Home / MAQOLALAR / YOSH AVLODLAR QALBIDA BAGʻRIKЕNLIK TUYGʻULARINI SHAKLLANTIRISHDA ISLOM QADRIYATLARINING OʻRNI

YOSH AVLODLAR QALBIDA BAGʻRIKЕNLIK TUYGʻULARINI SHAKLLANTIRISHDA ISLOM QADRIYATLARINING OʻRNI

Mamlakatimizning mustaqillikka erishishi milliy va diniy qadriyatlarimizni, ayniqsa, islom dini va undagi bagʻrikenglik madaniyatini xolis oʻrganishga keng yoʻl ochib berdi. Islom dinidagi bagʻrikenglik tamoyillari hamisha maʼnaviy-maʼrifiy omillar bilan uygʻun holda rivojlanib borgan. Yosh avlodni bilimli, maʼrifatli qilib tarbiyalashda islom dini qadriyatlari muhim rol oʻynaydi. Yoshlar har bir davr va jamiyat uchun, uning kelajagi uchun asosiy bunyodkorlari sifatida qaraladi. Sogʻlom eʼtiqodli, yuqori bilimli va yuksak axloqli yoshlarni tarbiyalab, voyaga yetkazish bizning vazifamizdir.

Shu boisdan ham Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etganida maʼrifatli islom dinining asl mohiyatini yoshlarga oʻrgatishni nazarda tutgan, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Oʻzbekistonda fuqarolararo bagʻrikenglikni taʼminlash, mehnatni qadrlash orqali insonni ulugʻlash, diniy manbalardagi bagʻrikenglik gʻoyalariga amal qilish uchun ijtimoiy sharoit yaratilmoqda. Bu diniy bagʻrikenglik va erkinlikni taʼminlash odamlarning eʼtiqod huquqini himoya qilish jarayonida namoyon boʻlmoqda. Ayni paytda “Ijtimoiy hayotimizda koʻplab ijobiy jarayonlar bilan birga, yosh avlodning qalbi va ongini egallashga qaratilgan maʼnaviy tahdidlar ham tobora xavfli tus olmoqda”.[1]

Shu nuqtai nazardan Oʻzbekistonning dunyo hamjamiyatini tinch-totuvlikka daʼvat etuvchi diniy bagʻrikenglik siyosati xalqlar va davlatlar orasida ijobiy hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun “Jaholatga qarshi – maʼrifat” ezgu gʻoyasi asosida islom dinining insonparvarlik gʻoyalarining ezgu maqsadlarga xizmat qilishini targʻib etish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bugungi  kunda yosh avlodini komil inson qilib tarbiyalashda islom dinida bagʻrikenglik madaniyatini oʻrganish muhim ahamiyat kasb etadi. Islom dinidagi bagʻrikenglik madaniyatini oʻrganish nafaqat nazariy, balki, amaliy xarakterga ega boʻlgan masalalardan hisoblanadi. Zero, bu islom dinida bagʻrikenglik prinsiplarining ustuvor boʻlgan mayllarni aniqlash va ijobiy jarayonlar rivojini taʼminlash imkonini beradi.

Jahonda sodir boʻlayotgan voqea-hodisalar, hatto jamiyatning oddiy aʼzosiga ham taʼsirini oʻtkazmay qolmaydi. Darhaqiqat, bugun islom dinining ichida ham keskin qarama-qarshilik mavjudligini kuzatishimiz mumkin. Shu munosabat bilan bor kuch va salohiyatimizni safarbar etgan holda, maʼrifatli, bagʻrikeng islom diniga musulmonchilikni niqob qilib olib, uning ustidan hukmronlik qilishga urinayotgan jangari, mutaassib kuchlarga qarshi kurashishga yordam beradigan sogʻlom gʻoyani shakllantirishimiz zarur.

BMT Bosh Assambleyasining 2018 yil 12 dekabrdagi yalpi sessiyasida qabul qilingan “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” toʻgʻrisidagi maxsus rezolyutsiyasi bunga yaqqol misol boʻladi. Ushbu rezolyutsiya mamlakatimizda qaror topgan bagʻrikenglik va oʻzaro hurmat, diniy erkinlikni taʼminlash, eʼtiqod qiluvchilarning huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslik kabi vazifalarni xalqaro miqyosda amalga oshirish zarurligini kun tartibidagi asosiy masala sifatida qayd etdi. Bu haqida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “Mamlakatimizda mustaqillikning ilk yillaridan boshlab vijdon erkinligini taʼminlash masalasiga ustuvor ahamiyat berildi. Jumladan, muqaddas dinimiz, milliy qadriyatlarimizni, buyuk aziz-avliyolarimizning xotirasi, merosini tiklash, qadamjolarni obod qilish boʻyicha juda koʻp ish qilindi va qilinmoqda”[2] .

Yoshlarda bagʻrikenglik madaniyatini shakllantirishga aksiologik-differensial yondashish, unda ijtimoiy-tarixiy tajribalarga tayanish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan munosabatda boʻlish lozimligi haqidagi fikrlar bagʻrikenglik muammolari bilan shugʻullanuvchi ijtimoiy fanlarni yangi gʻoya va yondashuvlar bilan boyitadi. Bagʻrikenglik madaniyatini rivojlantirish bilan birga, ularni yangi zamon talablariga mos ravishda takomillashtirib borish ham muhim masalalar sirasiga kiradi. Bunday xislatga ega boʻlgan odam hech qachon birovga hurmatsizlik qilmaydi, turli darajadagi gʻayriinsoniy illatlarga hamisha nafrat bilan qaraydi. Oʻz navbatida bagʻrikenglik inson ongi va faoliyatining oʻzaro bogʻliqligi, oʻzaro taʼsir xarakterini ham ifodalaydi. Boshqacha aytganimizda, bagʻrikenglik madaniyati nafaqat inson ongining rivojlanish darajasini, balki, uning amaliy faoliyatining ham koʻrsatkichi hisoblanadi. Bagʻrikenglik madaniyati deganda insondagi yumshoqlik, toza qalblilik va dilkashlik xususiyatlari ham tushuniladi.

Diniy bagʻrikenglik islom dinida avvalo, Qurʼoni karim, hadisi shariflarda hamda sahobiylarning amalga oshirgan ishlari bilan keng targʻib qilinadi. Xususan, Alloh taolo Qurʼoni karimning Baqara surasi, 256-oyatida shunday marhamat qiladi: “Dinda majbur qilish yoʻqdir. Batahqiq, haq botildan ajradi[3]. Shuningdek, Mumtahina surasi, 8-oyatida “Din toʻgʻrisida sizlar bilan urushmagan va sizlarni oʻz yurtingizdan (haydab chiqarmagan) kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli boʻlishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatli kishilarni sevar[4]-deb marhamat qiladi.

Qurʼoni karimda ushbu mazmundagi oyati karimalar bir qancha boʻlib, ularning barchasida Alloh taolo oʻz bandalarini boshqa din vakillari bilan ahil-inoq yashashga, ularga nisbatan adolatli munosabatda boʻlishga buyuradi.

Shuningdek, islom dinining bagʻrikengligini biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shaxsiy namunalarida toʻliq va ravshan koʻrishimiz mumkin. Rivoyatlarda kelishicha, Rasululloh (alayhissalom) Habashistondan kelgan nasroniy mehmonlarni masjidlariga tushirib, oʻzlari xizmat qilgan ekanlar. Madinaga kelganlaridan soʻng yahudiylar bilan ahdnoma tuzib, tinch-totuv va jamiyat manfaati uchun hamkorlikda yashash asoslarini belgilab, unga amal qilib yashaganlar. U zot boshqa din vakillaridan berilgan hadyalarni qabul qilar va oʻzlari ham ularga hadya ulashar edilar.

Diyorimizda yetishib chiqqan allomalarning asarlarida diniy bagʻrikenglik bilan bogʻliq qadriyatlar targʻib qilingan koʻplab fikrlarni uchratamiz. Buyuk alloma, moturidiya yoʻnalishi asoschisi Abu Mansur Moturidiyning (870-944) asarlari bunga yaqqol misol boʻla oladi. Moturidiyning Qurʼon tafsiriga bagʻishlangan, islom olamida juda keng tanilgan “Taʼvilot ahl as-sunna” asari Haj surasi 40-oyati “Agar Alloh odamlarning baʼzilarini baʼzilari bilan daf etib turmas ekan, albatta, Alloh nomi koʻp zikr qilinadigan (rohiblarda) uzlatgohlar, (nasroniylarda) butxonalar, (yahudiylarda) ibodatxonalar va (musulmonlarda) masjidlar vayron qilingan boʻlur edi” tafsirida: «Cherkov va sinagogalarni vayron qilish man etiladi. Shuning uchun ham musulmonlar yurtida shu davrgacha ular buzilmay saqlanib qolgan. Bu masalada ilm ahli orasida ixtilof yoʻqdir»[5] – deb qatʼiy taʼkidlaydi.

Moturidiy xristianlar musulmonlarga qalbi moyilroq, doʻstona munosabatga yaqin ekanini aytib oʻtgan boʻlsa[6], Abul Barakot Nasafiy nasroniylar musulmonlarga dili yaqin ekanini, ular orasida tavozeli, kamtar “qissis va rohib”, yaʼni olim va obidlar bor deya taʼriflab, ilm kimda boʻlishidan qatʼiy nazar, u albatta yaxshilikka yetaklashini alohida taʼkidlaydi.

Islomdan boshqa dinlarni tan olmaslik yoki islomni oʻzidagi mazhablarni zoʻrma-zoʻraki birlashtirishga boʻlgan urinish ham bagʻrikenglik tamoyillarini buzilishiga olib keladi. Bunday urinish bemaʼnilikdir. Shu maʼnoda, oʻz vaqtida Mavlono Jaloliddin Rumiy hazratlari: “Siz qanday qilib dinni bir qilasiz? Bu faqat qiyomatda mumkin. Bu yer dunyodir va shuning uchun ham dinning bir boʻlishi mumkin emas. Chunki bu yerda ularning turli-tuman istagi va tilagi bordir. Din dunyoda birlasholmaydi, faqat qiyomatda bir boʻladi. Qiyomatda ularning hammasi birlashadi, bir quloq, bir til holiga keladi”[7], – degan edilar.

Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida yurtimizda inson huquq va manfaatlarini taʼminlash borasida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar jarayonida millatlar va diniy konfessiyalararo hamjihatlik, ahillik va bagʻrikenglik tamoyillarining yanada mustahkamlanishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ayniqsa, yoshlarni barkamol inson boʻlib yetishishlarida diniy bagʻrikenglik masalasining oʻrni katta hisoblanadi. Zero, diniy bagʻrikenglik asosida yuksak axloq va insonparvar gʻoyalar yotadi. Bugungi murakkab oʻzgarishlar sharoitida yosh avlod dunyoqarashida diniy bagʻrikenglik tamoyillarini qaror toptirish ustuvor vazifalardan hisoblanadi.

Xulosa qilib aytganda, yoshlar tarbiyasida milliy va umuminsoniy qadriyatlarning qaror topishida islom dinidagi qadriyatlarning oʻrni beqiyos hisoblanadi. Yoshlarda bagʻrikenglik ongi, tafakkuri va xulq-odobini shakllantirish nuqtai nazaridan ularni ijtimoiy-axloqiy jihatdan yuksaltirishni tahlil etishga qaratilgan ilmiy-tadqiqotlar muhim ahamiyatga ega.

[1] Mirziyoyev Sh.M. Yoshlar kuni munosabati bilan Oʻzbekiston yoshlariga tabrigi. https  ///daryo.uz. 2020/06/29
[2] Mirziyoyev Sh.M. Milliy taraqqiyot yoʻlimizni qatʼiyat bilan davom ettirib, yangi bosqichga koʻtaramiz. 1-jild.-Toshkent:Oʻzbekiston, 2017.   – B.466.
[3] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf “Tafsiri Hilol”  T.; “Sharq”, 2012. 1-juz. – B.263
[4] Shayx Abdulaziz Mansur. Qurʼoni Karim maʼnolarining tarjima va tafsiri –Toshkent.  “Toshkent islom universiteti” 2007. – B.550.
[5] Abu Mansur al-Moturidiy. Taʼvilot ahl as-sunna. –Bayrut: Muassasa ar-risala, 2004. T.III. – B.376.
[6] Abu Mansur al-Moturidiy. Taʼvilot ahl as-sunna. –Bayrut: Muassasa ar-risala, 2004. T.II. – B. 60.
[7] Rumiy J. Ichingdagi ichingdadir. U. Abduvahob tarjimasi. – Toshkent: Yozuvchi, 1997. – B.31.
 
Abdurasul ABDULLAYEV,
Toshkent islom instituti,
falsafa doktori (PhD)

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …