Home / MAQOLALAR / PAYGʻAMBARIMIZ ULUGʻLAB, MAQTAGAN SOHA

PAYGʻAMBARIMIZ ULUGʻLAB, MAQTAGAN SOHA

Janobi Paygʻambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: «Ikki neʼmat borki, koʻpchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. Ular – sihat-salomatlik va xotirjamlikdir», – dedilar» (Imom Buxoriy rivoyatlari). 

Bir kuni “Paygʻambarlarning otasi” bobomiz Ibrohim alayhissalom soʻradilar:
– Ey, Parvardigori olam! Dard kimdan?
Alloh taolo:
– Mendan, – dedi.
Ibrohim alayhissalom yana soʻradilar:
– Davo kimdan?
Alloh taolo yana:
– Mendan, – dedi.
Shunda Ibrohim alayhissalom:
– Unda shifokorga ne hojat? – dedilar.
Alloh taolo:
– Shifokor – qoʻliga davo yuborilgan kishidir, – deb marhamat qildi.

Janobi Paygʻambarimizning aytgan muborak soʻzlaridan oladigan xulosamiz – qaysi bir dard-kasallikni Alloh taolo yuborgan boʻlsa, demak, uning shifosini ham yuborgan. Shifosini esa davolovchi, tabib, shifokorlarning qoʻllari orqali yuborar ekan! 

Sharq-u gʻarb-u olimlari  tan olgan, XXI asrning nanotexnologiya zamonasida ham asarlarini butun dunyo xalqlari boshga koʻtarayotgan, jahonning oliy tibbiyot oʻquv dargohlarida kitoblari hanuzgacha oʻqitilib kelayotgan, yer yuzining eng nufuzli tibbiyot akademiyalarida ilmiy ishlari oʻrganilib kelayotgan, yorugʻ olamdagi butun bir ulkan va jiddiy sohani shu insonning ismlari bilan nomlangan Abu Ali ibn Sino hazratlari aytadilar:

“Tuzatib boʻlmaydigan dard yoʻq,
Irodasizlik bor.
Shifobaxsh boʻlmagan oʻsimlik yoʻq,
Ilmsizlik bor”.

Xudoi taolo Oʻzi yaratgan barcha maxluqot-u mavjudotlarini juft-juft qilib yaratgan. Illo Oʻzigina yakkayu-yagona yolgʻiz xolos! Qolgan hamma narsalarni juftli etib qoʻygan. Quyosh-oy, yoz-qish, erkak-ayol, oq-qora, yer-osmon, jannat-doʻzax, oʻlim-hayot, savob-gunoh, kecha-kunduz va hokazo. Alloh taolo yaratgan har bir narsaning jufti, ziddi bor.

Demak, dardning ham jufti, ziddi bor ekan. Bu nima? Bu – davo! Har bir kasallikning ham jufti, ziddi bor ekan. Bu nima? Bu – shifo!

Modomiki Alloh taolo har bir dardga – davo, har bir kasallikka – shifo yuboribdimi, endi sizu-biz bandalarining ishi – shu davo va shifolarni izlab topish!

Imom Buxoriy va Imom Muslim asarlarida Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan quyidagi hadisi sharif mavjud:

Rasululloh alayhissalom aytdilar: “Alloh qanday kasallik tushirgan boʻlsa, albatta, uning shifosini ham tushirgan“.
 Ziyod ibn Alaqa roziyallohu anhu Usoma ibn Sherik roziyallohu anhudan shunday rivoyatni keltiradi:
“Men Rasulullohning huzurlarida edim. Bir aʼrobiy kelib:
– Yo, Rasululloh! Davolansak boʻladimi? – deb soʻradi.
Rasululloh alayhissalom:
– Ha, ey, Allohning bandalari! Davolaninglar! Chunki Alloh taolo qanday dardni yaratgan boʻlsa, albatta, uning shifosini ham yaratgan. Lekin bitta dardning davosi yoʻq, – dedilar.
Sahobiylar:
– U qaysi dard? – deb soʻrashdi.
Rasululloh  alayhis salom:
– Qarilik, – deb javob berdilar.

Yana bir hadisi shariflarida Janobi Paygʻambarimiz Rasululloh alayhissalom aytdilar: ”Har bir dardning davosi bor. Agar davo dardga yetib borsa, Alloh azza va jallaning izni bilan tuzaladi” (Imom Muslim rivoyatlari).

Dono xalqimiz “Birni koʻrib – fikr qil, birni koʻrib – shukr qil!” deb bejiz aytmagan. Televizorimizni pultidagi xohlagan tugmasini bosib, xohlagan telekanalga qoʻysak, dunyoning necha minglab joylarida necha yuz minglab turli yoshdagi insonlar tansihatlik (!) izlab, sarson-sargardon boʻlayotganiga oʻz koʻzimiz bilan guvoh boʻlamiz…

Oilalarimiz salomatligi uchun ham, oʻzlarimizning sogʻligimiz uchun ham nechta odam xizmat qilmoqda? Ularning ikki-uchtasini koʻra olsak, necha milliontasini hayolimizga ham keltira olmaymiz! Hatto tasavvur qilishga ham ojizlik qilamiz!

Har qanday aqlli odam dono yurtimiz tinchligi va xalqimiz salomatligi uchun son minglab oʻzimizning aka-ukalarimiz, opa-singillarimiz, oʻgʻil-qizlarimiz xizmat qilayotganini alohida eʼtirof etadi va yuksak qadrlaydi.

Jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi uchun har bir insonning qilayotgan xizmatlariga minnatdor boʻlishimiz – ham burchimiz, ham farzimiz, ham qarzimizdir! 

“Hayot” nomli “universitet”ning “tillo diplomi”ga ega boʻlgan, “tajriba” nomli “oliy oʻquv yurt”ning “brilliant sertifikati”ga ega boʻlgan va “aql” nomli “institut”ning “gavhar diplomi”ga ega boʻlgan oqil va dono otalarimiz ham, yoshlari ulugʻ tabarruklarimiz ham Oʻziga iltijo qilganlarida “Tansihat, xotirjamlik bergin, Xudoyim!” deb, duo qiladilar. Bejizdan-bejizga emas!

Ustozlarimiz aytadilar: “Hayotdan kishi olmasa taʼlim, oʻrgata olmas unga hech bir muallim”. Kundalik hayotimizda ehtiyot boʻlishimiz lozim ekan. Yana bilib-bilmasdan Janobi Paygʻambarimiz alayhissalomning: «Ikki neʼmat borki,  koʻpchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. Ular – sihat-salomatlik va xotirjamlikdir»,  degan muborak soʻzlariga qarshi boʻlib qolmaylik!

Ibrohimjon domla INOMOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari
Manba: muslim.uz

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …