Ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayotni barpo etishda maʼnaviy barkamol, komil insonni tarbiyalab voyaga yetkazish biz uchun umummilliy miqyosidagi kechiktirib boʻlmaydigan vazifa boʻlib qolmoqda. Oʻz istiqboli, kelajagini oʻylagan har qaysi inson, xalq, millat, mamlakat oʻz farzandlarining maʼnaviy – maʼrifiy tarbiyasi haqida oʻylashi va qaygʻurishi kerak. Zero, buyuk maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy taʼkidlaganidek: “Tarbiya bizlar uchun yo hayot-yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidur”.
Bolalarni tarbiyalashda ota-ona, oila, maktab, jamiyat aʼzolarining taʼsiri hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shuni inobatga olgan holda, maʼnaviy barkamol avlodni tarbiyalashda ota-onaning, oilaning oʻrni haqida soʻz yuritamiz.
Bolaning xarakteri, tabiati, tarbiyasi, dunyoqarashi, atrofdagilarga munosabati oila sharoitida qaror topadi. Shuningdek, bola maʼnaviyatini shakllantirish taʼlim-tarbiya tizimi bilan ham uzviy bogʻliqdir.
Bola tarbiyasini qachon boshlash lozim, uning tarbiyasida nimalarga koʻproq eʼtibor berilish kerak, bu jarayonda oila va oʻquv dargohining roli qanday? kabi savollar koʻp ming yillik tarix davomida insoniyatni oʻylantirib kelmoqda.
Ota-ona bolaning birinchi ustozlaridir. Bola ota-onasining xatti-harakatlarini koʻrib, ularni oʻrganib ulgʻayadi. Bir olimning yoniga uch oylik chaqaloq bilan kelib, undan “bola tarbiyasini qachon boshlash kerak?”, – deb soʻraganlarida, olim: “oʻn ikki oy kechikdingiz”, deb javob bergan ekan. Yaʼni, tarbiyani bola tugʻilganidan keyin emas, balki homiladorlik davridanoq boshlash kerak. Bunda onaning oʻrni muhim ahamiyat kasb etadi. Ingliz shoiri va dramaturgi O. Goldsmit aytganidek, ayollar insoniyatning ilk murabbiylaridir. Zero, tugʻilmagan bolaning olamga nisbatan ishonch va ishonchsizlik hissi bolaga onadan kelib tushuvchi maʼlumotlar asosida shakllanadi. Onaning his-tuygʻulari bola psixikasi va xarakterining shakllanishida yo ijobiy, yo salbiy taʼsir koʻrsatadi. Tugʻilajak bola jismoniy rivojiga onaning hayot tarzi, ovqatlanish madaniyati, zararli odatlari bor yoki yoʻqligi taʼsir koʻrsatadi. Yaʼni, agar ota yoki onada salbiy odatlar boʻlsa, bu ularning farzandlarida qaytalanadi. Bu odatlar bolaning jismoniy holatigagina emas, balki uning ruhiy-maʼnaviy holatiga ham taʼsir qiladi, albatta.
Ota-onaning bolaga goʻdaklik chogʻidan sevgi, mehr berishi, toʻgʻri parvarish va tarbiya qilishi unda ishonch tuygʻusini shakllantiradi. Bu davrda ota-ona va farzand oʻrtasida iliq, yoqimli taassurot uygʻonadi. Bola boshqalar bilan ham shunday munosabatga kirishadi. Bolaning oʻziga ishonishi, oʻzini hurmat qilishi muhim boʻlib, ota-ona doimo uni tinglashi, uni ragʻbatlantirishi, unda sevgi, mehr, hurmat, sabr-qanoat va ishonch tuygʻularini uygʻotishi lozim. Olimlar jamiyatda tez tushkunlikka tushadigan insonlarni oʻrganib tahlil qilganlarida, ularning koʻpchiligi bolalik davrida yaqinlari tomonidan kam eʼtibor berilgan yoki umuman eʼtiborsiz oʻsganliklari aniqlangan.
Oilada yetarli mehr va samimiylikni koʻrgan bola axloqiy qadriyatlarni oʻzida mujassamlashtirishga intiladi. Valid ibn Numayr ibn Avsdan rivoyat qilinadi: “U otasining “Solihlik Allohdan, odob otalardan”, – deganini eshitgan ekan. Bundan maʼlum boʻladiki, bolaning kim boʻlib yetishishi Alloh taoloning qadari bilan boʻlsa ham, uning odobli boʻlishida ota-onaning oʻrni katta. Zero, Allohning Oʻzi bolaning kim boʻlib yetishishiga ota-ona tomonidan beriladigan tarbiyani sabab qilib qoʻygan. Agar uyda kattalar baqirib chaqirishsa, bunday oilada ulgʻayayotgan bolaga sokin va sabrli boʻlishni oʻrgatish qiyin. Zero, qush uyasida koʻrganini qiladi. Bola jamiyat qadriyatlari va madaniyatini oiladan oʻrganishni boshlaydi. U, eng avvalo, ota va onasidan ibrat oladi. Bola uyda hamma narsani kuzatishi, eshitishi, koʻrishi, taqlid qilishini unutmagan holda harakat qilish lozim. Ota-ona qanchalar yaxshi tarbiya bermasin, oʻz xulq-atvorini tuzatmasa, bolasining boshqalarga ibrat boʻladigan farzandga aylanishini kutmagani maʼqul.
Bolani qattiq nazorat qilish, unga baqirish, yonida janjallashish, vaqtida ovqatlantirmaslik, atayin yigʻlatish – endigina ishonch tuygʻusi uygʻonayotgan bolaga katta yomonlik qilish bilan teng. Natijada bola qoʻrqoq, ichimdagini top, deydigan boʻlib qoladi. Kattalar buni sezmasliklari mumkin. Biroq, mutaxassislar fikricha, ota-onaning tez-tez janjallashishlari bolaning kasalliklarga oson chalinishi, yolgʻon gapirishi va tartibsiz boʻlishining bosh sababidir.
Farzand maktabga ilk qadamini qoʻyganidan boshlab, qiyinchiliklarni yengishga ishonishi lozim. Savollariga u tushunadigan tarzda javob berish kerak. Unga dalda boʻlish, qoqilganida oʻrnidan turib, oldinga intilishni oʻrgatish lozim. Shuningdek, ularga imkoniyat darajasini inobatga olgan holda topshiriqlar berish kerak. Bu haqda amaliy psixologiyada quyidagi fikr keltiriladi: “Odamning bironta faoliyatining muvaffaqiyat bilan bajarilishi, avvalo odamda boʻlgan bilim saviyasi va malakasiga bogʻliqdir”. Insondagi malaka esa yillar davomida shakllanib boradi.
Bugungi kunda taʼlim tizimini takomillashtirish, raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash mustaqil Oʻzbekistonning asosiy maqsadlaridan biri hisoblanadi. Bu maqsad yoʻlida katta ishlar olib borilayotgani ham sir emas. Yoshlar bilim olishga undalmoqda va ularga zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Bolalarga yuragidagi tuygʻularni soʻz bilan ifodalashlari uchun koʻmaklashish darkor. Tuygʻularini ifodalay olmagan bola oʻzini chorasiz his qiladi. Bolaning aytgan gaplari, soʻzlayotgan voqealari ota-ona uchun shunchaki oddiy gapdek tuyulsa-da, bola uchun eʼtiborli va muhim boʻlib koʻrinadi. Farzandni vaqtida va eʼtibor bilan tinglamaslik, vaqt oʻtishi bilan bola va ota-ona orasida jarlikni paydo qiladi. Hatto, begonalardek uzoqlashuvga sabab boʻlib, bunday vaziyatda bolalarda jinoyat koʻchasiga kirish yoki oʻz joniga qasd qilish kabi holatlar kuzatilishini taʼkidlash muhimdir. Olimlar oʻz joniga qasd qilishni koʻpincha psixologik inqiroz bilan bogʻlaydilar. Bu avvalo shaxsning ichki shaxsiy aloqalarini uzilishi, oʻzi taalluqli boʻlgan ijtimoiy guruhdan begonalashuvi oqibatida paydo boʻladi.
Har bir inson necha yoshda boʻlishidan qatʼi nazar “meni sevadilar” degan tuygʻu bilan yashashni istaydi. Bolani tushunishda va qiynayotgan muammolarini hal qilishda uning gapirishiga qulay vaziyat yaratish, eshitish muhimdir.
Bola soʻzini tamomlamasdan biron fikrni bildirish yoki qarshi fikr aytish nooʻrin. Bola oʻzini bezovta qilayotgan narsani tushuntirishda, tuygʻularini ifodalashda baʼzan qiynaladi. Shuning uchun suhbat chogʻida unga dalda berishlarini xohlaydi. Bunday vaqtlarda bolaga zarda qilmasdan, muloyimlik bilan soʻzlashish, gap orasida “shundaymi?”, “Ha, barakalla”, “shunday degin”, “qiziq, keyin nima boʻldi” singari dalda beruvchi soʻzlardan foydalanish zarur. Bu bilan bola oʻzining ishonchli suyanchi, koʻmakchisi, mehriboni borligini his qiladi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, shaxs tarbiyasida ota-ona bilimlarini doimiy oshirib borishlari lozim. Yagona haqiqat shuki, uyda ota-ona, maktabda ustoz va murabbiylar maʼnaviy boy, dunyoqarashi keng boʻlishlari zarur. Shundagina oʻsib kelayotgan avlodlarga toʻgʻri yoʻl koʻrsata olish mumkin. Eng muhimi ularning psixologik rivojlanishi, ruhiyatidagi oʻzgarishlar toʻgʻrisida umumiy maʼlumotga ega boʻlish mumkin boʻladi. Bu esa oʻz oʻrnida munosabatlarni toʻgʻri rivojlanishiga, ularni hayotini oldindan koʻra bilishga, kelajagini porloq qilib voyaga yetkazishga katta yordam beradi.