Home / MAQOLALAR / FARGʻONA FIQH MAKTABI OLIMLARI ILMIY MЕROSIDAN YANGI NAMUNA

FARGʻONA FIQH MAKTABI OLIMLARI ILMIY MЕROSIDAN YANGI NAMUNA

Mamlakatimiz hududida ilk oʻrta asrlarda ilm fanning turli yoʻnalishlari jadal suratlarda rivojlandi. Ilmiy adabiyotda “ilk uygʻonish davri” deb ataladigan bu vaqtda mintaqamizda yetishib chiqqan allomalar mazkur ilmiy taraqqiyotga ulkan hissa qoʻshdilar. Bu davrning alohida xususiyatlaridan biri Movarounnahrning turli hududlarida oʻziga xos alohida ilmiy maktablar shakllandi va mazkur maktablar Movarounnahr oʻlkasining umumiy ilmiy rivojiga oʻz hissalarini qoʻshdi.

 Ilk oʻrta asrlarda Fargʻona mintaqasida oʻziga xos ilmiy maktab shakllanganligi keyingi tadqiqotlar natijalarida oʻz tasdigʻini topgan haqiqatdir. Ayni shu davrda Fargʻona vodiysida Fargʻona fiqh maktabi ham shakllanib, oʻrta asrlarda nafaqat Movarounnahr, balki butun Islom dunyosida islom ilmlari rivojida alohida oʻrin tutgan allomalar yetishib chiqishiga xizmat qildi.

 Fargʻona fiqh maktabining ilk oʻrta asrlarda Fargʻona vodiysining turli shaharlaridan yetishib chiqqan yirik namoyandalarining oʻzi yuz nafardan ortiq. Vodiyning Axsikat/Axsikent shahridan(Abu-l-Vafa Muhammad ibn Muhammad al-Axsikatiy (vaf. 519/1126), Zu-l-Fazoil Ahmad ibn Muhammad al-Axsikatiy (465/1073-528/1134), Asiruddin al-Axsikatiy (501/1108-594/1198), Abdulloh ibn Qoid ibn Aqil ibn al-Husayn ibn Ahmad ibn Ali ibn Ahmad al-Axsikatiy (461/1069-514/1121), Asiruddin al-Axsikatiy (501/1108-594/1198), Abu Rashod Ahmad ibn Muhammad ibn al-Qosim al-Axsikatiy (406/1067-535/1140)), Kosondan (Abu Bakr ibn Masʼud ibn Ahmad Alouddin al-Kosoniy (vaf. 585/1191), Abu-l-Javd Ato ibn Ahmad ibn as-Sodiq al-Xolidiy al-Kosoniy(XII asr), Bakr ibn Sulaymon ibn Imron ibn Ilyos al-Kosoniy (vaf. 513/1120 yildan keyin)), Margʻilondan (Abdulaziz ibn Abdurrazzoq al-Margʻinoniy (vaf. 477/1085), Ali ibn Abdulaziz ibn Abdurrazzoq Zahiruddin al-Kabir al-Margʻinoniy (vaf. 506/1113), Al-Hasan ibn Ali Zahiruddin al-Kabir ibn Abdulaziz al-Margʻinoniy (vaf.XII asr), Ash-Shayxulimom Abu-l-aimma Abdulaziz ibn Abdurrazzoq  ibn Abu Nasr ibn Jaʼfar ibn Sulayman ibn Matkan al-Margʻinoniy (406/1016-476/1084)), Oʻzganddan (Ali ibn Sulaymon ibn Dovud al-Hotibiy Abu-l-Hasan al-Oʻzgandiy(XI asr), Abu Muhammad Abdurrahmon ibn Abdulloh ibn Isʼhoq ibn Ahmad al-Oʻzgandiy (vaf. 513/1120),) Oʻshdan (Masʼud ibn Mansur ibn Mursal al-Oʻshiy (vaf. 518/1125 y), Muhammad ibn Sulaymon Abu Abdulloh al-Oʻshiy – Shayxul islom, Nasiruddin(XII asr) Muhammad ibn Ahmad ibn Xolid Abu Abdulloh al-Oʻshiy (vaf. 612/1216)), Andukon(Andijon)dan Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Tohir al-Andukoniy as-Sufiy (480/1087-545/1150). Hoʻqand (Qoʻqon)dan Abu Toyyib Tohir ibn Muhammad ibn Jaʼfar ibn al-Xayr al-Maxzumiy al-Xuqandiy (vaf. 501/1107), Xoʻjanddan Abu Imron Muso ibn Abdulloh al-Muaddib al-Xoʻjandiy (vaf. 360/1067) kabi turli ilm sohasi vakillarining nomlarini misol tariqasida keltirish mumkin.

