“Nafaqat yoshlar, balki butun jamiyatimiz aʼzolarining bilimi, saviyasini oshirish uchun avvalo ilm-maʼrifat, yuksak maʼnaviyat kerak. Ilm yoʻq joyda qoloqlik, jaholat va albatta, toʻgʻri yoʻldan adashish boʻladi. Shavkat Mirziyoyev[1]
Islom falsafasida aqida va kalom ilmining sultoni sifatida sharaflangan buyuk mutakallim Abu Mansur Moturidiyning shaxsiyati hamda ul zot tomonidan yaratilgan diniy-falsafiy meros namunalari bugungi globallashuv sharoitida ham maʼnaviy barkamol insonlarni tarbiyalash jarayonida oʻzining yuksak saviyasi va teran mushohadalari bilan muhim manba boʻlib xizmat qilmoqda. Bugungi kunda buyuk allomaning falsafiy merosini keng doirada targʻib qilish, shuningdek, diniy va dunyoviy ilm muvozanatini taʼminlashda koʻrsatgan buyuk xizmatlarini yuksak baholash nafaqat yurtimiz olimlari balki dunyo islomshunos olimlari tomonidan ham yuksak eʼtirof etib kelinmoqda. Insonlarni halol va pokiza yashashga, aqliy teranlikka, dunyo va oxirat oʻrtasidagi muvozanatni anglab yetishga, ilm va mehnat mashaqqatini qadrlash ruhiyatini uygʻotishda Abu Mansur Moturidiy hazratlarining asarlarini oʻrganish va jamoatchilik orasida keng targʻib etish ilm-fan oldidagi dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Chunki bugungi kun insoniyat jamiyati maʼnaviy jihatdan oqsoqlanib qolayotgan, iqtisodiy manfaatlarni barcha narsadan ustun qoʻyadigan, milliy mansublik va mentalitet tushunchalarini inobatga olmaydigan, yot gʻoya va mafkuralar ortidan quvib, oʻzligini yoʻqotayotgan insonlar safi bilan koʻpayib bormoqda. Jamiyatning ziyoli qatlami sifatida ilmni targʻib qilib, yosh avlod ongida har qanday maʼnaviy boʻshliqlar va yot gʻoyalar oʻrnashishi mumkin boʻlgan sarhadlarni buyuk bobolarimiz tomonidan bayon etilgan maʼrifat mashʼali bilan yoritish hamda buyuk kelajagimizni ulkan salohiyat egalari bilan qurish eng oliy maqsadimizdir. Zero, sharq donishmandlari aytganidek, “Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir”! Shaxs maʼnaviy kamolotini yuksaltirish masalasi barcha davrlarda ham dolzarb mavzulardan biri sifatida oʻrganib kelingan. Chunki jamiyatning maʼnaviy qiyofasi unda yashayotgan insonlarning maʼnaviy yetuklik darajasi bilan oʻlchanadi. Abu Mansur Moturidiy islom falsafasida aqoid va kalom ilmining yetuk olimi sifatida nom qozongan boʻlib, uning aqida, kalom va fiqh ilmiga oid asarlari bugungi kunda dunyo olimlari tomonidan katta eʼtirofga sazovor boʻlmoqda. Abu Mansur Moturidiyning bizga maʼlum boʻlgan asarlari taxminiy 15 ta boʻlib, lekin ulardan “Taʼvilot al-Qurʼon” va “Kitob at-tavhid” asarlari bizgacha yetib kelgan eng noyob qoʻlyozmalardan sanaladi. Abu Mansur Moturidiy oʻz asarlari orqali insoniyat yaratilishining falsafiy mohiyati, tavhid ilmi, borliqning insonga taʼsiri, ruhiyat ilmi, inson kuch-qudratining maʼlum chegarasi, iroda erkinligi, dunyo va oxiratni anglash kabi masalalar toʻgʻrisida Qurʼoni karim oyatlariga asoslanib, koʻplab maʼlumotlar taqdim etgan.
Abu Mansur Moturidiy shaxs maʼnaviyati va unga taʼsir etuvchi omillar hamda ularning diniy-falsafiy jihatlarini bir qancha yoʻnalishlarga boʻlib oʻrganadi.
Inson erkinligi masalasi. Abu Mansur Moturidiy, eng avvalo, insonlarning xatti-harakatlarini ontologik jihatdan aniq haqiqat sifatida qabul qiladi va bu fikrni asoslashga harakat qiladi. Uning fikricha, har bir inson oʻz harakatlarining haqiqiy egasidir. Insonning oʻz xatti-harakatlarining mutlaq sohibi ekanligi, ham aqlan, ham ruhan erkinligi Qurʼon oyatlari bilan ochiq-oydin maʼlum qilingandir. Shu haqiqatdan kelib chiqib, Alloh taolo insonlarga oʻzining imkoniyatlari doirasida maʼlum bir vazifa va masʼuliyatlarni yuklagan. Buning natijasi oʻlaroq, bajarilgan yoki tark etilgan xatti-harakatlar evaziga jazo va ajrlarni marhamat etgan. Inson muayyan harakat va faoliyatni amalga oshirishi uchun unga harakatdan oldin amalda maʼlum bir kuch va qudrat berilgan. Insonning harakatlari unga berilgan shu kuch-qudrat va uni amalga oshirishga undovchi shaxs irodasining natijasidir. Bu jarayon inson harakatlarining asosi va uning zimmasiga yuklatilgan masʼuliyatlarining majmuidir. Bular bilan inson maʼlum bir harakatga yuzlanib, oʻz ixtiyori bilan uni tanlaydi va amalga oshiradi. “Bandaning barcha yaxshi yoki yomon amallarini yaratish Alloh taoloning qudrati bilan boʻladi. Demak, insonning xatti-harakatlarida ikki jihat bor: insonning roli va Allohning qudrati.”[2] Abu Mansur Moturidiy, bu masalada oʻz davriga qadar ilgari surilgan taqdirni inkor yetish va majburlash gʻoyasini qabul qilganlarning qarashlarini butkul rad yetib, amallar ham insonga, ham Allohga tegishli ekanligini taʼkidlaydi. Mazkur masalaning yechimi sifatida u yangicha bir fikrni ilgari suradi. Abu Mansur Moturidiyning qarashlariga koʻra, maʼlum bir harakatga murojaat qilish, uni tanlash hamda oʻz xohish va irodasi doirasida bajarish insonning shaxsiy ishi. Har bir narsaning yaratuvchisi boʻlgan Alloh, insonning harakatini ham yaratuvchisidir. Demak, ijod nuqtai nazaridan harakatga taʼsir etuvchi kuch Allohga tegishlidir. Boshqacha qilib aytganda, harakat amalga oshirilish jihati boʻyicha insonga, yaratilish xususiyati boʻyicha Allohga tegishlidir. Inson ruhiyatidagi bu sheriklik alohida xususiyatlarga ega boʻlgan hamda masʼuliyatni bartaraf yetmaydigan hamkorlikdir.
