Avval xabar berganimizdek, Germaniyaning Frayburg universitetida “Milliy davlatlar va Qurʼon: postsovet hududida tarjimonlar, rivoyatlar va munozaralar” mavzusida xalqaro ilmiy seminar” oʻtkazildi.
Seminar Yevropa tadqiqot kengashining “GloQur – Global Qurʼon” loyihasi tomonidan tafsir va Qurʼon tarjimasi boʻyicha postsovet davridagi faoliyat yuzasidan ilmiy bilimlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish va turli davlatlardagi tajribali olimlar izlanishlarini muvofiqlashtirish maqsadida tashkil etilgan.
Anjuman ishining ikkinchi kunida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari doktori, dotsent Shovosil Ziyodov “Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Qurʼon tafsiri tarjimasi” mavzusida maʼruza qildi.
Notiq maʼruzasida Markaziy Osiyo mamlakatlarida ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy jabhalardagi tub oʻzgarishlar diniy soha rivojiga keng yoʻl ochganini, dinni oʻrganish hamda diniy-maʼrifiy islohotlarni jadal amalga oshirishga mustahkam zamin yaratib berganini eʼtirof etdi.
“Xalq maʼnaviyati va madaniyatini, uning asl tarixi va qadriyatlarini tiklash masalasi bugungi kunda yangilanish va taraqqiyot sari odimlayotgan jamiyat uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bunda Oʻzbekiston boy maʼnaviy madaniyatiga, uzoq tarixiy oʻtmishiga va bebaho diniy-axloqiy merosiga tayanadi”, dedi maʼruzachi.
Olim fikrlarini davom ettirib, Oʻzbekistonda ochilgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston Xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari ajdodlarimizning boy ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish va keng targʻib etishga xizmat qilayotganini taʼkidladi.
Maʼruzaning asosiy qismida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining maqsad va vazifalari, olib borilayotgan ilmiy faoliyat natijalari hamda amalga oshirilayotgan tarjima ishlari haqida soʻz yuritildi.
Ishtirokchilarning eʼtibori Imom Moturidiyning Markaz ilmiy jamoasi tomonidan oʻzbek tiliga tarjima qilingan “Taʼvilot al-Qurʼon” asariga qaratildi. Maʼruzachi asar muallifi Imom Moturidiy siyrati, uning boy ilmiy merosi va islom ilmlari rivojiga qoʻshgan benazir hissasi haqida qimmatli maʼlumotlar keltirib, tarjima jarayonlari va unda eʼtibor qaratilgan jihatlar xususida toʻxtaldi. Man Anjumanning munozaralar qismida umumiy matnli materiallarga asoslangan manbalar va izohli masalalar qizgʻin muhokama etildi.
Seminar doirasida Imom Moturidiy “Taʼvilot al-Qurʼon” asarining Imom Buxoriy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari olimlari tomonidan oʻzbek tiliga tarjima qilingan 30-juzi hamda 29-juzi taqdimotlari oʻtkazildi. Ishtirokchilar mazkur tarjima ishlarini yirik ilmiy natija sifatida baholab, bu kabi xayrli ishlar koʻlamini kengaytirish zaruratini alohida taʼkidladi.