Fargʻona fiqh maktabi vakillarining nomlari, tarjimai hollari va ilmiy meroslari haqidagi maʼlumotlarni izlab topish va ilmiy muomalaga kiritish ishlari davomli boʻlishi lozim. Chunki qoʻlyozmalar xazinalarida saqlanayotgan asarlarni tadqiq qilish va ularni roʻyobga chiqarish mashaqqatli mehnat va uzoq muddatni talab qiladigan jarayondir. Zero mamlakatimiz hududidagi sharq qoʻlyozma manbalarining oʻzi bir necha oʻn ming jildni tashkil qilishi, undan hozirgi kungacha juda kam qismi oʻrganilganligini inobatga oladigan boʻlsak, yangi yangi nomlar va asarlar kashf etilishiga mutlaqo shubha yoʻq. Bundan tashqari dunyoning yirik ilmiy markazlari Rossiya, Turkiya, Angliya, Fransiya, Germaniya va boshqa mamlakatlarda saqlanayotgan mintaqamiz allomalari ilmiy merosiga oid qoʻlyozmalarni ham hisobga olsak ish koʻlami naqadar katta va shu bilan bir qatorda yangi nom va asarlarni kashf etish imkoni ham shunchalik umidli ekanligiga amin boʻlish mumkin.

Fargʻona vodiysida qadim zamonlardan mavjud boʻlgan shaharlar, ularning oʻrta asrlardagi taraqqiyot darajasi, shaharlar arxitekturasi, ilm-fan va madaniyatning rivojlanish holati kabi masalalar turli manbalarda ancha-muncha yoritilgan[1].

Qadimgi Fargʻona, oʻrta asr tarixchilari, jumladan, Abu Saʼd Abdulkarim ibn Muhammad Samʼoniy (506/1113-562/1167) maʼlumotlariga koʻra, Jayhun va Sayhun daryolari ortidagi katta hududni egallagan viloyatdir. Viloyat haqida maʼlumotlar keltirgan Istaxriy, Fargʻonaning togʻlari qazilma boyliklarga boy ekanligini taʼkidlab, u yerda oltin, kumush, temir, koʻmir, simob va boshqa qazilmalar qazib olinganini yozadi.

Oʻrta asrlarda Fargʻona vodiysida qator yirik shaharlar barpo etilganligi va ularda ilm-fanning turli sohalari muvaffaqiyatli rivojlanganligi aniqlangan. Tarixiy manbalar vodiyning koʻplab shahar va qishloqlari haqida maʼlumot beradi. Jumladan, Muqaddasiy (X asr) Fargʻona vodiysida qirqdan ortiq katta-kichik shaharlar boʻlganligini xabar qilgan[2]. Abdulkarim Samʼoniy esa, toʻqqizta shahar, yettita qishloq va bitta mahallani zikr qilgan. Axsikat, Koson, Margʻilon, Quva, Oʻsh, Oʻzgand, Xaylam, Qoʻqon, Xoʻjand kabi shaharlar, Andukon, Gazak, Zarkan, Yaduxkat, Navqad, Lomish kabi qator qishloqlar shular jumlasidandir[3].

Qadimgi Fargʻonaning poytaxt shaharlaridan biri Axsikent (Axsikat) boʻlgan. Abdulkarim Samʼoniy bu shaharni Fargʻonaning eng goʻzal va ozoda shaharlaridan ekanligini aytsa[4], Yoqut al-Hamaviy uning Sirdaryodan bir farsax masofada togʻlar orasidagi tekislikda joylashganligi haqida xabar bergan. Uning taʼkidlashicha, shahar qoʻrgʻoni va raboti devor bilan oʻralgan va toʻrtta darvozasi boʻlgan[5]. Shahar atrofida bogʻlar, rabot ichida esa koʻplab hovuzlar boʻlgan va anhorlar oʻtgan[6]. Katta jomeʼ masjidi, bozor, qalʼa va boshqa binolar Axsikentning ichki shahar qismida joylashgan[7]. Bu yerdagi togʻlardan oltin va kumush qazib olingan.

