yaxshi xabardor. Shu darajada yaxshi biladiki, soʻzlaganida Qurʼoni karimdan yaxshigina iqtibos keltira oladi. Oʻtgan hodisalarni xotirasida kuchli saqlab qoladi. Aruz va qofiya ilmini bagʻoyat yaxshi biladi. Anvariyning[15] devonini toʻliq yod biladi. Zohir Faryobiyning[16] sheʼrlarini ham biladi. Baʼzida oʻzi ham Anvariy uslubida chiroyli sheʼr yozib turadi”[17].
Koshiyning qayd etishicha, Ulugʻbek favqulodda kuchli xotira egasi boʻlgan. “U [Ulugʻbek]ning xotirasi dunyo moʻjizalaridan biridir”, – deydi Koshiy. Ulugʻbek Sultoniya shahridagi yoshlik davridan boshlab qayerda, qaysi joylarda yashaganini haftasi, kunigacha aniq aytib berar, peshin namozini oʻqish uchun qayerda toʻxtab oʻtgani, tunlari qaysi yoʻl bilan yurganigacha aniq yodida saqlagan. Ulugʻbekning mulozimlari uning tarixi yozilgan qaydnomalarni olib kelib, olimlar huzurida oʻqib berganlarida barcha voqea-hodisalar Ulugʻbek aytib bergani bilan aynan oʻxshash boʻlgan. Olimlar Ulugʻbek xotiralari asosida qachon-qayerda boʻlganlarini bilib olganlar va oʻz kundaliklariga qayd qilib olganlar.
Koshiyning yozishicha, Ulugʻbek matematikada yuksak mahoratga ega boʻlgan. Bir kuni ovga chiqqanida ot ustida 819 hijriy yilning (1416 y.) dushanba kuni Rajab oyining 10 va 15 sanalari orasida bir voqeaning qachon boʻlganini aniqlamoqchi boʻlgan. U otda keta turib, oʻsha kuni quyosh qaysi gradusda, qaysi soniyada, qanday burj ostida boʻlganini hisoblab chiqadi. Ulugʻbek ushbu hisob-kitobni amalga oshirishni Jamshid Koshiyga ham aytadi. Biroq Koshiy bunday sharoitda xotirada ushbu murakkab hisobni aniqlash imkonsiz ekanini taʼkidlaydi. “Hech shubhasiz, men uchratgan birorta munajjim bu hisobni zijsiz amalga oshirolmaydi”, – deydi Koshiy.
Bir kuni Ulugʻbek “Tuhfa”[18] kitobidagi muammoli masalani yechadi va kitob muallifiga asosli eʼtirozlarini bildiradi. Jamshid Koshiy ushbu eʼtirozlarni diqqat bilan oʻrganib chiqib, Ulugʻbek aniqlagan har bir holat boʻyicha oʻz dalillarini olimlar huzurida isbotlab beradi. Ulugʻbek oʻzi muhokama qilgan ilmiy masalalarni 5-6 oy, hatto yillar oʻtsa ham nozik jihatlarigacha yodda saqlay olgan.
Ulugʻbek astronomiya va matematikaga oid ilmiy yangiliklar haqida eshitishni xush koʻrgan. Jahonning qaysi mamlakatida ushbu fanlarga oid kashfiyotlar boʻlsa, ularni oʻrganib, faoliyatiga tatbiq etishga ishtiyoqmand boʻlgan. Yusuf Halloj ismli shaxsning oʻgʻli Misr, Shom oʻlkalarida boʻlib, astronomiya boʻyicha yangi uskunalarni Samarqandga keltiradi. Jumladan, u “zarqala” nomli astronomik jihozni Ulugʻbekka taqdim etadi. Oʻz navbatida sulton oʻz olimlariga “zarqala”ni diqqat bilan oʻrganish boʻyicha topshiriq beradi.
Ulugʻbek davrida matematika fani oʻz ichiga sheʼrlarning vazni va aruz ilmini ham qamrab olgan. Jamshid Koshiy oʻz maktubida ushbu yoʻnalish bilan Samarqandga kelibgina shugʻullana boshlaganini taʼkidlaydi.
Ulugʻbek tarixini oʻrganish yana shu jihati bilan muhimki, bu ulugʻ siymo zamonamiz yoshlariga ibrat va namuna boʻlishga munosibdir. Shu jihatdan ham Sulton Ulugʻbekning hayoti va ilmiy merosini tadqiq etish, ulugʻ bobomiz haqidagi tarixiy manbalarni xalqimiz orasida ommalashtirish tarixchi olimlar oldida turgan muhim vazifa hisoblanadi.
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)