Movarounnahrda ijod qilgan mashhur hanafiy ulamolaridan biri alloma Abu Lays Samarqandiy hayoti va ilmiy faoliyati yurtimiz va chet el tadqiqotchilari tomonidan keng tadqiq etilgan. Mazkur tadqiqotlarning katta qismida olimni mashhur faqih va mufassir sifatida berilgan. Ushbu maqolada Abu Lays Samarqandiyning kalom ilmiga ilmiy merosini oʻrganishga alohida ahamiyat berilgan. Samarqandiyni hanafiy-moturidiy olimlaridan biri sifatida moturidiya taʼlimoti rivojiga qoʻshgan hissasi ochib berilgan.
Abu Lays Nasr ibn Muhammad ibn Ibrohim Xattob Samarqandiy Tavziy Hanafiy movarounnahrlik yetuk faqih va tafsir ulamolaridan biri boʻlgan. Hanafiy fiqhi borasidagi xizmatlari uchun “Faqih” va hanafiy-moturidiya taʼlimoti rivojiga qoʻshgan hissasi uchun “Imom al-huda” (“Toʻgʻri yoʻlga chorlovchi imom”) unvonlari bilan tanilgan. Olimning tugʻilgan yili borasida turli xil qarashlar mavjud. Ularda 301/914-310/922 yillar orasida Samarqandda tugʻilgan, degan fikr ustunroq sanaladi[1].
Abu Lays Samarqandiy Movarounnahrda islom ilmlarining kalom, fiqh, hadis, tafsir, lugʻat va tarix kabi ilm sohalari rivojlangan davrda yashadi. U Samarqandda tugʻilib, shu yerda ulgʻaydi. Samarqand fiqh va kalom maktabi vakillaridan ilm oʻrganib, yetuk olim boʻlib tanildi. U dastlab otasi Muhammad ibn Ibrohim Tavziydan taʼlim oladi[2]. Undan soʻng esa zamonasining faqihlari Abu Jaʼfar Hinduvoniy, Xalil ibn Ahmad Qozi Sajniy, Muhammad ibn Fazl va boshqa ustozlardan hadis, kalom va tafsir ilmlaridan tahsil oladi. Shuningdek, Balx, Buxoro, Bagʻdod kabi shaharlarga u yerdagi ulamolardan ilm olish uchun safarlar qiladi.
Samarqandiy ustozi Abu Jaʼfar Hinduvoniy orqali hanafiy faqihlari shajarasida, Abu Mansur Moturidiy orqali esa hanafiy-moturidiy vakillari shajarasida mustahkam oʻrin egallaydi. Ushbu ikki shajara esa bilvosita mazhab asoschisi imom Abu Hanifaga yetib boradi.
Koʻp yillik riyozat va ilm yoʻlidagi zahmatlar natijasi oʻlaroq Samarqandiy fiqh, kalom, vaʼz, zuhd va tafsir borasida mashhur olim boʻlib tanildi. Shundan soʻng Alloma ustoz-shogirdlik anʼanasini davom ettirib, umrining oxiriga qadar koʻplab talabalarga ustozlik qildi. Ular orasida Luqmon ibn Hakim Fargʻoniy, Abu Molik Naʼim Xatib, Muhammad ibn Abdurahmon Zubayriy, Abu Sahl Ahmad ibn Muhammad, Abu Abdulloh Tohir ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Nasr Haddodiy kabi yetuk olimlar yetishib chiqdi[3].
Abu Lays arab tili bilan bir qatorda fors tilini ham mukammal bilgan. Ikki tilda koʻplab asarlar taʼlif etgan. Shuningdek, olim oʻzining “Bahr al-ulum” tafsirida oyatlardagi soʻzlarning lugʻaviy maʼnolari, jumlalarning falsafiy jihatlarini hamda baʼzi oyatlarning tibbiy foydalarini ham keltirib oʻtgan.