Hozirgi Namangan viloyatida joylashgan Eski Axsi  hududida olib borilgan arxeologik qazishmalar Axsikent shahri Markaziy Osiyo, jumladan, Oʻzbekiston tarixida muhim ahamiyat kasb etib, mintaqadagi madaniy yuksalishda alohida oʻrin tutganligini koʻrsatmoqda. Zero, bu shaharning bir necha ming yillik tarixga ega ekanligi arxeologik tadqiqotlar natijalari bilan ham tasdiqlangan. Mutaxassislarning fikricha, Axsikent miloddan avvalgi III asrda bunyod etilgan va arablar istilosi arafasidan to IX asrning oʻrtalarigacha u vodiyning nomi bilan “Fargʻona” deb atalgan[8]. Axsikent markazlashgan Somoniylar davlati davrida ham Fargʻona vodiysining siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy markazi sifatida gullab-yashnagan[9]. Bunday xulosani ayni shu davrda Axsikentda zarb qilingan va Oʻrta Osiyoning koʻpchilik viloyatlaridan topilgan mis tangalar ham tasdiqlaydi. Demak, Axsikentda zarb qilingan tanga pullar Somoniylar davlati iqtisodiyotida muhim rol oʻynagan. Keyinchalik Qoraxoniylar davlati davrida siyosiy poytaxt Axsikentdan Oʻzgandga koʻchirilgan boʻlsa-da, Axsikent XI-XII asrlarda ham butun Fargʻona vodiysining iqtisodiy markazi boʻlib qolavergan. Bu yerga Oʻrta Yer dengizi mamlakatlaridan, Hindistondan uzluksiz karvonlar kelib turgan. Eski Axsi xarobalaridan topilgan moddiy va madaniyat ashyolari sirasida, ayniqsa, sirlangan sopol idishlar diqqatga sazovordir. Chunki ularning baʼzilarida kufiy yozuvidagi bitiklarni oʻqish mumkin. Bu narsa Axsikent hunarmandlari bu davrda sopol idishlarni sirlash va bezash borasida oʻziga xos maktab yaratganliklaridan dalolat beradi.

Oʻrta asrlarda Xoʻjand ham Fargʻona vodiysining yirik shaharlaridan biri hisoblangan. Sirdaryo boʻyida joylashgan bu shahar 721-22 yillarda xalifa Yazid ibn Abdulmalik davrida fath qilingan[10]. Yoqut al-Hamaviy shahar togʻ yonbagʻrida joylashib, uning oʻrtasidan daryo kesib oʻtganligini xabar qilgan. Istaxri esa bu daryoda savdo kemalari qatnovi yoʻlga qoʻyilganligini aytadi[11]. “Hudud al-Olam” asarida Xoʻjand shahri atrofida koʻplab hosildor yerlar boʻlib, mevali daraxtlardan koʻproq anor yetishtirilganligi, shahar aholisi esa jangovar va shijoatli odamlar boʻlganligi haqida maʼlumotlar keltirilgan[12]. Xoʻjand shahri Iskandar Zulqarnayn davrida yoki hatto undan ham oldinroq mavjud boʻlgan antik Esxata shahri oʻrnida barpo etilgan degan fikrlar ham bor[13].

 Qoʻlyozmalar xazinalarida olib borilayotgan izlanishlar natijasida Fargʻona fiqh maktabining aynan ana shu ikki hududiga aloqador boʻlgan yana bir vakili va uning qalamiga mansub asarni topishga muvaffaq boʻldik. Bu asar  Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ibn Abu-l-Qosim ibn Abu Rajo al-Qoidiy al-Xoʻjandiy qalamiga mansub “al-Fatovo al-Qoidiya” asaridir.