Shaxs etikasi tahlili. “Narsalarning goʻzalligi yoki xunukligini shuningdek, foydali yoki zarar ekanligini umuman aql tamoyillari bilan tushunish mumkin. Biroq, aql ularni barcha jihatlari va tafsilotlari bilan aniqlay olmaydi. Chuqur izlanish va tafakkurdan soʻng bilishi yoki paygʻambarning xabari orqali bilishi mumkin.”[3] Shariatning bu boradagi bayonoti taʼkid va tasdiqdir. Shariat ham biror narsani yaxshiligi uchun buyurib, yomon va zararli boʻlgani uchun uni harom qiladi. Din bu borada aql bilan birlashgan. Qolaversa, axloqiy tuygʻu insonga xos boʻlib, inson tabiatan axloqiy mavjudotdir. Baʼzi narsalarning goʻzalligi va baʼzi narsalarning xunukligi tabiatan aqlda aniq namoyon boʻlganligi sababli, aql ularni idrok etadi, tahlil qiladi, muayyan harakatga undaydi yoki qaytaradi. “Masalan, mavjud neʼmatlarga shukr qilishning haqiqati, adolatning goʻzalligi, noshukurlikning xunukligi, zulm va yolgʻonning chirkin illat ekanligi va hokazo.”[4] Faqat aql oxiratda mukofot yoki jazolanadigan halol yoki harom amal qilish huquqiga ega emas, bu hokimiyat Allohnikidir. Demak, aql ilmi oxirat uchun jazo va ajr miqdorini belgilay olmaydi. Din esa amr qilinganlarni bajarganlarga ajr vaʼda qilgan, man etilganlarni esa jazo bilan tahdid qilgan. Abu Mansur Moturidiyning odob-axloq tushunchasida yana bir taʼkidlash lozim boʻlgan jihat shundaki, u amaldan koʻra gʻoya, eʼtiqod va toʻgʻri bilimni birinchi oʻringa qoʻyib, amalni taqliddan koʻra sogʻlom bilimga yoʻnaltirib asoslaydi. Abu Mansur Moturidiyning fikricha, Allohni tanish va uning goʻzal sifatlarini bilish har bir inson uchun axloqiy farzdir. Chunki borliqni va uning yaratuvchisi haqidagi bilimlarni anglashning yagona yoʻli aqldir.
Abu Mansur Moturidiy oʻz asarlarida odamlarni oʻz imkoniyatlariga javobgar qilish kabi masala borasida ham koʻplab fikrlar bildirgan. Xususan, allomaning fikr-mulohazalariga koʻra, dinda odamlar hech qachon qodir boʻlmagan xatti-harakat uchun javobgar boʻlmaydilar. Islom dinida har qanday xatti-harakat uchun javobgar boʻlishning asosiy sharti shundaki, buyurilgan yoki taʼqiqlangan narsa inson qila oladigan darajada boʻlishi kerak. Shunga koʻra, yuklatiladigan vazifalar odamlarning imkoniyati sigʻdira oladigan va imkoniyati yetmaydigan xatti-harakatlar majmuiga boʻlinadi. Insonni oʻzi bajara olmaydigan ibodat yoki muayyan majburiyatga yoʻllash va natijada ular tomonidan xatti-harakatning lozim darajada bajarilmasligi hamda harakat subyektlarining qoʻlidan kelmaydigan ishlar uchun ogʻirroq jazolash dinning masʼuliyat mantigʻiga mutlaqo ziddir. Alloh taolo insonlarga aql bilan yoki vahiy orqali nimani buyurgan boʻlsa, ularni tushunish uchun imkoniyat eshiklarini ochib qoʻygan. Buni tushuna olmaydigan ilohiy amrga murojaat qilib boʻlmaydi. Bu amrlarning barchasini bilish usullari har xil. Biroq uning yoʻllarini aql va xulosa bilan bilish mumkin.[5]
Borliqning yaratilish qoidasiga koʻra, Alloh hech bir harakat yoki holatni bekordan-bekor yaratmagan. Abadiyat qonunlariga muvofiq har bir voqea, hodisa va jarayonlar oʻzining muayyan sabablari asosida sodir boʻladi. Moturidiyning fikricha, olamdagi hech narsa bekorga yaratilmagan. Hamma narsaning sababi, maqsadi va hikmati bor. Shuning uchun ham Alloh taoloning ijodlari borliq qonunlari va aql asoslaridan tashqariga chiqmaydi. U hamma narsani eng yaxshi koʻrinishda va mustahkam tarzda yaratadi. Uning fikricha, hikmatning ikki xili bor: Birinchisi – adolat, ikkinchisi – inoyat. Adolat hamma narsani oʻz oʻrniga qoʻyadi. Xudoning inoyati esa, cheksiz va oxiri yoʻq marhamatdir.
“Imom Moturidiyning buyukliklari, siyratlarini anglashdagi eng katta manba ‒ u kishining asarlaridir. Bu zotning ixlosu taqvolari, parhezkorliklari, sogʻlom aql va eʼtiqoddagi darajalari, aqliy yetukliklari, fikriy ilgʻorliklarini u kishining asarlarini oʻrgangan odam darhol fahmlab oladi.” [6] Barcha davrlarda ham din insonlarni maʼnaviy birlashuvini, maqsad-muddaolari mushtarakligini, orzu-umidlar yakdilligini taʼminlab beruvchi ruhiy vosita hisoblangan. Mana shu vosita davrlar oʻtsada, qanchadan-qancha siyosiy toʻqnashuvlar boʻlsada, oʻzining ruhiy taʼsir yetish kuchini yoʻqotmagan. “Abu Mansur Moturidiy nafaqat qardosh oʻzbek xalqining, balki ummat rivojiga, muqaddas islomning gumanistik va ratsional asoslarini mustahkamlashga salmoqli hissa qoʻshgan barcha turkiy xalqlarning faxridir”[7] . Darhaqiqat, buyuk allomaning falsafiy merosi, butun ilmiy faoliyati va mehnatlarining samarasi bugungi kunda ham jamiyat va unda yashovchi insonlarning maʼnaviy qiyofasini yaxshilashga, ruhiy barkamollikka va yuksak falsafiy tafakkur egasi boʻlishiga katta yordam beradi. Abu Mansur Moturidiyning falsafiy merosi yoshlar ongining turli koʻrinishdagi buzgʻunchi gʻoyalar bilan zaharlanishiga qarshi turishda hamda ularga qarshi kurashishda oʻta dolzarb va muhim manba hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, Abu Mansur Moturidiy oʻz davrining islomiy ilmlari sohasida eng yetuk bilim sohibi hisoblanib, musulmon dunyosi olimlari tomonidan tan olingan va hozirda ham turli diniy asarlarda zoʻr ehtirom bilan tilga olinadi. Buyuk allomaning maʼnaviy merosi bilan tanishar ekanmiz, uning bundan qariyb oʻn ikki asr muqaddam ilgari surgan hayotbaxsh gʻoyalarini bugungi kun uchun ham toʻliq amalda koʻllashga munosib deb eʼtirof etsak mubolagʻa boʻlmaydi.
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga murojaatnomasidan. (2020 yil 24 yanvar)
- Kitabuʻt-Tevhid, 228-229. Ayrıca geniş bilgi için bkz. Yazıcıoğlu, M. Sait, Mâtüridî ve Nesefîʻye Göre İnsan Hürriyeti Kavramı, Ankara 1988, 28-34.
- Geniş bilgi için bkz. el-Mâturîdî, Teʻvîlât, Topkapı Sarayı Müzesi Ktp., Medine Bölümü, Nu: 180, 796a; el-Mâturîdî, Teʻvîlât, Hacı Selim Ağa Ktp., Nu: 40, v. 888b.
- el-Mâturîdî, Kitâbuʻt-Tevhîd, 178, 181, 223-224. el-Mâturîdî ʻnin bu konudaki görüşlerinin tahlili için bkz. Bardakoğlu, Ali, “Hüsn ve Kubh konusunda Aklın Rolü ve İmâm Mâturîdî”, Ebu Mansur Semerkandi Maturidi adlı kitap içerisinde, 33-49.
- Hasanxon Yahyo Abdulmajid “Tavhid” risolasi ahli sunna aqiydasi boʻyicha muhim manba (birinchi maqola). T.; 15.03.2020
- Sonmez Kutlu. International Conference in Samarkand, dedicated to Imam Maturudi is important and useful. 04/03/2020.