Samarqandiyning tafsir, fiqh, usul ad-din (kalom), tasavvuf (zuhd va raqoiq) ilmlariga oid kitoblari maʼlum va mashhur. Jumladan: Tafsir ilmiga oid “Bahr al-ulum” (“Ilmlar dengizi”) asari. Ushbu asar “Tafsiri Samarqandiy”, “Tafsir Abi Lays Samarqandiy” va “Tafsir al-Qurʼon” nomlari bilan mashhur.
Olimning “Xizona al-fiqh” (“Fiqh xazinalari”) asarida hanafiy fiqhiga oid masalalarning muxtasar taʼrifi berilgan. Jami asarning jahon fondlarida 62 ta qoʻlyozma nusxasi mavjud. Uning 1229/1814 va 872/1467 yillari koʻchirilgan ikki qoʻlyozma nusxasi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda.
“Uyun al-masoil” (“Masalalarning quduqlari”) asari. Bu asarda Samarqandiy hanafiy fiqhiga oid nazariy masalalarni jamlangan. Asarda Abu Hanifa va u kishining shogirdlaridan boshlab to olim yashagan davrga qadar boʻlgan vaqt oraligʻida yashagan hanafiy ulamolari tomonidan keltirib oʻtilgan masalalar zikr etilgan.
“Muqaddima Abu Lays” (“Abu Lays muqaddimasi”) asari. Ushbu asar “Muqaddima fi as-solat” va “Muqaddima fi al-fiqh” kabi nomlar bilan ataladi. Ushbu asar namoz va unga tegishli masalalarni oʻzida jamlagan. Baʼzi aqidaviy masalalar ham bayon etilgan.
“An-Navozil” (“Nozil boʻlganlar”) asari. Uning “al-Fatovo”, “an-Navozil min al-fatovo”, “Fatovo an-navozil” va “Muhtarat an-navozil” kabi nomlar bilan ham atalgani maʼlum. Bu asar fatvolar haqidagi kitob boʻlib, Movarounnahrda fatvo janrida yozilgan ilk manbalardan biri sanaladi. Keyingi asr olimlari ushbu asar asosida oʻz fatvo toʻplamlarini yozishgan.
“Muxtalif ar-rivoya” (“Rivoyatlardagi qarama-qarshiliklar”) asari. Mazkur asar mujtahidlar orasida mavjud farqli fiqhiy qonun-qoidalar va ixtilofli masalalarni oʻzida jamlagan. Ushbu asar xilof ilmiga oid moʻtabar manba boʻlib, Najmuddin Nasafiyning “al-Manzuma” asari mazkur asarning sharhi sanaladi.
Bundan tashqari “Taʼsis an-nazoir al-fiqhiyya”, “Al-Mabsut”, “An-Navodir al-muqayyada”, “Sharh al-jomeʼ al-kabir”, “Sharh al-jomeʼ as-sagʻir”, “Muqaddima fi bayon al-kaboir vas-sagʻoir” va “Fatovo Abi Lays” kabi asarlari fiqh fanida muhim rol oʻynaydi.
Olimning tasavvuf ilmiga oid asarlari islom ulamolari orasida juda mashhur. “Tanbeh al-gʻofilin” asari hozirgacha koʻplab taʼlim muassasalarida oʻqib, oʻrganib kelinadi. Mazkur asar 94 bobdan iborat boʻlib, unda Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning soʻzlari hamda salafi solihlarning vaʼz-nasihatlari jamlangan. Kitobda aqida, ibodat, odob-axloq, Qurʼon va ramazon oyining fazilati, ota-onaning oʻz bolalari oldidagi huquq va majburiyatlari, bolaning oʻz ota-onasi oldidagi majburiyatlari, sharob ichishdan, yolgʻon soʻzlashdan, hasad qilishdan qaytarish, yetimlarga xayru saxovat, rahm-shafqatli boʻlish, kasbning fazilatlari, halol mehnat qilish kabi boblar yoritilgan.
Keyingi mashhur asar “Boʻston al-orifin” kitobi hisoblanadi. Bu kitob axloq va tarbiyaga oid muhim manba boʻlib, unda taʼlim-tarbiyaga oid koʻp rivoyatlar, tarixiy voqealar, hikoyalar va hadislar keltirilgan. Asar 159 bobdan iborat boʻlib, unda ilm oʻrganish, salom berish, ovqatlanish odobi, ichimliklar, tabobat, ilm va adab fazilatlari kabi boblar mavjud. Mazkur kitob ham bir necha marta arab tilida nashr etilgan. Yurtimizda ham asarning oʻzbek tilidagi nashri amalga oshirilib, keng jamoatchilikka yetib borgan[4].
Yuqorida aytilganidek olim usul ad-din (kalom) ilmi boʻyicha ulkan ilmiy merosga ega. U asarlarda hanafiy-moturidiylik taʼlimoti bir necha mavzular orqali tadqiq etilgan. Kalom ilmi boʻyicha asarlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
“Bayon aqida al-usul” (“Asosiy aqida bayoni”) asari. Samarqandiyning ushbu asari kalom ilmiga oid boʻlib, u yana “Usul ad-din” (“Dinning asosi”) nomi bilan ham mashhur. Bunga kalom ilmi mazkur davrda “usul ad-din” nomi bilan nomlangani ham sabab boʻlgan. Mazkur asar Indoneziya, Malayziya va Afrika mintaqasida ahli sunna val jamoa aqidasini jamlagan manba sifatida keng yoyilgan. Asar haqidagi maʼlumotlarni A.V.Juynboll 1881 yilda Leydenda chop etgan risolasida aytib oʻtadi.
“Asror al-vahiy” (“Vahiyning sir-asrorlari”) asari.
“Risola fi al-maʼrifa va iymon” (“Iymon va maʼrifat (Allohni tanish) haqida risola”) asari.
“Risola fi al-hikam” (“Hikmatlar haqida risola”) asari.
“Quvvat an-nafs fi maʼrifa al-arkon al-xoms” (“Besh arkonni bilishda nafsning quvvati”) asari[5].
“Sharh al-fiqh al-akbar” (“Katta fiqhning sharhi”) asari. Mazkur asar Abu Hanifaning “al-Fiqh al-akbar” asariga yozilgan sharh xisoblanadi. Baʼzi manbalarda “Sharh al-fiqh al-absat” nomi bilan ham zikr etilgan. Bunga Abu Hanifaning shogirdi Abu Mutiʼ Balxiy ustozining kitobini shu nomda zikr etgani sabab boʻlgan. “Sharh al-fiqh al-akbar”da moturidiy maktabi vakillariga oid jumlalar uchrasa-da, tadqiqotchi Hans Daiber uni Abu Lays Samarqandiy qalamiga mansub ekanligini taʼkidlagan.
“Uqubat ahl al-kaboir” (“Gunohi kabira ahlining oqibatlari”) asari. Abu Lays Samarqandiyga nisbat berilgan mazkur asar Mustafo Abdulkarim Ato tomonidan 1983 yil Bayrutda va 1989 yil Bagʻdodda nashr etilgan.
Yuqorida zikr etilgan asarlar soni va mavzularidan kelib chiqib aytish mumkinki, Abu Lays Samarqandiy oʻz davrining islom ilmlarida yetuk olimlaridan biri boʻlgan. Olim qaysi sohada faoliyat olib bormasin, uning qarashlari va sohaga oid kitoblari mazkur soha rivojiga ulkan hissa qoʻshgan.
Abu Lays Samarqandiyning kalom ilmidagi qarashlari Abu Hanifa va uning shogirdlarining hanafiy aqidasi borasidagi taʼlimotlarini davom ettirgan hamda moturidiylik taʼlimoti vakillarining fikrlari bilan hamohang boʻlgan. Olimning kalom ilmiga oid merosi va ularda bayon etilgan masalalar mohiyati bunga yaqqol misol boʻladi.