 Asar mintaqamizda ustuvor boʻlgan hanafiy fiqhiga oid hisoblanadi. Qoʻlyozmaning kirish qismida muallif ushbu asarni koʻpchilik zamondoshlarining talablariga javoban bitganligini va uni taʼlif etishda mutaaxxir ulamolarning “an-Navozil” va “al-Voqeʼot” janridagi toʻplamlarga kiritilgan fatvolarga asoslanganligini aytadi. Bu oʻrindagi eng muhim maʼlumot Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ibn Abu-l-Qosim ibn Abu Rajo al-Qoidiy al-Xoʻjandiy mazkur asarni tayyorlashda shayx, imom, qozi Tojuddin Abu Bakr ibn Ahmad al-Axsikatiy al-Xoʻjandiy fatvolariga murojaat qilganini zikr qiladi[14]. Asar muallif allomani nomlarini keltirarkan “al-Axsikatiy mavlidan, al-Xoʻjandiy mavtinan” yaʼni “Tugʻilgan joyi [nisbatidan] Axsikatiy, yashab oʻtgan joyi [jihatidan] Xoʻjandiy” deb ataydi. Shu nuqtai nazardan ham bu asarda Fargʻona fiqh maktabining ikki vakilining ishtiroki bor ekanligini koʻrishimiz mumkin. Asar muallifining va uni taʼlif etishda fatvolariga tayangan Tojuddin Abu Bakr ibn Ahmad al-Axsikatiylarning shaxsiyatlariga oydinlik kirituvchi maʼlumotlarni hozircha topishga muvaffaq boʻlmadik. Biroq  Shayx, al-Imom al-Ajal, al-Ustaz, Ustaz al-Aimma, Mufti ash-Sharq va-s-Sin unvonlariga sazovor boʻlgan Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ibn Abu-l-Qosim ibn Abu Rajo al-Qoidiy al-Xoʻjandiy, hamda Shayx, Imom, Qozi Tojuddin, Qozi lillah va fi-l-lah nomlariga muyassar boʻlgan Tojuddin Abu Bakr ibn Ahmad al-Axsikatiy al-Xoʻjandiy kabi zotlar oʻz zamonasining yetuk allomalaridan boʻlganliklari shubhasiz. Ularning tarjimai hollari va ilmiy meroslariga aniqlik kiritish borasidagi izlanishlarimizni davom ettirishimiz aniq. Brokkelman asar muallifining vafot sanasini 644/1247 deb belgilagan[15]. Demak, alloma Tojuddin Abu Bakr ibn Ahmad al-Axsikatiy al-Xoʻjandiyni Fargʻona fiqh maktabining Faxruddin Qozixon (vaf.1196) va Burhonuddin al-Margʻinoniy (1118-1197) kabi yetuk vakillari bilan hamzamon boʻlgan deb hisoblashga asos bor.

 “Fatovo Qoidiya” asari anʼanaviy fiqhiy asarlarning tarkibiy tuzilishiga mos ravishda taʼlif etilgan. Natijada asardagi fiqhiy masalalar 54ta kitob va yana bir nechta “masail” (masalalar) deb nomlangan qismlar tarkibida keltirilgan. Asar kam hollarda bob va fasllarga boʻlingan.  Fatvolarni asoslashda Qurʼoni karim oyatlari va Paygʻambar alayhissalom hadislari zikr qilingan. Qurʼon karim oyatlari keltirilgan oʻrinlarda oyat boshlanishi qizil siyohda ajratib yozilgan.

 Asardagi alohida xususiyatlari sifatida ayrim mavzularni boshqa maʼnodosh kitoblar tarkibiga kiritilganini taʼkidlash mumkin. Masalan tahorat masalalari “Kitab as-Solat” (Namoz kitobi) tarkibida, meros masalasi “Kitab al-Vasaya” (Vasiyatlar kitobi) tarkibiga kiritlgan va h.z.

Asarga alloma Tojuddin Abu Bakr ibn Ahmad al-Axsikatiy al-Xoʻjandiy bilan bir qatorda al-Hasan ibn Sulaymon al-Xoʻjandiy, al-Hasan ibn Ali al-Margʻinoniy, Faxruddin Qozixon, Zahiruddin al-Margʻinoniy, Ali as-Soʻgʻdiy, Umar an-Nasafiy kabi oʻnlab mintaqamiz allomalari fatvolari kiritilgan.

“Fatovo Qoidiya” asari qoʻlyozmalari bizning davrimizgacha yetib kelgan. Uning nusxalari turli mamlakatlar qoʻlyozmalar fondlarida saqlanadi. OʻzR FA Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondida asarning ikki nusxasi saqlanadi. Birinchisi 2392 ashyoviy raqam ostida saqlanadigan qoʻlyozma nusxasi boʻlib u ancha qadimiy. Qogʻozi, yozuv uslubi umuman poleografik belgilaridan kelib chiqib 13 asrda, ehtimol hatto muallif hayotlik paytida koʻchirilgan deb aytish mumkin. Qoʻlyozma umumiy hajmi 400 varaqdan iborat. Oʻlchami 19,5×29,5sm. Har sahifaga 29 qatordan matn nasʼh xatida bitilgan. Nuqsonli, ayrim varaqlari yoʻq.

Asarning ikkinchi qoʻlyozmasi mazkur qoʻlyozmalar xazinasida 4918 ashyoviy raqam ostida saqlanadi. Qoʻlyozma 1226/1811 yilda hatto Qilich Niyoz tomonidan nastaʼliq xatida koʻchirilgan. Qoʻlyozmaning umumiy hajmi 364 varaqdan iborat. Har bir varaqqa 24 satrdan matn bitilgan. Qoʻlyozmaning oʻlchami 25x29sm. Oʻrta Osiyo qogʻoziga bitilgan mazkur qoʻlyozma yaxshi saqlangan.

“Fatovoi Qoidiya” asarining 624 ashyoviy raqam ostida Turkiyada saqlanadigan qoʻlyozma nusxasi 1122/1710 yilda nasʼh xatida koʻchirilgan. Qoʻlyozmaning har bir sahifasiga 27 qatordan bitilgan matn tilla suvi rangli ramka ichiga olingan. Qoʻlyozmaning kitob, bob va fasl nomlari qizil siyohda bitilgan. Umumiy hajmi 515 varaq. Oʻlchami 20,9×30,9sm.

“Fatovoi Qoidiya” asarining yana bir eʼtiborli tomoni undagi fatvolar arab va fors tillarida keltirilganligidir. Ehtimol Xoʻjand aholisi orasida fors tilida soʻzlashuvchilar ham koʻpchilikni tashkil qilganligi fatvolarni ikki tilda keltirilishiga sabab boʻlgandir. Aslida Fargʻona fiqh maktabi vakillarining hammalarining fiqhiy asarlarida ham fors tili elementlari, ayrim jumlalarni fors tilida keltirilishi holati tez-tez uchrab turadi. Buning sababi ayrim soʻz va iboralarni mahalliy aholiga izohlab, sharhlab berish zarurati bilan bogʻliq boʻlsa kerak. Lekin “Fatovoi Qoidiya” asarida fors tilidagi matn ancha katta qismni tashkil qiladi. Har bir sahifada matnning deyarli teng yarmi arab tilida boʻlsa ikkinchi yarmi fors tilida ekanligini koʻramiz. Demak, bu holatning sababi oʻsha davrda fiqhiy asarlar Fargʻona fiqh maktabi doirasida aksar arab tilida bitilishi anʼanasidan asta sekin fors tiliga oʻtib borish jarayonining boshlanish davri natijasi boʻlishi mumkin.

Xulosa qilib aytganda Fargʻona fiqh maktabi allomalaridan Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ibn Abu-l-Qosim ibn Abu Rajo al-Qoidiy al-Xoʻjandiy, hamda Shayx, Imom, Qozi Tojuddin Abu Bakr ibn Ahmad al-Axsikatiy al-Xoʻjandiylarning ilmiy merosi Movarounnahr hududiga  moʻgʻullar bosqinining ilk davrlarida muayyan sabablar fiqhiy asarlar matnini tuzishda fors tilidan foydalanishni kuchayib borishiga taʼsir qilganini koʻrsatmoqda. Natijada ayni shu davrdan boshlab keyinchalik mintaqada fiqhiy asarlarni fors tilida bitilishi ustuvor mavqega ega boʻlgan. Fargʻona fiqh maktabi vakillarining mazkur asari hali tadqiq va nashr qilinmagan. Demak asar ustida olib boriladigan tadqiqotlar Fargʻona fiqh maktabiga xos boʻlgan yangi jihatlarini kashf qilishga xizmat qilishiga umid bildiramiz.

[1] Qarang: ابو سعد عبد الكريم ابن محمد ابن منصور التميمي السمعاني. كتاب الانساب – مجلد٥ – حيدراباد.١٩٦٣; Hudud al-Alam. (The gions of the world) a presian geography/ Translated end explained by V.Minorsky, second edition. London, 1970, 482p; Yoqut alHamaviy. Muʼjam ul-Buldon. 8 jild. Qohira, 1906; Abu Ishak al-Farisi al-Istakhri regnorum/Ed. M.J.de Goeje, Lugduni Batavorum apud E.J. Brill, 1967. Bibliotheca geographorum arabicorum. I. 348p
[2]Qarang; Shamsaddin Abu Abdullah Muhammad ibn Ahmad al-Moqaddasi. Descripto imperii Moslemici / Ed. M.J. de Goeje, Lugduni Batavorum apud E.J. Brill, 1967. Bibliotheca geographorum arabicorum. III. 498p
[3] Qarang: Kamaliddinov Sh. “Kitob al-ansab” Abu Caʻda Abdalkarima ibn Muxammada as-Samʼani kak istochnik po istorii i istorii kulturы Sredney Azii.-T., 1993.-350 b.
[4] Abu Saʼd Abdulkarim ibn Muhammad as-Samʼoniy. Kitab al-Ansab. 5 jild. Haydarobod, 1963  (arab tilida).
[5] Yoqut al-Hamaviy. Muʼjam al-buldon. 8 jild, Qohira, 1906 (arab tilida).
[6] Abu Ishak al-Farisi al-Istakhri. Viae regnorum/ Ed.M.J de Goeje, Lugduni Batavorum apud E.J.Brill, 1967. Bibliotheca geographorum arabicorum. I. 348 p.
[7]Shamsaddin Abu Abdulah Muhammad ibn Ahmad al-Moqaddasi. Descripto imperii Moslemici / Ed. M.J.de Goeje, Lugduni Batavorum apud E.J.Brill, 1967. Bibliotheca geographorum arabicorum.III.498 p.
[8] Axrarov I.A. Arxeologicheskiye issledovaniya gorodiщa Axsikent v 1960 g. //Obщyestvennыye nauki v Uzbekistane. 1960, №8, S.53-58; Anarbayev A. Rabotы na gorodiщye Axsikent// Arxeologicheskiye otkrыtiya 1981 goda. M., 1983 -S.450; Anorboyev A., Islomov U., Matboboyev B..  Oʻzbekiston tarixida Qadimgi Fargʻona.  T., 2001. 15b.
[9] Anorboyev A., Islomov U., Matboboyev B..  Oʻzbekiston tarixida Qadimgi Fargʻona.  T., 2001. 15b.
[10] Abu Saʼd Abdulkarim ibn Muhammad as-Samʼoniy. Oʻsha asar. 128-b.
[11] Abu Ishak al-Farisi al-Istakhri. Viae regnorum/ Ed.M.J deGoeje, LugduniBatavorum apud E.J.Brill, 1967. Bibliotheca geographorum arabicorum. I. 333 p.
[12] Hudud al-Alam. (The gions of the world) a persian geography / Translated and explained by V. Minorsky, second edition. London. 1970. 116 p.
[13]Negmatov N.N. Ob issledovaniyax Sogdiysko-tadjikskoy arxeologicheskoy komleksnoy ekspeditsii v 1975  g. // Arxeologicheskiye rabotы v Tadjikistane. Vыp.15. Dushanbe, 1980. S. 265-280.
[14] Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ibn Abu-l-Qosim ibn Abu Rajo al-Qoidiy al-Xoʻjandiy. Fatovoi Qoidiya. OʻzR FA SHI qoʻlyomalar xazinasi. Inv.№ 2392. 1b varaq.
[15] SVR…. str.450.
Odiljon QORIYEV,
OʻzFA SHI katta ilmiy xodimi
Tarix fanlari nomzodi, dotsent

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …